Ichkiyim qoidasi: bolalarga qachon va nima haqda gapirish kerak
Jinsiy tarbiya
Yangilangan:
Ko‘pchilik ota-onalar “jinsiy tarbiya” atamasini haligacha siyqasi chiqqan deb qabul qilishadi. Ular taqiqlangan mavzularning oshkor etilishi oqibatida bolaning diqqat-eʼtibori jalb qilinadi va rikoshet singari seks mavzusiga bo‘lgan qiziqishi ortadi deya qo‘rqishadi.

Matn: Sitora Musaeva, @gynaecology_
Jinsiy tarbiya zarurati haqida sotsiologlar o‘tgan asrning 50-yillaridayoq gapira boshlashdi, buning sababi sifatida esa tanosil kasalliklar, erta homiladorliklar, zo‘ravonliklarga qarshi kurash kabilar keltirildi. Mutaxassislar jinsiy tarbiya va daxlsizlik mavzusini ota-onalar sekin-asta singdirib borishlari zarurligini qatʼiy taʼkidlashadi. Amerikaliklar tomonidan jinsiy tarbiya yaxshi rivojlanmagan konservativ mamlakatlarda randomizirlangan tadqiqot o‘tkazildi. Masalan, Yevropaning eng diniy davlatlaridan biri bo‘lgan Ruminiyada 15-19 yoshdagi har ming nafar qizning 35 nafarida homiladorlik kuzatilganligi aniqlandi.
Ota-onalar bolaning yoshi va qabul qilishiga qarab maʼlumot berishlari kerak. Bolalarga qachon va nima haqda gapirish kerakligiga doir tavsiyalarimiz bilan bo‘lishamiz.
3 yosh va undan katta bolalar uchun:
-
3 yoshli bolalarga “ichkiyim qoidalari”ni tushuntirish kerak. Unga ko‘ra, ichkiyim bilan to‘silgan tana qismlari intim va begonalar ularni ko‘rishi, ayniqsa, teginishi mumkin emas.
-
Bolalarga o‘zlari va begonalar, qarindoshlar orasida sir bo‘lmasligi kerak, deb tushuntirish lozim. Mabodo kimdir sir saqlaymiz, deb qolsa, bola bu haqda ota yoki onaga aytib berishi lozim.
-
Ushbu yoshda bola uyining eshigidan tashqarida u bilan nima sodir bo‘layotganini aytib berishga qo‘rqmasligi uchun ishonchli munosabatlar o‘rnatish zarur. Agar bolaga kimdir shilqimlik qilayotgan bo‘lsa, unda uyalish, aybdorlik va qo‘rquv hissi uyg‘onadi. Bola o‘zini xavfsiz sezmaganda kimga murojaat qilishni bilishi uchun ota-onalar jinsiy masalalar atrofida taqiqlangan mavzularni yaratmasligi kerak.
Ushbu qoidalar jinsiy tarbiya asoslarining postulati sanaladi va shilqimlik va jinsiy zo‘ravonliklarning aʼlo darajadagi profilaktikasidir.
9-12 yoshdan boshlab jinsiy yetilish davri:
-
Bolalarga qarama-qarshi jins fiziologiyasidagi o‘zgarishlar haqida hech bo‘lmasa dastlabki maʼlumotlarni berish va ushbu jarayonlarning tabiiy ekanini aytish foydali bo‘ladi.
-
O‘g‘il bolalarga qizlar maʼlum kunlarda emotsional bo‘lishlari, chunki bu davrda sog‘lig‘i tufayli biroz noqulayliklar ro‘y berishini so‘zlab berish zarur. Asabiga tegmasdan, ziddiyatga bormasdan, tushunish kerak.
-
Qizlarga o‘g‘il bolalarda jinsiy yetilish vaqtida qizlarga nisbatan eʼtibori ortishini aytib berish va eng muhimi, shaxsiy chegaralariga daxl qilinayotgan bo‘lsa, o‘zini himoya qila olishga o‘rgatish darkor.
-
Agar bola tushkunlikka tushsa, kattalarga murojaat qilish lozim. Har ikki jins vakiliga kerakli maʼlumotlarni berishning foydasini isbotlovchi bir hikoya bilan bo‘lishamiz. U o‘tgan yili internetda tarqaldi.
Ota shunday deydi: «Bugun avtobusda qizimning ilk hayz kuni boshlandi. Undan bir yosh katta bola qizimning qulog‘iga shunday pichirladi: «Ishtoningda dog‘ paydo bo‘libdi, lekin bundan qo‘rqma. Mening sviterimni ol, uni beligga o‘ragin-da, uyingga ketaver». O‘g‘liga jinsiy tarbiyaning to‘g‘ri asoslarini o‘rgatgan ota-onalarning aqlli yondashuvi. Bu tayyorlanmagan qizni stressdan va atrofdagi tushunmaydigan insonlarning masxaralaridan qutqardi.
15 yosh va undan kattalar:
-
Erkakda qiz bola va ayollarga nisbatan to‘g‘ri va hurmat bilan, shuningdek, sabrli munosabatda bo‘lishni tarbiyalang. Bu jinsiy buzuqlikning eng yaxshi profilaktikasi. O‘g‘il bolalarga rad javobini to‘g‘ri qabul qilishga o‘rgating. “Yo‘q” – qatʼiy “yo‘q”, degani, bu keyinchalik baxs va ko‘ndirishga sabab izlamaslikni bildiradi. Har kimning shaxsiy chegarasi bor va ularni buzish umuman mumkin emas.
-
Qo‘rqitish usulidan voz keching. O‘smirlarni “seks bu dahshatli, gunoh va yomon ish”, deb qo‘rqitmang, balki unga buning uchun hali yetarli darajada ulg‘aymaganini, tajribasizlik tufayli bu salomatligiga putur yetkazishini, qon ketishi, istalmagan homiladorlik, jinsiy infeksiyalarni yuqtirish ko‘rinishidagi salbiy oqibatlarga olib kelishini asta tushuntiring.
-
O‘smirga kontratsepsiyalarning ahamiyati, ularning turlari haqida aytib berish shart. Istalmagan homiladorlik oqibatlarini tasvirlab bering. Abortning ham jismonan, ham maʼnan jarrohat yetkazishini ayting.
-
Eng muhimi o‘smirda o‘z harakatlari uchun masʼuliyat hissini uyg‘oting. Birinchi navbatda o‘smirlik maksimalizmini o‘chirib, sovuqqon tafakkurni yoqish va har bir qadamni o‘lchab ko‘rish zarur. Agar ota-ona muhokama qilishga andisha qilsa, o‘smir bilan shifokorga murojaat qilish kerak. Mutaxassis sodda tilda tushuntirib beradi.
Farzandlar uchun eng yaxshi namuna, bu uning ota-onasi. O‘zaro hurmat, uyda ochiq kiyinib yurishdan voz kechish va bolaning oldida “kattalar” uchun mo‘ljallangan hazillarni qilmaslik. Oilada ishonch va iliq muhitni yaratish orqali, shuningdek, farzandlarning oddiy bo‘lmagan savollariga xotirjamlik bilan javob berib, ularga sog‘lom tarbiya asoslarini singdirasiz.
Ko‘rishlar: 340
https://anatomica.uz/uz/articl...







