Instagram haqida stomatologlarga 5 savol

Odamlar

Yangilangan:

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p sonli obunachiga ega bo‘lish har doim ham shifokorning mahorati, chuqur bilimga ega ekanini bildiravermaydi. Xo‘sh, unda kimga ishonish kerak? Biz Instagram qahramonlari bilan birga ularga 5 ta savol bilan murojaat qilgan holda ushbu masalaga aniqlik kiritishga harakat qildik: 1.Akkauntingizni o‘zingiz yuritasizmi yoki mutaxassis xizmatidan foydalanasizmi? 2.Ijtimoiy tarmoqlar ko‘proq bemor jalb qilishda yordam beradimi? 3.Sizningcha, ijtimoiy tarmoqlarni yuritish va mediaviylik – shifokorlar uchun zamon talabimi? 4.«Yaxshi shifokor reklamaga muhtoj emas» degan iboraga munosabatingiz qanday? 5.Foydali kontentni tayyorlashga ko‘p vaqt sarflaysizmi? Javoblar quyidagicha bo‘ldi…

 

 

Avazxon Sadikxadjayev, stomatolog-ortoped, @dr_sadikhadjaev

 
 
1. Hozir Instagramdagi sahifamni o‘zim yuritaman. Ilgari SMM mutaxassisi xizmatidan foydalanganman. Ammo o‘zimdan boshqa sahifamni yaxshiroq yurita olmasligiga amin bo‘ldim. Chunki har kimning o‘z muomala uslubi bor. Qolaversa, tor ixtisoslik egasiman, sahifani esa har sohaning mutaxassisi yuritgani ma’qul. 
 
 
2. Bugun davr bilan birga qadam tashlaydiganlar yutadi. Inson nimani olishni istasa – buyummi yoki xizmat – kerakli maʼlumotlar, munosabatni internetdan izlaydi. Shubhasiz, ijtimoiy tarmoqlar bemorlarga sifatli xizmatni topishga, shifokorlarga esa ko‘plab insonlarga chiroyli tabassum ulashishga imkon beradi.
 
 
3. Odamlar televizor ko‘rmay qo‘ydi, gazetalardagi eʼlonlarni deyarli o‘qishmaydi, ko‘chalardagi stikerlar esa nafaqat foydasiz, balki shahrimiz ko‘rkiga dog‘ tushiradi, xolos. Shunday bo‘lgach, odamlar professionallar haqida yana qayerdan bilishi mumkin? Faqat ijtimoiy tarmoqlar orqali.
 
 
4. Reklama barcha yaxshi shifokorlarga kerak. Salomatlik birinchi uchragan shifokorga tavakkal qilish degani emas. Reklama – ishingiz va yutuqlaringizni ko‘rsatish uchun yaxshi usul.
 
 
5. Tig‘iz kun tartibi tufayli har doim ham yetarli vaqt ajratolmaysiz, ammo men kuniga, hech bo‘lmasa, 30 daqiqamni sahifam ajratishga harakat qilaman.

 

 

 

 

Surayyo Baxadirxanova, stomatolog-ortoped, implantolog, @dr.surayyo

 

1. Instagramdagi sahifamni 2018-yildan beri mustaqil yuritaman. Gohida o‘ta qattiq charchoq, gohida yuqori faollik holati bo‘lib turardi. Bir kuni SMM menejeri xizmatidan foydalanishga ahd qildim, ammo o‘zim mutaxassis sifatida sahifamda kamnamo bo‘lib qolganimni sezdim. Keyin bu kabi xizmatlardan voz kechdim.

 

2. 2019-yili xususiy klinika ochdim va bir guruh shifokorni jamoamga ishga oldim. Ular o‘z sahifasini faol yurtigan. O‘shanda ijtimoiy tarmoqlar rosa yordam bergan. Ilk bemorlar jalb etildi, klinika mashhur bo‘ldi va odamlarning ishonch orta bordi.

 

3. Har bir sahifa va har bir inson individual. Agar sahifani chiroyli va savodxonlik bilan yuritishga xohish bo‘lsa, bemalol. O‘zim baʼzi shifokorlarning  Instagram tarmog‘idagi sahifalarini ishtiyoq bilan kuzataman. Ammo odamlarni tibbiyotga oid hazilnamo roliklar orqali jalb qilishayotganini oqlamayman. Eng yomoni, bemorlar ularning qabulida soatlab navbatda turadi. 

 

4. Muloqotga kirishuvchan, o‘z ishini sifatli bajaradigan savodli shifokorning minnatdor bemori har qanday reklamadan samarali. «Og‘izdan og‘izga» o‘tish anʼanasini ham hech kim bekor qilmagan. 

 

5. Boshida qiyin bo‘lgan, bitta video syomkasi kamida 10 ta dublda olinardi. Bugun men uchun bu ish qiyinmas. Postlarni yozish biroz murakkab, fikringizni savodli tarzda yetkazib berishingiz, kerakli maʼlumotlarni yig‘ishingiz, maʼlum bir formatda qisqartirishingiz kerak. 

 

 

 

Farhodjon Usmonov, stomatolog-ortoped, implantolog, @dr.farkhod_usmanov

 

1. Professionallarga ko‘proq ishonaman. Aytmoqchi bo‘lganim, butun kontentim muallifi o‘zimman, yaʼni postlar va hikoyalardagi maʼlumot ustida shaxsan o‘zim ishlayman. Dizayn va bezak borasida SMM menejerlari yordam beradi.

 

2. Tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkin: agar shaxsiy brendni yaratishga aql bilan yondashilsa, ko‘plab bermorlarni jalb etish mumkin.

 

3. Yangi texnologiyalar va onlayn dunyoda shifokorlar zamon bilan hamnafas ishlashi kerak, deb o‘ylayman. Bugun ko‘p odamlar ushbu platformalarga jalb etilgan, bemorlar ijtimoiy tarmoqlarda shifokorlarning profilini izlaydi. Ularning mavqeyi haqidagi fikrlar bilan qiziqadi, o‘zlari ham izoh qoldiradi. 

 

4. Yaxshi shifokor haqidagi yangilik asosan bemorning qarindoshlari orasida tarqaladi. Butun jamiyatga yoyilishi dargumon. Yaxshi shifokorlar haqida shaharning istalgan nuqtasida xabar topishlari uchun ijtimoiy tarmoqlarning barcha imkoniyatlaridan foydalanish kerak.

 

5. Foydali post yozish yoki video tayyorlash ko‘p vaqt olmaydi, lekin bemorlarga nozik masalalarni oddiy so‘zda tushuntirib berish oson emas. Bu borada menga jamoam yordam beradi. 

 

 

 

Oybek To‘lqunov, stomatolog, endodontist, @oybektulkunov

 

1. SMM xizmatidan foydalanmayman. Hozir ko‘pchilik SMM yordamida mashhur bo‘lmoqda, lekin hamma joyda bir xil kontent ketayotganini sezdim. Ijtimoiy tarmoqdagi har bir sahifa o‘ziga xos va shaxsiy bo‘lishi kerak.

 

2. Shubhasiz, ijtimoiy tarmoqlar bemorlarni jalb qilishda yordam beradi.

 

3. Ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lmagan, lekin bemori ko‘p stomatologlarni bilaman. Ular asosan katta yoshli shifokorlar. Ilgari ijtimoiy tarmoqlar bo‘lmagan, shifokorlar nomi bemorlar orasida og‘izdan og‘izga o‘tib mashhur bo‘lgan. Bugun davr o‘zgardi. Nazarimda, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini tanitish shifokorlar uchun zarur.

 

4. Bugun mutaxassislar ko‘p, lekin har birining davolash usuli har xil. Xo‘sh, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanib o‘zini va bemorlarga yondashuvini tanitishning nimasi yomon? Bejiz zo‘r usta bo‘lguncha nomi chiqqan usta bo‘lgin, deyishmaydi. 

 

5. Perfeksionist bo‘lganim tufayli biror post yoki videokontentni tayyorlayotganimda har bir mayda detaligacha eʼtibor beraman. Bu ko‘p vaqtimni oladi. 

 

 

 

Shirin Ataxanova, stomatolog-ortoped, @dr_shirin_atakhan

 

1. Boshida Instagram qanday ishlashini, nima dolzarb ekanini bilish uchun SMM targ‘iboti bo‘yicha mutaxassislarga murojaat qilardim. Bugun to‘liq o‘zim yuritaman.

 

2. Instagram chindan ham samara beradi. Bu yerda ishingizni ko‘rsatishingiz, har bir qiziq hodisa haqida so‘zlab berishingiz mumkin. Odamlar ko‘rib, o‘qib, o‘zidagi belgilar bilan solishtirib ko‘radi va shundan keyin murojaat qilib, qabulga yoziladi.

 

3. Ijtimoiy tarmoqlar nafaqat bemorlarni jalb qilish, balki shaxsiy brendni yaratish, insonlarga foyda keltirish uchun ham xizmat qiladi. Balki postlarni o‘qigach, odamlar tishini yaxshiroq tozalar, gigiyena qoidalariga mukammal rioya qilar. 

 

4. Ilgari men ham yaxshi shifokorga reklama kerak emas, deb o‘ylardim. Ammo bugun savodli mutaxassislarning ishining natijasini odamlarga ko‘rsatish kerak. Ammo men obunachilarim sonini sunʼiy oshirish uchun hech qachon reklama joylamaganman. Son uchun kurashmayman, menga auditoriyaning sifati, ularning munosabati, menga professional sifatida ishonchi muhimroq.

 

5. Men doim o‘zimni qo‘lga olishga va blogimni asoslar bilan boshlashga harakat qilaman, ammo vaqtim rosa kam. Baʼzida qiziq voqea haqida post yozish, video olish uchun ilhom keladi, lekin keyin o‘z ishimga sho‘ng‘ib ketaman. 

Ko‘rishlar: 371

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz