Chandiqlari bo'lgan odamlarning bir umrga tatigulik 9 hikoya

Odamlar

Yangilangan:

Har bir chandiqda ogʼriq yashirin, biroq u baʼzida baxt, muhabbat va minnatdorlik ramziga aylanadi. Bir umrga tatigulik 9 hikoya.

 

 

Bella Gataulina, «DJ BELLA»

 

"Men butun umr sahnada ishlashni orzu qilganman. Va yuzimda sezilarli nuqson boʼlsa-da,bu orzumga yetdim. Ishonchim komil, chandigʼim boʼlmaganida, butunlay boshqa inson boʼlar edim..."

 

 

Toʼrt yoshimda meni it tishlagan va oʼng yuzim koʼzimdan lablarimga qadar yirtilgan. Bu koʼrinishimda meni hech kim yaxshi koʼrmasligidan onamga shikoyat qilar va siqilar edim. Аjablanib qarovchi nigohlar taʼqibi, atrofdagilarning mazaxlari ostida yashardim. Bu holat kuchayib borardi. Faqat oʼzimni borimcha qabul qilib, yaxshi koʼrgachgina ruhimda erkinlik sezdim va chandigʼimdan uyalmay qoʼydim. Respublika estrada-tsirk kollejining xoreografiya yoʼnalishini tamomladim, kino, reklama, kliplarda suratga tushib, xalqaro kompaniya yuzi boʼldim, guruhda kuylab, dijeyga aylandim. Endi odamlar menga qarab kulmaydi, balki qoyil qoladi.

 

 

 

Аnna Babich-Аvanesova, prodakt-menejer «Vegapharm»

 

"Chandiq – tanam va hayotimdagi muhim detalь. U bilan har doim hisoblashishga majburman: kiyinish va ovqatlanishdan tortib, toʼrt yostiqda uxlagan holatimda ham".

 

 

Odamlarning aytishicha, archaga oʼxshar ekanman. Yana qanday deng? Qiyshiq, qoʼrqinchli, oʼsishni istamaydigan archaga. Tanamdagi chandiqlar yaqinlarim jasorati uchun berilgan nishon kabidir. Kasal boʼlganimda ular koʼp qiyinchilik koʼrdi. Oilaviy shifokorman, tibbiyot akademiyasida dars ham berganman. 2007 yilda homilador paytim ichak tutilishi tufayli jarrohlik stoliga yotdim. Toʼrtta operatsiyani boshdan oʼtkazdim. Homilam narkozni koʼtara olmay nobud boʼldi. Shifokor ichakni operatsiya qilish jarayonida bachadonimga ham zarar yetkazgan, ammo indamagan. Yana operatsiya qilishdi va bachadonimning bir qismi hamda 4,5 metr ichagimni olib tashlashdi. Harbiy gospitalda davolandim. Bir necha yil oʼtib, oʼgʼilli boʼldim. U quyib qoʼygandek oʼzim.

 

 

 

Jasur Xudoyberdiev, «FlyinUp» rok guruhi vokalchisi, «GGC Unno» reklama agentligi kreativ direktori

 

"Tashqi koʼrinishing ahamiyatga ega emas. Unda mohiyat ham yoʼq. Sen – yuzing va tanang emassan, sen – bu xulq-atvoring, xarizmang, atrofdagilarga muhabbatingdir". 

 

 

Toʼqqiz yoshda edim. Onam ikkimiz qishki mavsum uchun konserva tayyorladik. Baqlajon ikrasi bankalarini yertoʼlaga tashiyotganimda qoqilib yiqildim. Banka sinigʼi chap yuzimni teshib kirgan. Qattiq qoʼrqib ketganman – oʼlib qolaman, deb oʼylaganman. Yuzimga 12 ta chok tushgan. Oʼsha kuni uch haqiqatni anglaganman: men oʼlimdan qoʼrqmayman, onamni juda yaxshi koʼraman, ogʼriqqa chidasa boʼladi. Maktabda meni doimo qoʼllab-quvvatlagan sinfdoshlarim va sinf rahbarimdan minnatdorman. Аtrofdagilar chandigʼimga unchalik eʼtibor qaratmagani tufayli oʼzim ham yangi koʼrinishimga eʼtibor bermay qoʼyganman.

 

 

 

Валерия Бюйюр, бухгалтер, жараёнларни оптималлаштириш бўйича маслаҳатчи 

 

"Соғайгач, кўп нарсани тушундим, ҳаётга муносабатимни қайта кўриб чиқдим. Ортиқ ҳеч нарсани «шарт» ва «кафолатланган» деган маънода қабул қилмайман".

 

Ўзбекистонда пайтим танамдаги бу «қашқа»га эътибор бермаганман, Нидерландияда эса шифокорга боришни маслаҳат беришган. Танамдаги хол меланомага айланган. Яшаб қолиш имкониятларини белгилаб берувчи операцияни узоқ кутдим. Ўша пайт ҳаётимдаги энг даҳшатли давр эди, шукрки, ҳаммаси яхши ўтди, бунинг учун тақдирдан миннатдорман. Илгари чандиғимни кўрсатишдан уялардим. Уни қандай орттирганим барчага қизиқ эди. Ҳозир хижолат бўлмайман. Узун енгли кийим кияман. Уялганимдан эмас, инсоляциядан ҳимояланаман, офтобда қорайиш хавфли. Чандиқлар – қийинчиликларни енга олишим белгисидир.

 

 

 

Diana Sodiqova, xususiy tadbirkor

 

"Chandiq ona ekanimni eslatib turadi. Men baxtliman".

 

 

Koʼrish qobiliyatim yaxshi emas, homilador paytimda yanada yomonlashdi. Shu bois kesarcha kesish amaliyotiga ishim tushdi. Tugʼuruqdan oldin shifokordan choklarni kamroq va chiroyliroq tikishni iltimos qildim. Tuqqanimning uchinchi kuni hayotimda keskin burilish boʼldi – chandigʼimni koʼrib dahshatga tushdim. Lekin sekin-asta koʼnikdim. Ikkinchi bor kesarcha kesishdan soʼng chandiqqa qaramay qoʼydim. Uchinchisidan keyin esa – bu mening oʼzimga xos tomonim ekanini angladim.

 

 

 

Dilya Yusupova, yuz-jagʼ sohasi jarrohi, Toshkent davlat stomatologiya instituti estetik reabilitatsiya boʼlimi mudirasi

 

"Men hech qachon chandigʼimdan uyalmaganman, chunki dadam doimo chiroyli ekanligimni takrorlardi".

 

 

Taxminan oʼn yoshda edim. Аkam bilan quvlashmachoq oʼynayotib, poldagi elektr plitasida turgan choynakka kolgotkam ilinib qolgan. Oyogʼim toyib, toʼkilgan qaynoq suv ustiga oʼtirib qolganman. Shundan keyin qichqiriq, shovqin, shifoxonadan boshqasini eslay olmayman. Uch-toʼrt oy yura olmadim. Keyin uzoq muddatli reabilitatsiya davri, bogʼlamlar, Moskvadagi bir qator plastik operatsiyalar.
Ota-onam oyoqlarimni hech qachon yashirmagan, kalta yubkalar, paypoqlar kiydirishgan. Men chandigʼimni tanamning bir qismi sifatida qabul qildim. Maktabda sinfdoshlarim ortiqcha savollar bermagani, dilimni ogʼritmagani uchun minnatdorman.

 

 

 

Dmitriy Goroshko

 

"Chandigʼimdan uyalmayman, chunki u menga juda qimmatga tushgan. Bu bir umrga tatigulik hikoya – bir shifokorning masʼuliyatsizligi oqibatidir".

 

 

Sakkiz oyligimda Toshkentdagi shifoxonalardan birida menga gepatit V ni yuqtirishgan. 15 yoshimda jigar sirrozi boshlandi. Davolash vaqtida gepatit D ni ham yuqtirishgani uchun sirroz oxirgi bosqichiga yetib keldi. Meni faqat jigar koʼchirib oʼtkazish operatsiyasi qutqarishi mumkin edi. Imkoniyat – milliarddan bitta. Frantsiyadagi klinikalardan biri yaqinlari ruxsati bilan oʼlgan donorning jigarini koʼchirishga rozi boʼldi. «Jahannam»ga tushib qolganday edim goʼyo. Donor kamida 1100 parametr boʼyicha mos kelishi kerak. Yetti oydan keyin operatsiya qilishdi. Oldiniga tanamda boshqa inson aʼzosi borligiga koʼnikish qiyin kechdi. Hayot uchun kurash hali-hanuz davom etmoqda.

 

 

 

Lola Islomova, Anhor.uz sayti bosh muharriri

 

"Maktabda atom urushi paytidagi xavfsizlik qoidalari oʼrgatilgan, biroq oshxonadagi xavfsizlik choralarini uqtirishmagan".

 

 

Bolaligimda oʼta harakatchan va mustaqil boʼlganman. Oʼn yoshligimda choy damlayotib, ustimga qaynoq suv toʼkilib ketgan. Chandiq meni jismonan chegaralamaydi, shuning uchun hech qachon noqulaylik sezmaganman. Koʼpchilik boshqalardan ajralib turuvchi insonlarga qiziqadi, chandiqli inson esa oʼzgalar eʼtiborini oson tortadi. Аfsuski, yonidan oʼta turib, oʼzini koʼz tashlamaslikka «majbur qilish» madaniyatimizga xos emas. Odamlarimiz bunga oʼrganmagan, lekin men bundan xafa emasman.

 

 

 

Nargiza Sidiqova, «Пчелки по уборке» maʼmuri

 

"Chandiqlarimga qaraganimda tirikligim, farzandlarim kamolini koʼrib turganimdan shodlanaman".

 

 

2013 yil oxirida koʼkragimda qattiq bezni sezib qoldim. Oʼsimta ekan. Davolana boshladim: kimyoterapiya, gormonlar, operatsiya. Shifokorlar koʼkragimning bir qismini olib tashlab, tiklash uchun belimdan toʼqima olinishini aytishdi. Keyin yana nur va kimyoterapiya. 25 kg ortiqcha vazn toʼpladim, ammo eng asosiy maqsad tirik qolish edi, chunki ikki nafar bolam bor. Hayotga muhabbat oldida chandiqlar arzimaydi. Muhimi, tirik va sogʼman.

Ko‘rishlar: 539

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz