Shirin bo‘lmagan hayot: «Ha, men diabetikman»

Maxsus loyiha

Yangilangan:

«Ha, men diabetikman» – barchasini o‘zgartiradigan uch so‘z

Bir qarashda O‘zbekistonda diabetga chalinganlar uchun sifatli yordam yo‘lga qo‘yilgandek. Dori-darmon bor, tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Preparatlar davlat  tomonidan bepul beriladi. Endokrinologiya va diabet assotsiatsiyasi faoliyat yuritadi. Xo‘sh, bu yetarlimi? DIASA jamoatchilik harakati asoschisi Timur Nazarov va uning qo‘li ostidagilar diabet bilan og‘rigan bemorlarga sport, axborot va psixologik yordam berish jarayonini takomillashtirishning ahamiyati haqida so‘zlab berdi. 

 

 

 

DIASA – qandli diabetga chalingan bolalar va o‘smirlar hayotida sog‘lom turmush tarzi va sportni targ‘ib qilishga qaratilgan jamoat harakati. 

Harakatning maqsadi:

– qandli diabetga chalingan bolalar va o‘smirlarning psixologik moslashuvi hamda sport bilan shug‘ullanishiga ko‘maklashish;

– muammoga jamoatchilik eʼtiborini qaratish;

– aksiya va tadbirlar o‘tkazish orqali bemorlarga dori-darmon va moliyaviy beg‘araz ko‘makni jalb etish.

 

Timur Nazarov

 "Kasallikdan qo‘rqish kerak emas, aksincha, bu faktni qabul qilish lozim"

 

– Hammasi nimadan boshlangan? 

Surunkali charchoq belgilari paydo bo‘la boshladi. Tashxis: diabet. Qo‘limga shifokor xulosasini olaman, o‘qiyman va oldingi hayotim tugaydi. O‘shanda 28 yoshda edim. Oldinda esa eng og‘ir depressiya yili turardi. 

Futbolni yaxshi ko‘rishimni bilgan do‘stim Toshkentda diabetliklar jamoasi borligini aytdi. Bir oylik mashg‘ulotlardan keyin 12 kishilik jamoaning sardori bo‘ldim. Jamoamni kuchaytira boshladim va 2014-yili Vengriyada o‘tkazilgan xalqaro turnirga uchib ketdik.  

 

– O‘sha sayohat nimanidir o‘zgartirdimi? 

Mutlaqo hamma narsani o‘zgartirdi. Odamlar diabet bilan qanday yashashini anglab yetdim. Insonlarning og‘ir kunlarini ko‘rdim. Shunda mendagi depressiya arzimas holat ekanini tushundim. Shungacha professional futbol bilan shug‘ullanmagandim. Lekin oldimda sardorlik va xalqaro turnir turar edi. Har bir o‘yin oldidan O‘zbekiston madhiyasini kuylaymiz. Ammo o‘zimni yo‘qotib qo‘yganimdan o‘yinda mag‘lub bo‘lib, atigi bitta golga uroldim. O‘zimdan jahlim chiqib, keyingi yili kuniga uch martadan mashq qildim. Yarim professional klubga tushdim. Oldimga sog‘lom sportchilarday futbolchi bo‘lish maqsadini qo‘ydim. 

 

Uyga o‘ziga xos tajriba bilan qaytdim: yevropaliklar uchun diabet kasallik emas, balki turmush tarzi ekan

 

 

 

 

– Siz bilan boshqa o‘yinchilar orasida farq bo‘ldimi? 

Sog‘lom yigitlar kuchliroq ekani bilinib turardi. Ammo men ularga yengilishni istamasdim. Salkam 29 yoshimda noprofessional o‘yinchilar orasida o‘tkazilgan superliga ishtirokchisi bo‘ldim. Bu menga pul to‘lanmaydi, ammo o‘yin nufuzi professional darajaga yaqin, degani. Biz Ruminiyaga jo‘nab ketdik. Guruhda to‘rtinchi o‘rinni egalladik. Yevropada ko‘p do‘stlar orttirdim va yangi imkoniyatlar ochildi. Ammo ikki yil o‘tib tizzamdan jarohat oldim.

 

– Keyin qayerga qarab yo‘l oldingiz? 

Futzal bo‘yicha jamoa tuzdim. Sportning ushbu turidan ko‘p jarohat yetmaydi. DIASA “diabet” va “sport” so‘zlarining birlashuvidir. Diabetiklar orasida sportni ommalashtirishga ahd qildim. Ikki yil oldin litsenziya oldim.Hozir futzal bo‘yicha sport maʼlumoti bo‘lmagan litsenziyasi bor yagona murabbiyman. Litsenziya bolalar uchun maktab ochish imkoniyatini berdi.

Men Jahon diabetga qarshi kurash kuniga bag‘ishlab “Media va kino yulduzlari” jamoasiga qarshi xayriya matchini tashkil etdim. Masalaga jurnalistlar e’tiborini jalb etdim. Endokrinologiya dispanseriga murojaat qildim va bolalarni yig‘ishni so‘radim. Diabetga chalingan odamlarning sog‘lom sportchilar bilan teng o‘ynayotganini ko‘rish bolalar uchun muhim edi. Shundan keyin biz tanildik. 

So‘ng Namangan shaharda match o‘tkazildi. 50 kishidan iborat «futbol oilasi»ni tuzdik. O‘yinlardan keyin «Diabet bilan qanday yashash mumkin: kasallikni qabul qilish va depressiyadan chiqish» mavzusida treninglar o‘tkazdim.

 

«Ha, men diabetikman» – barchasini o‘zgartiradigan uch so‘z. Ularning maʼnosi teran va kuchi salmoqli, ular quvvat bag‘ishlaydi. Sekin-asta xayriya matchlari yordamida jamiyat eʼtiborini jalb qilishga erishdim. Anjumanlarda maʼruza o‘qish uchun taklif qila boshlashdi.

 

Ko‘pchilik diabetiklar in’eksiyalarni rad etadi

 

 

– Rahbar sifatida DIASA va o‘zingizdan nima kutyapsiz?

Men nafaqat futzal o‘yinini o‘rgatishni, balki sport psixologiya va taʼlim bilan uyg‘unlashgan jamiyatni rivojlantirishni maqsad qildim. Diabetga chalinganlar uchun Olimpiya mahallasini tashkil etishni orzu qilaman. U yerda futboldan tashqari boshqa sport turkari bo‘yicha ham mashg‘ulotlar o‘tkaziladi hamda mamlakat yangi qahramonlari bilan tanishadi.

 

 

 

 

– O‘zbekistonda diabetga chalinganlar jamiyatda qanday muammolarga duch keladi? 

 

Eng katta muammo – mablag‘. To‘g‘ri ovqatlanish va dorilarni xarid qilish uchun pul kerak. 

 

Ikkinchisi – psixologik poydevor. Ota-onalar faqat farzandini emas, balki o‘zini ham qo‘llab-quvvatlashi lozim. 

 

Uchinchisi – turmush tarzi, odatlar va xomxayol. Shifokor yuqori malakali bo‘lishi mumkin, ammo diabetikka turmush tarzini o‘rgatish oson emas. Ko‘pchilik diabetiklar ovqatlanish qoidasini tushunmay yashaydi. Bemorlar sog‘lom insonlar kabi yashashga harakat qiladi. Ammo diabet bilan hech qachon hammasi joyida bo‘lmaydi – doimiy monitoring kerak. Bemor buni qanchalik tez tushunib yetsa, shunchalik tez o‘zgarishga harakat qiladi. 

 

To‘rtinchisi – sharoit. Xurujni yengishga yordam beradigan odam har doim topilavermaydi. Qolaversa, psixologik ko‘mak ham doim mavjud emas. Bemorni saqlab qolish uchun kerakli mexanizmlar yo‘q.

 

Beshinchisi – izolyatsiya. Ota-onalar va bolalar ko‘makni his etmaydi. Sport federatsiyasi va davlat uchun sog‘lom bolalarni qo‘llab-quvvatlash foydaliroq. Boshqa tomondan ota-onalar bolalarini jamiyatdan ajratib qo‘yadi. «Himoya vakuumi»ni yaratadi. Ular shu tariqa ojiz tomonini himoya qiladi. «Qarindoshlar, qo‘shnilar, maktabdagilar nima deydi», deb o‘ylashadi. 

 

 

– Sizni nima ruhlantiradi va motivatsiya beradi? 

«Uddalay olmaysan», degan gapni ko‘p eshitganman. Bunga javoban ichimda «Hali ko‘rasiz», derdim.  Litsenziya olib murabbiy bo‘ldim. Xalqaro turnirga bordim. Maktab ochdim. Ular xato fikrlaganini isbotladim. Kasallikdan qo‘rqish kerak emas, aksincha, bu faktni qabul qilish lozim. Xafalik va g‘azabni esa sevimli ishga yo‘naltirish zarur. Futbol o‘zimni topishimga yordam berdi. Bolalarga ham nimadir yordam bersin. 

 

 

 

Karimova Nasiba, Alisherning onasi

Gapirishga haqqim yo‘q: «Men sharoit qurboniman» 
 

 

Ikki yildan beri shu tashxis bilan yashaymiz. Bolam otasini yo‘qotganidan keyin sog‘lig‘ida muammo paydo bo‘ldi. Karantin vaqtida Alisher ozib ketdi. Biz Endokrinologiya shifoxonasida tahlil namunasini topshirdik. Bolamni jonlantirish bo‘limiga yuborishdi. Menga esa o‘g‘limda diabet aniqlanganini aytishdi. Bu haqiqatni qabul qilish uchun bir yilcha vaqt ketdi.

 

«Uning kasal ekanini hech kimga aytma, bo‘lmasa, uyat bo‘ladi», derdi qarindoshlarim. Bolamga rahmim kelardi, qo‘rqardim va g‘amxo‘rlik qilardim. Hozir ham quchogimdan chiqargim kelmaydi. 

 

 

Bolam futbol bo‘yicha har bir mashg‘ulotni intiqib kutadi. Menga Timurning yondashuvi yoqadi: u bolalarga motivatsiya beradi, ko‘nglini ko‘taradi. Men esa xavotir va qo‘rquvimdan qutuldim. Bolamga mustaqil yashash ko‘nikmasini singdirib boryapman. Bir kuni bolamning harorati ko‘tarilib ketdi. Tez yordam shifokorlari qanday yordam berishni bilmadi. Ota-ona hech nimani bilmasa juda qiyin. 

Hududlarda yashaydigan diabetli bolalar zaif. Hammamiz ushbu muammoni kengroq doirada muhokamaga olib chiqmoqchimiz. Hatto poytaxt maktablarida ham o‘qituvchilarning bolalarni koyigan yoki ularning ukol olishiga to‘sqinlik qilgan holatlar bo‘lgan. Agar diabet masalasi ko‘tarilsa, odamlar bu kasallik haqida ko‘proq maʼlumotga ega bo‘ladi. 

 

Eng yomoni, diabetiklarga nisbatan nogironlarga bo‘lgani kabi munosabatda bo‘lishlaridir. Odamlar diabetga chalinganlar bilan oila qurishga qo‘rqadi. Eng yaxshi dori – sport. Men har bir shaharda diabet bilan og‘rigan bemorlar uchun maktablar bo‘lishini istardim. Ko‘pchilik diabetiklar ukoldan qo‘rqadi va bu nogironlikka olib keladi. Ifodali qilib aytganda «shirin bolalar»ga nisbatan to‘g‘ri munosabatni singdirib borishimiz kerak.

O‘g‘limni erkin qilib tarbiyalashga urinaman, bolaligidan ushbu tashxis bilan yashashni o‘rgansin. Psixologik va jismoniy tomonlama uni mashg‘ul qilishga intilaman, toki farzandimning depressiyaga vaqti qolmasin.  

 

 

Alisher Karimov, 12 yoshda 

Bir kuni isitmam ko‘tarilib, ko‘nglim behuzur bo‘ldi. Tahlil natijalaridan keyin tashxis qo‘yildi. Onam shirinlik yeyishni taqiqlab qo‘ydi. Qand miqdorini nazorat qilishni o‘rgandim. Qaysidir tanishim diabetni virus deb o‘ylaydi. O‘zimga ukol qilib yurganimdan kimdir hayratda. Buni to‘g‘ri qabul qilaman. Qandli diabetga qadar shirinlikxo‘r edim, ukoldan qo‘rqardim. Endi esa stomatolog bo‘lishni istayman va ishimni futbol bilan birga olib bormoqchiman. Jamoamiz bilan birga Qozog‘iston yoki Germaniyaga borishni orzu qilaman. Bu orzumiz, albatta, ushalishiga ishonaman. 

 

Qodirov Diyorbek, …yoshda

"Shifokorlar menga shokolad berib, unda qancha non birligi borligini topishimni aytishdi"

 

Bir kuni buvimnikiga mehmonga borib, ikki marta ishtonimni ho‘llab qo‘ydim. Buvim mendagi qand miqdorini tekshirtirishni maslahat berdi. Ko‘rsatkich to‘q qoringa 21, och qoringa 14 chiqdi. Tunda jonlantirish bo‘limiga olib ketishdi. DIASAga qadar to‘rt yil davomida futbol bilan shug‘ullanganman. Shuning uchun Timur akaning maktabi haqida eshitganimda onamdan u yerga olib borishini iltimos qildim. Timur aka yondashuvni tez topdi. U bilan ishlash oson. 

Buvim diabetni yengishda yordam beradi. U nima qilish kerakligini biladi. Shuning uchun uning yonida xotirjamman. Onam va dadam esa bu borada no‘noqroq. Vazifa sifatida shifokorlar bir kuni menga shokolad berishdi. Men uning tarkibida qancha non birligi borligini topishim kerak edi. Men esa hech nimani tushunmasdim. Bugun esa yaxshi bilib olganman va porsiyalarni bir qarashda o‘lchayman. Ammo o‘rganadiganlarim hali ko‘p. 

Men oddiy inson sifatida sinfdoshlarimdan farq qilmayman. Kelajakda esa futbolchi bo‘lishni orzu qilaman. 

 


 

To‘rabekov Farruxbek, 14 yoshda

 "Ota-onam menga ko‘proq ovqat bera boshladi, men esa ozib borardim" 

 

Tashxis haqida 2020-yili bildim. Yangi yilga qadar vazn yo‘qota boshladim, 35 kg.dan 24 kg.ga tushdim. Ota-onam nimadir noto‘g‘ri bo‘layotganini sezishdi. Ko‘proq ovqat bera boshlashdi, lekin men, aksincha, ozib borardim. Yanvar oyida tashxisni bildik. Otam bu kasallikni davolab bo‘lmasligini, lekin bu fojia emasligini hamda bunday odamlar bemalol hayot kechirishini aytdi. 

Ilgari shirinliksevar edim. Bugun ham rosa ko‘nglim tusab qolsa, tort bo‘lagini yeyishim mumkin. Baʼzida diabetiklarga bunga ruxsat beriladi. Bugun do‘stlarim ham qand miqdorini doimiy nazorat qilishim uchun qayg‘uradi. Gohida hatto keragidan ortiq. Ularning bu eʼtiboridan mamnunman. Umuman olganda, diabetning yaxshisi bo‘lmaydi. Ammo u bilan yashash mumkin.

Ko‘rishlar: 336

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz