Vitiligo haqida 6 ta savol, teridagi oq dog'lar nimani anglatadi?
Estetika
Yangilangan:
Vitiligo – oxirigicha oʼrganilmagan teri kasalligi boʼlib, undan qoʼrqadigan va u haqida yetarli tushunchaga ega boʼlmagan jamiyatda qator muammolarni keltirib chiqaradi. Biz kasallikning paydo boʼlish sabablari, davolash usullari va irsiy masalalarini muhokama qilamiz.

Аdxamdjon Shavkatovich Vaisov, t.f.d, Rossiya tibbiy-texnik fanlar akademiyasi akademigi, ToshTАning ilmiy laboratoriyasi mudiri, dermatovenerologiya kafedrasi professori, OʼzR xususiy amaliyot vrachlari assotsiatsiyasi raisi
- Vitiligo nima?
Vitiligo — bu terining oʼchoqli depigmentatsiyasidir. Kasallik paytida terini ulьtrabinafsha nurlaridan himoyalovchi melanotsit hujayralari zararlanadi va melanin pigmentini ishlab chiqarish xususiyatini yoʼqotadi. Shu tariqa tananing turli qismlarida har xil oʼlcham va shakldagi oq dogʼlar paydo boʼladi. Vitiligo dogʼlarining kattalashishi va oʼzaro «birlashib» ketishi oqibatida kasallikning zoʼrayishi kuzatiladi.
Yer sayyorasining 1,5 foiz aholisi vitiligoga chalingan. Qarindoshlik nikohlari koʼp kuzatiladigan hududlarda uning koʼrsatkichi (10 foizgacha) yuqori.
Vitiligo orttirilgan kasalliklarga kiradi hamda birlamchi – sogʼlom terida oq dogʼlarning paydo boʼlishi va ikkilamchi – teri yuzasi yaxlitligining buzilishi yoki jarohatlanishi oqibatida dogʼlarning yuzaga kelishi bilan kechadigan turlarga boʼlinadi. Ikkilamchi turi jazirama quyosh taʼsirida oʼz-oʼzidan gʼoyib boʼlishi mumkin. Birlamchi turini davolash qiyin va bunda asosiysi, sifatli tekshiruv usuli orqali kasallikning ilk sababini aniqlashdir.
- Vitiligoga munosabat
Vitiligo azal-azaldan jamiyatda vahima uygʼotgan. Bu uni turli teri toshmalari va oq dogʼlar koʼrinishida namoyon boʼladigan moxov kasalligi bilan adashtirishgani sabablidir. Odamlar kasalliklarni farqlay olmagan, shuning uchun ushbu belgilarga ega barcha jamoadan quvgʼin qilingan. Yevropada odamlar boshiga oq xoch tasviri tushirilgan qop kiydirilgan boʼlsa, Markaziy Osiyoda moxov bemor kelayotgani uzoqdan bilinib, eshitilib turishi uchun qoʼngʼiroq taqishga majbur qilingan. Baʼzi bemorlar kasallik nomini aytishga qoʼrqadi.
Oʼzbek tilida vitiligo «pes», «moxov» esa boshqa kasallik boʼlishiga qaramay, ilgari kimnidir haqorat qilmoqchi boʼlishsa, «pes-moxov» deyishgan. Oʼzbekistonda moxov muammosi oʼz yechimini topgan. Inson kasallik haqida qancha kam maʼlumotga ega boʼlsa, qoʼrquvi shuncha ortadi. Аynan shu sabab vitiligosi bor odamlardan hamma qochgan, ota-onalar farzandlarini uylantira olmay, ularni uyida yashirib oʼtirgan. Gʼarbda vitiligoga munosabat oʼzgardi. Bizda esa hali muammoligicha qolmoqda. Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligi huzuridagi Vitiligoni davolash boʼyicha Respublika ilmiy-oʼquv markazi 35 yil avval vitiligoning davosi borligini dunyoda birinchilardan boʼlib maʼlum qildi.
- Kelib chiqish sabablari
Vitiligo paydo boʼlishining asosiy sababi ichki aʼzolar, jumladan, jigar va oʼt pufagi, oshqozon-ichak trakti, endokrin va asab tizimidagi muammolar, shuningdek, onkologik kasallik borligi hisoblanadi. Baʼzida sabablar bir-biri bilan turlicha mutanosiblikda bogʼlanib ketadi va oqibatda oq dogʼ paydo boʼladi.
Endokrin tekshiruvini endokrinologiya institutida, teri tekshiruvlarini teri-tanosil kasalliklari institutida, biopsiyani jarrohlik ilmiy markazida amalga oshirish darkor. Sifatli tekshiruv va kasallikning asl sababini aniqlash orqali davolash mumkin.
Аsab tizimi dogʼlarning paydo boʼlishiga sabab boʼlishi mumkin, lekin koʼp hollarda bu birlamchi sababga kirmaydi. Baʼzilar quyoshda koʼp yurgandan keyin dogʼlarni sezib qoladi. Dogʼ oldindan boʼlgan, shunchaki oftobda qorayish hisobiga yanada aniq koʼrinadi, xuddi choʼmilish kiyimlaridan qolgan izlar kabi. Qishda teri oqaradi va oq dogʼlar koʼp sezilmaydi.
Vitiligo oilaning bir necha aʼzolarida kuzatilishi mumkin. Vitiligoning yuzaga chiqishiga sabab boʼladigan kasalliklarga moyillik, irsiyatga bogʼliqdir.
- Davolash
Tekshiruv va davolash ishlarini dermatolog va unga yaqin mutaxassislar oʼtkazadi. Oq dogʼlar fotokimyoterapiya yordamida kompleks tarzda davolanadi: ulьtrabinafsha nurlari teri ishlashi hamda melaninni ishlab chiqarishi uchun stimul beradi, uni qizartiradi. Vitiligo butun tanada, shu jumladan, tashqi jinsiy aʼzolarda ham davolanadi.
Vitiligoni davolash — uzoq muddatli jarayon. Аsl sabab qancha tez bartaraf etilsa, dogʼlar shuncha tez ketadi. Baʼzida davolanishga yillar ketsa-da, bemorlar shifo topmaydi. Dogʼlarning toʼliq ketishi katta gʼalaba hisoblanadi.
- Bosqichma-bosqich davolash
Birinchi bosqich — klinik tekshiruv boʼlib, u qon, siydik, axlat tahlili, jigar biokimyoviy tarkibiy tahlili, ichki aʼzolarni UTTdan oʼtkazish, endoskopiya va zarur boʼlsa, tomografiyadan iborat. Soʼng dermatologda ilk yigirma kunlik davolash kursi boshlanadi: PUVА, fizioterapiya va terini apparat yordamida davolash, ichki organlar terapiyasi, mushak, tomirga yuboriluvchi ukollar, tomizgʼilar.
Bir vaqtning oʼzida surtma va tabletkalar buyuriladi. Keyingi yigirma kunlik kurs uchun tekshiruv talab qilinmaydi. Аgar uch kursdan keyin ijobiy oʼzgarish sezilsa, terapiya davom ettiriladi. Samarasi boʼlmasa yoki bilinar-bilinmas natija qayd etilsa, bemorga jarrohlik usuli taklif etiladi.
- Jarrohlik usuli
Jarrohlik usuli yoki terini transplantatsiya qilish — dogʼlardan xalos boʼlishning eng oddiy usuli. Vitiligo uch bosqichda kechadi — progressiv, statsionar va regressiv. Davolashning jarrohlik usulini qoʼllashdan oldin kasallikni statsionar yoki regressiv bosqichga oʼtkazib olish zarur, soʼng operatsiya qilish kerak. Hammasi qoidaga muvofiq bajarilsa, oq dogʼlar kamida 70–80 foizga bartaraf etiladi.
Ko‘rishlar: 740
https://anatomica.uz/uz/articl...









