U kim, bu nima? Pedofiliya

Jinsiy tarbiya

Yangilangan:

Pedofiliya tibbiy tashxismi yoki jinsiy buzuqlik? Ba’zi odamlar pedofil bo‘lib tug‘iladimi yoki keyinchalik shunga aylanadimi? Ekspertimiz –  androlog-seksopatolog, reproduktolog Dilmurod Irgashev bilan muloqotda bunga oydinlik kiritamiz.

 

(Maʼlumot: Dilmurod Irgashev, androlog-seksopatolog, reproduktolog, MD, PhD, Doctor D klinikasi asoschisi va rahbari)

 

 

Tushuncha "pedofiliya" - bu nima digani?

 

Pedofiliya – parafiliyaning bir turi. Boshqacha aytganda, infantoseksualizm. Bu buzilish bo‘lib, bolalarga bo‘lgan mayl, fantaziyalar, doimiy va intensiv jinsiy impulslar orqali namoyon bo‘ladi.

 

Kasalliklarning xalqaro tasnifiga ko‘ra, pedofiliya xulq-atvorning ruhiy buzilishiga kiradi. U jamiyatda ko‘pincha voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan qiziqish sifatida qabul qilinadi. Bu – xato fikr. Aslida gap prepubertat yoki 12 yoshgacha bo‘lgan erta pubertat davridagi bolalar haqida ketyapti.


Pedofillarning asosiy qismi jinsiy ehtiyojini faqat o‘z xayolot olamida qondiradi, yaʼni bolalar bilan nojinsiy aloqada. Masalan, internetda muloqot qilish, shu mavzuga yaqin filmlarni tomosha qilish orqali.

 

Statistikaga ko‘ra, Yer shari aholisining 1–4 foizida pedofiliyaga moyillik bor. Bu katta ko‘rsatkich, shunday emasmi? Baʼzi pedofillar o‘zidagi o‘zgarishni anglab, davolanadi va jamiyat uchun xavf tug‘dirmaydi. Pedofillarning aksariyati erkaklar. Ayollar ham ushbu ruhiy buzilishga chalinadi, lekin buni ochiq ko‘rsatavermaydi. Shuning uchun pedofiliyadan aziyat chekuvchi ayol va erkaklarning aniq statistikasi yo‘q.

 

 

Bu tashxis kimga va qachon qo‘yiladi? 

 

Agar olti oydan ortiq vaqt davomida insonda distress – eustressning aksi, ijobiy motivatsiya beradigan stress, yaʼni bolalar bilan bog‘liq fantaziya va istak kuzatilsa, bu pedofiliya deyiladi. U bola bilan jinsiy aloqa haqidagi xayollarning majburan paydo bo‘lishidan aziyat chekadi. Miya uning xohishiga qarshi buyruq beradi.


Agar bu kabi fantaziyalar har zamonda paydo bo‘lib tursa, odam pedofil hisoblanmaydi.

Masalan: Bunga 15 yoshgacha bo‘lgan o‘smir yigit-qizlar ko‘proq moyil bo‘ladi. Ularning jinsiy sherigi yo‘q, lekin yaqinlikka istagi kuchli bo‘ladi. Ular tengdoshlari bilan jinsiy aloqaga kirishadi. Boshqacha aytganda, bolalarning sevishganlar rolini o‘ynashi pedofiliya hisoblanmaydi. 

 

Kasallikning paydo bo‘lishi va rivojlanishiga qarab tug‘ma fe’l-atvorga xos belgilar ham kuzatilishi mumkin. Bola ushbu buzilish bilan tug‘iladi. Bu bosh miya, markaziy asab tizimi zararlanishi va genetik omillarga bog‘liq. Ammo bu kasallik nasl surishini anglatmaydi.

 

 

Qanday davolash kerak?

 

Bu kasallikni davolash qiyin. Bemor terapiyaga ongli ravishda rozilik bersagina samaraga erishish mumkin. Afsuski, bunday vaziyatda ham prognoz quvonarli bo‘lmaydi va odatda ijobiy natijaga erishish amrimahol. Muolajani psixiatr ruhiy holat ekspertizasi yordamida o‘tkaziladi.

Quyidagicha terapiya o‘tkaziladi:

 

  1. Xulq-atvor terapiyasi o‘rgatish nazariyasi, shuningdek, anʼanaviy va operant asoslash qoidalariga tayanadi. Psixoterapiyaning ushbu shakli asosida  ruhiy buzilishga xos baʼzi simptomlar noto‘g‘ri shakllangan odatlar tufayli paydo bo‘ladi, degan fikr yotadi;
  2. Orgazmik qayta oriyentatsiya. Uning usullaridan biri – o‘zini o‘zi qondirish jarayonini ko‘paytirib yuborish. Avvaliga geteroseksuallikka urg‘u beriladi. Bolalar emas, balki kattalar ishtirok etgan pornografik filmni tomosha qilish taklif etiladi. Masturbatsiyadan keyin eyakulyatsiya sodir bo‘lganda erkakda refrakter davri, yaʼni seks istalmaydigan tanaffus davri boshlanadi. U bir necha daqiqa davom etadi. Aynan ushbu tanaffus vaqtida pedofilik syujetlar ko‘rsatiladi. Natijada bemorda bunga nisbatan nafrat tuyg‘usi uyg‘onadi;
  3. Aversiv terapiya insonda zararli qaramlikka nisbatan yoqimsiz hissiyotni uyg‘otishga qaratilgan. Pedofillarga xos tasvirlarni tomosha qilishda, seksual qo‘zg‘alish vaqtida insonga nisbatan, masalan, elektroshoker qo‘llanishi yoki ko‘ngilni aynituvchi hid taralishi mumkin. Maqsad salbiy qaramlik bilan bog‘liq yoqimsiz taassurot uyg‘otish orqali uni bartaraf etish.

 

Bunday bemorlarni davolash bilan bog‘liq masala hali-hamon ochiq qolmoqda. Bu kasallikdan xalos qiluvchi hech qanday preparat mavjud emas. Ammo sud hukmiga ko‘ra jinoyatchiga axtalash jazosi belgilanishi mumkin. Bir qator davlatlarda medikamentoz axtalash pedofillarni jazolash chorasi hisoblanadi. Medikamentoz, to‘g‘rirog‘i, kimyoviy axtalashda testosteron miqdori preparatlar yordamida neytrallashtiriladi. Markaziy Osiyoda ham ushbu usul jazo chorasi sifatida qo‘llana boshladi.

 

 

Bag‘rikenglik haqida 

 

“Pedofiliya” atamasi bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik tushunchasining sinonimi sanalmaydi. Pedofiliya bilan kasallangan hamma odamlar ham bolalarga nisbatan jinsiy jinoyat sodir etavermaydi. Bolaga zo‘ravonlik qilgan barcha jinoyatchilar ham pedofil bo‘lmaydi.

 

Ushbu holat dunyo bo‘ylab tarqalgan. Faqat har bir davlatning pedofiliyaga nisbatan o‘z yondashuvi bor. Yevropa, Amerikada bu holatga nisbatan bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘linadi. Bu orqali mazkur kasallikning oldini olish va muolajani ommalashtirish imkoni mavjud.

 

JSST pedofiliya va jinsiy buzuqlikning boshqa ko‘rinishlarini jinsiy xulq-atvor meʼyori sifatida qonuniylashtirish tarafdori. Bu haqda Kasalliklarning xalqaro 11-tasnifi (11-KXT) loyihasida qayd etilgan bo‘lib, 2022-yilning boshida kuchga kirishi kerak. Men bunday yondashuvni qabul qilib bo‘lmas, tarbiya hamda odob qoidalariga mutlaqo zid, deb hisoblayman.

Ko‘rishlar: 51

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz