Muhim suhbat: Taskin xospisi

Maxsus loyiha

Yangilangan:

O‘zbekistondagi Taskin birinchi xospisi 2022-yili avgust oyida Zangiota-2 ixtisoslashtirilgan shifoxonasi negizida ochildi. Bu yerda butun mamlakatdan kelgan noxush tashxis qo‘yilgan bolalar bepul palliativ yordam olishi mumkin. Xospisda onkologik va gematologik kasallikka chalingan bolalarga yordam ko‘rsatiladi. Unda bolalar ikki haftadan bir necha oygacha yotadi. xospisda ishlayotgan tibbiy va ijtimoiy xodimlar, psixologlarning vazifasi vasiyligidagi bolalar hayotini yengillashtirish, ota-onalarni farzandini yo‘qotishga ruhan tayyorlashdan iborat. Xospis bu nima? U tibbiy-ijtimoiy muassasa bo‘lib, xospisda bedavo, ko‘proq onkologik bemorlarga kompleks yordam beriladi. Kasallikning oxirgi bosqichida palliativ ko‘mak ko‘rsatiladi. Shuningdek, xastalik paytida va yaqin insonini yo‘qotgandan keyin oilalar qo‘llab-quvvatlanadi. Palliativ yordam – og‘ir kasallik davrida munosib yashash, chidab bo‘lmas jismoniy og‘riqni yengillatish, ruhiy va maʼnaviy ko‘mak olish huquqi.

 

Loyiha muallifi: Barno Ikramova

Intervyu: Ziyodaxon Fozilova, Barno Ikramova

 

 

Taskin bolalar xospisi – bu yaxlit tizim. Bugungi kunda unga 21 nafar tibbiy xodim, shuningdek, Ezgu amal fondining ijtimoiy xodimlari, psixologlari, ko‘ngillilari va xayrixohlari jalb etilgan. Xospis 2022-yili avgustda davlatimiz ko‘magida ochildi. Bu ezgu ishga maxsus trenerlar bilan ta’minlagan Isroil davlatining yurtimizdagi elchixonasi, 76 ta tashkilot, 660 million so‘m xayriya qilgan insonlar hissasi qo‘shildi. Yana 500 million so‘mlik 14 ta pul o‘tkazmasi ham kelib qo‘shildi. Hammasi yagona maqsad – mitti insonlarni munosib kuzatib qo‘yish uchun amalga oshirildi. Taskin xospisi – hozircha yigirma nafar bolaga uchun xizmat qiluvchi harakat. Aslida u mamlakatdagi shunday ko‘makka muhtoj minglab insonlarni qamrab olishi kerak. 

 

Xospis davlat tasarrufida bo‘lib, SSV va homiylik ko‘magi tufayli faoliyat yurituvchi Ezgu amal jamoat fondi mablag‘i hisobidan kun ko‘radi. Shunga qaramay, xospis hali ham moliyaviy ko‘makka muhtoj. O‘zbekistondagi palliativ yordam – hamon tibbiyotning muammoli jihatlaridan biri.

 

Eslatma: xospisda bir nafar bolani ota-onasi bilan birga parvarish qilish uchun Ezgu amal fondi bir oyda 7 million so‘m sarflaydi. Tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish va xospisning asosini saqlab qolish uchun esa fond har oylik ish haqiga ustama to‘laydi.

 

 


 

Ilyos Karimov, ijtimoiy xodim va X., xospis bemori, 16 yoshda:

I.: Kasalligingiz haqida nima bilasiz?

X.: 6 ta kimyoterapiya kursini oldim. Yana qo‘shimcha uchta muolajam bor. Undan keyin Hindistonga ketamiz.

I.: Kasallik qanday qiyinchiliklar keltiryapti?

X.: Hozircha qiyinchilik yo‘q. Har xil og‘riq, ko‘ngil aynishi, gemoglabin tushib ketishi bor. Boshqalarga qarab turib, shikoyat qilmayman, hammasidan minnatdorman. Oilada uch nafar farzandmiz. Doim davolanishimga qaramay, ular bilan aloqadaman. 

I.: Odamlar siz haqingizda nima deyishlarini istardingiz?

X.: Kasalligim haqida gapirishmasa bas...

I.: Nima uchun? 

X.: Menga noqulay.

I.: Nimani orzu qilasiz?

X.: Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lishni.

I.: Bo‘sh vaqtingizda nima bilan shug‘ullanasiz?

X.: Telefon o‘ynayman.

I.: Bundan tashqari-chi?

X.: Rasm chizish, qo‘shiq aytishni yaxshi ko‘raman.

I.: Kimning qo‘shiqlarini eshitasiz?

X.: Yulduz Usmonova va Munisa Rizayevaning qo‘shiqlarini eshitaman.

I.: Ular bilan uchrashishni istarmidingiz?

X.: Albatta.

 

 

 

 

Munira Xodjaxanova, Ezgu amal fondi boshqaruvi raisi

"Xospisda ota-onasi qo‘li kalta bolalarga yordam ko‘rsatamiz"


Ezgu amal fondi to‘rt yildan buyon onkologik va gematologik bemor bolalarga yordam berib keladi. Xospis tashkil etish g‘oyasi fond xodimlarida ancha oldin paydo bo‘lgandi. Murojaatimizdan keyin Prezidentimizning ko‘magi tufayli Zangiota klinikasining G bloki ajratib berildi. Biz korpusni xuddi xonadonga o‘xshatib qulay jihozlashga harakat qildik. Xospisda texnika va uy jihozlari, bolalarbop o‘yinchoqlar, kitoblar bor. Ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlarimizdan keyin bu yordam ko‘rsatildi.

 

Xospisning vazifasi shunday: bola o‘zini uyidagidek his qilishi kerak. Bizda kutubxona, o‘yingoh, art-maydoncha mavjud. Taqvimimizdagi har bir sanani nishonlaymiz. Bunda do‘stlarimiz, hamkorlarimiz mehr va saxovat bilan yordam beradi.

 

Xospisga joylashish uchun ota-onalarda yo‘llanma va ko‘rsatma bo‘lishi kerak. Ular telefon raqamimizga qo‘ng‘iroq qilishi yoki Ezgu amal saytida murojaat qoldirishi zarur. Bu xizmat mutlaqo bepul. Bizga yordam berishni istovchilar ko‘p murojaat qiladi. Ko‘ngillilar uchun alohida kanalimiz bor. Har bir inson sifatli hayot kechirishga haqli. Xospis so‘nggi kunlarini yashayotganlarga ham bu huquqni taqdim etadi. 

 

 

Bemorlar uchun: +998 99 784 24 42, +998 96 888 87 47

Ko‘ngillilar uchun: +998 99 321 89 25

www.ezguamal.org


 

 

 

Elmira Bositxanova, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor
"Xospisda vaqt bo‘yicha cheklov yo‘q. Agar bola xohlasa, xospisdan uyiga ketishi va istagan payti yana qaytib kelishi mumkin"

 

Reanimatolog shifokor bo‘lib ishlaganimda dunyodan ko‘z yumayotgan bemorning holatini yengillatish va og‘rig‘ini kamaytirish uchun barcha imkoniyatimizni safarbar etgan og‘ir holatlar ko‘p bo‘lgan. 4 yil ilgari davlatimiz rahbari tomonidan onkologik bemorlarni tashxislash va reabilitatsiya qilish to‘g‘risidagi me’yoriy-huquqiy hujjat imzolanganidan keyin palliativ xizmat va xospislarni tashkil etish bo‘yicha maxsus buyruq chiqdi. Mamlakatimizdagi onkologiya shifoxonalarida kattalar uchun xospislar ochilmoqda.

 

Barcha bolalar, birinchi navbatda, yashash joyi bo‘yicha bolalar onkologi kuzatuvida bo‘ladi. Agar bolani xospisda davolash zarurligi haqida xulosaga kelinsa, u yerga joylashtiriladi. Xospisda vaqt bo‘yicha cheklov yo‘q. Agar bola istasa, xospisdan uyiga ketishi yoki uyidan xospisga qaytib borishi va kerakli vaqtda dori iste’mol qilishi mumkin. Shu tariqa davolanishni davom ettiraveradi. Endi oldimizda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona vodiysi, Surxondaryo va Qashqadaryoda bolalar xospislarini ochish vazifasi turibdi.

 

Isroillik palliativ mutaxassislar tomonidan tayyorlangan barcha xospis xodimlari endi o‘zlari ham trener. Chunki dunyodan ko‘z yumish arafasidagi bolani parvarishlash jarayonida tibbiyot xodimi maxsus tayyorgarlikka ega bo‘lishi zarur. Bugun markaziy poliklinikalarning bolalar bo‘limlari orqali tayyorlangan hududlardagi bolalar bo‘limlari shifokorlari va hamshiralari uyda palliativ yordam ko‘rsatishmoqda. Ammo biz hali xalqaro tajribani o‘rganishimiz kerak. 

 

 

 

Aziza Umarova, jamoatchilik faoli, Ezgu amal fondining vasiylik kengashi aʼzosi

"Xospislar ixcham, biroq kattalar va bolalar sig‘adigan bo‘lishi kerak"

 

Agar masalaga tizimli yondashilsa, xospis – anʼanaviy ijtimoiy xizmat. Ushbu ijtimoiy xizmatni biz Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘magida xususiy sektor bilan birga tashkil eta oldik. Xospislar ixcham, biroq kattalar va bolalar sig‘adigan bo‘lishi kerak. Balki sheriklikdagi tajribamiz o‘zbekistonlik bolalarga juda zarur bo‘lgan yangi ijtimoiy xizmatlar borasidagi tashabbuslar uchun namuna bo‘lar.

 

 

 

 

Zeavit Ben Xillel, Isroil davlatining O‘zbekistondagi elchisi

"Yolg‘iz qolib, qo‘rqib o‘tirishni afzal ko‘ramizmi yoki bizni qo‘llaydigan jamoanimi?"

 

Isroilda palliativ tibbiyot rivojlangan, u bemorlarga hayotining oxirgi bosqichini mazmunli o‘tkazishga yordam beradi. O‘zbekistonda palliativ ko‘makni joriy etish va xospis ochish fikri tug‘ilganda, Ezgu amal fondi bilan aloqa o‘rnatib bo‘lgan edik. Biz darrov Isroilning MASHAV agentligini jalb etdik. Buning ustiga elchixonamizda shtatdagi ekspertimiz Dafna Furman, shuningdek, Isroildan kelgan ijtimoiy xodim va palliativ yordam bo‘yicha mutaxassis ham ishlar edi. Shuning uchun biz xospis xodimlari uchun trening o‘tkazdik va palliativ yordam bo‘yicha Isroilning innovatsion tafakkur tarzini bu yerga olib o‘ta oldik.

 

Hech qaysi dori davo bo‘la olmaydigan joy haqida o‘ylash oson emas. O‘z-o‘zimizga savol beramiz: ushbu bosqichda qayerda bo‘lishni istaymiz – yolg‘iz qolib, qo‘rqib o‘tirishni afzal ko‘ramizmi yoki psixologik, hissiy va hatto tibbiy ko‘mak beruvchi, bizni quchoq olib kutib oluvchi maskannimi? Xospis – eng ko‘p taskin beruvchi joy, siz hayotning ushbu bosqichida aynan shu joyda bo‘lishni xohlaysiz. Chunki bu yerda siz uchun zarur ko‘mak bo‘ladi.

 

Biz o‘qitish jarayonini muntazam davom ettirish uchun Isroildan palliativ yordam bo‘yicha ekspertlarni ko‘proq jalb etmoqchimiz. O‘zganing dardidan ko‘z yummaslik va ushbu qadriyatni tushunib yetish uchun nafaqat jamiyatni, balki O‘zbekistondagi shifokorlarni ham xabardor qilish zarur. Chunki har qanday inson ko‘mak va qo‘llovga loyiq, ayniqsa, hayotning yoqimsiz damlarida.

 

 

 

Dafna Furman, Isroil elchixonasining O‘zbekistondagi strategik maslahatchisi, palliativ yordam bo‘yicha mutaxassis

"O‘zbekistonda shuncha g‘amxo‘rlikni taklif qila oladigan boshqa tibbiyot muassasasi bo‘lmasa kerak: «Bu hayotingizdagi eng yomon kunlar, ammo siz yolg‘iz bo‘lmaysiz»" 

 

Toshkentga kelishimdan oldin to‘rt yil bolalar xospisida ishlaganman. Shuning uchun xospis ochish g‘oyasini darrov qo‘llab-quvvatladim. Muammolar va byurokratik to‘siqlar ham uchradi. Chunki og‘riqni yengillatish uchun opiyli vosita qo‘llanadigan yangi tibbiyot muassasasi tashkil etilayotgan edi. O‘qitish va kelgusidagi ish jarayoni uchun jamoa yig‘ish kerak edi. Xospisni ochishimizdan oldin odamlar palliativ yordamdan xabardor emasligini sezdik.

 

Xospisga qadam qo‘ygan oilalar mehr va g‘amxo‘rlikni his etadi. O‘zbekistonda shunchalik g‘amxo‘rlik ko‘rsata oladigan boshqa tibbiyot muassasasi bo‘lmasa kerak. «Bu hayotingizdagi eng yomon kunlar, ammo siz yolg‘iz qolmaysiz». Bu yangilik. 

 

Xospis maxsus joy bo‘lib, u haqida ko‘pchilik eshitishni istamasligini bilaman. Bilasizmi-yo‘qmi, bir kun kelib hammamiz  o‘lamiz. Ammo u, albatta, og‘riqli va dardli bo‘lishi shart emas. Isroildagi xospisda bolalar menga shunday derdi: «Dafna, men o‘lyapman va bu haqda ota-onam bilan gaplashib olishim kerak. Ammo hech kim bu mavzuda men bilan gaplashmayapti. Chunki nima bo‘lishini bilishni istayman». Agar oilalar va bolalarga shunday savollarga javob olish imkoniyati berilganida edi, ko‘plab savollar tug‘ilishiga ishonchim komil. Bemor «qachon o‘laman?» deb so‘raganida boshqa narsani nazarda tutgan bo‘lishi mumkin. Ijtimoiy xodimning vazifasi savolning asl maʼnosini tushunib yetishdir.

 

O‘zbekistonda odamlar hissiyotini jilovlashga o‘rgangan. Shu bois ahvol boshqacha bo‘lsa ham doim «Hammasi yaxshi», deb javob beradi. Bu yerda menga yordam kerak, tushkun ahvoldaman, azob chekyapman deb hech kim tan olmaydi. Vaholanki, qanday yordamni taklif qilish uchun savollarga aniq javobni bilish lozim.

 

 

 

Yahyo Ziyayev, onkolog, Respublika onkologiya va radiologiya markazining xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i

"Asosiy kasallikni davolash bilan birga bedavo bemorlarga g‘amxo‘rlik qilish ham muhim"

 

2015-yildan boshlab mustaqil shaxs sifatida xospis g‘oyasini ilgari sura boshladim. 2016-yili Belarusda xospis bilan tanishdim va o‘sha vaqtdagi sharoitlarini ko‘rib lol qolgandim. Shu bilan birga uni O‘zbekistonda ham tashkil etish mumkinligiga ishonardim. Dastlab JSST kurslarida o‘qidim va o‘qiyotgan odamlar sonini ko‘rib hayron qoldim. Polsha va AQSh xospislarida bo‘lib, aynan o‘sha joylarda bolalarga alohida g‘amxo‘rlik qilinishini ko‘rdim. Olgan ko‘nikmalarimni xospisimizda qo‘llayapman.

 

Xospisning vazifasi bemorni oilasidan olib qo‘yish emas, balki insonning so‘nggi kunlarini yengillatish. 

 

 

Rustam Norboyev, onkolog, xospis mudiri 

"O‘layotgan bolaning ota-onasiga yolg‘on umid bermaslik kerak"

 

Xospisda quyidagi simptomlar bilan shug‘ullanamiz: og‘riqsizlantirish, qayt qilishga qarshi, yaʼni antiemetik terapiya, psixologik ko‘mak, ota-onalarni o‘qitish. Biz Isroil elchixonasi tomonidan tashkil etilgan ikki haftalik tayyorlovdan o‘tdik. Taklif etilgan mutaxassislardan og‘riqsizlantirishning zamonaviy va insoniy qoidalariga to‘g‘ri keladigan usullari haqida bilib oldik. Mening psixologiyani, ularning esa tibbiyotni o‘rganishiga to‘g‘ri keldi. Bizga nimani gapirish mumkin va mumkin emasligini tushuntirishdi. Chunki bu shifoxona emas, xospis.      

O‘layotgan bolaning ota-onasiga yolg‘on umid bermaslik kerak. Ota-onalar bolasini qiynab, noilojlikdan turli tabiblarga qatnay boshlaydi. Ota-onalarning hammasi ham to‘xtashga tayyor bo‘lmaydi. Navbatdagi kimyoterapiyani so‘rashadi. Ammo keyingi davolanish bemorning ahvolini yengillatmasligi mumkin. Tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra, biz bemorning qolgan 6 oylik yoki bir yillikkacha hayotini prognoz qila olamiz. Kimyoterapiya esa uni yanada qisqartirishi mumkin. Ota-onada oxirigacha kurashdik, degan his bo‘lishi muhim. Vaholanki, bemorning ahvoli aksincha bo‘lishi mumkin. Shuning uchun yolg‘on umid bag‘ishlamaslik muhim.

 

Xospisning afzalligi nafaqat ota-onalar mehnatini yengil qiladigan kecha-yu kunduzlik parvarish, psixologik ko‘mak, massaj va boshqa muolajalar, balki uy sharoitida byurokratiya tufayli cheklangan miqdorda olinadigan opioidlarda hamdir.

 

Biz o‘qituvchilarni ham ko‘ngilli sifatida jalb etishga harakat qilamiz. Chunki bemorlarimiz orasida maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar bor. Davolanish sababli ular maktabga borolmaydi. Qizig‘i, ular o‘tkazib yuborilgan vazifani o‘zlashtirishni, muolajadan bo‘sh vaqtida shug‘ullanishni istashadi.

 

 

Kamol Iskandarov, bolalar gematoonkologi, Bolalar milliy tibbiyot markazining onkogematologiya bo‘limi boshlig‘i

"Ota-onalar xospisga o‘lish va so‘nggi kunlarni o‘tkazish uchun kelishmasligini anglab yetishi kerak. Xospisda saraton bilan kechuvchi og‘riqli hayotni yengish uchun barcha vosita bor"

 

Respublikada onkologik kasalliklar erta aniqlanmaydi. Bemorlar asosan juda kech murojaat qilishadi. Taskin xospisimizda palliativ parvarish uchun barcha sharoit bor, ammo O‘zbekiston aholisi uchun 20 ta joy kam. Eng yomoni uydirma, bu yerda o‘lishadi, degan tushunchadir. Ota-onalar xospisda bemor so‘nggi kunlarini o‘tkazmasligini tushunib yetishi kerak. Agar ota-ona sezsa, onkologga yo‘llanma uchun borishi kerak. Kechikish bemorda salbiy aks etishi mumkin. U zudlik bilan og‘riqsilantiruvchi vosita va parvarishga ega bo‘lolmaydi. Tinimsiz og‘riq va zaharlanish tufayli insonda psixologik zo‘riqish kuchayadi. Xospisda saraton bilan kechuvchi og‘riqli hayotni yengish uchun zarur barcha vosita bor.

 

 

 

Zilola Ochilova, psixolog va xospisning ijtimoiy xodimi

"Inson umrining so‘nggi daqiqasigacha bebaho"

 

Ota-onalar kasallik boshlanishidan boshlab butun jarayonni farzandlari bilan birga boshdan kechiradi. Ular bolasida katta salbiy o‘zgarishlar sodir bo‘layotganini his etadi va buni qiyinchilik bilan qabul qiladi. Kasalligini tushunib yetgandan keyin bolalarda og‘riqdan qo‘rqish hissi paydo bo‘ladi. Biz ularga og‘riqni shkala bo‘yicha baholashni o‘rgatamiz. Bola kasallik vaqtida nimani his qilganini bilish uchun shifokorlar bilan maslahatlashamiz, oila aʼzolariga hissiyotini namoyon etish, stressli vaziyatlardan chiqishga yordam beramiz. Bu yerda bola va oilasining maksimal darajada qulay, dard va og‘riqsiz yashashi uchun barcha sharoit yaratilgan

 

 

 

Inoyat Ziyoyeva, xospisning bolalar bo‘limi shifokori

"Ro‘paramda ko‘pincha hayotdan charchagan ota-onalar turadi"

 

Mening xospisdagi vazifam bemorlar va ularning ota-onasini kutib olishdir. Kichik bemorlarga xona tanlash imkonini beramiz. Barcha 20 ta xona jihozlangan va qabul uchun tayyor turadi. Keyin bolani protokol bo‘yicha parvarishlaymiz. Og‘riq shkalasi bilan ishlaymiz, shu tariqa uni to‘g‘ri baholaymiz. Bardoshdan kelib chiqib og‘riqsizlantirish sxemasini tanlaymiz.

 

Xospisda Ezgu amal fondi ko‘ngillilari va yordamchilari ko‘p. Bola mashg‘ulotini tanlash huquqiga ega: nima o‘ynaydi, ochiq maydonchadami yoki bino ichida, qayerda rasm chizadi, kitob o‘qiydi, televizor ko‘radi, musiqa eshitadi va muloqot qiladi – hammasi o‘z ixtiyorida. Bizning vazifamiz – qulaylik yaratish. Shifokorlar bilan doimiy muloqotdamiz, maslahat zarur bo‘lib qolsa, masofadan bog‘lanamiz.

 

Bir kuni mitti bemor o‘yinchoq avtomatini o‘ynash uchun ko‘chaga chiqmoqchi bo‘ldi. Ota-onasi bilan maslahatlashib, uni Next savdo-ko‘ngilochar majmuasiga olib borib keldik.

 

Yaqinda bir bemorda kislorod yetishmovchiligi sodir bo‘ldi. Tez yordam chaqirsak, bemor xospisni tark etishni qatʼiyan rad etdi. Shunday qilib har bir xonada turadigan kislorod yostiqchasidan foydalanishimizga to‘g‘ri keldi. Vaziyatdan o‘z vositalarimiz yordamida chiqdik. 

 

Xospisimizga turli hududlardan kelishadi. Xospis tomonidan chiptalar xarid qilinadi, transport qatnovi tashkil etiladi. Bolasi o‘layotgan ota-ona yuzaga kelgan vaziyatda tushkunlikka tushadi. Ro‘paramda ko‘pincha hayotdan charchagan ota-onalar turadi. Har tomonlama qo‘llab-quvvatlanganidan keyin ularning taqdir zarbasiga munosib javob berishi osonroq bo‘ladi. 

 

 

 

Kamilla To‘raxo‘jayeva,  Taskin xospisi psixologi

"Ko‘pchilik ota-onalar kasallik haqidagi maʼlumotni  boladan yashirishga harakat qiladi, ammo bolalar go‘l emas"

 

Bemor og‘ir tashxis bilan xospisga kelganidan keyin biz ota-onalarni kelajakdagi yo‘qotish uchun tayyorlay boshlaymiz. Ko‘pincha ota-onalarni aybdorlik hissi qiynaydi. Shunday vaziyatda bizning vazifamiz uni butunlay bartaraf etishdir. Chunki ota-onalar keyinchalik to‘laqonli hayotga qaytishi kerak. Terapiya ham individual tanlanadi.

 

Biz xospis xodimlari, yaʼni shifokorlar, hamshiralar, sanitarlar va ijtimoiy xodimlarnikining psixologik holatini ham doim nazorat qilamiz. Xodimlar istalgan vaqtda yordam so‘rab psixologlarga murojaat qilishi mumkin. Boshqa tomondan bu yerda butkul tushkunlikka tushib qolmaysiz. Chunki atrofda minnatdor ota-onalar va bolalar, ko‘ngillilar bor. Yaxshi muhitda ishlaymiz.

 

Bularning barchasi moliyaviy ko‘mak tufayli amalga oshadi. Agar xodimlar o‘zining maishiy ehtiyoji haqida o‘ylasa, bemorning muammosi ikkinchi darajaga tushib qoladi. Homiylar va davlat ko‘magi tufayli palliativ yordamda yuqori darajaga chiqishimiz mumkin.

 

Ko‘pchilik ota-onalar kasallik haqidagi maʼlumotni  boladan yashirishga harakat qiladi, ammo bolalar go‘l emas, ular his etadi. Shunda xodimlardan, ko‘ngillilardan nima bo‘layotganini so‘raydi. Ammo biz ota-ona roziligisiz haqiqatni aytmaymiz. Bolaning hech nima bilmaslikdan qiynalayotganini ko‘rsak, ota-onalarni tayyorlaymiz va ularga bu maʼlumotni yetkazishga harakat qilamiz.

 

 

Doniyor Mirazimov, Zangiota tumani 2-ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori (xospis ushbu muassasa hududida joylashgan)

 

Xospis biz uchun yangi faoliyat yo‘nalishi bo‘lishiga qaramay, barcha kerakli infratuzilma bor. Jumladan, laboratoriya, rentgenologiya tekshiruvi, yetarli maydon, jihozlangan binolar mavjud. Respublikadagi birinchi xospisni tashkil qilish uchun davlat shifoxonasining bir qismidan foydalanish imkoniyati paydo bo‘ldi. Quvonarlisi, bu yerda og‘ir xasta bolajonlarga yordam ko‘rsatiladi.

 

 

 

Ilyos Karimov, ijtimoiy xodim

"Hududlardagi yuzlab bolalar terminal ahvolda chidab bo‘lmas og‘riq bilan saratonning so‘nggi bosqichlarini, hayotining oxirgi kunlarini yolg‘izlikda o‘tkazadi".

 

Xospis haqida juda kam odam biladi. Hududlardagi yuzlab bolalar terminal ahvolda chidab bo‘lmas og‘riq bilan saratonning so‘nggi bosqichlarini, hayotining oxirgi kunlarini yolg‘izlikda o‘tkazadi. Ota-onalar esa farzand dog‘ida yurib, to‘laqonli hayotga qaytolmaydi. Hech kim bizga o‘xshab ularga o‘lim va hayot haqida so‘zlab bermagan. 

 

Hatto besh yashar bolada ham o‘lim haqida tasavvur paydo bo‘ladi, ular so‘nggi kunlaridagi ahvoli va hayoti qayerga qarab ketayotganini tushunadi. Chunki ota-onalarning ko‘z yoshi ko‘payadi va yaqin qarindoshlar kelishi ham tezlashadi. Buning ustiga umumiy ahvol, jismoniy holat yomonlashadi. Qo‘l-oyoq ishlamay, nafas olishdagi muammolar va og‘riqsizlantiruvchi vositalar ko‘payib borayotganini albatta sezishadi. Ular bunday o‘limni yaxshi tushunadi.

 

Ota-onalar xurofot tufayli farzandlariga o‘lim haqida gapirishimizni istashmaydi. Farzandlarda ham ota-onasi kasallik haqida bilmasligi kerak, degan tushuncha paydo bo‘ladi. Ikki tomon ham shu tariqa bir-birini himoya qilishga, g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga harakat qiladi. Ammo bola o‘z holati haqida savol berganda, ota-onalar esa hukmni ovoza qilishimga ruxsat berishmaganda bolaga yolg‘on gapirishga qiynalaman. Bu ishimdagi eng qiyin yumush.

 


 

«Siz qanday bo‘lsangiz, shundayligingizcha muhimsiz, umringizning so‘nggi damigacha», - 

Sisli Sonders, zamonaviy namunadagi birinchi xospis asoschisi, palliativ madaniyat va qoidalarga eng katta hissa qo‘shgan inson.

 


 

 

 

Mamlakatimizdagi bemorlar uchun nechta xospis talab etiladi? Zero, respublikada yuz mingdan ortiq onkologik bemor ro‘yxatga olingan. 100 ming bemordan 10 ming nafari – 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar. Ularning taxminan 30 foizi og‘ir ahvolda. Bular 3 ming nafar bolalardir. Oddiy arifmetik hisob-kitob qilsak, Taskinga o‘xshash yana 150 tacha xospis va bir vaqtning o‘zida yordam ko‘rsatish uchun 3 ming nafar palliativ terapiya mutaxassisi kerak.

 

 

Taskin birinchi bolalar xospisi bemorlari xotirasiga bag‘ishlanadi

 

Dilnur Qodirova, 8 yosh

rabdomiosarkoma

24.10.2014–09.09.2022


 

Ismoil G‘anijonov, 13 yosh

yuing sarkoma

19.03.2009– 28.09.2022

 

Amirbek Mahmudov, 9 yosh

nefroblastoma

15.08.2013 –01.10.2022

 

Dilnavoz Oralova, 13 yosh

mezenximal xondrosarkoma

16.01.2009–04.10.2022

 

Shohrux Sharipov, 2 yosh 4 oylik

gepatoblastoma

16.05.2020–07.10.2022

 

Soliha Hamidjonova, 6 yosh

bosh miya o‘smasi

07.11.2016–16.10.2022

 

Sarvarbek Shavkatov, 4 yosh

rabdomiosarkoma

08.12.2018–16.11.2022

 

Malika Kamolova, 10 yosh

bosh miya o‘smasi

11.07.2012–25.11.2022

 

Doniyorboy Rixsiboyev, 14 yosh

chakka-ensa sohasi o‘smasi

04.06.2008–08.12.2022

 

Fotima Mirzamahmudova, 14 yosh

yuing sarkoma

13.11.2008–18.12.2022

 

Ko‘rishlar: 65

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz