Go’daklar uyi haqida 8 ta muhim savol
Maxsus loyiha
Yangilangan:
Bolalar Go‘daklar uyiga qanday tushib qoladi, qanday sharoitlarda parvarishlanadi? Bu bolalarga kim yordam beradi, bola asrab olish ishlari qay tariqa yo‘lga qo‘yilgan? Bunga Go‘daklar uyi direktori Ozoda Islamova bilan suhbatda oydinlik kiritdik.

Ozoda Islamova, Go‘daklar uyi bosh shifokori, pediatr, tibbiyot fanlari nomzodi. 2015-yildan buyon Go‘daklar uyini boshqarib keladi.
1. Go‘daklar uyining asosiy vazifalari nimalardan iborat?
Go‘daklar uyi yetim bolalar, shuningdek, ota-ona qaramog‘idan mahrum va ruhiy-jismoniy rivojlanishida buzilish kuzatilgan bolalarga tibbiy-ijtimoiy, psixologik-pedagogik yordam hamda taʼlim-tarbiya berish uchun tashkil etilgan.
2. Sizlarga qanday bolalar kelib qoladi?
Asosan ota-onasi voz kechgan bolalar – ular farzandini o‘zi olib keladi yoki onalar tug‘ruqxonadayoq bolasidan voz kechadi. Bundan tashqari, tashlandiq bolalar ham kelib qoladi. Ular ko‘chadan topib olingan yoki boshqa odamlarnikiga tashlab ketilgan bo‘ladi. Topib olgan odamlar ichki ishlar xodimlarini chaqiradi va bolani bizga olib kelishadi. Yolg‘iz ona farzandini boqishga pul topolmaydigan yoki boshqa murakkab hayotiy vaziyatga tushib qoladigan holatlar uchraydi. Bunday ayol farzandidan voz kechadi yoki vaqtincha davlat qaramog‘iga beradi. Notinch, masalan, ota-onalarning ichkilikbozligi tufayli farzandlar qarov va g‘amxo‘rlikdan mahrum oilalardan ham bolalar keltiriladi. Yuqorida sanab o‘tilgan barcha vaziyatlarda har bir tumanda joylashgan vasiylik va homiylik organlari asosiy o‘rin tutadi.
Muassasamizda uch yoshgacha bo‘lgan sog‘lom o‘g‘il-qizlar va ruhiy-jismoniy rivojlanishida nuqsoni bor to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalar tarbiyalanadi.
3. Bir yilda muassasaga olib kelinadigan bolalarning o‘rtacha ko‘rsatkichi qanday?
60 nafarga yaqin. Bugun muassasamizda 66 nafar bola bor.

4. Bolalar Go‘daklar uyida qancha vaqt yashaydi?
Bolalarning baʼzisi asrab olingunga qadar shu yerda yashaydi. Bu jarayon taxminan bir yarim oy davom etadi. Sog‘lom bolalardan ota-onalar kamdan-kam holatda voz kechadi va ularni tez asrab olishadi. Ammo rivojlanishida turli tug‘ma nuqsonlarga ega nogiron bolalar ko‘p. BSF tashxisi qo‘yilgan, Daun sindromiga chalingan, turli ruhiy nuqsonga ega, anoftalmiya (ko‘z soqqasining yo‘qligi) kasalligi bilan og‘rigan bolalar asrab olinmaydi. Ular haqida davlat qayg‘uradi. Muassasamizga kam taʼminlangan oilalarning bolalari vaqtincha joylashtiriladi. Ular ota-onasi olib ketgunga qadar muassasamizda tarbiyalanadi. Bu bolalar uch yoshga kirganda bolalar uylariga ko‘chiriladi. Agar bola nogiron bo‘lsa, to‘rt yoshidan boshlab mehribonlik uylariga o‘tkazamiz.
5. Sog‘lom bolalarni asrab oluvchilar ko‘pmi va bu jarayon qanday kechadi?
Sog‘lom bolani asrab olishni istaydiganlar ko‘p. Navbat yetib kelganda vasiylik organlari bo‘lg‘usi ota-onalarni chaqiradi. Biz ularga asrab olish mumkin bo‘lgan bolani ko‘rsatamiz. Uning taqdiri haqida aytib beramiz. Agar haqiqiy ota-onasi bo‘lsa, ular haqida ham to‘liq maʼlumot beramiz. Bolani asrab olishga kelgan ota-onalar qaror qilgan zahoti bola ularning ko‘z o‘ngida Bolalar maslahat-tashxis markazida ko‘rikdan o‘tkaziladi. So‘ng hujjatlar sudga beriladi va asrab olish yoki vasiylikka olish jarayoni boshlanadi. Agar bola tashlab ketilgan, yaʼni undan ota-onasi voz kechmagan yoki ota-onasi nomaʼlum bo‘lsa, u holda bu bola Go‘daklar uyida bir yilga yaqin yashaydi. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksiga ko‘ra, ota-ona o‘z bolasini bir yil davomida qaytarib olish huquqiga ega. Agar shu vaqt davomida haqiqiy ota-onasi topilmasa, tutingan ota-onaga bolani berish jarayoni kechadi.
6. Davlat muassasasini tark etgan bolalar taqdiri nima bo‘ladi?
Bu xususda, yaʼni ota-onalar qanday qarayotgani, bolani nechog‘li himoya qilayotgani, qo‘llab-quvvatlayotgani borasida vasiylik organlari qayg‘uradi.

7. Bolalar uylariga doir vazifa va masalalarni kim hal qiladi hamda yordam beradi?
Bunday masalalar mamlakatimiz hukumati va Sog‘liqni saqlash vazirligi doirasida hal etiladi. Go‘daklar uyi to‘liq davlat taʼminotida. Homiylarimiz ham bor – bu shaxslar bolalarni pampers, kiyim-kechak, o‘yinchoq, kir yuvish vositalari bilan taʼminlaydi. Shuning uchun bolalar uyida tarbiyalanayotgan bolalar hech narsaga muhtoj bo‘lmaydi.
8. Bolalar sog‘lig‘i uchun kim masʼul?
Go‘daklar uyining shifokorlari masʼul. Shahar bolalar maslahat-tashxis markazi va Markaziy ko‘p tarmoqli poliklinika mutaxassislari yilda ikki marta bolalarni ko‘rikdan o‘tkazadi. Dispanserizatsiya tashkil etiladi va barcha bolaning sog‘lig‘i kuzatib boriladi. Agar kimgadir operatsiya, davolanish talab qilinsa, bolalarimiz uchun navbatsiz, hammasi davlat hisobidan bepul amalga oshiriladi.
9. Go‘daklar uyidagi tashkiliy jarayon bugun qanday ahvolda?
Davlat tomonidan taʼminot yaxshilanganidan keyin ahvol ijobiy tomonga o‘zgardi. Bolalar hech narsaga muhtoj emas. Yaxshi sharoitlarda yashayapti, dori-darmon va oziq-ovqat bilan to‘liq taʼminlangan. Shuni taʼkidlash kerakki, bolalar uyida tarbiyalanayotgan bolalar soni kamaydi. Chunki ota-onalarning farzandlaridan voz kechishi va tashlab ketishi holatlari kamaydi.
Ko‘rishlar: 299
https://anatomica.uz/uz/articl...







