OIV og'riq va o'lim haqida emas! 3 ta mutaxassis stereotiplarni parchalaydi

Odamlar

Yangilangan:

Qoʼrqishni bas qilish hamda OIV dard va oʼlim emasligi, inson esa tashxisdan muhimroq ekanini tushunish kerak. Bu muammodan yaxshi xabardor insonlar nima uchun virus haqida har birimiz bilishimiz zarurligini tushuntirib beradi.

 

 

Charos Maqsudova, UNAIDS ning Oʼzbekiston Respublikasidagi menejeri

 

Odamlar «OIV» soʼzidan qoʼrqishni toʼxtatishi kerak. Bu butunlay tuzalmaydigan surunkali kasallik, ammo davolanadi. Shuning uchun turli ayblovlar ortiqcha.

 

BMTning OIV/OITS boʼyicha birlashgan dasturi yoki UNAIDS – OIV epidemiyasiga qarshi kurash choralarini nazarda tutuvchi BMT tashkilotlari umumlashmasidir. Tashkilotning asosiy maqsadi – OIV tarqalishiga qarshi kurash boʼyicha zamonaviy samarali chora-tadbirlarni oʼtkazishda davlatlarga koʼmak koʼrsatish. 

 

Ofisimiz 2019 yili dekabrda qayta ochildi. Shundan buyon milliy va xalqaro sheriklarimiz bilan hamkorlikda bir nechta ustuvor vazifalarni belgilab oldik. Bu, birinchi navbatda, OIV testi va OIV infektsiyasi bilan yashovchi insonlarni davolash dasturini kengroq joriy etishdir. Ikkinchi vazifa – bu profilaktika dasturlarini hamma uchun ochiq joriy etish. Shu orqali biz davlatda OIV infektsiyasi darajasini pasaytirishga va yangi kasallanish holatlarining oldini olishga erishgan boʼlamiz. Uchinchisi – OIVning onadan bolaga oʼtishi boʼyicha profilaktika choralari. Oʼzbekistonda bu kabi yuqtirish holati deyarli nolь darajagacha tushdi. Biz mamlakatning OIVning onadan bolaga yuqishini eliminatsiya qilishdagi saʼy-harakatlarini qoʼllamoqchimiz.

 

Bugun keng davolash choralari, erta tashxislash va yuksak masʼuliyat orqali OIV tarqalishining oldini olish imkoni bor. Davolanish natijasida insonning virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajagacha pasayadi. Аgar insonda virus yuklamasi aniqlanmasa, u nafaqat sogʼlom boʼlib boradi, balki virusni boshqalarga yuqtirmaydi, degan fikr ilmiy tasdigʼini topgan. Davolash natijasida OIV yuqishi xavfi 99 foizgacha tushadi. Har birimiz oʼz sogʼligʼimiz uchun masʼuliyatli boʼlishimiz va OIV yuqish yoʼllari haqida xabardor boʼlishimiz muhim. Odatda infektsiya bilan ehtimoliy aloqadan uch oy oʼtib OIVga test olinadi. Garchi test OIV antitanachalariga nisbatan yuqori darajada sezgir boʼlsa-da, OIV yuqishi va virusga nisbatan antitanachalarning ishlab chiqilishi oʼrtasida ikki oygacha oraliq mavjud. Bu tahlilning aniq turiga bogʼliq.

 

2020 yil 1 noyabr holatiga koʼra, Oʼzbekistonda OIV bilan yashovchi insonlar soni 43 581 nafarni tashkil etadi. OIV komponentlari bilan ishlaydigan NNTlar mavjud. Masalan, OIV bilan yashovchi insonlarni birlashtiruvchi «Ishonch va hayot» nodavlat tashkiloti, «Istiqbolli avlod» tashkiloti va «Intilish» RАTM NNT. Bu tashkilotlarda ishlaydigan maslahatchilar OIV bilan yashayotgan, oʼz maqomini qabul qilgan, turli treninglarda oʼqigan insonlar boʼlib, ular maslahat beradi hamda OIV bilan ogʼrigan boshqa odamlarga ijtimoiy va psixologik koʼmak beradi. Oʼzbekiston Respublikasida OIV tahlili musbat chiqqan insonlar ishlashi taqiqlangan kasblar roʼyxati bor. Аmmo shuni ham inobatga olish lozimki, muntazam dori qabul qiladigan OIVga chalingan insonlar boshqalardan farq qilmaydi. Shuning uchun bu oʼrinda kamsitish holatlariga yoʼl qoʼyilmasligi kerak. Sifatli terapiyada hayot uchun xavf yoʼq. 

 

Odamlar xabardor boʼlishi uchun bu haqda koʼp gapirishimiz lozim. Bizda, afsuski, OIV infektsiyasiga daxldor masalalarda qatʼiy tamgʼalanish mavjud. Oʼzbekiston OIV dasturlari, preparatlar, davolash va test olish uchun katta mablagʼ sarflaydigan davlatlardan biri. OITSga qarshi kurash markazlarida koʼp sonli malakali shifokorlar ishlaydi. Har bir xususiy klinikada testdan oʼtish mumkin. Barcha imkoniyatlar bor, faqat odamlar «OIV» soʼzidan qoʼrqishni bas qilishlari kerak. OIVni butunlay yoʼqotib boʼlmaydi. Аmmo samarali davo bor va u tezkor ravishda boshlansa hamda muntazam oʼtkazilsa, OIV bilan ogʼrigan odam uchun sifatli va koʼp yillik umrni taʼminlaydi. Bu umr davomiyligi hatto baʼzi kasal yuqtirmagan insonlarda ham kuzatilmasligi mumkin.

 

 

 

Vinera Barotova, Toshkent shahar OITSga qarshi kurash markazi bosh shifokori, epidemiolog, Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan shifokor

 

Har bir masʼuliyatli fuqaro yilda, hech boʼlmasa, bir marta klinikada tekshiruvdan oʼtishi, jumladan, OIVni oʼz ichiga olgan tahlillarni topshirishi shart.

 

Ilgari OIV infektsiyasi hukm edi, bugunga kelib uning davosi bor, yaʼni retrovirusga qarshi terapiya hamda kasallikni erta tashxislash yuqori darajada oʼtkaziladi. Statistikaga koʼra, Toshkent shahrida 10 000 ga yaqin OIV bilan xastalanganlar bor. Ulardan 9 000 nafari dispanser hisobida va 7 000 nafardan ortigʼi terapiya qabul qiladi. Har yili 600 ga yaqin odamning kasallik yuqtirishi qayd etiladi. Epidemiya muammosi nazorat ostida, ammo hammasi tibbiyot xodimlariga bogʼliq emas. Gap shundaki, OIV infektsiyasi xulq-atvorga bogʼliq kasallikdir. Joriy yilda OIV bilan ogʼriganlarning 70% kasallikni jinsiy yoʼl orqali yuqtirgan, 4% inʼektsion giyohvandlik moddalari isteʼmolchisi. Bu ularning palapartish hayot kechirganidan dalolat beradi. 

 

OIV asosan uch yoʼl bilan yuqadi:

  • Jinsiy;
  • Parenteral, yaʼni tibbiy va notibbiy muolajalarni oʼtkazish oqibatida teri qoplamalari va shilliq qavati yaxlitligining buzilishi tufayli;
  • Vertikal, yaʼni homiladorlik, tugʼruq va emizikli davrda onadan bolaga oʼtishi;

 

Аgar homilador ayolda OIV infektsiyasi aniqlansa, zudlik bilan retrovirusga qarshi terapiya boshlanadi. U homilani himoya qiladi va OIV yuqishining oldini oladi. Tugʼruq kesarcha kesish usuli orqali oʼtkaziladi va bolalar sunʼiy ozuqa yeb katta boʼladi. Shu tariqa bolaga infektsiya yuqish xavfi eng past darajaga tushiriladi. 

 

Bugungi ilm-fan maʼlumotlariga koʼra, kasallik yuqqandan keyin simptomlarni aniqlash vaqti organizmning individual xususiyatlariga bogʼliq. Immunitet kuchli boʼlsa, kasallik yuqqanidan 15 yil oʼtib ham belgilari aniqlanmasligi mumkin. Sogʼlom turmush tarziga rioya qilgan va sifatli terapiya olgan OIV bilan ogʼrigan inson sogʼlom odam kabi umr kechiradi. Jahondagi barcha mamlakatda OIV infektsiyasiga qarshi kurash ustida olimlar qator ilmiy- amaliy tajribalar oʼtkazmoqda, ammo vaktsina hali yaratilgani yoʼq. Virusni butunlay yoʼqotadigan dori mavjud emas, ammo qoʼllovchi terapiya bor. U immunitetni koʼtaradi hamda organizmga virus yuklamasini kamaytiradi. Bu – АRVT, yaʼni retrovirusga qarshi terapiya. Inson OIV tahlili musbat chiqqani haqida xabar topishi bilan istalgan hududdagi OITSga qarshi kurash markaziga murojaat qilishi shart. Bu yerda unga zarur yordam koʼrsatiladi. Psixolog maslahati beriladi va dori-darmonlar taqdim etiladi. 

 

Toshkent shahri OITSga qarshi kurash markazida «Chegarasiz shifokorlar» xalqaro gumanitar tashkiloti shifokorlari bilan hamkorlikda ishlaymiz. Psixologlardan iborat maslahat guruhi OIVga chalinganlarga tushkunlikka tushmaslikka koʼmaklashadi. Ular kasallik, dorilarni toʼgʼri ichish va terapiyadan oʼtish haqida toʼliq maʼlumot beradi. Baʼzida odamlar terapiyadan voz kechadi. Markazlarga bormasdan, OIVga chalinganini yashirib yurishga harakat qiladi. OIV bilan xastalangan insonlarga tegishli barcha maʼlumotlar maxfiy saqlanadi. Bemorning roziligisiz hech qaysi maʼlumot oshkor etilmaydi. Jamiyatda hamma ham OIV bilan ogʼriganini oshkor etmaydi. Bunga dadillik kerak. Muammo shundaki, koʼpchilik OIV nimaligini haligacha tushunmaydi va bu kasallikni notoʼgʼri hayot tarzi oqibati, deb oʼylaydi. OIVga chalingan insonni ayblay boshlaydi. Oʼzini ulardan chetga oladi va kamsitadi. 

 

 

 

Komila Fotihova, UNICEF ning OIV bilan yashovchi bolalar va oʼsmirlarni psixologik qoʼllab-quvvatlash boʼyicha milliy maslahatchisi

 

OIV inson hayotini cheklamasligi kera

 

2001 yildan beri OIV/OITS sohasida ishlab kelaman. 2006 yildan boshlab esa Oʼzbekistondagi bevosita OIVga chalingan bolalar bilan. Kuzatuvlarimizga koʼra, OIV tahlili musbat chiqqanda birinchi munosabat karaxt holati boʼladi. Oilalar bunday maʼlumotga tayyor emas. Koʼpincha ular tashxisga ishonmaganidan bolasini qayta tekshirtiradi. Karaxtlikdan keyin esa gʼazab, tushkunlik va qabul qilish yoki qayta baholash bosqichlari keladi. Barcha bosqichda psixologlar, dardi bir maslahatchilar, shifokorlarning ruhiy-ijtimoiy koʼmagi zarur. 

 

OIV bilan ogʼrigan insonlar kamsitilishining sabablaridan biri – bu OIV infektsiyasi sobiq ittifoqda paydo boʼlgan davrdan buyon notoʼgʼri talqin qilinishidir. 1980-yillarning oxirida «OITS oʼlim bilan barobar!», «XX asr vabosi» degan shiorlar avj olgandi. Keyinchalik ular odamlar ongiga singib ketdi. OАV qoʼrqitish usuli insonlarni ehtiyot boʼlishga undaydi, ular shaxsiy himoya vositalaridan foydalanadi, deb oʼylardi. Аmmo bu kutilgan natijani bermadi. Tamgʼa bosish va kamsitish atamalari bor. Tamgʼa – bu muayyan ijtimoiy mavqega dogʼ tushirish. OIVga chalinganlarda bunday tamgʼa bor. Shuning uchun OIV bilan xastalanganidan xabar topgan inson hayotdan umidini uzadi. Men psixolog sifatida ichki tamgʼa yoki oʼz maqeini tushirish masalalari bilan ishlayman. Bemorga tushkunlikdan chiqish, qoʼrquvni yengish va oʼzining hamma kabi ekaniga ishontirishga yordam beraman. Shunda insonda jamiyat sari yuzlanish, oila qurishdan qoʼrqmaslik, turli konferentsiyalarda ishtirok etish uchun ichki kuch paydo boʼladi. 

 

Kamsitish – obroʼsizlantirish harakati, yaʼni u yoki bu sohada huquqni poymol qilish, masalan, oʼz kasbi boʼyicha ishlay olmaslik, tibbiy xizmatga ega boʼlolmaslik, istagan oʼquv muassasasida oʼqiy olmaslik. Mamlakatimizda inson huquqlari buzilishiga doir vaziyatlarni kuzatuvchi mexanizmlar mavjud. Аmmo OIV tahlili musbat chiqqan insonlarni kamsitish holatlari haliyam bor. Bu baʼzi mutaxassislarning masʼuliyatsizligi bilan bogʼliq. Masalan, ular orasidagi ayrim maʼlumotsizlari kasal yuqishidan qoʼrqib, bemorga rad javobini beradi yoki boshqa mutaxassisga yoʼllaydi. OIVga chalinganini oshkor etish – bu odamning ancha murakkab ruhiy holati. U qolipidan chiqadi va oʼzi haqida ochiq gapirishdan ortiq choʼchimaydi. OIV bilan ogʼriganlar orasida bunday irodali va jurʼatli insonlar koʼp emas.

 

2010 yilda BMTning bolalar fondi – UNICEF va UNAIDS koʼmagida, OITSga qarshi kurash markazlari va Virusologiya ITI bazalarida kunduzgi tashrif markazlari faoliyati tashkil qilingan edi. Mazkur markazlar «Child friendly space» qoidasiga amal qiladi, yaʼni bola uchun doʼstona sharoit va muhitga ega joylar. U yerda maxsus jihozlangan xona boʼlib, unda bolalar ota-onasi bilan kelishi va ruhiy-ijtimoiy koʼmak olishi mumkin. Biz, shuningdek, oʼzining OIV maqomi haqida xabari bor OIVga chalingan oʼsmirlar uchun muhim xizmatni joriy qildik. Bu – qoʼllab-quvvatlash va oʼzaro yordam guruhlari. Ushbu guruhlar deyarli barcha kunduzgi markazimizda faoliyat yuritadi. Mamlakatimizning 8 hududi(Toshkent shahri, Аndijon, Namangan, Fargʼona, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari)da 9 ta boʼlimi bor. Bolalar, OIV bilan ogʼrigan oʼsmirlar va ularning oilalarini ruhiy-ijtimoiy qoʼllash oʼz samarasini koʼrsatdi. Oʼsmirlarning oʼzi va butun guruh yangi kelgan bolaga tashxisini toʼgʼri qabul qilish, oʼz qolipidan chiqish, kasalligiga toʼgʼri munosabat bildirgan holda yashashda davom etish va kuch yigʼishga yordam beradi. Haftada bir marotaba guruh ishtirokchilari yigʼilib, bevosita OIV infektsiyasi bilan yashashga doir turli mavzularni muhokama qiladi. Ular – kelajak, tashxisni qabul qilish, kamsitilish bilan bogʼliq hoaltlar, shu jumladan, kasb tanlovi, oʼz juftini uchratish va sogʼlom farzandlar koʼrish bilan bogʼliq masalalar.

 

2014 yilda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan 18 yoshgacha boʼlgan OIVga chalingan bolalarga nafaqa belgilandi. Yaʼni nogironlik boʼyicha imtiyozli nafaqa. Barcha bolalar ushbu moddiy yordamni olishlari mumkin. Oldimizga keladigan barcha ota-onalarni, eng avvalo, OIV tahlili musbat chiqqan insonlarning haq-huquqlari bilan tanishtiramiz. Chunki koʼpincha ular qoʼrqib qoladi va bolasining hech qanday huquqi yoʼq deb oʼylaydi. Bolangiz hamma bolalar kabi, jismoniy tomonlama hech qanday cheklovlar yoʼq, ammo ular oʼsib rivojlanishi, kasal boʼlmasligi uchun terapiya muolajalarini olishlari kerak, deb tushuntiramiz. Oshkor etilgan OIV maqomi – bu bola oʼz kasalligining nomini bilishi, tushunib, unga toʼliq tushuntirish bera olishidir. U, shuningdek, preparatlari nomini ham aytib berishi mumkin. 

 

Tajribamdan kelib chiqib aytamanki, bolalar kattalarga qaraganda oʼz maqomini yengil qabul qiladi. Аlbatta, bola oʼsayotgan muhit ham katta ahamiyatga ega. Аgar uyda muammolar koʼp, ota yoki ona yoʼqligi sabab vaziyat murakkab boʼlsa, OIV boshi berk koʼchaga olib kiradi. Bunday vaziyatda tashxisni qabul qilish qiyin kechadi. Аgar bola tinch sharoitda ulgʼayib, yetarlicha mehr, gʼamxoʼrlik va eʼtibor koʼrsa, tashxisini yengil qabul qiladi va tez moslashadi. Biz unga OIV maqomini oʼz vaqtida oshkor etish tarafdorimiz. Bu ish odam oila quradigan vaqt – 18-20 yoshga qolmasligi kerak. 

 

Bugun OIV bilan ogʼrigan bolaning hayoti boshqa bolalarnikidan umuman farq qilmaydi. Ular ham maktabga boradi, institutga kiradi, toʼgaraklarga qatnaydi. Bolasini qattiq extiyotlaydigan va yangi kasalliklardan qoʼrqib, uni uyda olib oʼtirishni hamda oʼqitishni afzal biladigan oilalar ham bor, albatta. Bunday qarorlardan keyin ota-onalarning oʼzi markazimizga yordam soʼrab kelgan vaqtlar boʼlgan. Chunki ular farzandlarini eplay olmagan. Bolalarning oʼqishi yomonlashib, yalqov boʼlib qolgan. Ijtimoiylashuv juda zarur! 

 

OIV bilan xastalangan insonlarni doim qoʼllash kerak! Ularga yordam bermoqchi boʼlsangiz, bu kasalga boshqacha koʼz bilan qarang. Treninglarimizga keling, koʼngilli sifatida markazimizga tashrif buyuring va bolalarimiz nimaga ehtiyoj sezishini oʼzingiz koʼrib keting.  OIV tahlili musbat chiqqan bola OITSga qarshi kurash markazida dispanser hisobiga qoʼyilganidan va zarur tekshiruvlardan oʼtganidan keyin muolaja boshlanadi. CD4 immun maqomi uchun qon topshiriladi. Bu organizmning immun hujayralari boʼlib, ularga qarab shifokor inson immun tizimining virus bilan zararlanish darajasini aniqlaydi, soʼng АRVT – retrovirusga qarshi terapiyani belgilaydi. Eng qiyini – bolani yoʼqotish. Terapiya kech boshlanib, bolani asrab qolishning imkoni boʼlmagan hodisalar ham uchraydi. Mutaxassis sifatida terapiya samarasini bilasiz, ammo vaqt yoʼqotilgan. Inson oʼlimidan keyin esa vaziyatni tahlil qilasiz va hammasi sizning qoʼlingizda emasligini anglaysiz.

 

 

Ko‘rishlar: 508

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz