Feysbilding — yangi sport turimi yoki sanʼatmi?
Estetika
Yangilangan:
Yuzni xushbichim, yanada koʼrkam qilish, goʼzallashtirish, qovoqlarni koʼtarish: feysbilding — yangi sport turimi yoki sanʼat?

Erta qarishning oldini olish, yoshlikni hamda yuz va boʼyin mushaklari karkasi mutanosibligini saqlashga qaratilgan bir nechta fiziologik yondashuv mavjud. Mashgʼulotlar chogʼida inson mustaqil ravishda mushaklarning boʼshashishiga yordam beradi, boshqa aʼzolarga esa tonusini qaytarish, qon aylanishini yaxshilash, mushaklar va umurtqa oʼrtasidagi muvozanatni tiklashga koʼmaklashadi. Yuz bilan ishlay boshlashga hech qachon kech emas, muhimi, buni toʼgʼri bajarish. Yuzda 57 ta mushak bor, bosh va boʼyin mushaklari bilan birga 100 dan oshadi: mimik, koʼzni harakatlantiruvchi, chaynash va hokazo.
Yuz anatomiyasi haqida qisqacha
Yuz mushaklari boshqa mushaklardan farq qiladi: ular ingichka, koʼndalang yoʼl-yoʼl (yassi) boʼlib, boshqacha birikadi. Yuz mimik mushaklarining bir uchi suyaklarga ulangan, boshqa uchi esa teri yoki shilliq qavatga oʼralgan. Ular qisqarganda, teri burishadi. Shu tariqa aksariyat ajinlar paydo boʼladi. Kulganimizda, burun-labimiz cheti burishadi, peshonamizni tirishtirganimizda – qoshlarimiz tutashadi, kulganda esa koʼzlar yoniga ajin tushadi.
Hissiyotlar — koʼplab mushaklar faoliyati natijasi, biri taranglashsa, boshqasi boʼshashadi. Yuz mushaklarining bir qismi doim boʼshashgan, yana bir qismi doim tarang holatda boʼladi, ammo har bir inson mushaklarining holati turlicha: kimgadir, birinchi galda, nimjon mushaklarni mashq qildirish zarur boʼlsa, kimdir oʼta tarang mushaklardan gipertonusni yoʼqotishi lozim.

Gipertonus darajalari
1. Taranglashish, tortishish hissi.
2. Mushaklarning siqilishi, baʼzan ogʼrishi.
3. Mushaklar dagʼallashadi, sezilmaydi, ishqalanganda ogʼriydi.
Sogʼlom inson yuzidagi mushaklar muayyan muvozanatdagi tonusga ega, ular oʼz vazifasini toʼgʼri bajaradi, shuningdek, oʼzaro balans hosil qilib, yaqin aʼzolar va tizimlarni ragʼbatlantirib turadi. Shunday yondashuvni tanlangki, u sizga javob qaytarsin. Feysbilding, feysfitnes, feysersayz, feysforming yoki yuz uchun yoga – mashgʼulotlar toʼplamining har bir muallifi unga oʼzicha nom topgan, lekin ularni bir nom ostida birlashtirish mumkin, yaʼni feystarbiya. Bu shunchaki yuz gimnastikasi emas, balki qomat uchun mashqlar, nafas olishga yordam beruvchi va massaj usullarini oʼz ichiga olgan yaxlit tizim.
- Feysbilding – mushaklarni mashq qildirishga yoʼnaltirilgan va kam hollarda massaj texnikasi uchun moʼljallangan usul.
- Feysfitnes yoki yuz gimnastikasi yuz, boʼyin hamda qomatni tiklash uchun mashqlar va massajning amaliy texnikasini oʼz ichiga oladi. Massaj spazm holatini yoʼqotadi, boʼshashtiradi, qon aylanishini yaxshilaydi, lekin mushaklarga juda kam taʼsir koʼrsatadi. Vakuum bankalari yordamida massaj qilish kapillyarlarni yangi kuch bilan ishlashga undaydi.
- Feysyoga nafas olish bilan meditatsiya amaliyotini oʼtkazishga qaratilgan: ichki siqilish va spazmlar paytida qoʼllanadi.
- Feysforming qomatni toʼgʼrilashdan boshlanadi va undan keyin yuz mushaklariga ehtiyotkorlik bilan ishlov beriladi.
- Revitonika – biriktiruvchi toʼqima (fastsiya)lar bilan ishlash orqali organizmning buzilgan funktsiyalarini tiklash va yashartirishga qaratilgan mashqlar.
Kuniga 10 daqiqalik mashqlar spazmni yoʼqotadi, yuzning oval qismini, yonoq va qovoqlarni, qoshlar orasidagi ajinni tekislaydi, burun-lab chetidagi burushiqlarni kamaytiradi, lablar va yuzni koʼrkamlashtirishga yordam beradi.
Mashgʼulotlar natijasi. Umid va haqiqat
Ilk natijani birinchi mashgʼulotdan 10 kun oʼtib sezish mumkin. 3 haftadan soʼng yuz rangi va teri tonusi yaxshilanadi, yuzning salqishi ketadi. 2 oydan soʼng kichik ajinlar tekislanadi, yuqorigi qovoq tepaga koʼtarila boshlaydi va teri turgori (egiluvchanligi) yaxshilanadi. 6 oydan soʼng burun-lab burushigʼi va peshonadagi ajinlar tekislana boshlaydi, yuz terisi tarang tortiladi, baqbaqa ketadi, yuzda oʼziga xos oʼzgarishlar (lab oʼlchami, yonoqlar balandligi va h.) sezila boshlaydi.

Irina Vladimirovna Nurmatova, shifokor kosmetolog-estetist, spa-terapevt:
Natijaga tezroq erishish bir nechta omilga bogʼliq.
Yosh omili. Yoshi kattalarning yuziga tezroq taʼsir qiladi, chunki ularda muammolar koʼp. Yosh qizlarga taʼsiri unchalik bilinmaydi hamda ularda teri holatining yaxshilanishi keyinroq yuzni modellashtirish orqali namoyon boʼladi.
Salomatlik holati. Ichki kasalliklar, organizmning butunlay tiqilmalarga toʼlishi yoki qomat buzilishi jarayonni toʼxtatadi yoki mashgʼulotlar taʼsirini yoʼqqa chiqaradi.
Kosmetologik aralashuv. Botoks inʼektsiyalari, fillerlar, mezoniti yuzning tabiiy fiziologiyasini oʼzgartiradi. Ijobiy natijaga erishish uchun koʼproq vaqt va kuch talab etiladi.
Fiziologik va anatomik xususiyatlar. Yuz mashqlarini muntazam olib borish yaqqol natija beradi, lekin genetik tarzda orttirilgan yuz xususiyatlarini har doim ham oʼzgartirishga kuchi yetmaydi.
Yuzning qarishi teri burushiqlari va ajinlar, shalvirash va taranglikni yoʼqolishida aks etadi degan fikr keng tarqalgan. Bu yuzaki fikr. Аslida oʼzgarishlar ichkaridan boshlanadi. Teri yuz mushak korsetlarining qurishi va deformatsiyasi, qomat buzilishi, spazmlar va taranglik, asabiylashish bosimi ostida oʼzgaradigan sohadir. Yuz – qalb koʼzgusi. Uning uygʼun boʼlishi muhim. Goʼzallik esa toʼgʼridan-toʼgʼri feystarbiyaga bogʼliq.
Feystarbiyaning uch tarkibiy qismi:
1. Yuz mushaklari bilan ishlash: mustahkamlash va boʼshashtirish, kuch mashqlar.
2. Tana bilan ishlash: qomat, nafas olish mashqlari, fastsiyalar bilan shugʼullanish, massaj.
3. Ichki balans: yoʼl-yoʼriqlarga rioya etish, mushaklar ishini ong kuchi bilan boshqarish.
Individual tarzda tanlangan muvozanatga asoslangan usul orqaligina kutilgan natijaga erishish mumkin. Mashq qilgan mushaklarning shalvirashiga imkon qolmaydi.

Regina Viner, «SUPERFACE» feysfitnesi boʼyicha byuti-kouch:
- Feystarbiya nimadan boshlanadi?
Toʼgʼri holat – koʼrkam, biror narsa taʼsirida xunuklashmagan yuz garovidir.
- Mashqlar yordamida yuzning tabiiy asimetriyasini toʼgʼrilasa boʼladimi?
Аsimmetriya hammada boʼladi, shu jumladan, uning tugʼma turi ham. Orttirilgan turi koʼpincha maishiy odatlar tufayli kelib chiqadi: bir qoʼlni yonoqqa tirab turish, bir yonda uxlash, jagʼning bir tomoni bilan ovqat chaynash, bir tomonda sumka osib yurish. Аvvaliga qiyshayish sababini aniqlash kerak, undan soʼng sogʼlomlashtirish choralarini koʼrsa boʼladi.
- Feysfitnes nimaga qodir?
Mashqlar yuzni modellashtirish, uni uygʼunlashtirish va tabiiy goʼzallik baxsh etishga qodir. Eng muhimi, har bir ayolga individuallik bagʼishlaydi. Mashgʼulotlar kompleks taʼsir koʼrsatadi: siz mashqlar texnikasini bajarasiz, natija esa koʼp kuttirmaydi.
- Yuzdagi spazmlar qanday paydo boʼladi?
Yuz organizmdagi holatni aks ettiradi. Kun boʼyi biz his qiladigan barcha hissiyotlar yuzimizda aks etadi. Masalan, tish ogʼriganda, miya-mushak aloqasi boshlanib, yuz mushaklari javob beradi va qosh orasiga ajin yuguradi.
Yuz mushaklarini muntazam mashq qildirish invaziv kosmetologiya muqobili va teri qarishining samarali profilaktikasidir. Lekin uni aql bilan bajarish kerak. Аgar sizda ularni bajarish borasida ayrim shubhalar paydo boʼlsa, terapevt yoki instruktor bilan maslahatlashganingiz maʼqul.
Feysbilding, feystarbiya quyidagi asosiy maqsadni koʼzlaydi: biz oʼz yuzimizga muomala qilish madaniyatini oʼrganishimiz kerak. Ushbu tushunchalar mashqlar, nafas olish, kosmetik muolajalar va hattoki hissiyotlarni jilovlashni oʼz ichiga oladi. Muhimi, feystarbiya shaxsiy xususiyatlarimizga diqqatliroq boʼlish, har qanday usul va mashqlarni oʼzimizga moslashtirishga undaydi.
Yuzda muolaja oʼtkazishga qarshi koʼrsatmalar:
- teri kasalliklari (ekzema, yiringli va zumburugʼli kasalliklar, yassi soʼgallar va b.);
- yuz va uch shoxli nervning yalligʼlanishi bilan bogʼliq kasalliklar, neyropatiya;
- virusli va infektsion kasalliklar (tumov, otit, bodomsimon bezlar yalligʼlanishi, bronxit va b.);
- limfa tizimi kasalliklari;
- oʼsma kasalliklari;
- miyada qon aylanishining buzilishi;
- 3-darajali gipertonik kasallik;
- faol shakldagi yoki kuchayish arafasida turgan har qanday kasallik.
Ko‘rishlar: 537
https://anatomica.uz/uz/articl...









