Qandli diabet bilan yashash: bemorlarning qiyinchiliklarni engish haqidagi hikoyalari
Maxsus loyiha
Yangilangan:
Qandli diabet – dunyodagi eng keng tarqalgan va tez ko‘payuvchi kasalliklardan biri. Unga har yili bir necha million odam chalinadi. Shifokorlarning aytishicha, diabet og‘riqli bo‘lmasa-da, ushbu dardning asorati tufayli o‘lim topish hech gap emas.

Nigina Sultonova, Endokrinologiya markazi bolalar endokrinologi, oliy toifali shifokor
Bo‘limimizga qandli diabetning birinchi bosqichidagi o‘n besh yoshli qizni keltirishdi. Tashxis 11 yil ilgari qo‘yilgan, bemor ko‘p bora statsionarda davolangan. Diabetdan tashqari qizga ruhiy-nutqiy rivojlanish kechikishi, diffuz bo‘qog‘i va sensonevral karlik, kardiomiopatiya tashxisi ham qo‘yilgan. Qiz 10 yildan beri «ikkilamchi autoimmun gemolitik anemiya» tashxisi bilan gematolog ro‘yxatida turadi. U ko‘p bora qon quyish muolajasini olgan.
Diabet og‘ir kechadi. Qizning qonidagi qand moddasi miqdori 27 mmol/l.gacha ko‘tarilgan, asoratlar rivojlana boshlagan. Bemorning ko‘rish qobiliyati yomonlashgan, oftalmolog diabetik retinopatiya tashxisini qo‘ygan. Shuncha kasallikning sababi sifatida men qizning yaqin qarindoshlar nikohidan tug‘ilganini ko‘rsatib o‘tdim. Xayolimdan bir nechta kasalliklar orqali namoyon bo‘ladigan irsiy va genetik patologiyalarni o‘tkazar ekanman, bir ilmiy anjumanda eshitgan maʼruzamni esladim. Uni samarqandlik shifokor o‘qigan edi. Bir oilada yaqin qarindoshlari bilan turmush qurgan aka-ukalardan og‘ir anemiyali, diabetning birinchi bosqichiga chalingan farzandlar tug‘ilgani haqida so‘zlab bergandi.
Men maʼruzachi bilan bog‘landim. U esa o‘sha bolalarda rojers sindromi aniqlanganini tasdiqladi. Bu juda kamyob genetik kasallik bo‘lib, og‘ir anemiya, diabet, karlik, baʼzida kardiomiopatiya orqali namoyon bo‘ladi. Xastalik oqibatida organizm hujayralariga B1 vitamini yoki tiamin yetib borishi jarayoni buziladi. Tiamin glyukoza yoki insulin sekretsiyasida qatnashadigan oshqozonosti bezi beta hujayralarining faoliyatini maqbullashtiradi.
Bemor qizga B1 vitaminini yozgan zahotim qand ko‘rsatkichi pasaya boshladi. Anemiya bilan bog‘liq vaziyat ham yaxshilandi. Afsuski, karlikka tiamin taʼsir etmadi. Endi bu qiz butun umr mutaxassislar kuzatuvida bo‘lishi va davolanib yurishi kerak.
Farzand salomatligi – qarindoshlar orasida nikoh tuzishdek eski odatga rioya qilish uchun to‘lanadigan badal. Bu baho, menimcha, haddan tashqari ko‘p.

Nargiza Shaxidi, De factum laboratories klinikasining bolalar endokrinologi
Shifokorning kundalik faoliyatida hamma ish bir maromda kechadi, ammo shunday hodisalar bo‘ladiki, ularga ilk bora va faqat bir marta to‘qnash kelasan.
To‘rt yil ilgari pediatr oldimga olti oylik chaqaloqni yubordi. U oilada uchinchi farzand – o‘g‘il bola bo‘lib, emizikli edi. Yoshiga mos rivojlanayotgan bir paytda shamollab, onasining so‘zlariga ko‘ra, «oxirigacha tuzalmagan edi». «U goh yomon uxlaydi, goh uzoq vaqt uyg‘onmaydi, baʼzida sust bo‘lib, keyin juda bezovtalanadi», deya ona kichkintoydagi belgilarni tasvirladi. Homiladorligi qanday kechgani, tor mutaxassislardan o‘tib turgan-turmagani haqida ayolni batafsil savolga tutdim. U homiladorlik vaqtiga qonida glyukoza miqdori biroz ko‘tarilganini aytdi. Shuningdek, qalqonsimon bez faoliyatida biroz o‘zgarishlar bo‘lgan, umuman olganda hammasi yaxshi kechgan.
Bir vaqtning o‘zida bolani ko‘rikdan o‘tkazardim: u biroz bezovta, terisi odatdagidan och va issiqroq edi. Shu vaqtda bolaning tahlil namunasi javobi kelib qoldi. Umumiy peshob tahlilidagi glyukoza miqdori +++ edi! Pediatrni chaqirtirdim, u bilan birga zudlik bilan qondagi glyukoza miqdorini tekshirishga qaror qildik. Ekspress tahlil javobi bizni hayratda qoldirdi: qondagi glyukoza miqdori 30.0 mmol/l edi! Bolaning qoniqarli ahvoli bunday katta ko‘rsatkichlarga mos kelmasdi. Ona-bolani Endokrinologiya ITIga olib ketishdi. U yerda ham shifokorlarni tahlil javobi ajablantirdi, chunki bunday ko‘rsatkichlarda kichkintoy koma holatida bo‘lishi kerak edi. Bolani shifoxonaga yotqizishga qaror qilindi. Bu haqda hamkasblarimga aytdim, muhokamalar boshlandi, bahs-munozaralar bo‘ldi. Chunki tug‘ma qandli diabet kamdan-kam uchraydi, tug‘ilgan 300–400 ming chaqaloqqa faqat bir nafar to‘g‘ri keladi. Keyingi kuni pediatr bilan birga mitti bemorimiz holidan xabar olishga bordik.
U jonlantirish bo‘limida insulin terapiyasini olib yotardi. Ammo shifokorlar yakuniy tashxisni hali qo‘ymagan ekan. O‘sha kunlarda mamlakatimizga xorijdan endokrinolog mutaxassislar kelgan edi. Klinika rahbariyati ularga kichkintoyni ko‘rsatishga qaror qildi. Konsilium yakunida neonatal qandli diabet tashxisi qo‘yildi. Ikki kun davomida bolaga insulin pompasi o‘rnatildi. Afsuski, javob berilganidan keyin bolaning oilasi vataniga qaytib ketdi. Ular boshqa davlat fuqarolari edi va Toshkent shahrida vaqtincha yashab turgandi. Keyinchalik hech qanday xabar bo‘lmadi, lekin uning keyingi taqdiri, o‘sib ulg‘ayayotgani shaxsan o‘zimga qiziq.
Neonatal qandli diabet – endokrin tizimining jiddiy patologiyasi, bola hayotining ilk 6 oyida tashxislanadi. 300 000 nafar chaqaloqning bir nafari ushbu kasallik bilan tug‘iladi
Ko‘rishlar: 291
https://anatomica.uz/uz/articl...







