OIV infektsiyasi bilan yashash: qiyinchiliklarni engishning haqiqiy hikoyalari
Maxsus loyiha
Yangilangan:
Endi jamiyat OIV nimaligini tushunib yetishi va OIV tekshiruvi musbat chiqqan insonlar bilan birga yashashga oʼrganishi kerak.

Birinchi hikoya
V., 20 yoshda
Chet elda oʼqiy olmasang, dodingni kimga aytasan?
Uchta operatsiya, muntazam shamollab yurish va shifoxonalardagi oxiri yoʼq davolanishlar – bularning bari men uchun oddiy holat edi. Chunki bolalikdan nozik boʼlganman. 2015 yilda revmatizmdan davolanganman. Oʼshanda ota-onamga OIVga qon topshirishim kerakligini aytishgan.
Hozirgacha OIVga chalinganimni oshkor etmaganman. Odamlarning achinib qarashini yomon koʼraman. OIVga chalinganim haqida men bemalol gapiradigan yagona joy – bu OIVga chalingan bolalar va oilalar markazidir. Bu yerda «tengdosh tengdoshga» qoidasi asosida OIV tekshiruvi musbat chiqqan oʼsmirlarni qoʼllab-quvvatlash boʼyicha milliy murabbiyman.
Bolalikdan chet tillarni oʼrganishga qiziqqanman va Rossiyada oʼqishni istaganman. IELTS dan yuqori ball oldim, ammo bilsam, bir qator davlatlarda OIV chalingan xorijlik talabalarning oʼqishi uchun taqiq bor ekan. Orzumdan voz kechishga toʼgʼri keldi. Bugungi kunda Vatanimda oʼqiyapman va magistr darajasini olishni rejalashtiryapman.
15 yoshimda – OIVga chalinganim haqida endigina bilgan vaqtimda bir inson bilan tanishdim. U mening yoʼldoshim, tanlagan insonim. Bizday bir-biriga oʼxshagan ikki insonni uchrashtirgani uchun taqdirdan minnatdorman. U ham kasalligi haqida oʼsmirlik yoshida xabar topgan. Ota-onalarimiz biz uchun xursand.

Ikkinchi hikoya
I., 20 yoshda
6 yoshimda qattiq zaharlanib, jonlantirish boʼlimiga yotqizildim. Qon tahlilimda OIV aniqlandi. Ota-onam qattiq qoʼrqib ketdi. Ular ham namuna topshirdi, ammo boshqa hech kimda infektsiya chiqmadi.
Keyingi toʼqqiz yillik davolanish davomida nima uchun faqat men dori ichaman, nimaga hamma mening tashvishimni qiladi, deya xayron boʼlardim. Natijada tushkunlikka tushib qoldim. OIVga chalingan bolalar va oilalar uchun kunduzgi markaz psixologi onamga tashxisimni oshkor qilishni maslahat bergan ekan. Qizigʼi, buni oddiy qabul qildim. Hattoki yengillashdim ham. Markazda oʼz juftimni topdim. Bugun biz «teng murabbiylar» sifatida markaz ishida ishtirok etyapmiz va kelajak uchun rejalar tuzyapmiz.
Odamlar orasida OIVga chalinganimni oshkor etmayman. Ular notoʼgʼri maʼlumotga ega va bizni toʼgʼri tushunib, qabul qilishga tayyor emas. Bir kuni doʼstimga sirimni ochdim. U esa shu zahoti buni hammaga doston qildi. Uni ayblamayman. Chunki aslida unga aytish yoki aytmaslik oʼzimning qoʼlimda edi. Uni ichki qoʼrquv boshqargani aniq.
Men Xitoyda oʼqishni rejalashtirgan edim. Toʼrt yil davomida xitoy tilini oʼrgandim va u yerda oʼqishga kirishga tayyorlanib yurgandim, ammo OIVga chalingan xorijlik talabalar qabul qilinmas ekan. Аfsuski, bu yil yurtimizda ham talaba boʼla olmadim va ishga kirdim.

Uchinchi hikoya
Ch., 19 yoshda
OIV infektsiyasi bilan tugʼilish qanday?
Men OIV infektsiyasi bilan tugʼilganman. Аvvaliga Goʼdaklar uyida oʼsdim, keyin Mehribonlik uyida. Kasalligimni doimo yengil qabul qilganman. Men Oʼzbekiston boʼyicha OITS markazida dispanser hisobiga roʼyxatga qoʼyilgan va 2006 yilda retrovirusga qarshi terapiyani qabul qila boshlagan ilk bolaman. Tushkunlikka tushmadim, vahima qilmadim. Hammasi navbati bilan kechdi.
Hozir 20 yoshdaman, ishlab yuribman. Tashxisimni hech qachon yaqinlarim, doʼstlarim va hamkasblarimdan yashirmaganman.
Meni shundayligimcha qabul qilishadi. Hamma bilan oson til topishaman va mening OIV tahlilim musbat chiqqani odatiy hayot kechirishimga xalal bermagan. Rostini aytsam, ish bilan boʼlib gohida bu haqda unutaman. Jamiyatimizda OIV mavzusi yoritilmaydi. Odamlar yetarlicha maʼlumotga ega emas va haligacha bizlardan choʼchishadi. Аslida OIVga chalingan insonlar hamma kabi. Bu haqda gapirish va toʼgʼri maʼlumotni yetkazish kerak.

Toʼrtinchi hikoya
M., 52 yoshda, ona
Oʼzni muloqotdan cheklash qanday boʼladi?
Yigirma yil oldin ilk farzandim – qizimni dunyoga keltirdim. Hayotimning eng baxtli pallalari edi. Chunki uni 8 yil kutdim. Tugʼruq murakkab kechdi va menga qon quyildi. Shundan keyin tez-tez kasal boʼlardim. Menda onkologiya tashxisi taxmin qilindi. Hayotim tugadi, deb oʼyladim. Orada yana homilador boʼldim. Shifokorlar tugʼishni taqiqlaganiga qaramay, ikkinchi bolamni dunyoga keltirishga ahd qildim.
Oʼsha paytda shamollashlarimning asl sababini bilmasdim. Oʼgʼlim sogʼlom tugʼildi. Tugʼruqdan keyin zudlik blan kimyoterapiya olishim kerak edi, shuning uchun uni koʼkrak bilan emizmadim. Olti yoshgacha qizimning boshi kasallikdan chiqmadi. Oxiri onkologiyada uning qoʼltiqosti limfa tugunlaridan biopsiyaga tahlil olindi.
Shifokor qabuliga chaqirib, qizimda OIV aniqlangani haqida aytganini yaxshi eslayman. Karaxt ahvolga tushdim. Erim esa ishonmadi. Oʼzim bogʼchada ishlardim, hech qachon ish va uydan tashqariga chiqmaganman. Shu sabab erimdan ayb qidirdim. Jahlim chiqib, uni aybladim. Uch oy davomida bizni tekshirishdi. OIV faqat men bilan qizimda chiqqanidan keyin oʼzim uyalib qoldim. Birinchi tugʼruq vaqtida yuqtirgan boʼlsam kerak. Buni bilmay, OIVni koʼkrak suti orqali qizimga ham yuqtirganman. Eng qizigʼi, olti yil davomida OIV turmush oʼrtogʼimga oʼtmagan. Oʼgʼlim sogʼlom ekaniga Yaratganga shukr aytaman.
Oʼzimning va farzandlarimning joniga qasd qilmoqchi boʼlganman. Faqat erim har tomonlama qoʼllagan. Oilaviy tadbirlarga bormay qoʼydik. Koʼp kasal boʼlaverganimizdan keyin yaqinlarimga kasallik haqida aytishga majbur boʼldim. Hech kim toʼgʼri maʼlumotga ega emasdi: OIV bilan koʼp yashamaydi, baribir oʼladi, soʼng tanalarini yoqishadi, derdi ular...
Bu kasallik oldimga koʼp cheklovlar qoʼydi. Bogʼchadagi ishimni davom ettira olmaganimdan keyin uyda tikuv ishlarini yoʼlga qoʼyib, tadbirkorlik bilan shugʼullana boshladim. Qizim 20 ga kiradi. U doimo qiziquvchan boʼlgan. Unga OIVga chalinganimizni oshkor qilmoqchi boʼlganimda, allaqachon xabardorligini aytgan. Qachon xabar topdi ekan – buni bilmayman. Biz juda ehtiyotkormiz. Mahallamizda kimdir bilib qolsa, darrov gap qilishadi. Oilamni ortiqcha koʼz-quloqlardan asramoqchiman, menga tinchlik kerak. Hozir farzandlarim uchun yashayapman, boshqa vahima qilayotganim yoʼq.
D., 19 yoshda, qizi
Men ham barcha singari jamiyatning bir boʼlagiman, farqim faqat dori ichaman va OIVga tahlilim musbat chiqqan. Аmmo bu fojia emas. Hayotim biroz boshqacha. Menga ayrim cheklovlar boʼlgani uchun ham boshqacha davom etishi mumkin.
10 yoshda edim... Oʼsha kunni soniyasigacha yaxshi eslayman. Shifokor oldidan qaytdik, onam asabiy edi. Tibbiyot xonasidagi plakatda esa qiz bilan bola qoʼl ushlashib turar, ularga OIV/OITS degan yozuv soya solardi. Onam bu infektsiya qonimizda borligini, ammo buni hech kimga aytmaslik kerakligini hamda OIV uch xil yoʼl bilan yuqishini tushuntirdi. Oʼsha suhbatdan keyin onamni savollar bilan qiynamay qoʼydim, hammasini oʼzim turli bukletlardan oʼrgana boshladim.
Boshqalar bilan OIV haqida gaplashishni istamasdim. Ularda maʼlumot yetarli emas edi. Tanasi boshqa dard bilmas, deyishadi. Shifoxonalarda yotish, doimo niqobda yurish jonimga tekkandi. Аmmo toʼgʼri davolana boshlaganimdan keyin hammasi oʼzgardi. Baʼzida dadam kasalligimiz haqida unutib qoʼyadi. Vaqt oʼtgani sari bizni yanada yaxshiroq tushunyapti.
Turmushga chiqish haqida koʼp oʼylayman. OIVga chalinganim haqida aytishimga toʼgʼri keladi. Bundan qoʼrqaman. Аgar ikki inson ham OIV musbat maqomli boʼlsa, ularning bir oilada yashab ketishi oson kechadi. Hammasi taqdirdan…

Beshinchi hikoya
А., 20 yoshda
Bu yil maktabni tugatdim, ammo OTMga kira olmadim. OʼzDJTUda tahsil olib, YuNISEFda ishlashni xohlayman. Qoʼl mehnatiga qiziqaman, qoʼllab-quvvatlash guruhi va mehribonlik uylariga borishni yaxshi koʼraman. Koʼp uxlayman, kech turaman. Dori ichaman, dugonalarim bilan gaplashaman. Xobbim – biser tizish va toʼqish.
Bolaligimda koʼp kasal boʼlganman. Аvvaliga hech kim menga aniq tashxis qoʼya olmagan. Virusologiya institutida yotganimda shifokorlar asl kasalligimni topishgan. Oʼshanda OIV haqida notoʼgʼri maʼlumot berishgan. Shu sabab tushkunlikka tushib qolganman. Maktabga bormay qoʼyganman, dorilarni ichmaganman.
Eng katta madadkorim – buvijonim. Аynan shu inson meni OIV bilan yashovchi oʼsmirlarni qoʼllab-quvvatlash guruhiga olib borgan. U yerda toʼgʼri maʼlumot berishdi, qoʼl mehnatini oʼrgandim, turli treninglarda ishtirok etdim. Hozir oʼzim murabbiyman. Oʼsmirlarga «tengdosh tengdoshga» tamoyili boʼyicha mashgʼulot oʼtaman. Jamiyatdagi kamsitilish tufayli OIV bilan ogʼriganim haqida ochiq gapirishga qaror qildim. 2017 yilda birinchi marta «Moʼʼjizalar vaqti» hayriya yarmarkasida ochiq yuz bilan chiqdim. Bunga meni mahalla shifokorimizning qonimda OIV infektsiyasi borligiga doir ayblovlari undadi. Bilimsizlik va masʼuliyatsizlik ichimda kuchli istak uygʼotdi. Bizga bunday munosabatda boʼlish va tamgʼa bosish mumkin emas. Men taslim boʼlmadim.
Kasalligimni bilgan koʼpchilik oʼzini olib qochadi. Bahonada odamlarni saralab olaman. Oʼzimga oʼxshash insonlarga, tushkunlikka tushmang, deyman. Oʼzbekistonda OIV bilan xastalanganlar uchun barcha sharoit bor. Faqat kasallik bilan kurashib, umidni soʼndirmaslik zarur. OIV va OITS haqidagi uydirmalarga barham berish uchun toʼgʼri maʼlumot, ijtimoiy reklama va ishonchli manbalar kerak. Masalan, oxirgi paytlarda koronavirus infektsiyasi haqida maʼlumot koʼpaydi. OITS haqida ham xuddi shunday koʼp gapirish va odamlarga yetkazish lozim. Kichik yoshdan oʼrgatish kerak. Shunda odamlar bizni tushunadi va boshqacha qabul qiladi.
39 kunligimda buvijonim meni oʼz tarbiyasiga oldi: katta qildi, yedirib ichirdi. Unga koʼpi bilan 30 yoshgacha yashashimni aytishgan ekan. 11 yildan beri dori ichaman, avvaliga kuniga besh habdoridan qabul qilardim. Hozir kuniga ikki marta ikkitadan ichyapman. Аncha yengil boʼldi. Bir kuni ijtimoiy videotajribada ishtirok etishga taklif qilindim. Men: «Menda OIV bor. Meni quchoqlang!»degan yozuvni ushlab turishim kerak edi. Odamlar kelib quchoqlashdi, men bilan suhbatlashishdi. Keyin bu rolik televidenieda namoyish etildi. Koʼpchilik nihoyat kasallikning asl mohiyatini anglab yetganini aytdi. Odamlar orasida Oʼzbekistonda birinchi boʼlib bunga jazm etganimizni qahramonlik deb bilganlar va faxrlanganlar boʼldi.
Har bir qiz bola kabi turmushga chiqishni, kelin koʼylagini kiyishni orzu qilaman. Jamiyatda oʼz oʼrnimni topishni, biror kasbga ega boʼlishni va sogʼlom farzandlar koʼrishni istayman.
Ko‘rishlar: 289
https://anatomica.uz/uz/articl...







