Begona tana. Transgenderlar
Jinsiy tarbiya
Yangilangan:
Bolaning biror jinsga mansubligi besh yoshgacha ma’lum bo‘ladi. Ammo o‘g‘il bolaning jinsiy belgilariga ega inson har doim ham shunday bo‘lib chiqavermaydi. Bu nima – kasallikmi yoki «tabiatdagi xatolik»? Ekspertimiz, androlog-seksopatolog, reproduktolog Dilmurod Irgashev bilan masalaga aniqlik kiritamiz.
Matn: Irina Silkina

Dilmurod Irgashev, androlog-seksopatolog, reproduktolog, MD, PhD, Doctor D klinikasi asoschisi va rahbari
Jinsini qabul qilish
Bugun xohish va imkoniyatlar uchun dunyo o‘z chegaralarini keng ochmoqda. Shunday anʼana ommalashmoqda: inson tug‘ilganidan biroz vaqt o‘tib, istagiga ko‘ra uning jinsi belgilanyapti va bu demokratik tanlov sifatida eʼlon qilinyapti. Demak, inson qachon ulg‘aysa, kim bo‘lishini o‘zi belgilaydi. Ungacha jinsiy belgisiz yashaydi. Mohiyatan u erkak ham, ayol ham emas. Jinsiy tarbiya yo‘qligi transseksualizm holatiga olib keladi.
Transseksual inson – bu tug‘ma jinsini jarrohlik yo‘li bilan o‘zgartirgan shaxs. Transseksuallar transgenderlar hisoblanadi. Chunki ular o‘zini boshqa jinsga mansub deb biladi. Bolaning ota-onasi bor bo‘lgan oila haqidagi anʼanaviy tushuncha o‘rnini tanlov erkinligi egallaydi.
Ayni vaqtda Yer yuzi aholisining to‘rt foizida o‘zini noturg‘un jinsiy qabul qilish jarayoni kechmoqda (bunday holat hayvonot olamida ham uchraydi). Aholining mana shu qismini «tabiatdagi xatolik» deb atasa bo‘ladi. Jahon hamjamiyatining fikricha, bu kabi insonlarning shaxsiy jinsiy mansublik borasidagi tanlovini qo‘llab-quvvatlash kerak. Ular yashash huquqiga ega. Ammo taʼkidlab aytaman: odam transgender bo‘lib tug‘ilmaydi, balki ruhiyatida unga moyillik bo‘ladi.
Bu kasallikmi?
Aslida haqiqiy transseksuallar – «tabiatdagi xatolik», ular birovning tanasida tug‘ilgan. Bu insonlar tug‘ma jinsida yashay olmaydi. Agar jinsini almashtirish bo‘yicha operatsiya o‘tkazilmasa, ular hayotini suiqasd bilan yakunlaydi.
Men Tailandda maxsus amaliyot o‘taganman va aytmoqchimanki, ushbu hududda jinsni almashtirish bo‘yicha bunday operatsiya yashash uchun pul topish harakati, xolos. Ular shunchaki tirikchilik uchun gender mansubligini o‘zgartiradi. Haqiqiy transgenderlarga tibbiyot yordam beradi va jinsini o‘zgartirish bo‘yicha operatsiya o‘tkaziladi.
Amaliyotimda bir voqea bo‘lgan: erkak uylandi, farzandli bo‘ldi, biroz vaqt o‘tib esa o‘zini ayol kishi sifatida his qila boshladi. Bir kuni uyg‘onib, ayolligini anglab yetganini so‘zlab berdi. Ushbu holatda mozaikaviylik bor. U yosh ulg‘ayganda gen darajasida namoyon bo‘ladi. Erkakning Y xromosomasi mozaikali tuzilishga ega. Maʼlum vaqtda erkaklik jinsiy gormonlari ishlab chiqarilishi to‘xtashi mumkin. Spermatozoidlar yo‘qoladi, qabul qilish o‘zgaradi, demak, inson kasal bo‘ladi. Tibbiy adabiyotlarda bu kabi hodisalar tasvirlab berilgan.
Bu kasallik emas
Barchasi muhit, yaʼni tarbiya, ko‘rsatma va sharoitga bog‘liq. Bola to‘g‘ri jinsiy tarbiya olsa, tug‘ilgan jinsiga moslashadi. Ammo nimadir noto‘g‘ri ketsa, bola o‘zi uchun qulay bo‘lganini sinab ko‘ra boshlaydi. O‘g‘il bolalar, masalan, qizlar ko‘ylagini kiyadi va bu ularga yoqadi.
Bolaning jinsi besh yoshgacha shakllanadi. Agar shu yoshga qadar ota-ona unga jinsiy belgilarga xos to‘g‘ri ko‘rsatma bermagan bo‘lsa, u tanlovda ikkilana boshlaydi. Vaqt zoye ketib, bola erkin jinsiy tanlov ko‘rsatmasi bilan ulg‘aysa, jinsini o‘zgartirish bo‘yicha operatsiya fursati keladi. Bizda ham bu kabi operatsiyalar o‘tkaziladi. Ushbu amaliyot uchun keskin dalillar kerak. Inson haqiqiy transseksualmi yoki adashyaptimi, shuni aniqlaydigan test o’tkaziladi. Sud-tibbiy va ruhiy ekspertiza chuqur psixologik seksual tahlil olib boradi va jarayonda jinsini o‘zgartirishga ahd qilgan baʼzi shaxslar tanlovda ikkilanayotganini aniqlaydi. Bu haqiqiy transseksualizm emas va bunday holda psixoterapiya jinsiy mansublikni saqlab qolishga yordam beradi.
Biz operatsiya qilishdan oldin yiliga 6–7 nafar bemorni shu kabi ekspertizaga yuboramiz. Erkaklar ko‘proq jinsini o‘zgartiradi. Ayollarning jinsini o‘zgartirish holati kamroq, qolaversa, asoratlari ham og‘irroq kechadi. Jarrohlik transformatsiyasi uzoq va murakkab kechadi. Boshlanishida ayolning reproduktiv aʼzolari olib tashlanadi va faqat bir yil o‘tib fallosni yaratishga kirishiladi.
Biz kimmiz?
Aslida homila shakllanayotganda barcha qiz bo‘ladi. Embrion rivojlanishining 8–9-haftasidagina jinsiy belgilar paydo bo‘la va shakllana boshlaydi. Y xromosoma X xromosomaga qaraganda kichik. Unda har qanday yoshda paydo bo‘ladigan ko‘plab kasalliklar yashirin. Bunga turli omillar taʼsir qiladi, deylik, homiladorlikdagi toksikoz, stresslar. Jahon tajribasidan ma’lum bo‘lishicha, erkaklar o‘z jinsini ko‘proq o‘zgartiradi.

Gender muammo
Bolaning jinsiy tarbiyasiga «demokratik maʼnaviyatsizlik» nazari bilan qaralmasligi lozim. Qizlar qo‘g‘irchoq o‘ynaydi va ko‘ylak kiyib yuradi. O‘g‘il bolalar esa mashina o‘ynab, shim kiyadi. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Ustuvor jinsiy tarbiya orqali biz tabiatdagi xatoliklarni kamaytiramiz.
Ota-onalar uchun murakkab savol paydo bo‘ladi: mening farzandim kim? Unga qanday munosabatda bo‘lish kerak? Psixolog, psixoterapevt, seksologlar yordamga keladi va to‘g‘ri yo‘nalish berishga hamda jinsga doir ziddiyatlarni parchalashga ko‘maklashadi. Har birimiz bola tarbiyasi uchun masʼulmiz. Bir-birimiz uchun ham javobgarmiz. Agar birimiz noto‘g‘ri narsani sezib qolsak, jim turmasligimiz kerak. Ko‘pincha ota-onalar o‘ta befarqlik yoki farzandiga kuchli mehri sabab bu kabi o‘zgarishlarni sezmay qoladi. Ularga dangal gapirish kerak, bolaning begonasi bo‘lmaydi.
Jinsiy buzuqlikka bormasdan
Ko‘pincha haqiqiy transgenderlar mutlaqo sog‘lom insonlarni moddiy rag‘bat evaziga o‘z jamiyatiga og‘dirib oladi. Shu tariqa safini kengaytirishga harakat qiladi. Bu sog‘lom insonlar evaziga jamiyatini o‘ziga xos tarzda ko‘paytirib olishdir.
Bag‘rikenglik
Shifokor sifatida bu insonlarga yordam berishga tayyorman, ammo inson sifatida bag‘rikenglik qilolmayman. Chunki buni injiqlik va buzuqlik deb bilaman. Har bir erkakning o‘zagi – armaturasi bo‘lishi, bu mustahkam asosni hech kim hech qachon qayira va o‘zgartira olmasligi lozim. Bu barcha erkaklar uchun eng zarur jihat. Jinsga nisbatan shubha tug‘ilsa, ushbu qoida qo‘l keladi. Erkak erkakligini saqlab qolishi kerak. Ayol kishiga kelsak, u o‘zgacha. Ayol – oila o‘chog‘i qo‘riqchisi, farzandlariga muhabbati cheksiz. Bunday vaziyatlarda qiz bola ulg‘aygach, cheksiz mehr-muhabbat va ayolligini sarflab, shafqatsizlikka yo‘l qo‘yishi mumkin.
Yopiq bir jinsli jamiyat – o‘g‘il va qizlarni ajratish – o‘z jinsiga nisbatan mehrni oshiradi. Tarix bizga bolalarni gender mansubligi bo‘yicha ajratmasdan birga tarbiyalash kerakligini ko‘rsatib berdi.
Erkaklarning qo‘rquvi
Erkakning eng katta qo‘rquvi – ayoldan.
Birinchi sinfdaligida o‘g‘il bolalar orasida eng ko‘rkami bo‘lmagani bois, qizlarga yoqmay qolishdan qo‘rqadi. O‘smirligida turnikka 25 marta tortila olmagani uchun qizlarning eʼtiborini torta olmaslikdan xavotirlanadi. Ulg‘aygach, umr yo‘ldoshini tanlaganda esa, yetarli darajada kuchli seksual bo‘la olmaslikdan tashvishga tushadi.
Erkak doim yetakchi bo‘lishga intiladi. Barcha jabhada. Ammo ayollar bilan munosabatlar, aniqrog‘i, oilaviy munosabatlarda emas. U oilasini kuchli deb biladi. Chunki uning sevimli ayoli bor. Bu ayol uning hayotidagi eng asosiy inson. O‘z ayoli uchun yon bosib yashash uyat emas. Bu – donolik.
Yoshim ulg‘ayganda men uchun eng katta qo‘rquv – ayolimni yo‘qotish. Usiz hayotimning maʼnosi yo‘qoladi.
Ko‘rishlar: 855
https://anatomica.uz/uz/articl...







