Qalqonsimon bezni transplantatsiya qilishning 3 turi

Hayot sifati

Yangilangan:

XX asrning 20–30-yillarida buyuk jarroh Sergey Abramovich Voronov «yashartirish» maqsadida hayvonning jinsiy bezlarini insonga ko‘chirib o‘tqazgan edi. Ushbu operatsiya olimlarni qiziqtirib, butun dunyoga mashhur bo‘lgandi. Aynan shu voqea Mixail Bulgakovning «Ityurak» qissasi yozilishiga sabab bo‘lgan.

 

 

Raushaniya Begisheva, endokrinolog, integrativ tibbiyot bo‘yicha |shifokor, O‘zR Fanlar akademiyasi Inson immunologiyasi va genomikasi instituti ilmiy xodimi

 

 

- Qalqonsimon bezning o'ziga xosligi nimada?

 

Endokrin tizimi gormonlar ishlab chiqaradigan ichki sekretsiya bezlaridan tarkib topgan. Endokrin bezlarining o‘ziga xosligi shundaki, ular bir vaqtning o‘zida ham a’zo, ham gormon ishlab chiqaruvchi to‘qima vazifasini bajaradi. Endokrin bezlarining aynan shu xususiyati ularning transplantatsiyasidagi o‘ziga xoslikni belgilaydi. Agar endokrin bezining bir bo‘lagi ko‘chirib o‘tqazilsa, u gormon ishlab chiqaradi, ammo ba’zi vaziyatlarda a’zo sifatida ishlay olmaydi. 

 

 

- Qalqonsimon bezning noto'g'ri ishlashi nimaga olib keladi?

 

Qalqonsimon bez gormonlari keragidan ortiq ishlab chiqarilsa, organizm favqulodda holatda ishlaydi. O‘z zaxirasini muddatidan oldin sarflab tugatadi: odam asabiy bo‘ladi, uni uyqusizlik, kayfiyat o‘zgarishi bezovta qiladi. Qalqonsimon bez faoliyatining yetarli bo‘lmasligi ham gipofunksiya kasalligiga olib keladi. Organizmda gormon yetishmaydi, moddalar almashinuvi sustlashadi. Bemorning hayotiy ishtiyoqi pasayadi, yurak urishi sekinlashadi, tez charchaydi. Uni lanjlik va uyquchanlik zabt etadi.

 

Qalqonsimon bez gormonlari preparati paydo bo‘lishidan oldin qalqonsimon bez yoki uning qismlari transplantatsiyasi qo‘llangan.

 

 

- Transplantatsiyaning uch turi bor: to‘qimali, a’zoga xos va hujayrali:

 

Birinchisi, bezning turli o‘lchamdagi qismlarini qon tomirlari aloqasini tiklamasdan ko‘chirib o‘tqazishni nazarda tutadi. A’zoga xos transplantatsiya – bu qon tomirlari anastomozini tiklash orqali butun qalqonsimon bez yoki uning qismini ko‘chirib o‘tqazish. So‘nggi o‘n yillarda hujayrali transplantatsiya ommaviylashib boryapti.

 

Ko‘chirib o‘tqazishning ilk ikki turi bugun deyarli qo‘llanmaydi. Chunki:

  • ko‘chirib o‘tqazish operatsiyasi murakkab va qimmat

  • donor talab qilinadi

  • organizm uchun begona to‘qimalarning rad etilishi xavfi mavjud

  • immunosupressiv terapiya (organizmning istalmagan immun javobini to‘xtatish terapiyasi) organizm uchun zararli

 

Bugungi kunda hujayrali transplantatsiya tez rivojlanib boryapti. Unda butun a’zolar emas, qalqonsimon bezning alohida hujayralari ko‘chirib o‘tqaziladi. Masalan, bepushtlikning ba’zi turlarini davolash uchun gipofiz hujayralari to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinsiy bezga ko‘chirib o‘tqaziladi. Uning afzalligi shundaki, gipofiz hujayralari xuddi shu donordan o‘tkazilgan jinsiy bezlarda o‘zini begona his qilmaydi. Ular o‘zaro to‘g‘ri keladi hamda shaxsiy gormonlarni ishlab chiqarishni rag‘batlantirishda davom etadi. Bu gormonlar sun’iylarga qaraganda organizm uchun foydaliroq.

 

Hujayrali transplantatsiya to‘liq a’zoni transplantatsiya qilishdan afzalroq. Hujayralarni ko‘chirib o‘tqazish murakkab bo‘lmagan, sodda jarrohlik muolajasi bo‘lib, oddiy in’eksiya yo‘li bilan soddalashtirilgan. 

 

 

- Transplantatsiyaning quyidagi turlari ham mavjud: 

 

  • Autotransplantatsiya – bemordan olib tashlangan bez, uning bir qismi yoki hujayrasini xuddi shu organizmning boshqa qismiga ko‘chirib o‘tqazish;

  • Allotransplantatsiya – odamdan odamga, hayvondan hayvonga ko‘chirib o‘tqazish;

  • Ksenotransplantatsiya – hayvondan odamga hamda har xil hayvon turlariga ko‘chirib o‘tqazish.

 

Autotransplantatsiya gormon o‘rnini bosuvchi terapiya va hujayra texnologiyasi paydo bo‘lgunga qadar ahamiyatli edi. Boshqa odamdan olingan allotransplantatlar ham qo‘llangan, lekin ularni organizm qabul qila olmagan. Bundan tashqari, 3D printing asosida qalqonsimon bez modelini yaratish ustida tadqiqotlar boshlangan. Bu model o‘zak hujayralaridan olingan qalqonsimon bez hujayralari bilan to‘ldiriladi. Lekin ushbu yo‘nalishda olimlar hali tadqiqot chegarasidan chiqib keta olgani yo‘q. 

 

 

- Bugungi kunda transplantatsiya dolzarbmi?

 

Gormonlar taqchilligini muvozanatga soladigan, gormon o‘rnini bosuvchi terapiya paydo bo‘lishi bilan transplantatsiya ikkinchi darajaga tushdi va deyarli qo‘llanmay qo‘ydi. Chunki murakkab jarayonni bosib o‘tgandan ko‘ra, gormonlarni qo‘llash samaraliroq. Qalqonsimon bezning zamonaviy preparatlari yuqori tozalikka ega. Barcha talablarga mos va gormonlar taqchilligini yo‘qotishga yordam beradi. Turli kombinatsiya va dozalarini tanlash mumkin.

 

Qalqonsimon bez olib tashlangandan keyin gormonlarni xotirjam qabul qilish mumkin. Bu yashashni ancha yengillashtiradi. Bezni olib tashlash transplantatsiyaga qaraganda ko‘proq o‘tkaziladi. Muayyan sabab bilan qalqonsimon bezi olib tashlangan bemorlarim ko‘p. Biz ularga gormon o‘rnini bosuvchi preparatlarni tavsiya etamiz. Zzero, inson hayotini tinch davom ettiradi. Eng muhimi, to‘g‘ri dozani tanlash.

 

Gormon o‘rnini bosuvchi terapiya yutuqlari tufayli gormonlar yetishmovchiligi bilan bog‘liq barcha muammolarni osongina hal qilish, ya’ni vaqti-vaqti bilan gormonlarni ichib yurish mumkin.

Ko‘rishlar: 1714

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz