Bolalarda jinsiy mayl mavjudmi?

Jinsiy tarbiya

Yangilangan:

    Anastasiya Chernisheva - Toshkent shahri ruhiy-asab kasalliklari klinik shifoxonasi psixiatr-psixoterapevti, seksolog. Bu maqolada Anastasiya sizga jinsiy tarbiya qanchalik muhimligini, jinsiy ta'limni qachon va qanday boshlash kerakligini aytib beradi.

Matn: Sitora Musayeva

 

Necha yoshidan boshlab bolalar bilan seks haqida gaplashish mumkin?

"Bu har bir oila va bola uchun individual jarayon. Bunday muloqot odatda ota-onalar bolaning ushbu mavzuga qiziqishini sezib qolganda yuz beradi. Ammo o‘smirlik davrida bola bilan seks haqida bemalol gaplashish uchun u oddiyroq mavzular haqida tasavvurga ega bo‘lishi kerak. Shuning uchun jinsiy sohaga oid maʼlumotlardan boshlash zarur.

Bola 3-4 yoshida qiz yoki o‘g‘il bola ekanini bilishi lozim. O‘g‘il bolalar qizlardan jinsiy aʼzolari bilan farq qilishini anglashi kerak. Jinsiy yetilish davriga qadar (8-9 yosh) bolaga tanasida kechadigan o‘zgarishlar haqida so‘zlab berish darkor: qizlarga hayz, ko‘krak kattalashuvi, o‘g‘il bolalarga pollyutsiya haqida. So‘ng bola ruhiyatining tayyor bo‘lishiga qarab (odatda erta o‘smirlik davri 11-13 yosh), seks mavzusini tushuntirib berish kerak".

 

Jinsiy aloqa qanday bo‘lishi, orgazm, homiladorlik haqida gapirib berish kerak

 

Bolaga seks mavzusini qanday qilib to‘g‘ri tushuntirish mumkin?

"Jinsiy yetilish vaqtida seks mavzusi bola uchun juda qiziq. Shu sababli uning qiziqishini “savalamaslik” kerak. Qolaversa, shoshilinch qadamlardan ham asrab-avaylash muhim. Ota-ona «faqat mening fikrim to‘g‘ri» degan pozitsiyada bo‘lmasligi darkor. Buni bola salbiy qabul qiladi. Yaxshisi, bolaning fikri bilan qiziqing, film, kitoblardagi misollar orqali muhokama qiling. Bola bilan jinsdosh ota yoki ona maʼlumot bergani maʼqul.

Jinsiy aloqa qanday kechishi, orgazm, homiladorlik haqida so‘zlab berish kerak. «Kim bilandir birga bo‘lsang, o‘ldiraman», deb qo‘rqita ko‘rmang. Shu bilan birga, fiziologiyaga ham urg‘u beravermang. Yaxshisi, muhim qadam qo‘yishdan oldin sevish tuyg‘usi, juftga g‘amxo‘rlik, ishonch haqida gapirib bering. Kontrasepsiyaning ahamiyati haqida ham unutmang.

O‘g‘il bolaga qiz bola rad javobini berishi mumkinligini, zo‘ravonlik qilish, aldash yomon odatligini tushuntirish zarur. Agar qiz bola rad etgan bo‘lsa, bu o‘g‘il bola yomon ekan degani emas, balki yaqin munosabatlarga tayyor emasligini anglatadi. Qiz bola ham, o‘z navbatida, aldamchi vaziyatlar haqida tushunchaga ega bo‘lishi lozim. Masalan, kinoga chaqirayotgan o‘g‘il bola har doim ham faqat kino ko‘rishni nazarda tutmasligi mumkin.

Hammaning rivojlanishi har xil kechadi. Shuning uchun «barcha kabi» bo‘lish va ish tutish shart emasligini o‘smirga yetkazish juda muhim. Qachonki o‘smir xohlasa va har tomonlama tayyor bo‘lsa, yaqin aloqaga kirishish va ichki ovoziga quloq tutish kerakligini uqtirish kerak".

 

Bolaning qanday xatti-harakati (seksuallik borasida) ota-onada xavotir uyg‘otishi kerak va bunday vaziyatda qaysi mutaxassisga murojaat qilinadi?

"Bolalar uchun quyidagi seksual harakatlar salbiy hisoblanadi:

  • jinsiy aʼzolariga teginish va masturbatsiya qilish, hammaning ko‘z oldida yechinish;
  • muttasil masturbatsiya bilan shug‘ullanish (doimiy takrorlanuvchi masturbatsiya);
  • jinsiy aloqaga qiziqish bildirish yoki yoshi kattaroq bolalar, kattalar, hayvonlar bilan aloqaga kirishishga urinish;
  • tengdoshlari yoki o‘zidan kichik bolalarga tegajoqlik qilish, yoki jinsiy xatti-harakatlarga majburlash (masturbatsiya qilishga majburlash, oral seks bilan shug‘ullanish, jinsiy aloqaga taqlid qilish, barmoqlarni jinsiy aʼzolarga kiritish va hokazo);
  • pornografiya filmlarini tomosha qilish".

 

Bolaning qanday jinsiy xulq-atvoridan ota-ona qo‘rqmasa bo‘ladi? Seksual maʼnoda qaysi yoshga qanday qiziqish xos?

"Ikki yoshdan boshlab bolalar o‘z jinsiy aʼzolarini faol o‘rgana boshlaydi. Ular o‘zi va boshqa bolalarni kuzatishi, bir-biriga teginib ko‘rishi mumkin. Qiz va o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi farqni so‘rab savol berishadi. Bolalar bir-biridan bo‘sa olib yoki yechintirib o‘ynashi mumkin. Bu kabi o‘yinlar odatda zararsiz.

To‘rt yoshdan olti yoshgacha bo‘lgan bolalar seksga ko‘proq qiziqish bildiradi. Kattalarni yashirincha kuzatadi, “noqulay” savollar beradi, masturbatsiyani o‘rganadi. Qizlar ko‘ylagi ostiga buyum qo‘yib homiladorlarga taqdil qiladi. Bolalar masturbatsiyasida yomon va noodatiy narsa yo‘q. Shu tariqa ular jinsiy aʼzolarini o‘rganadi, stressdan xalos bo‘ladi. Bundan qo‘rqmaslik kerak, ammo bunday harakat uchun yolg‘iz qolish zarurligini uqtirish lozim. Ko‘pincha ota-onaning erkalashi va eʼtibori yetishmaydigan bolalar masturbatsiyaga intiladi".

 

Erta jinsiy aloqaning (18 yoshgacha) xavfi va asoratlari haqida gapirib bering.

"So‘nggi o‘n yilliklar mobaynida jinsiy yetilish davri ancha yashardi. Zamonaviy qiz va o‘g‘il bolalarda ikkilamchi jinsiy belgilar, intim joylarda tuklarning chiqishi, ko‘krak kattalashuvi, tana shakli va o‘lchamlarining o‘zgarishi ertaroq ro‘y bermoqda.

Bu nimani anglatadi? Ko‘krak kattalashuvi va hayz kelishi qiz bolaning organizmi gormonal maʼnoda homiladorlikka, demak, bo‘lg‘usi jinsiy aloqaga faol tayyorlanayotganini bildiradi. Ammo jinsiy hayotga fiziologik va jismoniy tayyor bo‘lish ruhan tayyorlikni anglatmaydi. Aynan psixologik yetilmaganlik jinsiy hayotni erta boshlash bilan bog‘liq muammolar manbasi sanaladi".

 

Asoratlari qanday?

1. Ko‘pincha abort bilan tugaydigan erta homiladorlik. Abort – asoratlari bepushtlikkacha olib boradigan, juda jarohatli va og‘riqli muolaja. Bu kabi hodisa jismoniy va ruhiy salomatlik uchun beiz ketmaydi.

2. Jinsiy yo‘l orqali yuqadigan infeksiyalar. Yoshlar uchun eng xavflilari: OIV, OPV, gepatit, xlamidioz, gonoreya viruslari.

3. Keyingi jinsiy hayot bilan bog‘liq buzilishlar. Ko‘p hollarda erta tajriba jarohatli bo‘ladi. Natijada kattaroq yoshda jinsiy disfunksiya rivojlanishiga olib keladi.

Ko‘rishlar: 13

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz