Baxtiyor nigoh: har xil rangli ko‘z bilan yashash qanday
Odamlar
Yangilangan:
Geteroxromiyasi bor insonlar dunyoda atigi 1 foizni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich juda kamdek go‘yo. Ammo biz Toshkent shahrida ana shunday 7 nafar odamni topishga muvaffaq bo‘ldik. Ulardan atrofdagilarning munosabati, hech sog‘lig‘idan tashvishlanganmi, har xil rangli ko‘z bilan yashash qanday ekani haqidagi savollarimizga javob oldik.

Elnora Azamova, HR direktor
Meni doim o‘zgacha deb hisoblashgan. Ko‘zim esa odamlarni hech qachon cho‘chitmagan, aksincha, maftun etgan. Bolaligimda ustimdan kulishardi, sinfdoshlarim jodugar derdi… Ko‘p vaqt davomida geteroxromiyani yashirish uchun rangli linza taqqanman. Ulg‘aygach, bu mening ajoyib xislatim ekanini tushunib yetdim va ko‘zimning rangini yoqtirib qoldim.

Anna Korneychuk, arxitektor
Bolaligimda onam xavotirlanib meni har xil shifokorlarga olib borganini eslayman, ammo ularning barchasi bir ovozdan «Bu normal holat», deb uqtirardi. Bugun odamlar ko‘zim haqida savol bersa, o‘ziga xosligim va betakror ekanimni his qilaman.

Tigran Erdman, buyumlar dizayneri
Ko‘zim rangini o‘zgartirish taklif qilinsa ham bunga aslo rozi bo‘lmayman. Qizig‘i, baʼzi odamlar men bilan uzoq vaqt davomida gaplashib yurib ham geteroxromiyam borligini sezmaydi. Bu holat menga omad keltirish-keltirmasligi haqida odamlar ko‘p so‘raydi. Menga qolsa, bu – xurofot. Insonning o‘zi qanday ekani muhim, ko‘zining rangi bir xil yoki har xilligining ahamiyati yo‘q.

Rinata Gilsheva, bolalar psixologi
Ilgari uyalardim. Kunduzi odamlardan nigohimni olib qochishga harakat qilardim. Ammo yoshim ulg‘aygach, atrofdagilarning eʼtibori menga hatto yoqa boshladi. Bugun bolalar bilan ishlayman, ulardan baʼzisi ko‘zimning rangi har xil ekanini sezadi va hayrat bilan so‘rab-surishtiradi.

Yekaterina Krasnouxova, uy bekasi
13-sanada, yana har xil rangli ko‘z bilan tug‘ilganman. Odamlar qo‘li bilan ko‘rsatar, ortimdan gapirardi. Menga nimadir bo‘lgan deb o‘ylardim… Ammo vaqti kelib atrofdagilardan xushomad eshita boshladim. Meni fotosessiyalarga chaqirishdi. Shunda bu xususiyatim meni boshqalardan ajratib turishini va hech kimnikiga o‘xshamaydigan maqom berishini anglab yetdim.

Georgiy Gevorkyan, menejer
Nigohingda cho‘kib ketish mumkin, deyishadi… Bolaligimda do‘stlarim hazillashib meni “xaski”, deyishardi, lekin men xafa bo‘lmasdim. Men o‘zimni boshidanoq qanday bo‘lsam, shundayligimcha qabul qilganman. Odamlar kichikligimda mendan bu kasallikmi, deb so‘rashganda, albatta, xafa bo‘lardim, ko‘nglim buzilardi. Modellik agentligiga ishlashga kelganimda esa menga ajoyib farqli jihatim borligini aytishdi.

Oksana Axmedova, turoperator
Bolalar bog‘chasida barcha savollarga “Bir ko‘zim onamniki, ikkinchisi dadamniki”, deb javob berardim. Bu chindan ham shunday! Onamning ko‘zi ko‘k, otamniki jigarrang. Dunyoda atigi 1 foiz odam shunday ko‘z bilan tug‘iladi, demak, men ham o‘zgachaman! Ko‘zim turli munosabatlarga sabab bo‘ladi: zavq-shavq, hayrat, maftun bo‘lish… Bir so‘z bilan aytganda, befarqlar yo‘q!
Ko‘rishlar: 357
https://anatomica.uz/uz/articl...









