2 ta mutaxassisintim plastik jarrohlik bo'yicha: sarflangan mablag‘lar o‘zini oqlaydimi?
Jinsiy tarbiya
Yangilangan:
Ayollar orasida labioplastika, ya’ni jinsiy a’zolar shaklini o‘zgartirish bo‘yicha operasiyalarga qiziqish kundan-kunga ortib bormoqda. Ularga a’zolarining tashqi ko‘rinishi yoqmaydi. Shu sabab tig‘ ostiga yotishga ham tayyor. Xo‘sh, sarflangan mablag‘lar o‘zini oqlaydimi? Intim savollarga ekspertlardan javob olamiz.
Matn: Sitora Musayeva

Shirinxon Safayeva, RIAGIATM akusher-ginekologi, estetik ginekolog, Expert medical klinikasining integrativ va qarishga qarshi tibbiyot shifokori
"Menga bir haftada reproduktiv davrni boshdan kechirayotgan 20–45 yoshdagi 2-3 nafar ayol murojaat qiladi. Gohida chindan ham noqulaylik tufayli ularga korreksiya kerak bo‘ladi, ba’zida esa ayol xomxayollarga beriladi. Turmush o‘rtog‘ining ayolning jinsiy a’zosi ko‘rinishidan ko‘ngli to‘lmasligi tufayli ham murojaatlar bo‘ladi. Ammo hammaga ham labioplastika xizmati ko‘rsatilmagan. O‘zida patologiya bor deb o‘ylagan qizlar ham kelgan, ammo ularga anatomiya tushuntirilganda, aslida shunday bo‘lishi kerakligini tushuna boshlagan. Bu ko‘proq o‘zini qabul qilishning psixologik jihati! "
- Labioplastikaga qiziqishning ortib borishi nimaga bog‘liq?
Asosiy sabab tashqi jinsiy a’zolarning normal anatomiyasini bilmaslik va ularning tashqi ko‘rinishidan qoniqmaslikdir. Ayniqsa, kichik lablarning o‘lchami, rangi, aynan tashqariga bo‘rtib chiqishi tashqi ko‘rinishni buzayotgan holat, deya hisoblanadi. Sezgir o‘smirlarning o‘z savollariga vaqtida javob olmasligi natijasida turli komplekslar paydo bo‘ladi. Bu esa ularga intim sohasida kamchiliklar borligiga ishoradek tuyuladi.
- Jinsiy lablar anatomiyasi nuqtayi nazaridan me’yoriy ko‘rsatkichlar qanday?
Kattalashgan kichik jinsiy lablar yoki gipertrofiya ilmiy jihatdan me’yor sanaladi. Ayollar orasida jinsiy lablar morfologiyasining turfaligini inobatga olsak, aslida «normal» vulva tushunchasi subyektiv masala.
- Ommaviy axborot vositalarida yalang‘och tasvirning ommalashishi jinsiy a’zolarning mukammal shakliga nisbatan noto‘g‘ri timsol va me’yorlarning paydo bo‘lishida muhim o‘rin tutadi.
Televizor ekrani, jurnallardagi sarlavhalar, modellar tomonidan reklama qilingan ayollar «guli»ning mukammal ko‘rinishi shunday: katta do‘mboq jinsiy lablar kichik lablarni yopib turadi, hammasi simmetrik, pushtirang va chov sohasi hamda anal teshigi atrofi qora dog‘lardan xoli.
Lola Karimova, RIAGIATM akusher-ginekologi, estetik ginekolog:
"Labioplastika anchadan buyon qo‘llanayotgan muolaja bo‘lishiga qaramay (ilk bor 1984-yili o‘tkazilgan), faqat so‘nggi yillardagina OAV tufayli keng tarqaldi. Intim plastika asosan estetik maqsadda o‘tkaziladi. Har bir ayol maftunkor bo‘lishni istaydi. Shuning uchun hatto begona ko‘zlardan yashirin kamchilik ham noqulaylik tug‘dirishi mumkin.
Ushbu yo‘nalishning eng ommabop muolajalari quyidagilardir: kichik jinsiy lablar korreksiyasi, lipodistrofiyalarda katta jinsiy lablar hajmini kattartirish yoki ptozlarda katta jinsiy lablarning ortiqcha to‘qimasini olib tashlash. Bundan tashqari, tibbiy sabablar ham bo‘ladi. Masalan, tor ichkiyim, shimlarni kiyganda, yurganda yoki velosipedda yurganda paydo bo‘ladigan og‘riq. Shuningdek, labioplastika tug‘ma rivojlanish anomaliyalari mavjud ayollarga, sinexiyalar (jinsiy lablarning bitib ketishi), taranglik yo‘qolganda, ptozda, shuningdek, tug‘ruqdan keyingi jarohat va chandiqlarda talab qilinadi".
Ayollar me’yor deb hisoblaydigan o‘lchamlar aslida qinning bolalarga xos shakli hisoblanadi. Jinsiy yetilish davrida organizmdagi har bir hujayra bir qator o‘zgarishlarga uchraydi, ayniqsa, jinsiy a’zolar. Ularning tashqi ko‘rinishidagi shakl, rangning o‘zgarishi, ajralmalarning paydo bo‘lishi tabiiy. Agar qizlar maktab davridayoq jinsiy a’zolarning o‘zgarishi tabiiy va me’yordagi holat ekanini bilganida edi, balki labioplastika bunchalik talabgir operatsiya bo‘lmasmidi.
Shirinxon Safayeva:
"O‘zida nimanidir o‘zgartirishni orzu qilgan ayol quyidagi jumlani unutmasligi kerak: «Non Nocere», ya’ni «Zarar yetkazma». Sog‘liq birinchi o‘rinda. Labioplastika reseptorlar yig‘ilgan sohani qamrab oladi. Ushbu reseptorlar aynan klitor uchida va kichik jinsiy lablarning chetida to‘planadi.".
Operasiya qildirishdan oldin kichik jinsiy lablar sezuvchanlik vazifasini bajarishi haqida o‘ylash kerak. U yerda asab tolalari joylashgan va ularga teginish insonga yoqimli his bag‘ishlaydi. Operatsiyada jinsiy a’zoning muhim qismi olib tashlanadi. Qolaversa, har qanday operativ aralashuv bir qator xavf va asoratlar bilan bog‘liq.
Ko‘rishlar: 325
https://anatomica.uz/uz/articl...







