Stereotiplarni buzgan va muvaffaqiyatga erishgan bolalar uyi bitiruvchisi
Maxsus loyiha
Yangilangan:
«Bolalar uyiga kelib, omadim chopdi», degan fikrni odamlardan eshitib o‘rganmaganmiz. Lekin bizni qahramonimiz aynan shunday fikrda. Ko‘p qiyinchilikka qaramay, u oyoqqa tura oldi va maʼlum bir muvaffaqiyatlarga erishdi. Ammo bu kabi voqealar hamon mustasno holat bo‘lib qolmoqda.
Qahramonimiz – bolalar uyining qoliplardan chiqib, katta hayotda muvaffaqiyat qozongan bitiruvchi.
Mixail Volinkin - bodibilding bo‘yicha mutlaq jahon chempioni, oilali, ikki farzandning otasi.
1994-yili Rossiyada tug‘ilganman. 2000-yili O‘zbekistonga ko‘chib keldik. Oradan to‘rt yil o‘tib, 10 yoshimda bolalar uyiga borib qoldim. U yerda 16 yoshimgacha yashadim. U yerga opam va ukalarim ham borib qolgan. Bu voqea Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida yuz bergandi.
Onam bizni ikki yilga bolalar uyida qoldirib, o‘zi pul ishlash uchun ketmoqchi va keyin kelib qaytarib olmoqchi edi. Dastlabki ikki yilda ota-onamizni ko‘rmadik. Onam qaytib kelganda esa ularning ikkisi ham ota-onalik huquqidan mahrum qilingan edi. Onam bizdan xabar olib turar, tug‘ilan kunlarimizda tort, sovg‘alar olib kelardi. Baʼzida bolalar uyidan javob so‘rab, u bilan bir necha kun yashab kelardim.
Albatta, bu – bola uchun ulkan qalb jarohati. Bolalar uyi – ota-ona mehri, g‘amxo‘rligi yetishmaydigan joy. Kimningdir bolaligi qum maydonchasida o‘tadi. Bolalar uyida esa qattiqqo‘llik hukmron – ertalab uyg‘onasan, to‘shagingni yig‘ishtirasan, safda turib nonushta qilishga ketasan. Xuddi shu safda hojatxonaga borasan, to‘rt devor ichida ota-onasiz yashaysan. Lekin vaqt o‘tib jamoaga qo‘shilasan, ko‘nikasan. O‘shanda bir haqiqatni anglab yetganman: yangi joyda ilk kundan o‘zingni qanday ko‘rsatsang, keyingi hayoting shunday davom etadi. O‘zimni himoya qilishga, omon qolishga, o‘rnimni himoya qilishga to‘g‘ri kelgan.
"Kimningdir bolaligi qum maydonchasida o‘tadi, bizda esa qattiqqo‘llik hukmron – ertalab uyg‘onasan, yig‘ishtirasan, safga turib nonushta qilishga ketasan, xuddi shu safda hojatxonaga borasan, to‘rt devor ichida ona va otasiz yashaysan".
Vaqt o‘tib moslashasan. Boshida sog‘inasan, qochib ketging keladi. Qochib ketgan bolalar ham bo‘ladi, ularni qaytarib olib kelib, jazolashadi, ammo dardkash do‘st topganingda ular seni qo‘llaydi. Chunki ular ham sen bilan bir xil vaziyatda bo‘ladi. Birgalikda yashash oson kechadi.
Bolalarning ko‘pligi va hammasi o‘z ishi bilan bandligi yordam beradi. Uyda bo‘lganimda deyarli do‘stim yo‘q edi, hech qayerga bormasdik, ko‘rmasdik.

Men umuman afsuslanmayman va hatto ota-onamdan minnatdorman ham. Shu tufayli bugungi darajaga yetdim, feʼl-atvorim toblandi. Ota-onam va yashash shiroitimizni bilib turib, hozir qanday ahvolda bo‘lishimizni tasavvur qilolmayman. Biz shunchalik nochor yashardikki, 7-8 yoshimda shahar kezib, alyuminiy, mis yig‘ardim. Uyga non, shakar olish, onamga yordam berish uchun ularni topshirardim. Otam doim ichar va onamni urardi. 3-4-sinfdaligimizda o‘g‘rilik qila boshlaganmiz. Bular nimaga olib kelishi mumkinligini hatto tasavvur qilolmayman.
Bolalar uyiga kelgach, txekvondo, kikboksing bilan shug‘ullana, musobaqalarda qatnasha boshladim. Bizni Tashkent Land, hayvonot bog‘i, yozda 2-3 smenaga oromgohga olib borishardi. U yerda hamma narsa bor edi – estafeta, futbol, basketbol, gandbol, hatto shashka va shaxmatgacha. Uch smenada barcha musobaqalarda ishtirok etardim. G‘alaba qozonardim. Onam kelganda ko‘rib, o‘g‘li bilan faxrlanishi uchun diplomlarimni yig‘ib yurardim.
"Onam kelganda ko‘rib, o‘g‘li bilan faxrlanishi uchun diplomlarimni yig‘ib yurardim".
Bolalar uyida katta bo‘lgan ko‘pchilik bolalar hayotda o‘z yo‘lini topa olmaydi. Ular tayyor joyga o‘rganib qoladi. Oiladagi qiyinchiliklarga uchramaydi. Mustaqil hayotga qadam qo‘yib, o‘zi uchun o‘zi masʼul bo‘lganda esa ko‘pi jinoyatchiga aylanadi. Masalan, sinfdoshlarim orasida hech kim o‘rnini topa olmadi: kimdir qamoqda o‘tiribdi, kimdir qurilishlarda ishlab yuribdi.
Bolalar uyini tugatganimda bu men uchun eng yaxshi yo‘l bo‘lganini anglab yetdim. Moliya-iqtisodiyot kollejiga o‘qishga kirdim, poytaxtga yaqin joydan yotoqxona berildi. Yashash, o‘qish, o‘z ustimda ishlash imkoniyatim bor edi. Bolalar uyida toblangan feʼl-atvorim tufayli g‘alabalarga erishdim.

Bugun o‘zim o‘sib ulg‘aygan bolalar uyiga borib turaman. Tanishlarimni aynan Bo‘kadagi bolalar uyiga jo‘natishga harakat qilaman. U yerda bolalarga Toshkentdagiga qaraganda og‘irroq. Chunki poytaxtdagi bolalar uylarida qalin gilamlar, har bir xonada sovitkichlar bor, deyarli har bir bolaning qo‘lida so‘nggi rusumdagi telefon. Ularga mazza, homiylari ko‘p. Bitirib chiqib, obro‘li kollejlarga o‘qishga kirishadi, ularga xonadon beriladi. Men o‘sgan bolalar uyida esa vaziyat mutlaqo boshqacha. Masalan, men, opam va ukamga haligacha na boshpana berildi va na ish. Bitiruvchi bolalarning boradigan joyi yo‘q.
"Men o‘sgan bolalar uyida esa vaziyat mutlaqo boshqacha. Masalan, men, opam va ukamga haligacha na boshpana berildi va na ish. Bitiruvchi bolalarning boradigan joyi yo‘q".
Ko‘pchilik bolalar uyiga kelib, qo‘y so‘yadi, osh tarqatadi. Bolalarga bu kerak emas. U yerda yashamaganlar nima yetishmasligini bilmaydi. Masalan, u yerda oddiy gigiyena vositalari ham tanqis. Men doim paypoq va ichkiyimga urg‘u beraman. Chunki ular tez eskiradi. Ko‘pchilik bu kabi muammolarni xayoliga ham keltirmaydi.
Baʼzi tarbiyachilar 20 yillab ishlab ham bolalarga kerakli eʼtibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsata olmaydi. Tarbiyachilar o‘g‘rilik qiladi, ularning ko‘pi shunchaki yeb-ichib, vaqt o‘tkazib ketish uchun keladi. Bolalar esa o‘zi yashab, o‘zi “tarbiyalanadi”. Dildan suhbat qiladigan tarbiyachining o‘zi yo‘q.
"Katta guruhda bo‘lganimda poytaxtdagi aviatsiya kollejiga borishni rosa xohlaganman, ammo tarbiyachim biz faqat viloyatdagi o‘quv muassasalariga kira olishimizni, lekin gaplashish mumkinligini aytgan va buning uchun mendan 200 000 so‘m so‘ragan".
Katta guruhda bo‘lganimda poytaxtdagi aviatsiya kollejiga borishni rosa xohlaganman, ammo tarbiyachim biz faqat viloyatdagi o‘quv muassasalariga kira olishimizni, lekin gaplashish mumkinligini aytgan va buning uchun mendan 200 000 so‘m so‘ragan. Opam pul topib bergan va men uni tarbiyachimga berganman. U har kuni guruhimizdan chiqayotganida masalamni hal qilish uchun Toshkentga ketayotganini aytardi. Men guruh yetakchisi bo‘lganim sababli «uchinchi tarbiyachi» bo‘lib, uning ishini bajarardim. Ammo natijada baribir kollejga kirolmadim. Tarbiyachimning boshqa tarbiyachimizdan qarzi bo‘lgan ekan. U menga yordam berishni umuman o‘ylamagan, faqat o‘z qarzini to‘lagan, xolos.
Ammo avval harbiy bo‘lgan boshqa tarbiyachimiz ham bor edi. U erta uyg‘onish, yugurish, sport bilan shug‘ullanishni o‘rgatdi. U bilan gaplashardim, maslahat so‘rardim. Chin dildan gaplasha oladigan yagona odamim edi.
Ota-onamni topish mening tashabbusim edi. Opam bilan ukalarim haligacha ular bilan muloqot qilishni va yordam berishni istamaydi. Mening o‘z nuqtayi nazarim bor. Ota-onam tufayli dunyoga kelganman. Onam meni emizib boqqan, qancha yashashimdan qatʼi nazar, bu qarzimni uzolmayman. Ammo haligacha na onamga, na otamga nisbatan qalbimda mehr bor. Ularni sog‘inmayman, gaplashish, quchoqlab suyishga xohishim yo‘q. Ular bo‘lgani uchun g‘amxo‘rlik qilaman, xolos.
Otamga o‘xshagan ota bo‘lmayman. Ichkilikbozlarni ham jinim suymaydi. Farzandlarimga qarab turib, qanday qilib yuragingning bir parchasidan kechib, bolalar uyiga berib yuborish mumkinligini tasavvur qilolmayman. Tish-tirnog‘im bilan kurashib bo‘lsa ham bolalarimni hech kimga berib qo‘ymayman.
Farzandlarning ko‘pligi juda yaxshi! Imkoniyatim bo‘lganda bolalar uyidan farzandlikka bola asrab olardim. Gen muhim, ammo turmush tarziga ham ko‘p narsa bog‘liq, deb o‘ylayman. Farzandlar bizning nusxamiz va xuddi o‘zimiz kabi ulg‘ayadi. Ular buyurganimizni qilmaydi, ko‘rganini bajaradi. Farzanding ichishini istamasang o‘zing ichma, kitob o‘qishini xohlasang, kitobxon bo‘l, bor haqiqat shu.
Ko‘rishlar: 566
https://anatomica.uz/uz/articl...








