Qanday jinsiy kasalliklar ko'z uchun xavfli?
Jinsiy tarbiya
Yangilangan:
“Kattalar” kasalligi bo‘lmish zaxm va so‘zak haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. Jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasalliklar misolida ularning tizimli taʼsiri haqida so‘zlab beramiz. Chunki ular baʼzilar o‘ylaganday faqat jinsiy aʼzolarni zararlamaydi. Bunda bizga shifokor-oftalmolog Dilobar Mirataliyevna To‘ychiboyeva yordam beradi.

Dilobar To‘ychiboyeva, tibbiyot fanlari doktori, Toshkent davlat stomatologiya instituti shifokor-oftalmologi
- Sifilis - bu nima?
Zaxm surunkali infeksion kasallik bo‘lib, unga oqish treponema sabab bo‘ladi va asosan jinsiy yo‘l bilan yuqadi. O‘z vaqtida davolanmasa, mikroorganizm barcha aʼzolar va tizimlarni zararlashga qodir: teridan tortib tayanch-harakat tizimigacha.
- Kasallik qaysi organlarga ta'sir qiladi?
Xususan, ko‘z kasallikning istalgan bosqichida, tug‘ma va orttirilgan zaxmning har qanday shaklida zararlanishi mumkin. Garchi bu kamyob holat bo‘lsa-da, bemor bilan yaqin aloqada (masalan, o‘pishishda) bo‘lganda zaxmning birlamchi bosqichi asosiy simptomi – qattiq shankr qovoq chetiga joylashib olishi mumkin. Boshlang‘ich boschiqda u akne yoki papulani eslatadi. Ko‘zning kamdan-kam zararlanishi tufayli kasallik xuddi govmijja singari qabul qilinadi.
- Kasallik qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?
Birinchi bosqichdagi asoratda kiprik tushishi bilan qovoq yiringlashi kuzatilishi mumkin. Bu zaxm alopetsiyasi deyiladi. Kipriklar keyinchalik o‘sadi, ammo uzunligi har xil bo‘ladi. Eʼtiborlisi, odam ko‘rish qobiliyatining yomonlashuvi va zararlangan tomonda bosh og‘rig‘idan shikoyat qilishi mumkin. Markaziy ko‘rish qobiliyati aziyat chekadi – xiralashuvdan tortib to‘liq ko‘z nurini yo‘qotishgacha.
Agar zaxmga chalingan bemor ikkinchi bosqichni ham o‘tkazib yuborsa, uchlamchi zaxmda zararlangan joyda gumma – yumshoq og‘riqsiz o‘simta paydo bo‘ladi. Bunda ko‘z soqqasi chaqchaygan holda yon tomonlarga qarab joyidan qo‘zg‘alishi mumkin. Bu, o‘z navbatida, qovoqning shishishi, ko‘zda tasvirning ikkilanishi, to‘liq ko‘zi ojizlik va tungi og‘riqlarga olib keladi.
- So'zak - bu nima?
Keyingi tanosil kasalligi – so‘zak. Uning qo‘zg‘atuvchisi – gonokokk kir qo‘l vositasida ko‘zga tushishi va gonoblennoreya – ko‘rish aʼzosi shilliq qavatining yiringli yallig‘lanishiga olib kelishi mumkin.
Tibbiyot xodimlari xavf guruhiga kiradi. Chunki ular bu kabi bemorlarni davolashda yoki tug‘uruq qabul qilishda yuqtirishi mumkin. Patologiya yiring oqishi, kuchli shish, ko‘zni ochishda qiynalish ko‘rinishidagi yoqimsiz simptomlar bilan kechadi.
- Homila infektsiyalanishi mumkinmi?
Qizig‘i, gonokokk platsentar to‘siqdan arang o‘tadi. Shuning uchun homiladorlik vaqtida homilaning zararlanishi juda kam kuzatiladi. Ammo chaqaloqlar onaning tug‘uruq yo‘li orqali o‘tganda infeksiyani yuqtirib olishi ehtimoli katta. Ushbu vaziyatda infeksiya yuqishi sodir bo‘ladi va bolada gonoblennoreya va quyi jinsiy-siydik yo‘llari so‘zak kasalligi rivojlanishi mumkin.
- O'zingizni qanday himoya qilish kerak?
XXI asrda jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasalliklar o‘z vaqtida davolansa, asoratlarni chetlab o‘tsa bo‘ladi. Aynan shuning uchun o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilish va davolashni boshlash muhim. Va albatta, birinchi o‘rinda jinsiy infeksiya yuqishning oldini olish uchun kontratsepsiyaning baryer usullarida foydalanish zarur.
Ko‘rishlar: 319
https://anatomica.uz/uz/articl...







