Qarilikka qarshi eng yaxshi muolaja

Jinsiy tarbiya

Yangilangan:

Insonlarning jinsiy hayotida o‘rta yosh eng yaxshi davr hisoblanadi. Ko‘pchilikning eʼtiroficha, 40 yoshdan keyingi jinsiy yaqinlikdan olinadigan mamnunlik hissi boshqa hech qaysi yoshda kuzatilmaydi. Seksopatolog Dilmurod Irgashev va seksolog Nargiza Medvedeva 50 va 60 dan keyin to‘xtamaslikni tavsiya qilishadi...
 

 

 

60 dan keyingi jinsiy hayot haqida nimalarni bilish kerak?

 

Nargiza Medvedeva: Eng muhimi, uning borligi va zarurligidir. Ko‘pchilik maʼlum bir yoshdan keyin, masalan, menopauza boshlanishi davrida jinsiy yaqinlikni to‘xtatish kerak, deb hisoblaydi. Bu noto‘g‘ri.

 

Jamiyatimizda er-xotin farzandlarini oilali qilib, nevarali bo‘lgandan keyin seks haqida unutish kerak va hatto bu haqda o‘ylash odobdan emas, degan fikr shakllangan. Ammo sog‘lom jinsiy hayot uchun yosh cheklovi mavjud emas va seks sifatli hayot belgisidir. Seks maksimal darajada qulay va xavfsiz bo‘lishi kerak.

 

 

Nargiza Medvedeva, amaliyotchi psixolog, seksolog, Seksologlar assotsiatsiyasi aʼzosi, Toshkent xususiy klinikalarida jinsiy salomatlik masalalari bo‘yicha maslahatchi, maishiy zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan insonlarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi mutaxassisi

 

 

Keksalik davrida insonlar qanday intim muammolarga duch keladi?

 

Dilmurod Irgashev: Birinchi navbatda, jinsiy gormonlarning kamayishi: ayollarda – estrogen, erkaklarda – androgen. Bu organizmning jismoniy va psixologik holatiga taʼsir qiladi. Ko‘pchilik o‘z muammolaridan uyalib, ularni ochiq aytmaydi. Baʼzilar jinsiy quvvatni oshiruvchi dorilarni o‘zboshimchalik bilan shifokor retseptisiz qabul qiladi. Lekin bu xavfli bo‘lib, istalmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin.Gormonal buzilish ortidan ereksiya bilan bog‘liq muammolar yuzaga keladi.

Gormonal holatning o‘zgarishi yaqinlik hissi – libidoga taʼsir o‘tkazadi. Masalan, erkak kishiga 15 nmol/l.dan past testosteron ko‘rsatkichi va hatto meʼyoriy daraja ham taʼsir qilishi mumkin. Ayollarda bundan-da murakkab. Hatto meʼyoriy gormonal ko‘rsatkichlarda ham uning libidosi psixologik va ruhiy-hissiy omillarga bog‘liq bo‘ladi. Shu sababli ayol kishi uchun eʼtibor va erkalashlar, bir so‘z bilan aytganda, prelyudiya juda muhim.

 

Dilmurod Irgashev, androlog-seksopatolog, reproduktolog, MD, PhD, Doctor D klinikasi asoschisi va rahbari

 

 

Intim muammolari bor bemorlarga qanday yordam berish mumkin?

 

Dilmurod Irgashev: Eng avvalo, to‘g‘ri ovqatlanishga rioya qilish, tiniqib uxlash va sport bilan shug‘ullanish kerak. Sport gormonlarning tabiiy ishlab chiqarilishini taʼminlaydi. Keksalarga ertalabki badantarbiya bilan cheklanmasdan, mos keladigan yuklamani tanlagan holda, mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish tavsiya etiladi. Kardiomashg‘ulotlar yurak-qon tomir tizimini, kuch treningi esa mushaklarni mustahkamlash uchun zarur. Keksalik davrida bosimni kamaytirish mumkin, lekin butunlay to‘xtatib qo‘yish kerak emas.

 

Erkaklar uchun qiziqarli fakt: mushaklar, qorin aylanasi bevosita organizmning gormonal holatini aks ettiradi. Mushaklar qanchalik hajmdor bo‘lsa, tanada androgenlar shunchalik ko‘p bo‘ladi. Qorin aylanasining meʼyori – 94 sm. 102 sm.dan yuqori hajm metabolik o‘zgarishlardan dalolat beradi. Bu ko‘rsatkich barcha yoshlarga tegishli.

 

Gormonlar yetarli darajada ishlab chiqarilmasa, erkaklar uchun gormonlar o‘rnini bosuvchi terapiya va ayollar uchun menopauzal gormonal terapiya tavsiya etiladi. Erkaklar terapiyani 39 yoshdan boshlashi mumkin, lekin 70 yoshida ham jinsiy gormonlarining ishlab chiqarilishi kamaymagan insonlar bor. Hammaning organizmi har xil, temperamenti ham. Yilda kamida bir marta ko‘rikdan o‘tib turish muhim: erkaklar androlog, ayollar ginekologdan.

 

«Og‘rimaguncha murojaat qilishning nima keragi bor» degan tushunchani yo‘q qilish kerak.

 

 

Keksalikda qancha vaqtda seks bilan shug‘ullanib turish mumkin?

 

Dilmurod Irgashev: Agar inson sog‘lig‘iga eʼtibor bersa, hammasi joyidaligini bilsa, seks qancha ko‘p  bo‘lsa, shuncha yaxshi. Jinsiy aloqaning takrorlanishi juftliklarning jinsiy konstitutsiyasi va ular o‘rtasida yuzaga kelgan shartli optimal jinsiy hayot maromidagi temperamentiga bog‘liq.

 

Vaqtga kelsak, har qanday yoshdagi erkaklarga ereksiya holatida 20 daqiqadan ortiq qolmaslik tavsiya etiladi.

 

 

Qanday stimulyatordan foydalanish mumkin, ular o‘zi umuman kerakmi?

 

Nargiza Medvedeva: Men kimyoviy stimulyatorlarni qo‘llashni tavsiya qilmayman. Ularning nojo‘ya taʼsiri bor va barcha vositalar ham kerakli tekshiruvlardan o‘tmagan. Men intim do‘konlar yoki saytlarda sotiladigan tabletkalarni nazarda tutyapman.

 

Jinsiy quvvatni oshirish muammosini androlog bilan hal qilish kerak. Shifokor ko‘rsatmasi bo‘yicha shartli ravishda “Viagra” deya nomlanuvchi preparatlar qabul qilinishi mumkin. Qabuldan oldin nafaqat androlog, balki kardiologning ham maslahati zarur. Chunki bu preparatlar qon aylanishiga taʼsir qiladi. Dozalash tartibiga rioya qilish muhim.

 

 

Yosh o‘tib erkaklarda jinsiy aʼzo o‘lchami kichrayishi rostmi?

 

Dilmurod Irgashev: To‘g‘ri, yoshga qarab tahminan 40 foizgacha kichrayadi. Hamma gap kavernoz tanachalarida, yaʼni ereksiyaga sabab bo‘ladigan tuzilmalarda. Yosh o‘tib ular blyashkalar bilan to‘lib boradi. Bu muqarrar tabiiy jarayonni qabul qilish kerak. Uning qachon kelishi insonga bog‘liq.

 

 

Juftliklar yoshining mukammal mutanosibligi qanday va bu nisbat yillar davomida o‘zgaradimi?

 

Nargiza Medvedeva: Bu – har bir insonning shaxsiy ishi. Go‘zallik, yoshlik, taranglik hammaga yoqadi. Ammo sog‘lom, yetuk seksual xislatlarga ega inson o‘zining va sherigining tanasidagi yoshga doir o‘zgarishlarni to‘g‘ri qabul qiladi.

Men juftni taxminan o‘z yoshiga yaqin, «ko‘ngilga qarab» tanlashni tavsiya qilaman. Seks – bu ko‘proq salomatlik holati va o‘z seksualligini his qilishdir.

 

 

Keksalikda intim yaqinlik istagini qanday qilib saqlab qolish mumkin?

 

Dilmurod Irgashev: Agar muammo negizi tegishli terapiya yordamida davolanadigan gormonal o‘zgarishlarda bo‘lmasa, u holda sabab psixologik omillarda. Bunda psixoterapiya yordam beradi.

 

Vaqt his-tuyg‘ular xarakterini o‘zgartiradi, lekin seks – bu muhabbat tantanasi. Biz o‘zimizni sevimli insonimiz bilan yaqinlikdan mahrum qilganimizda tezroq qariymiz. Oiladagi uyg‘unlik, xotirjamlik va muhabbat ko‘p hollarda seksga bog‘liq,  qolaversa, hayot sifati va davomiyligi ham.

 

 

60 dan oshgan  insonlarga maslahatingiz.

 

Nargiza Medvedeva:

 

1. Intim gimnastika bilan shug‘ullaning. Kichik tos aʼzolarida qon aylanishini yaxshilaydi. Bachadon tushishi, gemorroy, siydik ushlolmaslik profilaktikasi hisoblanadi. Jinsiy faoliyatni ko‘p yillarga saqlab qolishga yordam beradi. Uslublar ko‘p. Ularni ginekolog/urolog maslahatidan keyin qo‘llash kerak. 

 

2. Moylar, lubrikantlardan foydalaning. Ular yirik dorixonalarda sotiladi. Suv asosli lubrikantlarni tanlang. Lubrikant yoqimsiz hissiyotlarni chetlab o‘tishga yordam beradi.

 

3. Shifokor qabuliga muntazam boring. Intim salomatlik haqida savol berishdan uyalmang.

 

4. To‘laqonli hayot kechiring. Raqs, sayohat, ijodiy mahorat darslariga boring, yangi tanishlar orttiring.

 

5. Nevaralarni ota-onasiga bering. Ularni joningizdan ortiq ko‘rasiz, ammo sizning ham shaxsiy hayotingiz bor.

 

 

Nima uchun jamiyatimiz keksa yoshdagi erkakning yosh ayol bilan munosabatini qabul qiladi-yu, yoshi katta ayolning yosh erkaklar bilan munosabatini qoralaydi?

 

Dilmurod Irgashev: Ikkisini ham oqlayman. Ammo baʼzida berilgan tarbiya insonning o‘zi tanlagan yo‘ldan borishiga xalal beradi. Insonlar sabrli va bag‘rikeng bo‘lishi, har bir insonning tanlovini hurmat qilishi kerak, deb hisoblayman. 

Uzoq umr ko‘rib, baxtli yashashni istasangiz, seving va seviling. Seks gohida erta qarishning eng yaxshi davosi bo‘la oladi. Yaqinlaringiz tanlovini hurmat qiling va ular uchun chin dildan quvonishni o‘rganing.

Ko‘rishlar: 69

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz