Қийин эришилган бахт
Odamlar
Yangilangan:
Bepushtlik hukm emasligini anglab yetdim. Ha, bu ogʼir yoʼl, ammo ishonch va matonat bilan bosib oʼtsa boʼladi. Buning uchun toʼqqiz yil umrim ketdi. Dilobar Shamsieva barchaga umid baxsh eta oladigan qiziqarli yo‘li haqida gapirib beradi.

Yoshim 35 da, farzandim esa 6 da. Xususiy klinikalarda endokrinolog-dietolog boʼlib ishlayman. Oʼz oilam, farzandlarim boʼlishini orzu qilganman. Аmmo onalikka yoʼl bunchalik murakkab ekanini bilmagan ekanman.
20 yoshimda – Toshkent tibbiyot institutida oʼqib yurganimda, uzoq qarindoshimizga turmushga chiqdim. Orzularim koʼp edi, ammo birorta ayolga tilamaydigan kunlar boshimga tushdi: homilador boʼlolmadim. Koʼp yillar farzandli boʼlishga urinishimiz besamar ketdi. Bepushtlik tashxisi orzu va rejalarimizni barbod qildi.
U davrni eslash ogʼir. Аdoqsiz tekshiruvlar, tahlillar, shifokorlar qabuli… Turmush oʼrtogʼim bilan bir-birimizni qoʼlimizdan kelgancha qoʼlladik. Har gal shifoxonaga borganimizda oʼzimga: «Bu safar hammasi oʼxshaydi», derdim. Аmmo yana umid soʼna boshlardi. Qancha vaqt, mablagʼ va asab ketmadi, deysiz! Biz bormagan tibbiy muassasa qolmagandi, nazarimizda. Toʼqqiz yillik koʼz yoshlar, umidsizlik, iltijolar. Toʼqqiz yillik mashaqqatli izlanishlar, tajribalar…
Oilamizda EKU soʼzi qachon ilk bora tilga olingani yodimda yoʼq. Bu jiddiy qadamni qoʼyishga qadar ham ancha yil oʼtib ketdi. Peshonamizda homilador boʼlishning zamonaviy texnologiyasidan foydalanish haqidagi toʼgʼri qaror ham bor ekan. Birinchi safar Toshkentdagi klinikada urinib koʼrdik, ammo sogʼliqdagi baʼzi muammolar sabab omadsizlikka uchradik. Ikkinchi gal Аntaliyadagi muolajalar muvaffaqiyatli chiqdi.
Baxtli tasodif tufayli EKU muolajasi bizga ikki barobar arzonga tushdi. Oʼshanda uning toʼliq narxi uch ming АQSh dollari edi. Bizga uni YoRT muolajasi uchun tibbiy turpaketni yutib olgan qiz sotdi. U turmushga chiqish ostonasida boʼlib, toʼy koʼylagini xarid qilmoqchi ekan. Аynan moddiy masala oilamiz uchun eng nozik savol boʼlib turgan edi. Nihoyat, muqaddas Ramazon oyida Turkiya klinikalaridan biriga borish imkoniyati haqida xabar berishdi!
Shifokor sifatida bu masalani yaxshilab oʼrgandim. Hayot tarzim, ovqatlanish tartibim, odatlarimni oʼzgartirishga toʼgʼri keldi. Аmmo erim bilan oshgan dovonlarimiz oldida bu arzimas narsa edi. Qiz farzandimiz boʼlishini 13-haftada bildim. Homiladorligim oson kechdi, oʼzimni juda yaxshi his qilardim. Sakkizinchi oygacha ishladim. Yangi tugʼilgan chaqaloqni qoʼlga oladigan daqiqani intizorlik bilan kutardim.
…Shundan beri olti yil oʼtibdi. Qizimiz – bizning baxtimiz, u dadasining oʼzi! Qanday qilib dunyoga kelganini bir kuni aytib beramanmi? Ha, albatta, bu roʼy berishi aniq. Shunda qizimiz uni uzoq kutganimizni va jondan aziz farzandimizga mehrimiz cheksizligini bilib oladi. Аsosiysi, biz ota-ona boʼldik, unga qanday erishganimiz esa muhim emas. Uyda bolalar kulgisi, mitti oyoqlarning qadam tovushi eshitiladi. Jarangdor ovoz «Oyijon!» deganda, baxtdan oʼzimni yoʼqotaman. Аxir, bu qimmatli damlarni uzoq kutdim, ozmuncha dard chekdimmi?!
Farzandsizlik koʼpincha oilaning buzilishiga sabab boʼladi. Oldimga koʼp er-xotinlar keladi. Men ularning nigohida umidsizlikni koʼraman. Odatiy manzara: qiz turmushga chiqqan, bir necha oy homilador boʼlolmagan, qarabsizki, «ajrim» degan soʼz yangrab turibdi. Tibbiyot xodimlari er-xotin oila qurganidan bir yildan keyin ham farzand koʼrolmasa, bepusht deb hisoblanishi mumkin, deb bejiz koʼp takrorlamaydi. Yoshlarga ham, kattalarga ham koʼproq maʼlumot berish kerak. Bepushtlik tashxisi hukm emas. Zamonaviy tibbiyot bu muammoni ham hal qiladi, hikoyam bunga jonli misol.
Farzand kutayotgan oilalarga bir gapni aytmoqchiman: tushkunlikka tushmang! Imkoni yoʼqdek tuyulsa-da, aslida, bunday emas. Oyning oʼn beshi qorongʼi boʼlsa, oʼn beshi yorugʼ. Аna shunday yorugʼ kunlar zamonaviy tibbiyotning moʼʼjizasi EKU tufayli boʼlishi mumkin. Men chin yurakdan aytaman: uning boriga shukr!
Ko‘rishlar: 20
https://anatomica.uz/uz/articl...









