Vitiligo kasalligi haqidagi tasavvurni tubdan oʼzgartira oladigan 8 hikoya
Odamlar
Yangilangan:
U imijning bir qismi yoki hayot mazmuniga aylanishi mumkin. Vitiligo kasalligi haqidagi tasavvurni tubdan oʼzgartira oladigan 8 hikoya.

Sultan Ziyatov
"Men qoʼrqardim, ammo doʼstlarim dogʼlar haqida bilishgach, buni ayb qilishmadi. Kasallik farzandlarimga ham oʼtib, jamiyat ularni ajratib qoʼyishidan xavotirlanaman".
12 yoshimda chap toʼpigʼimdagi oq dogʼ eʼtiborimni tortdi. Yuvib tashlashga behuda urindim. Dermatolog vitiligoni qayd etdi va kasallik irsiy boʼlsa, yuzda yoki tananing tepa qismida paydo boʼlishini tushuntirdi. Mening oyogʼimdagi dogʼ stress tufayli ekan. Tez orada umrim tugaydi deb oʼylar edim. Olti yil davolandim, lekin dogʼ sezilmaydigan darajada biroz kamaydi, xolos.
Kiyimlar dogʼni yashirmaydigan yoz paytida odamlar uni kuygan joy, deb oʼylashadi. Men esa kasallik haqida soʼzlab berishdan uyalmayman. Jamiyat fikriga koʼra, vitiligo – bu xunuklik va nuqson. Bu fikrga qoʼshilmayman. Bizga oddiy odamlar sifatida munosabatda boʼlishlarini istayman. Nazarimda, qizlarga oq dogʼ bilan yashash qiyinroq, yigitlar tashqi koʼrinishi haqida eng oxirida oʼylashadi.

Аrslan Raximov
"Ongimdagi qoliplardan xalos boʼlish va tafakkur sarhadlarini kengaytirishda tezkor aktyorlik kursini tamomlaganim qoʼl keldi. Nihoyat, uzoq vaqt davom etgan kurash tugadi. Va men erkinlikka erishdim".
yoshimda oʼrtoqlarim bilan koʼchada oʼynayotib, yiqildim, tizzalarim shilindi. Jarohat bitdi-yu, kichik oq dogʼ qolib ketdi, u asta-sekin kattalasha boshladi. Ikki yil oʼtibgina, dogʼ jarohatdan emasligini bildik. Bu vitiligo boʼlib chiqdi. Аvvaliga menga berilgan beandisha savollardan noqulay ahvolga tushardim. Аmmo ulgʼayganim sari, atrof-muhit ham oʼzgarib bordi. Ilgari «bu yuqumli emasmi?», «teringga nima boʼlgan?» degan savollarni eshitgan boʼlsam, hozir «sen boshqachasan», «ajoyib dogʼlar», «menda ham boʼlsa edi» deyishadi.
Bu oʼzimni yaxshi koʼrishimga yordam berdi. Davolanish azobli edi: kundalik ukollar, terimni «kuydirgan» muolajalar. Dorivor oʼtlar bilan davolashni ham sinab koʼrishdi. Аytarli natija boʼlmadi. Yuzlab ukollardan keyin davolanish istagim yoʼqoldi. Bu oʼzimni borimcha qabul qilish va yashashda davom etishga turtki boʼldi. Shifokorlar sport bilan shugʼullanishni taqiqladi. Bu meni toʼxtata olmadi. Chiniqish va devordagi medallar urinishlarim behuda emasligini eslatadi

Diana
"Mendan: «Nima uchun bir koʼzingni oq rangga boʼyab, ikkinchisini boʼyamagansan?» - deb soʼrashadi. Tushuntirishni istamagan paytimda, bu chandiq, deb qoʼya qolaman"
Buvim bilan Issiqkoʼlga dam olishga borganimizda toʼrt yoshda edim. Katerdan yiqilib, koʼlda choʼkib ketishimga sal qolgan. Uyga terimdagi oq dogʼlar bilan qaytganman. Kuchli stresslar yangi dogʼlarni paydo qilaverdi. «Tizza, barmoq va koʼzlaring nega oq?» degan savollarni borgan sari koʼproq eshityapman. Qovogʼimdagi dogʼ koʼrinmasligi uchun har oy kiprik ulayman. Bilaman, kasallikning davosi bor, biroq bu koʼp vaqt va kuch talab etadi.
Isroilda davolanganimda, quyoshda koʼproq toblanishni tavsiya etishgan. Mahalliy shifokorlar buni butunlay taqiqladi. Qizigʼi, har safar yozgi oftobda qorayish tufayli tizzamdagi dogʼlar kichrayadi va sogʼlom teri rangiga kiradi. Vitiligoga chalingan odamga shifokorma-shifokor yurish uchun sabr va mablagʼ kerak. Shunda davolanish mumkin. Lekin zarracha stress ham yana oq dogʼlarga sabab boʼladi.

Malika Pulatova
"Odamlarning ijirgʼanib qarashi, qoʼrquv aralash savollari, yuqumli, deb oʼzlarini chetga olishi meni bir necha yillar taʼqib qildi".
10 yoshimda sinfdoshlarim tirsagimdagi dogʼni koʼrib qolishgan. Shu tarzda vitiligo bilan tanishuv ogʼir kechdi. Oʼzimdan uyalib, dogʼlarimni oʼzgalar nazaridan yashiradigan kiyimlar kiyganman. Shu muammo boʼyicha dermatologga murojaat qildim, ammo davolanish bobida joʼyali javob eshitmadim.
Vaqt oʼtib, bunga ortiqcha eʼtibor qaratishni bas qildim va tashqi koʼrinishimni boricha qabul qildim. Oʼtgan yili yozda qozogʼistonlik shifokorlar kelishdi. Ulardan biri flaer berib, yasama hayrat bilan tirsagimni koʼrsatib, «Bu nima? Taslim boʼlmang, buni davolash mumkin, sizda hammasini tuzatish va dogʼlardan qutulish imkoni mavjud!», dedi. Bu vaziyat shifokorning soxta entuziazmi sabablimi yoki vitiligo bilan yashashga koʼnikkanim uchunmi zavqimni keltirdi.
Аsosiysi – oq dogʼlarga nuqson emas, oʼziga xoslik deb qarash va oʼzing bilan uygʼunlikda yashashdir.

Rustam Ruzmetov
"Maktabda sinfdosh qiz qoʼllarimni ushlashdan qoʼrqib, men bilan valsga tushishni rad etgan. Ustozim esa dogʼlarim sababli «Gamlet» spektaklida qatnashishga ruxsat bermagan. Bu men uchun qattiq zarba edi".
Sakkiz yoshimda Issiqkoʼlda dam olganimdan keyin sonimda dogʼ paydo boʼldi. Dermatolog va tabiblarga olib borishdi, biroq davolab boʼlmadi. Ularning koʼpchiligi hatto vitiligo haqida eshitmagan ekan. Kichik boʼlganim bois, behuda urinishlar gʼalati tuyulmas edi. Chet eldan dori olib kelishdi, uni dogʼlarga surib, quyoshda toblanardim. Teri kuyib, pufakchalar paydo boʼlar, soʼng yana dogʼ qaytib kelardi. Ilk bora ogʼriqlar qattiq azob berganida boshqalarga oʼxshamasligimni anglab yetganman.
10 yoshimda dogʼlar tanamning 85 foizini egallab oldi. Maktabda hamma meni chetlab oʼtadigan boʼldi. Suzishni yaxshi koʼrardim, lekin boshqa bolalarning ota-onasi eʼtiroz bildirgach, mashgʼulotni tashladim. Onam kasallik yuqumli emasligini isbotlagan boʼlsa-da, menda istak soʼnib boʼlgan edi. Haligacha basseynga bormayman. Ota-onam meni uylantirmoqchi boʼlishdi. Uyalganim sabab, sovchilikni ortga surib yurdim. Chunki sevib qolganimda umidim puchga chiqardi. Qizlar esa qaytib aloqaga chiqishmasdi. Bundan ich-ichimdan ezilib, tushkunlikka tushardim.
Bir qizni uchratdim, ammo u bilan qora koʼzoynaklarda gaplashar edim. Bu toʼsiq men uchun muhim edi. Sevib qolishdan qoʼrqardim. Kunlardan birida u dogʼlar qoʼrqinchli emasligi va meni oʼziga xosligim uchun sevib qolganini aytdi. Vitiligo rafiqamni topib berganidan minnatdorman.

Denis Shaxniyazov
"Dogʼlar kontrastiga urgʼu berish va ajralib turish uchun yoz boʼyi quyoshda toblanaman. Sizni ishontirib aytaman, biz oʼzgachamiz".
Besh yoshimda oq dogʼlarim paydo boʼldi. Oʼshanda boshqa bolalardan ajralib turishimni anglamasdim. Ota-onam shifokorlarga sudrashdan charchamas edi, koʼpchiligi qoʼl siltab qoʼydi. Yordam berishga rozi boʼlganlarni topishdi. Olti yil lazer terapiyasi va dorivor oʼtlar bilan davolashdi.
Koʼp mablagʼ sarflandi, nafi kam boʼldi. 18 yoshimda dogʼlarning bir qismi yoʼqoldi, qolganlari yaqqol bilinmay qoldi. Аtrofdagilar doimo dogʼlarimga qiziqqanda, vitiligo haqida faxr bilan soʼzlab berganman. Ota-onam mendan mehrini ayamagan va dogʼlardan uyalmaslikni oʼrgatgan. Bemalol oʼz ustimdan hazil qilishim mumkin. Shu sababli deyarli hech kim meni kamsitish, xafa qilish, tahqirlashga urinmagan. Bunga shunchaki imkoni boʼlmagan.
Bolalikdan oʼzgacha ekanligimni bilardim. Boshqa davlatga koʼchganimizda yangi tanishlar meni xushomadlar bilan siylashardi va dogʼlarimni oʼziga xoslik sifatida qabul qilishdi. Bu oʼzimni namoyon etish, ishonchimni orttirish va mashhur bloger boʼlishimga turtki berdi. Katta tadbirlarga koʼp taklif etishadi va dogʼlarimga hech kim yomon qaramaydi.

Feruza I.
"Barchasi taqqoslash orqali anglanadi. Koʼzi ojiz, qoʼl-oyoqsiz insonlar yashayotganda, ularning oldida vitiligo nima boʼlibdi? Ijobiy jihatlarni qidiring".
Esimni taniganimdan buyon vitiligo bilan yashayman. U menga otamdan oʼtgan. Ota-onam davolanishim uchun vaqtini ham, pulini ham ayamagan. Аmmo samarali terapiya topilmadi. 23 yoshimda davolanishni toʼxtatdik. Farzandlarimda ham oq dogʼlar boʼlishidan qoʼrqardim. Turmushga chiqqach, anchagacha homiladorlikdan saqlanib yurdim. Hozir ikki farzandim bor, ular sogʼlom.
Gohida odamlarning soyasida qolishni istardim. Lekin irodasi kuchli onam boshqalardan kam emasligim, muvaffaqiyatga yetakchilar erishishini aytib oʼzimga boʼlgan ishonchimni qaytardi. Qiyin boʼlsa-da, oʼzimni borimcha qabul qila oldim. Bugun noqulaylik sezmayman. Buning uchun vaqtim ham yoʼq. Аgar inson oʼzini boricha qabul qilishga kuch topsa, atrofdagilarning ahmoqona pichinglaridan xafa boʼlmaydi. Oʼziga xoslik bilan yashashni oʼrganish kerak.

Malika Musaeva
"Dogʼlarim boʼlmaganda ham, baribir tanamni yaxshi koʼrmaslik uchun turli kamchiliklaridan aziyat chekuvchi atrofdagi tengdoshlarim kabi sabab topgan boʼlardim".
Vitiligo hayotimga kirganiga 13 yil boʼldi. Ilgari: «Vitiligo bilan kasallanganman», derdim. Uning kasallik emasligini tushunishim uchun koʼp vaqt kerak boʼldi. Ota-onam olib bormagan joy qolmagan, shifokorlar, tabiblar, folbinlar deysizmi, xuddi uzun tushga oʼxshaydi.
Oxirgi davolanish kursining foydasi boʼlgan-u, lekin ikkinchi darajali kuyish bilan haftalab yotib qolganman. Boshqa davolanmaslikka qaror qildim. Oilam buni toʼgʼri tushundi. Shunday qilib, oʼzimni qabul qilishdek mashaqqatli yoʼl boshlandi. Bolalar qoʼllari bilan koʼrsatar, kattalarning rahmi kelardi. Boshqa qizlarga qarab, xunukligimdan nafratlanib ketardim, yigʼlardim. Oʼn yil ochiq kiyinmadim. Basseynlarga bormadim, sohillarda dam olmadim.
Keyin doʼstlar orttirdim, chiroyli ekanim va dogʼlar meʼyoriy holatligiga ishontirgan sevimli insonimni uchratdim. Men endi qurbon ham, bemor ham emasman. «Vitiligo bilan kasallanganman», demayman, chunki sogʼligʼim joyida.
Ko‘rishlar: 1528
https://anatomica.uz/uz/articl...









