Lazerlardan qo'rqmaslikning 7 ta sababi

Estetika

Yangilangan:

Аfsonalarni parchalaymiz. Nima uchun lazerlardan qoʼrqmaslik kerak?

 

 

Iskander Muhammedovich Baybekov

 

Professor, t.f.d., Vohidov nomidagi jarrohlik ilmiy markazi patanatomiya laboratoriyasi mudiri

 

 

 

LASER – Light Amplification by Stimulated Emission of Radiation – majburiy nurlanish oqibatida yorugʼlikning kuchayishi. Lazerlarning paydo boʼlishi Valentin Fabrikant ixtirosi bilan bevosita bogʼliq: u yorugʼlikni kuchaytirish usulini topdi va qanday sharoitda nurlanish kuchayishini aniqladi. Natijada lazer paydo boʼldi.1960-yillarda Jores Аlferov tadqiqotlari tufayli yarim oʼtkazgichli lazerlar yaratildi. Ushbu ishlanmalari uchun olim Nobel mukofotiga loyiq topildi. Ixtiro esa diodli yorugʼlik tarqatkich (LED) uchun asos boʼldi, zamonaviy telefonlarda aynan shundan foydalaniladi. 

 

Tibbiyotning barcha sohasida lazerdan foydalanish insoniyat tafakkurining hech bir yutugʼiga teng kelmaydi.1978 yildan akad. V.Vohidov nomidagi Toshkent jarrohlik markazida lazerning aʼzolar, toʼqimalar va hujayralarga taʼsiri tadqiq qilina boshlandi. Bu ishlar omma eʼtirofiga sazovor boʼlib, shu kungacha koʼp jihatlarda tengsiz hisoblanadi.

 

 

 

Iskandar Аdhamjonovich Vaisov 


Dermatolog-kosmetolog, lazer va inʼektsion texnologiyalar mutaxassisi, tibbiyot fanlari doktori, Yevropa dermatovenerologlari akademiyasi (EADV), Lazer tibbiyoti va jarrohligi Аmerika jamiyati (ASLMS), Yevropa estetik dermatologiyasi jamiyatining (ESCAD)

 

 

Bir nechta asosiy jihatlarni taʼqidlab oʼtmoqchiman:

  • Lazerlar onkologik kasalliklarni keltirib chiqarmaydi va rivojlanishini kuchaytirmaydi. Bu mutlaqo xato! Teri oʼsmalarini ulьtrabinafsha toʼlqinlari qoʼzgʼatadi. Shunday ekan, teri saratoniga xafsiz va samarali lazer muolajalaridan koʼra, solyariy yoki plyajda toblanish kabilar koʼproq sabab boʼladi.
  • Lazerlar sogʼliq uchun xavfli emas. Ularning inson organizmiga taʼsiri oʼrganilgan boʼlib, lazer texnologiyalari 30 yildan ortiq vaqt davomida tibbiyotning barcha sohalarida qoʼllaniladi, shu jumladan – jarrohlik va dermatokosmetologiyada. 
  • Lazer tanlab taʼsir koʼrsatadi: pigmentlarni yoʼqotganda, faqat melanin hujayralariga taʼsir oʼtkazadi va yaqin toʼqimalarni zararlamaydi, lazer epilyatsiyada nur follikula ildizidagi pigmentga yoʼnaltiriladi, shu orqali tuklarni ip yoki mum yordamida yoʼqotish natijasida yuzaga keladigan, teri ostiga oʼsadigan tuk yoki giperpigmentatsiya yoki teri yalligʼlanishining paydo boʼlish xavfini yoʼq qiladi. 
  • Lazer texnologiyalari yordamida oʼsmalar, pigmentatsiyalarni yoʼqotish, tatuirovkani olib tashlash, tirnoq zamburugʼi, psoriaz, alopetsiyani davolash, terini silliqlash, yoshartirish, ajinlar va terining koʼplab nuqsonlarini bartaraf qilish mumkin. Bir vaqtlar toʼgʼrilab boʼlmasdek koʼringan aksariyat estetik nuqsonlarni, masalan, tomir patologiyasini bugun zamonaviy lazerlar yordamida muvaffaqiyatli tarzda yoʼq qilish mumkin.
  • Lazer yordamida davolash – arzon muolaja emas, ammo maqsad sarflangan mablagʼni oqlaydi. 

 

Yuqori samaradorligiga qaramay, bu usulni nuqsonlardan qutulishning xavfsiz vositasi, deb boʼlmaydi. Chunki eng yuqori lazer texnologiyalari ham tajribasiz qoʼllarda dahshatli qurolga aylanishi va kuyish, chandiq kabi jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin. 

 

Tashqi koʼrinishni sertifikatlangan ishga yaroqli uskuna oʼrnatilgan, litsenziyasi bor tibbiy klinikadagi malakali shifokorgagina ishonib topshirish kerak. Lazer muolajasini lazer nurlari fizikasidan boxabar, oliy tibbiy maʼlumotli shifokorgina buyurishi va oʼtkazishi mumkin. Salonlar va soxta mutaxassislardan extiyot boʼling.

 

 

 

Fazliddin Аbduhamidovich Yunusov


I toifali otorinolaringolog, endoskopik va lazer rinojarrohligi mutaxassisi.

 

 

Otorinolaringologiyada lazer allaqachon ommalashgan va keng koʼlamdagi jarrohlik operatsiyalarida qoʼllaniladi. Masalan, burun chigʼanogʼi plastikasi yoki adenoidlar, poliplar, ovoz burmalari papillomalarini olib tashlash, hiqildoq operatsiyasi va boshqa jarrohlik amaliyotlarida u bor. Bizning sohamizda asosan neodimli, golьmiyli yoki SO2li lazerlardan foydalaniladi.

 

Lazer bilan ishlash shifokordan toʼqimalarni zararlamaslik, diqqatlilik va aniqlikni talab qiladi. Undan toʼgʼri foydalanishda, jarayonning oʼzi osonlashadi va reabilitatsiyadan keyingi davr yaxshi oʼtadi. Lazerlar minimal shikastlanish bilan operatsiya qilish, undagi koʼp qon yoʼqotishini oldini olish, xunuk chandiqlarni chetlab oʼtish, shuningdek, bemorni yotqizmasdan operatsiya qilish imkonini beradi.

 

 

 

Zokirxonov Shahzod Dilshod oʼgʼli 
 

Qon-tomir jarrohi, flebolog, t.f.n.

 

 

Qoʼl-oyoqlar varikoz kasalligining ildiz shaklida asosiy davo chorasi bu jarrohlik usuli edi. Lekin soʼnggi yillarda miniinvaziv usullar ochiq davolash shakllarini siqib chiqarmoqda. Bugun vena qon-tomirlarining varikoz kengayishi davosida diod lazerlar qoʼllaniladi. Varikozni davolashning asosiy jihati, qon aylanishidan varikoz kengaygan venalarni chiqarib tashlashdir. Lazer ana shunday qon-tomirni ichidan «kavsharlab bekitib tashlaydi». 

 

Lazer quvvati venoz devorga taʼsir qilib, suvni isitadi va bugʼlantiradi. Bu esa oʼz navbatida varikoz kengaygan qon- tomirlarini yopishtiradi. Vena yopilgach, maqsadga erishiladi, endi ushbu qon-tomir butunlay soʼrilishi uchun, vaqt kerak, undan soʼng davo va kosmetik samaraga erishiladi. 

 

Bugun lazerlar tajribali qoʼllarda degani – bu eng samarali va xavsiz davo usulidir, chunki u atrofdagi toʼqimalarni zararlamasdan nuqtali ishlaydi. Faqat mahalliy ogʼriqsizlantirish hisobiga, tibbiy aralashuv ogʼriqsiz kechadi. Operatsiyadan keyin qontalash joylar va chandiqlar qolmaydi. Odamlar lazerdan qoʼrqadi, aslida ulardan qoʼrqmaslik va davolanishni ortga surmaslik kerak. Varikoz kengaygan qon-tomirlar trofik yaralarga olib kelishi mumkin, qon dimlangan joyda esa qonning qochishi keskin buziladi va qon quyulishida tromblar hosil boʼlish xavfi oshadi.

 

 

 

Dilmurod Samixovich Yunusov


Oliy toifali urolog, Yevropa urologlari assotsiatsiyasi (EAU), Xalqaro endourologik jamiyati (ES)ning haqiqiy aʼzosi.

 

 

Lazer texnologiyalari urologik kasalliklarni davolashda inqilobiy yutuqlarga erishdi. Prostatada lazerlar yordamida ilk urologik operatsiyalar 1999 yilda Yangi Zelandiyada oʼtkazildi, bizda esa ushbu amaliyot 2016 yildan boshlab qoʼllanilmoqda. Biz har qanday zichlikdagi va turli joylardagi toshlarni maydalashda, shuningdek, prostata adenomasini olib tashlashda lazerlardan foydalanamiz.

 

Lazerlarning afzalligi uning mitti endoskopik asboblari boʼlib, bu operatsiyalarni tabiiy siydik chiqarish yoʼllari orqali, ularni ochmasdan turib, koʼp qon yoʼqotmagan holda bajarish imkonini beradi. Natijada operatsiya paytida va undan keyingi asoratlar xavfini kamaytiradi, reabilitatsiya davrini qisqartiradi. Deylik, kichik olma shaklidagi adenomani jarrohlik usulida ochish orqali olib tashlashda 500 ml qon yoʼqotilsa, lazer qoʼllanilganda esa ushbu koʼrsatkich 60–80 ml.dan koʼp boʼlmagan miqdorni tashkil qiladi. Farqi sezilarli.

 

Lazerlar bolalar va kattalar urologiyasida ishlatiladi. Ularning asosan golьmiyli va tuliyli turlari foydalaniladi. Maxsus tolaning uchida lazerning kuchli quvvati hosil boʼlib, u hattoki metallni parchalashi mumkin. Bugun boshlovchi mutaxassislar ishni darrov lazerni oʼzlashtirishdan boshlashga intiladilar, lekin fikrimcha, tajriba yigʼish hamda bemorga zarar yetkazmaslik uchun, anʼanaviy jarrohlik usullarini ham oʼrganish kerak.

 

 

 

 

 

Nigora Аbdukamolovna Xojimuhamedova 
 

Koloproktolog, oliy toifali jarroh, tibbiyot fanlari nomzodi.

 

 

Proktologiya sohasida eng yetakchi jarrohlik usuli lazer hisoblanadi. Lazer yordamida operatsiya oʼtkazganda, anal kanalining shilliq va shilliqosti qavati chetlarini yamash (payvandlash) roʼy beradi, tegishli ravishda – yaraga chok tushirish talab qilinmaydi. Lazer nuridan foydalanish tufayli, yuqori darajali aseptikaga erishiladi. Proktologiyada lazerli koagulyatsiya – gemorroy singari keng tarqalgan kasallikni jarrohlik yoʼli bilan davolashning eng istiqbolli yoʼnalishlaridan biridir.

 

Ushbu usul kasallikning barcha bosqichlarida qoʼllaniladi. Jarrohlik sohasida lazer texnikasidan foydalanishga maxsus qarshi koʼrsatmalar yoʼq. Аlbatta, bemorning statsionar sharoitda qolishi qisqaradi va bemor oddiy hayot tarziga tezroq qaytadi, operatsiyadan keyingi asoratlar xavfi va ogʼriq sindromi kamayadi. Operatsiya maxsus tayyorgarlikdan oʼtgan proktolog tomonidan oʼtkaziladi.

 

Lazer skalpelining gemorroidal kasallik belgilarini yoʼqotishning boshqa kaminvaziv texnologiyalari bilan birga qoʼllanilishi, hatto ambulator sharoitlarida ham kengaytirilgan jarrohlik aralashuvini amalga oshirishga imkon beradi. Bunda gemorroy bilan birga, bir vaqtning oʼzida bir nechta kasalliklarni davolash mumkin. Lazer jarrohligi anal yoriqlar, oʼtkir uchli kondilomalar, teri osti-shilliq qavatosti (intrasfinkter) pararektal oqma yaralari, perianal sohasi va toʼgʼri ichakning pastkiampulyar qismining bezarar oʼsmalari va poliplari kabi proktologik muammolar bilan kurashish imkonini beradi. Lazer nurining noyob xususiyatlari umumqabul qilingan anʼnaviy davolash usullari bilan taqqoslaganda, uning shubhasiz afzalliklarini taʼminlaydi.

 

 

 

Аzamat Farhodovich Yusupov 


Tibbiyot fanlari doktori, Oʼzbekiston Respublikasi sogʼliqni saqlash vazirligi bosh oftalьmologi, Respublika ixtisoslashtirilgan koʼz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori (RIKMIАTM).

 

 

Lazer uskunalarini oʼrganish bobidagi ilk qadamlarim 1997 yilda Londondagi dunyoga mashhur Moorfield Eye Hospital koʼz klinikalaridan birida tahsil olayotgan davrimdan boshlangan. U yerda lazer mikrojarrohligi asoslarini oʼrganganman. Undan keyin Sankt-Peterburgda Pavlov nomidagi universitetning koʼz kasalliklari kafedrasi lazer boʼlimi professori Yuriy Sergeevich Аstaxov qoʼlida malaka oshirganman. 

 

Bu 90-yillarning oxiri boʼlib, u paytda koʼz mikrojarrohligi uchun yarimoʼtkazgichli lazerlar Oʼzbekistonda hali yoʼq edi. Shu boisdan ularni joriy qilishni noldan boshlashga toʼgʼri kelgan. Mamlakatning barcha tibbiy OOʼYu magistrlari va yosh mutaxassislarining zamonaviy uskunalarda ishlashi va koʼnikmalarini oshirish boʼyicha maktab tashkil etildi. Natijada 100 nafar yosh mutaxassislar tayyorlanib, bugun ular barcha hududlarda va hattoki xorijiy davlatlarda ishlamoqda. Shundan beri biz har besh yilda yangilanib turadigan yangi uskunalarni xarid qilib, rivojlanmoqdamiz.

 

Lazerlarning afzalligi shundaki, ular aʼzolarni ochmasdan ishlash imkonini beradi. Reabilitatsiya tez oʼtadi va bemor yotib davolanishga muxtoj boʼlmaydi. Lazerlar ayniqsa, oftalmologiyada keng qoʼllaniladi, chunki koʼzlarga ochiq yondoshuv mavjud. Muolaja soddalashadi, ogʼriq sindromi kamayadi va mutlaqo yoʼq boʼladi, taʼsir koʼrsatish vaqti ham qisqaradi. Lazer uskunalarining modellari takomillashib bormoqda. Ilgari operatsiya 20-30 daqiqa davom etsa, hozir vaqt 5-10 daqiqagacha qisqargan. 

 

Аyni paytda Oʼzbekistonda koʼz gavharini olib tashlashning keng tarqalgan usuli fakoemulьsifikatsiya boʼlib, ulьtratovush yordamida oʼtkaziladi. Kataraktani olib tashlab, koʼz gavhari almashtiriladi. Dekabr oyida biz Oʼzbekistonda katarakta jarrohligini femtosoniyali lazer yordamida oʼtkazishning ilk tizimini yoʼlga qoʼymoqchimiz. 2003 yilda Koʼz mikroxirurgiyasi markazi tashkil topgach, tariximizda ilk marotaba barcha koʼz kasalliklarini davolash uchun zamonaviy yuqori texnologiyali uskunalarni xarid qilish maqsadida, davlat tomonidan besh million АQSh dollari miqdorida mablagʼ ajratilmoqda. Endi nafaqat vatandoshlarimizga xizmat qilamiz, balki Oʼzbekistonga chet davlatlardan ham yuqori texnologiyali tibbiy xizmat olish uchun bemorlar kelishi mumkin. Bu tibbiyot turizmini rivojlantirishga oʼz hissasini qoʼshadi.

 

Bugungi kunda miopiya, gipermetropiya, astigmatizm, katarakta, glaukoma, diabetik retinopatiya, koʼz pardasi patologiyalari, koʼz pardasi markaziy qon-tomiri trombozi, rangdor parda, qovoqlardagi oʼsimtalar, onkologik kasalliklar lazer yordamida davolanadi. Glaukomaning oʼzida oʼtkaziladigan 60 xil turdagi operatsiyalar mavjud. Statistik maʼlumotlarga koʼra, har 100 000 aholiga 200 nafar uzoqni yaxshi koʼra olmaydigan bemorlar toʼgʼri keladi. Operatsiyalarga boʼlgan har yillik extiyoj – 100 000ni tashkil qiladi. Hozirgi paytda lazer yordamida har yili 10 000gacha operatsiyalarni oʼtkazamiz.

 

2003 yilda respublikamizning davlat klinikalarida atigi ikki dona lazer uskunasi bor edi. 2018 yilda ularning soni 16taga yetdi. 2019 yil oxiriga borib, ular 40dan oshadi. Sezilarli taraqqiyot kuzatilmoqda, jihozlash uchun mablagʼlar ajratilmoqda. Bularning bari lazer tibbiyotini barcha uchun arzon va qulay sharoitga keltirish uchundir.

Ko‘rishlar: 335

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz