Jigarrang dog'lar: tabiat hazili yoki salomatligimiz uchun navbatdagi sinovmi?
Estetika
Yangilangan:
Organizmimiz turli tashqi taʼsirlardan oʼzini oʼzi himoyalash funktsiyasiga ega. Masalan, inson tanasida melanin moddasi ishlab chiqarilib, u teri, koʼz va soch ranglari uchun javob beradi, ulьtrabinafsha nurlarining salbiy taʼsiridan asraydi. Shu oʼrinda bir savol paydo boʼladi: nima sababdan yozning jazirama kunlarida mazkur himoya funktsiyasi toʼliq ishlamaydi? Nima uchun issiq mavsumda terimizda pigment deya nomlanuvchi toʼq rangli dogʼlar paydo boʼladi? Bu tabiat hazilimi yoki salomatligimiz uchun navbatdagi sinov?

Pigmentatsiya sabablari:
- Ultrabinafsha nurlarining meʼyordan ortib ketishi
Bahor-yoz mavsumida pigment dogʼlar paydo boʼlishiga ulьtrabinafsha nurlarining nojoʼya taʼsiri sabab. Uzoq vaqt quyoshda yurish natijasida teri hujayralari zararlanadi. Organizm esa bundan oʼzini himoyalash maqsadida koʼp miqdorda melanin ishlab chiqara boshlaydi. Natijada u tana boʼylab notekis taqsimlanadi. Shu tariqa sepkil, xol, xloazma, melazmalar paydo boʼladi, shuningdek, tananing himoyalanmagan qismlari – yuz, yelka, qoʼl va koʼkrak sohasining yuqori qismida fotoqarish jarayoni yuz beradi.
- Boshqa sabablar
Kosmetika vositalaridan notoʼgʼri foydalanish va mavsumga mos boʼlmagan pardoz-andoz vositalarini qoʼllash ham yuzda dogʼ paydo boʼlishiga olib keladi. Qolaversa, teridagi jarohat oʼrnini shilish, piling muolajalaridan keyin notoʼgʼri parvarish olib borish, SPF-himoyaga befarq qarash kabi omillar ham terining oynaday yorqin va tiniq boʼlishiga yoʼl qoʼymaydi.
- Аsoratlarga qarshi kurashish yoʼllari
Goʼzallikni tashqi qiyofa bilan yaxlitlikda tasavvur etadigan ayollarda teridagi dogʼlar psixologik noqulaylik, oʼziga nisbatan ishonchsizlik va hattoki tushkunlikni keltirib chiqaradi. Dogʼlarga qarshi kurashish jarayonida, avvalo, dermatokosmetolog shifokorga murojaat qilish kerak. Аynan shu mutaxassis pigmentatsiya sababini aniqlaydi va gastroenterolog shifokor bilan birga davo choralarini qoʼllaydi, profilaktika yoʼllarini oʼrgatadi. Mutaxassis koʼmagida giperpigmentatsiya paydo boʼlishining asl sabablarini aniqlamay turib, unga qarshi kurashish befoyda. Muammo sabablari salomatlik bilan ham bogʼliq boʼlishi ehtimoldan xoli emas. Gormonal fondagi baʼzi oʼzgarishlar yoki ichki aʼzolar faoliyatining buzilishi shular jumlasidan.
Bir qarashda hech narsaga xalaqit qilmasdan, bezararday turgani bilan pigmentatsiya organizmda roʼy berayotgan buzilishlar haqida xabar beruvchi tashvishli signal boʼlishi mumkin. Аgar bunga vaqtida eʼtibor berilmasa, jiddiy oqibatlarga ham olib kelishi hech gap emas.
Uy sharoitida oʼzboshimchalik bilan davolanish yaxshi samara bermaydi, hatto vaziyatni yanada yomonlashtirishi mumkin. Oqartiruvchi taʼsirga ega niqob va kremlar muammoni biroz bartaraf etayotganday tuyulsa-da, uni tag-tomiri bilan yoʼqota olmaydi. Shunday ekan, malakali shifokor tomonidan har bir vaziyatda individual davo choralari koʼrilishi ayni muddao.
- Kosmetologik muolajalar
Zamonaviy tibbiyotda giperpigmentatsiyadan qutulishga yordam beruvchi samarali muolajalar juda koʼp. Keling, ular orasidan eng samarali usullarni koʼrib chiqamiz.
- Ultratovush pilingi. Ultratovush pilingi terining ustki va chuqur qatlamlariga taʼsir qilib, qotib qolgan va kirlangan zarralardan xalos boʼlishga yordam beradi. Shu orqali teridagi yangilanish jarayoni faollashadi va mikrotsirkulyatsiya yaxshilanadi. Dermatokosmetologlar pigmentatsiyani yoʼqotish usulini qoʼllash, umuman, har bir kosmetologik muolajadan avval terini tozalashni tavsiya etishadi. Pilingdan keyin teri oʼziga surilgan barcha moddalarni osongina singdirib oladi, chunki unga xalal berayotgan yot unsur va kosmetik qoldiqlar qolmagan boʼladi. Bunday yengil muolaja har qanday teri turi uchun mos va deyarli qarshi koʼrsatmalarga ega emas.
- Kimyoviy piling. Kimyoviy piling terining tashqi qavati – epidermisni shilish boʼyicha bir qator bosqichlardan iborat. Аynan epidermis qavatida dogʼlarni keltirib chiqaruvchi melanotsitlar yigʼilgan boʼladi. Ushbu piling dogʼlarni yoʼqotish bilan birga, terining ulьtrabinafsha nurlaridan tabiiy himoyalanish xususiyatini ham yoʼqqa chiqaradi. Shuning uchun kimyoviy pilingni kuz-qish mavsumida oʼtkazgan maʼqul. Bu paytda ultrabinafsha nurlarining taʼsiri ancha kam boʼladi. Kosmetologlar giperpigmentatsiyaga qarshi kurashda meva kislota asosli, shuningdek, trixlor sirkali va retinolli pilinglarni qoʼllashadi. Pilinglar bilan birga, kosmetolog quyoshdan himoyalovchi kremlar va melanin moddasini ishlab chiqarishni toʼxtatuvchi kosmetik vositalarni tavsiya etadi.
- Retinolli piling. Retinol – А vitaminini hosil qiladigan, yogʼda eriydigan modda. U hujayra retseptorlari bilan birikish xususiyatiga ega. Bu kabi «oʼta noyob qobiliyat» teri hujayralarining tez yangilanishi va eskilaridan xalos boʼlishiga yordam beradi. Retinolli piling nafaqat pigment dogʼlarini yoʼqotadi, balki qarish jarayonini sekinlashtirish xususiyatiga ega.
- Mezoterapiya. Mezoterapiya usulida melanin moddasini ishlab chiqarishni toʼxtatishga yordam beruvchi tarkibga ega aralashma teriga kiritiladi. Preparatlar individual tarzda tanlanadi. Natijada pigment dogʼlar yaqqol koʼrinmaydi hamda teri oqaradi. Mezoterapiya ogʼriqli muolaja boʼlsa-da, uning afzalliklari mavjud. Bunday muolajani butun yil boʼyi orada bir haftalik tanaffuslar bilan oʼtkazsa boʼladi. Bu esa pigment dogʼlaridan butunlay xalos boʼlishga yordam beradi.
- Lazer terapiyasi. Lazer terapiyasi – giperpigmentatsiyadan qutulishning samarali va xavfsiz usuli boʼlib, u yuzdagi boshqa toʼqimalarni zararlamasligi bilan ajralib turadi. Lazer nuri pigment bilan «boʼyalgan» hujayralarnigina qizdirib parchalaydi. Bunda boshqa hujayralar shikastlanmaydi. Koʼp hollarda kutilgan natijaga erishish uchun birgina muolaja yetarli.
Ko‘rishlar: 157
https://anatomica.uz/uz/articl...









