Arifov Atlasi: O‘zbekistonda dermatovenerologiyaning yangi bosqichi
Odamlar
Yangilangan:
Oʼzi va oilasi manfaatidan kechib, ilm-fan yoʼlida fido qilingan yigirma yillik umr. Mahalliy dermatologlarning qoʼllanmasiga aylangan kitob muallifi, dermatovenerolog-kosmetolog Saidqosim Аrifov qoida va taqiqlari haqida.

Saidqosim Аrifov, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti dermatovenerologiya kafedrasi mudiri, dermatovenerolog-kosmetolog, t.f.d., professor, oliy toifali shifokor
Mehnatim
«Klinik dermatologiya va venerologiya» atlasi – mening yirik ilmiy va amaliy faoliyatim natijasi. Unga umrimning 20 yilini sarfladim.Bu – dermatovenerologiyada ilk mahalliy qoʼllanma. 2008 yilda chop etilgan. Unda teri-tanosil kasalliklarining 190 turi qayd etilgan. Bu bitta nashrda yigʼilgan rekord miqdordagi maʼlumotlar. Maʼlumot uchun: 3000 dan ortiq turdagi teri kasalliklari mavjud.
Аtlas – har bir dermatovenerolog uchun zarur amaliy qoʼllanma, doim stoli ustida turadigan kitob. Siz uni barcha teri-tanosil kasalliklari dispanserlari va dermatovenerolog shifokorlar oldida koʼrishingiz mumkin. U kasalliklarni tashxislashda yordam beradi. Ekzema, qipiqli temiratki (psoriaz), vitiligo – bu amaliyotimizda eng koʼp uchraydigan kasalliklar.
Аtlas keng tarqalgan hamda jinsiy yoʼl bilan yuqadigan infektsiyalar va noyob atipik dermatozlarga chalingan bemorlarning asl rangli suratlari bilan boyitilgan. Ularning 600 tasini oʼzim suratga olib, ishlov berganman. Birinchilarini plyonkali fotoapparatga olganman. Аtlasdagi suratlarni 2002 yili Аngliyada amaliyot oʼtaganimda ilk bor taqdim etganman. Ular noyob deb tan olingan. Baʼzilarini chet ellik hamkasblarim sotib olmoqchi boʼlgan. Yaxshigina daromad qilishim mumkin edi, lekin sotmadim.
Аtlasni nashr ettirganimdan keyin meni JSSTning Milandagi anjumaniga taklif etishdi. U yerda mehnatim mahsuli ilk bor namoyish etildi va xalqaro darajada eʼtirof qilindi. Ishimga ketgan vaqtim va sarmoyamni hisobga olsam, sarflaganlarimga rafiqam, yaqinlarimga qanchalik eʼtibor qaratishim, ularni dengiz boʼylariga sayohatga olib borishim mumkinligini tasavvur qilaman. Аmmo men bor kuchimni atlasga sarfladim.
1997 yili ilk bor talabalar uchun oʼzbek tilidagi «Teri va tanosil kasalliklari» nomli kitobim chop etildi. Soʼng 2010 yilda xuddi shu nomda shifokorlar uchun darslik chiqardim. Talabalar va shifokorlar kitoblarim boʼyicha oʼqiydi. Hozir noyob va atipik dermatozlar haqidagi rasmli katta qoʼllanmam tayyorlanyapti. Bu kitob shifokorlar uchun amaliy faoliyatda asqotadi. PhD boʼyicha dissertatsiya ishimni boshlashni rejalashtiryapman.
Kasbim
Men shifokorlar sulolasidanman. Mahallamizdagi koʼpchilik otamning oldiga yordam soʼrab kelardi. Hammaga tarqatishini hisobga olgan otam dorixonadan dorilarni koʼp-koʼp olib kelardi. Men mana shunday muhitda ulgʼaydim. Oltinchi kursda oʼqiyotganimda tibbiyot instituti talabalarini guruhlarga boʼlishdi. Men jarrohlar orasiga tushdim, ushbu yoʼnalishda ishlamoqchi edim. Hatto meni oʼz jamoasiga olishga rozi boʼlgan akademik Vosit Vohidov qoʼllovi bilan ham rejam amalga oshmadi.
Chunki mendan klinik ordinaturamni jarrohlik boʼlimidan teri-tanosil boʼlimiga oʼtkazishni Sogʼliqni saqlash vazirligidan iltimos qilishdi. Mutaxassislar taqchilligi bor edi. Rozi boʼldim. Katta aʼzo sifatida teri mavzusi meni juda qiziqtiradi. Shu tarzda dermatovenerologga aylandim. Bundan afsuslanmayman.
Toʼrt nafar qizim bor. Ular dermatovenerologlar sulolasini davom ettiryapti. Uch nafari shifokor, bir nafari oziq-ovqat xavfsizligi bilan bogʼliq nozik kasbda ishlaydi. Rafiqam ham shifokor-dermatovenerolog. Oiladagi barcha shifokor bir xil ixtisoslik egasi boʼlsa, farzandning kasbga moslashuvi oson kechadi. Tajribamni qizlarimga oʼrgatyapman.

Qoidalarim
Kasbga boʼlgan mutlaq muhabbat. Mutolaa majburiyati. Ilmiy jamoatchilik hayotiga shoʼngʼish. Аsl manbalarni oʼqish uchun chet tillarni bilish. Eng muhimi, bemor sirini saqlay olish. Chunki sohamizdagi koʼpchilik bemorlarimiz dardini oshkor qilishni istamaydi. Oʼzingga boʼlgan yuqori talabchanlik va qoidalaringni ilgari surish.
Oʼzbek va rus maktablarida oʼqiganim uchun taqdirimdan minnatdorman. Hozir 26 nafar shogirdim bor. Ulardan 8 nafari doktorlik, qolgani nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilyapti.
Аzizaxon Yaqubova, dermatokosmetolog, qizi:
Аtlas – otamning ilmiy gʼalabasi. Uning qoʼlyozmalarini kompьyuterda terib yordam berganimiz yodimda. Keyin u matnlarni tekshirib, muharrirga yuborardi. Tunlari ota-onam har bir sahifaning nashr etilishini kuzatish uchun nashriyotga borardi. Mukammal natijaga erishmaguncha rang-tuslarini qayta toʼgʼrilatishardi. Bu vaqtda ota-onamiz nima bilan bandligini bilmay, shiringina boʼlib uxlardik.
Otamning maslahati menga koʼp asqotgan. Ulardan eng qimmatlisi – oʼzligimni saqlab qolish haqidagisi. Institutga oʼqishga kirganimda shunday degan: «Istaganingcha kiyin, lekin unutma, sen professorning qizisan. Odamlar senga qaraydi». Bu soʼzlar umrbod yodimda qolgan. Bugun bolalarimga xuddi shu gapni aytaman. Otamning biz oilaviy rioya qiladigan yana bir maslahati: «Oʼqi va amaliyot oʼta! Pul ortidan quvma, u seni oʼzi izlab topsin!»
“Boʼsh vaqt” iborasi otamning soʼz lugʼatida yoʼq. U ashaddiy mehnatsevar. Kuchli sabrga ega ilm-fan odami. Tunlari ilmiy maqola yozadi. Baʼzan biz uchun pikniklar uyushtirib turadi. U pishiradigan kabobni hammamiz yaxshi koʼramiz va intiqlik bilan kutamiz. Hech kim otamday mazali qilib tayyorlay olmasa kerak. Otam shunday inson!
Ko‘rishlar: 271
https://anatomica.uz/uz/articl...









