Farzand asrab olgan ota-onalar va ularni bolalari haqida 4 ta hikoya
Maxsus loyiha
Yangilangan:
Farzandlikka asrab olingan bolalar – ongli tanlovmi yoki zamonaviy trend? Yangiliklarda u yoki bu mashhur odamning bolalarni asrab olgani haqida o‘qigan ko‘pchilik o‘zbekistonliklar mana shu savolni beradi. Maqola qahramonlarining fikricha, bola asrab olish ularning hayotidagi eng murakkab va jiddiy qarorlardan biri bo‘lgan. Biz uch nafar ayol bilan suhbatda bo‘ldik, ikkita hikoya xuddi Gollivud ertaklariday baxtli yakun topgan, uchinchisi esa achchiq haqiqat va eng ko‘p uchraydigan xavotirlarga to‘la. To‘rtinchi hikoya SOS mahallada onasini topgan qizaloq haqida.

Birinchi hikoya
Tutingan ona: Uch yoshli bolani asrab olganmiz, hozir 10 yoshda
Uzoq vaqt farzand ko‘rmadik. To‘yimizdan besh yil o‘tib, bola asrab olish haqida o‘ylay boshladik. Hujjatlarni to‘plab, navbatda turdik. Bir kuni O‘smirlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish organidan (bugungi vasiylik va homiylik kengashi) menga qo‘ng‘iroq qilib, muammoli oiladan olib qo‘yilgan o‘g‘il bola borligini aytishdi. «2–3 kun sizlarnikida yashab tursin, kerakli hujjatlarni yig‘ib olay», deyishdi. O‘sha paytda turmushimizga 14 yil bo‘lgandi.
ozi bo‘ldim. Bolani ko‘rib karaxt holatga tushdim. U mittigina, juda abgor edi. Qattiq yo‘talar, ahvoliga qarab bo‘lmasdi. To‘shagini ho‘llab qo‘yar, bundan hatto uyg‘onmasdi. Ikkinchi kuni bolani birovga berishni istamasligimni tushundim. Keyin yana bir oy uni davoladim, parvarishlab, haqqiga duo qildim. Birinchi kuni cho‘miltirayotganimda u mendan: «Siz onammisiz? Qayerda edingiz? Nega olib ketmadingiz?» deb so‘radi. Biznikiga kelgunga qadar bolakay naq bir oy bolalarni taqsimlaydigan qabulxonada yashagan. U yerga esa bola buvisi, xolasi va uning noqonuniy eri yashagan oiladan olib kelingan.
Erim qandaydir «ichkilikboz ona»ning bolasi kerak emas, kimdan tuqqani ham noma’lum, deya qat’iy qarshi chiqdi. Ammo men qanday qilib bo‘lmasin, ular orasida iliq munosabat o‘rnatishga harakat qildim. Nihoyat, erimni ham bolani olib qolishga ko‘ndirdim. Bugun ularning munosabati a’lo, turmush o‘rtog‘im oilamiz to‘kisligidan xursand. Bola oilamizda yashay boshlaganidan bir yil o‘tib, hujjatlarni rasmiylashtirdik. Faqat familiyasini o‘zgartirdik, ismi va tug‘ilgan sanasini esa qoldirdik.
O‘g‘lim juda yaxshi bola, mehribon, mehmondo‘st, ukasi yoki singlisi bo‘lishini istaydi. Uch yoshidan sportga qatnaydi, raqs bilan shug‘ullanadi, qizig‘i, tashqi ko‘rinishi, gapirish ohangi, ovqatlanishi, uxlashi, barcha xatti-harakati bilan erimga o‘xshaydi. Tutingan ota-onalik bo‘yicha dastlabki tayyorgarlikdan o‘tmaganmiz. Gen qanday bo‘lishidan qat’i nazar, insonga atrofdagi muhit ta’sir ko‘rsatadi. Agar kimdir bola asrab olmoqchi bo‘lsa, oilasi to‘g‘ri kelsa, vaqtni cho‘zmaslikni tavsiya qilaman. Mana, meni o‘g‘lim qutqarib qoldi.

Ikkinchi hikoya
Qizi Masha 5 oyligida farzandlikka olingan
Ikki farzandimiz bor edi, ammo erim uchinchi bolamiz ham bo‘lishini xohladi. Yoshim va sog‘lig‘im tufayli unga yana farzand tug‘ib berishga tayyor emasdim. Shu bois bolalar uyidan bola asrab olishni taklif qildim. O‘shanda buning uchun sharoitimiz yo‘q edi. Shuning uchun shunchaki dilimizga tugib qo‘ydik. Keyin esa ajoyib voqealar yuz berdi: rejalashtirganimizdan bir yil o‘tib, oilaviy sharoitimiz yaxshilanib ketdi. Uy sotib oldik, erimning ishlari yurishdi. Biz bola izlay boshladik. Atigi uch kunda qizaloq topildi. Onasi og‘ir ahvolda ekan, boladan voz kechdi va mamlakatdan chiqib ketdi.
Katta farzandlarim o‘shanda 10 va 17 yoshda edi. Ular bolani oson qabul qildi va qarorimizdan rozi bo‘ldi. Masha besh yoshidan tutingan qizimiz ekanini bilardi. Biz tug‘ilgan kunini ikki marta nishonlardik: bittasi biologik, ikkinchisi oilamizga kelgan kun. Kichikligida «16 yoshga kirganida hammasini oshkor qilaman», degandim. 2021-yil 6-dekabr kuni shu fursat keldi. Unga biznikiga qanday kelib qolganini aytdim. Birinchi tug‘ilganlik guvohnomasi nusxasini ko‘rsatdim va tuqqan onasi bilan uchrashish taklifini bildirdim. U rad etdi. Mabodo o‘z onasi yoki aka-uka, opa-singlisi bilan muloqot qilishni xohlasa, qarshilik ko‘rsatmayman.
Farzandlikka olishni rasmiylashtirayotganimizda qizimizning ismini o‘zgartirdik. Chunki vasiylik organlari farzandlikka olish jarayoni va bolaning haqiqiy ma’lumotini sir saqlashimiz kerakligini aytdi. Biz o‘shandayoq ushbu sirlarni xushlamaganmiz. Chunki keyinchalik bolaga bu sir boshqacha qilib yetkazilsa, u noto‘g‘ri tushunishi va jiddiy psixologik jarohat olishi mumkin. Sir – bu doim yolg‘on degani. Ayrim «mehribon»larning noqulay damlarda nimadir deb qo‘yishi tajribamda kuzatilgan. Ikki marta shunday vaziyatga tushganmiz. Masha 5-6 yoshligida tanishlarimizning qizi unga «Dadang ariqda o‘lib qolgan, onang ichkilikboz bo‘lgan, seni esa Janna xola asrab olgan», deb qo‘ygan. Bu barchamiz uchun kuchli stress bo‘lgan.
Men unga doim shunday qizni sovg‘a qilgani uchun onasidan minnatdor ekanimni aytib kelardim. Yaratganning bizga berilgan marhamatisan, deganimda har qanday xafaligi arib ketardi. Bugun esa hammasini xotirjam qabul qiladi. Bolaga haqiqatni aytsangiz, birinchidan, butun umr shu sirni saqlab yurish javobgarligini yelkangizdan soqit qilasiz. Ikkinchidan esa, haqiqat bolaga immunitet bag‘ishlaydi. Agar u oilada mehr-muhabbatni sezsa, tashqarida eshitadigan gap-so‘zlarni yenga oladi.
Qizimiz mehribon va istarali, bunday farzandni yaxshi ko‘rmay bo‘ladimi?! Biz uni uyda Masha deb chaqirsak, do‘stlari va tanishlari Mashulya deb erkalatadi. Bolaligidan vazmin, hatto kasal bo‘lsa ham yig‘lamagan. Bugun ham urishmaymiz, o‘rtamizda ziddiyat yo‘q. Menga biror narsa yoqmasa, shunchaki tanbeh beraman. Bola asrab olish masalasini muhokama qilganimizda onam bilan qaynonam bizni unchalik qo‘llab-quvvatlamagan. Qizni ko‘rgach, ikkisining ham darrov mehri tushib qolgan. Onam hatto «Mashulyasiz uyimga kelma!» degan
Masha 9 yoshga kirganida yana bir bola asrab oldik, ammo hayot bizga boshqa «sovg‘a» tayyorlagan ekan: turmush o‘rtog‘im alsgeymer kasalligiga chalindi. Shunday qilib men erim, farzandlarim hamda qari qaynonam bilan yolg‘iz qoldim. Bu bola muammoli oiladan edi. Shu sabab oilamizda yashab qololmadi. Doim ziddiyatga borar, umuman quloq solmasdi. Boshqa bolalar nisbatan xotirjam va ular bilan kelishsa bo‘lar, Pavelni esa tez-tez jazolashga to‘g‘ri kelardi. Keyin o‘zimni ayblardim va ichimda mudom jang ketardi. Vaqt o‘tib u o‘zini yanada yomon tuta boshladi. Erimda esa kasalligi tufayli aynan Pavelga nisbatan g‘azablanish tuyg‘usi kuchayib ketdi.
To‘rt yildan keyin uni eplay olmasligimni tushunib yetdim va tuqqan onasinikidan ko‘ra bolalar uyida yaxshiroq yashaydi, degan qarorga keldim. Bu haqda dugonam xabar topganidan keyin ataylab Xabarovskdan uchib keldi. Bir yilda hujjatlarni to‘g‘rilab, vasiylikni rasmiylashtirdi va bolani olib ketdi. Bugun bola Xabarovskda, lekin dugonam bilan ham yashay olmadi. Dugonam «Bolaning begonasi bo‘lmaydi» nomli uyushma rahbari bo‘lgani uchun Pavel mehribonlik uylaridagi bolalar bilan yaqin muloqotda bo‘lgan. Unga bu maskanda hammasi yaxshi ekanini, pul bilan ta’minlashlari, ko‘p narsaga ruxsat berishlarini aytib, havasini keltirishgan, natijada u bolalar uyiga ketib qolgan. Agar erim kasal bo‘lib qolmaganida balki bolani tarbiyalash qo‘limizdan kelarmidi, ammo o‘shanda yolg‘iz o‘zimda kuch qolmadi. Pavelni berib yuborganim uchun endi butun umr o‘zimni ayblab yashasam kerak. Men aslida bola asrab olish tarafdoriman, ammo farzandlarimdan biri bunga jazm etsa, 4 yoshgacha bo‘lgan bolani olinglar, deyman. Bolalar uyi shunchalik ruhiyatni buzadiki, bunday bolaning qalbini davolash, bu dunyoga ishonchini oshirish va to‘plangan salbiy ko‘nikmasidan voz kechishi uchun yillab ishlashga to‘g‘ri keladi. Bolalar uyi yoki muammoli oiladan farzand asrab olishdan oldin o‘zini tutish, ularni tushuna olish, «tikani bor» bolaga mehr qo‘yishni o‘rganish kerak. Buni psixologlar tushuntirib beradi, oila esa kamida ikki yil moslashuv davridan o‘tadi.
Oilasiga bola qabul qilayotgan insonlarni Yaratgan hech qachon yolg‘iz qoldirmasligini bilaman. Bir insonning taqdirini o‘zgartirish katta ish. Odamlar uysiz hayvonlarga yordam berayotgan bir paytda nahotki bola uchun qalbni ochish qiyin bo‘lsa?! Agar inson bolalar uyidan farzand asrab olishga qaror qilsa, demak, bu dunyoda hali ezgulik butkul yo‘qolmagan. U yaxshi tomonga o‘zgarishi mumkin.

Uchinchi hikoya
Tutingan ona: "Olti yoshli bolaga g‘amxo‘rlik qilish borasidagi omadsiz tajriba"
Erim bilan kech turmush qurdik: men 39, turmush o‘rtog‘im 45 yoshda edi, lekin farzand ko‘rish umidini yo‘qotmagandik. Shifokorlar sog‘lig‘imiz joyida ekanini aytar, shunga qaramay, bola asrab olish uchun hujjat yig‘a boshladik. Bir kuni menga bolalar uyidan qo‘ng‘iroq qilib, yaqindagina tutingan oilasidan qaytarib yuborilgan olti yoshli bola bilan tanishishni taklif qilishdi. Yaxshilab surishtira boshlaganimizda tutingan oilasi uning o‘g‘riliklari haqida shikoyat qilganini eshitib qoldik, ammo baribir tanishib ko‘rishga ahd qildik.
Bolani bir ko‘rishda yoqtirib qolish kerak, degan uydirmani yo‘qqa chiqarmoqchiman. Bolakay yoqimtoygina edi. Albatta, uni hech kim ko‘kka ko‘targan emas. Bola o‘z nomi bilan bola, ammo hamma muammo kuzgi ta’tildan keyin boshlandi. Uni uchinchi marta uyga olib ketganimizda «olib ber» talabi qo‘yildi. Sababsiz xarxasha ko‘tarishi mumkin edi. U baqirib, qo‘liga tushgan buyumni otar va yomon gaplarni gapirardi. Ko‘p yil maktabda ishlaganim uchun bolaning ataylab aytgan yaramas gaplarini shunchaki sho‘xlikdan yaxshi ajrata olaman.
Rostini aytsam, vaqt o‘tgan sari uning oldiga borishni istamasdim, ammo biz bolaga umid bergandik va vaziyatni boricha qabul qilishga kelishgandik. Natijada muloqotimiz ko‘zyosh, chinqiriq, araz va xafalik bilan yakunlanardi. Psixologlarga bordik, avvaliga maktabdagiga, keyin hamkasbimning oldiga, xususiy mutaxassisga, moslashuv markaziga. Birinchi bo‘lib erim chiday olmadi. Uyda qolishni istamay, bola uxlaganda ketib, yana uxlaganda qaytib kelardi. Bu bola ataylab bizni asabiylashtirardi. Erimni naq yurak xurujigacha olib borardi. Shunda ham uni qaytarib yuborish haqida o‘ylamaganmiz.
Bugun yolg‘iz o‘zim qoldim, erim bir yil avval olamdan o‘tdi. Bolalarim ham yo‘q. Bunday stressni boshdan o‘tkazmaganimizda balki ko‘proq yasharmidi. Bolalar uyiga borib, qayta urinib ko‘rishdan qo‘rqaman – tarix takrorlanishidan emas, bolalar uyi xodimlarining ayblovidan, tashlanishidan.
Bizdan olib qo‘yilganidan keyin bolaning uysiz odamlar orasida yashaganini, o‘sha yerdan bolalar uyiga olib kelinganini, u yerda bir-bir yarim yil yashab, tutingan oilaga tushgani va yana qaytarib berilganini bildim. Bolalar uyi rahbariyatidan nimaga shuni oldinroq aytmadingiz, deb so‘raganimda ular: «Buning sizga nima ahamiyati bor?!» deb javob berdi.

To‘rtinchi hikoya
N, SOS mahalla tarbiyalanuvchisi: "Onasi tug‘ruqxonada voz kechgan"
Onam meni tuqqanida 19 yoshda bo‘lgan. Men bolalar mahallasida, biz ona deb chaqiradigan ayol qo‘lida ulg‘aydik. Mening omadim chopgan, sababi tuqqan ota-onamni eslolmayman. Ota-onani yo‘qotish dardini his qilmaganman. Ba’zi bolalar bundan yomon ahvolga tushishgan. Hozir meni o‘stirib tarbiyalagan yagona onam bor. Bolalar mahallasida hamma onasi bilan o‘z oilasida, uning yordamchisi va 6-7 nafar «aka-ukasi» va «opa-singlisi» qurshovida 16 yoshgacha yashaydi. Keyin uch yilga yoshlar uyiga o‘tkaziladi. U yerda ularni mustaqil hayotga tayyorlashadi va ushbu maskanni tugatgach, davlat tomonidan ajratilgan xonadonlarga ko‘chib o‘tadi.
16 yoshga to‘lganimda, istisno tariqasida yana uch yil mahallada qoldirishlarini iltimos qildim. Onam bilan yana birga yashagim keldi. Ko‘chib o‘tish vaqti kelganida litseyni tugatib, institutga o‘qishga kirishga tayyorlanayotgan edim. Yana uch oygagina ruxsat so‘radim. Bu vaqtda imtihon topshirib, undan keyin ko‘chib o‘tmoqchi edim. Xohishimga qarshi chiqishmadi. Avvaliga qiyin bo‘ldi. Chunki stipendiyam yo‘q edi, faqat onam qo‘llab turardi. Ishlay olmasdim. Chunki o‘qishimga ta’sir qiladi, deb o‘ylardim. Ammo tez orada ingliz tilidan dars berib, pul topa boshladim. O‘quvchilarim soni sekin-asta ko‘paydi va mashg‘ulotlarimni ham ko‘paytirdim. Shu tariqa oyoqqa turdim. Ingliz tilini 6-sinfdan o‘rgana boshlagandim. O‘quv kurslarini topib, onamga ularda o‘qimoqchi ekanimni aytdim va u menga yordam berdi.
Mahallamizda o‘qishimiz uchun barcha sharoit yaratiladi, lekin hamma tarbiyalanuvchi ham bu imkoniyatdan foydalanavermaydi. Har birimiz biror kurs tanlashimiz va nimanidir o‘rgana boshlashimiz mumkin edi. Mahallamiz tarbiyachilari va rahbariyati bilan kelishsa bo‘ladi – yoki ta’lim muassasasi bizga qandaydir kvota ajratadi, yoki mahallaning o‘zi o‘qishimiz uchun pul to‘lardi. Rostini aytsam, o‘z ustimizda ishlash uchun barcha imkoniyatimiz bo‘lgan. Ba’zi tarbiyalanuvchilarning o‘quv kurslariga pul to‘lanardi, ammo bolalar u yerga bormasdi. Ko‘pchiligi «O‘qish menga nimaga kerak?» deb yurardi. Bugun esa afsus chekishyapti. Mahallaga kelganimda opalarim va akalarim bor edi. Ular ketib, o‘rniga yangi kichkintoylar kelardi. Men esa opa bo‘lardim. Ular uchun namuna bo‘lishim, yordam berishim, qo‘llashim kerak edi. Oilamiz an’anasi shunday edi. Avvaliga yangi qiyofalar, yangi insonlarni ko‘rish, ular bilan birga yashash noodatiy tuyulardi. Men hatto onamni qizg‘anardim, ammo keyin ko‘nikib ketdim va ukalarimga mehr qo‘ydim. Hammamiz har tomonda yashasak-da, «aka-uka» va «opa-singil»larim bilan bugun ham aloqadamiz. Onam dam olish kunlari menikiga kelib turadi.
Kichkinaligimda tutingan oilada yashashimni tushunmasdim. Bir kuni katta opam aslida holat qanday ekanini tushuntirib berdi. Onam o‘shanda sal xafa bo‘lgan, ammo, menimcha, bu voqea bir kuni albatta sodir bo‘lishi kerak edi. Onamni juda yaxshi ko‘rganim uchun bu munosabatlarimizga mutlaqo ta’sir qilmagan. O‘smirligimda boshqa bolalarga o‘xshab bemalol kiyim sotib ololmaymiz, deb ko‘p o‘ksinardim. Chunki kiyim navbat bilan olib berilardi. Bu oyda menga olinsa, keyingi oyda opamga, undan so‘ng ukamga va hokazo.
O‘shanda tuqqan onamni topish istagi paydo bo‘lgan, ammo boshqa tomondan tutingan onamning xafa bo‘lishini ham istamasdim. Vaqt o‘tib menga hayot bag‘ishlagan onamdan minnatdorlik tuyg‘usi paydo bo‘ldi. Tashlab ketgan bo‘lsa ham mayli, shu tufayli tarbiya qilgan onamni uchratdim. O‘ylab qarasam, meni juda yosh vaqtida tuqqan. Balki bunga tayyor bo‘lmagandir, o‘z ustida ishlashni istagandir, men esa unga xalal bergandirman. Sabablar turlicha bo‘lishi mumkin, men baribir undan xafa emasman.
Tutingan bolalar mavzusi men uchun taqiqlangan suhbat emas. Balki moliyaviy tomondan mustaqil bo‘lib, o‘zimni va boshqalarni ta’minlay oladigan darajaga yetsam, balki farzandlikka olarman. To‘g‘ri, mahallamizda muammoli oilalarning farzandlari ham bor edi, ular uyda ko‘rgan yomon qiliqlarini davom ettirardi, ammo bunday bolalar bilan ham ishlasa bo‘ladi, degan fikrdaman. Har biriga individual yondashuv kerak. Onam buni uddaladi-ku, mening qo‘limdan kelmaydimi? Albatta, bu katta mehnat, kuch-quvvat talab qiladi, birovning bolasiga mehr qo‘yish qiyin bo‘lsa kerak.
Ko‘rishlar: 204
https://anatomica.uz/uz/articl...







