Hayot qonunlari: 6 oilaviy hikoya
Odamlar
Yangilangan:
Ota-onamiz tirik ekan, ular nazdida bolaligimizcha qolaveramiz. Ulg‘aygan bo‘lsak-da, ular haligacha sog‘lig‘imiz, baxtimiz va yutug‘imiz uchun masʼuliyat zimmasida his etadi. Yosh o‘tgan sari ota-onamizga munosabatimiz qay tomon o‘zgaradi? Oilaviy qadriyatlarimizni davom ettirib, ularga javoban mehr bera olamizmi? Biz baxtli farzandlar va ota-onalar bo‘lish osonmi, degan savolga javob topish uchun olti oila vakillarini suhbatga taklif qildik.

Hoshimovlar oilasi
"Yaxlitlik"
Komil Hoshimov (ota, Iroq va Suriyada issiqlik va gidroelektr stansiyalari qurilishida bosh muhandis (SSSR davrida); Xalqaro iqtisodiy aloqalar vazirligining Tashqi savdo birlashmasi bosh direktori; Tashqi ishlar vazirligining Qabullar uyi direktori lavozimlarida ishlagan, pensioner, 77 yoshda):
"Men uchun oiladagi ustuvor omil – bu taʼlim. Farzandlaringga bilim bersang, ular hayotda kamroq adashishiga ishonch hosil qilasan. Bu investitsiya unchalik tez foyda keltirmaydi. Lekin bilim – farzandlar va nevaralar uchun mustahkam poydevor. Bugun ko‘pchilik muvaffaqiyatli biznes yuritishni muhim deb hisoblaydi. Odamlar shaxsiy biznes boshlash uchun hatto mulkini sotib, kredit oladi. Keyin esa kimdir pand beradi – xodimlar yoki sheriklar, yoki bilim yetishmaydi. Bilimni esa sizdan hech kim tortib ololmaydi. Shuning uchun bolalar taʼlimiga investitsiya kiritish – bu ularning kelajagiga yaxshi ulush qo‘shish demakdir.
Farzandlarimning hayotimdagi ahamiyatini bir so‘z bilan ifodalash qiyin. Ularga qarab vaqt tez o‘tishini anglayman. Bolalarim muhim qarorlarni qabul qiluvchi aqlli insonlarga aylangan. Ularni kuzata turib, donoligim ortadi. Yoshimdan qo‘rqmayman. Zero, sevimli qo‘shig‘im ham – «Moi goda – moye bogatstvo». Nevara-chevaralarim to‘yini, baxt-u kamolini ko‘rsam deyman.
Oilamizda hamma xuddi zanjir halqalari kabi hamjihat. Kimlar bir-biriga qachon va qancha yordam berishi kerakligini aniqlab bo‘lmaganidek, ularni ham uzib bo‘lmaydi. Oilada tayanch va doimiy qo‘llovni his qilib yashash insonga erkinlik tuyg‘usini bag‘ishlaydi va bu – eng muhimi".
Moʻtabar Hoshimova (ona, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Respublika axborot hisoblash markazi bo‘lim boshlig‘i bo‘lgan, pensioner, 79 yoshda):
"Men uchun eng muhimi – bu oiladagi tinchlik. Yana, bir-birini hurmat qilib, eʼzozlaydigan oila aʼzolari orasidagi muhabbat, o‘zaro tushunish va do‘stlik. O‘zim ham juda ahil oilada ulg‘ayganman. Otam pedagog, Leningrad davlat universitetining matematika fakultetini tugatgan. U kishi tufayli biz birdam bo‘lib ulg‘ayganmiz, bir-birimizga hamma joyda va doim yordam berib, qo‘llab-quvvatlaganmiz. Ilmli, o‘qimishli va mehribon insonlar oilasiga kelin bo‘lganman. Bu oilada farzandlarga doim yaxshi munosabatda bo‘lishgan, ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltira olishgan. Nazarimda, avval-boshdanoq shunday bo‘lgan. Oilada xayrixohlik asos bo‘lib, buni ota-onalarimizdan o‘rgangach, farzandlarimizga uzatganmiz. Farzandlarimni bolaligida uxlagani yotqizganimda, ertaklar va sheʼrlar o‘qib berardim. Oilaviy mutolaa xonadonimizning ajralmas anʼanasiga aylandi. Jumladan, matematika va shaxmat bo‘yicha har oyda o‘tkaziladigan olimpiadalar ham. Bu qadriyatlar farzandlarimizga o‘tdi.
Hech birini boshqasidan ajratmayman. Uchala farzandimni ham birdek yaxshi ko‘raman. Bir ertak shunday boshlanar edi: onadan qaysi farzandingni ko‘proq yaxshi ko‘rasan, deb so‘rashibdi. Uning javobi quyidagicha bo‘libdi: «Kichigini ulg‘aygunicha! Xasta bo‘lganini sog‘aygunicha! Uydan chiqib ketganini qaytgunicha! Har birini tirikligim davom etguncha!» Men ham xuddi shunday. Farzandlarim xizmat tez-tez safariga boradi, nazarimda, qaysi bolam safarda bo‘lsa, o‘shani ko‘proq mehr bilan kutaman. Chunki u mendan uzoqda, ko‘proq eslayman va xavotirlanaman. Lekin barcha bolalarimga mehrim baravar.
Keksalik – bu donolik. Shu yoshimizda farzand va nevaralarimizning bizni har tomonlama tushunib, qo‘llab-quvvatlashini his qilish yoqimli. Biz ko‘p suhbatlashamiz, ularga hayotimiz, bolaligimiz, yoshligimiz haqida so‘zlab beramiz. Ular esa fikri va rejalari bilan o‘rtoqlashadi. Shunday ekan, oilada hamjihat yashash va ajdodlar qadriyatini saqlab qolish – yaxshi va ezgu anʼana".
Gulbahor Murodova (qizi, “Erudit” maktabi asoschisi va rahbari, 55 yoshda):
"Ota-onam oilamizda bir butun bo‘lib yashaydi. Onam bilan otamning so‘zlari hech qachon ayro bo‘lmagan. Bizni ham noanʼanaviy tarbiyalashgan. Bolaligimizdan fikrimizni erkin bildirganmiz, kezi kelganda ota-onamizga bir narsalarni uqtirganmiz, oilaviy byudjet bilan bog‘liq ishlarga befarq bo‘lmaganmiz. Oilamizdagi muhim masalalarni bilganmiz. Ota-onamizning daromadidan, mashg‘ulotlaridan xabarimiz bo‘lgan. Ro‘zg‘orga birinchi o‘rinda nima kerakligigacha anglab turganmiz. Hammasi doim shaffof bo‘lgan. Bu bizda kuchli masʼuliyatni tarbiyalagan. Barcha masalalar oilaviy kengashda muhokama qilingan. Pul ham o‘rtada edi. Kimga nima kerak bo‘lsa, shuni qog‘ozga yozib, umumiy hamyondan olib ketaverardi. Bizda tarbiyalangan javobgarlik pulni isrof qilishga imkon bermasdi, oilaviy byudjet faqat zarur ehtiyojlar uchun qatʼiy taqsimlanardi. Onamda hatto maxsus daftarcha bo‘lardi, unda bo‘lg‘usi xarajatlarning maksimal va minimal ko‘rsatkichi aks etardi. Bu usullarni ota-onam bilan birga o‘ylab topardik. Juda zavqli va foydali, buning ustiga, nazarimda, noyob g‘oya edi. Ota-onam bizga haligacha har tomonlama yordam beradi. Bolalikdan onamni dunyodagi eng dono va savodli inson deb bilaman, otamning esa hamma narsadan xabari bor. Ular haligacha hayotimdagi asosiy maslahatchilar, men hamon o‘zimni boladay his qilaman. Qiyin damda maslahat yoki yordam uchun murojaat qilishga tayyor turaman.
5-sinfda musiqa maktabini tashlab ketmoqchi bo‘lganman. Boshqa bolalarga o‘xshab darsdan keyin dam olgim kelar, har kuni musiqa bilan shug‘ullanib, bo‘sh vaqtimni fortepiano oldida o‘tkazishdan charchagandim. Xullas, hamma mening masalamni muhokama qilgani oilaviy kengashda yig‘ildi. Ota-onam qarshilik ko‘rsatmasa-da, maktabdan ketishimning oqibatlarini sanab berishgan. «Musiqani yarim yo‘lda tashlab ketsang, boshqa ishlarni ham oxiriga yetkazmaysan. Undan ko‘ra qo‘lingdan nima kelishini isbotlash yaxshiroq emasmi?». Juda tabiiy va do‘stona shaklda, to‘liq muhabbat va eʼtibor bilan berilgan boshqa ko‘p o‘gitlar kabi bu o‘git ham men uchun hayotiy qoidaga aylandi. Eng katta baxt – ulardan har kuni «Ishlaring yaxshimi? Nima yordam beraylik?» degan savolni eshitish. Eng to‘g‘ri maslahatni ota-onamdan olaman. Ota-onam – borlig‘im. Eng sevimli insonlarim va hayotimda eng yaxshi namuna bo‘la oladigan yaqinlarim".

Maqsudxojayevlar oilasi
"Betama sevgi"
Hayot Maqsudova (ona, Politexnika universitetida nemis tilidan dars bergan, pensioner, 83 yoshda):
"Qizim men uchun – mashʼala, mayoq. U bolalar orasida yetakchi bo‘lgan. Eng yoshi, lekin bugungi tilda aytganda eng “zo‘ri”. Kattalarim haligacha unga quloq soladi, har tomonlama maslahatlashadi, men esa chetdan kuzatib turaman.
Mening so‘zim – so‘z, lekin barcha masalalarda emas. Gohida vaysab qolishadi, menga quloq solishmaydi, lekin keyin borib baribir aytganimday qilishadi. Farzandlarimdan yordam so‘ramayman. O‘zimga to‘qman. Farzandlarim mening oldimda qarzdor deb hisoblamayman ham. Bir nimaga ulgurmaganda, shoshganda, ularga yordam berish zavq bag‘ishlaydi. Ovqat tayyorlashim, pirog pishirishim, ro‘zg‘or ishlarida ko‘maklashishim mumkin. Sakkiz farzandli oilada katta bo‘lganman. Ota-onamiz bir-birimizga g‘amxo‘rlik qilishga o‘rgatgan va bu bizni birlashtirgan. Farzandlar bir butun yashasin, deb tarbiya qilishgan. Dard-u quvonchimizni teng bo‘lishamiz.
Qarilikdan qo‘rqmayman, qo‘rqoq emasman. Jamiki istaganimga erishganman – sevimli farzandlarim, nevaralarim, chevaralarim, shinam xonadonim bor. Afsuski, qarilik chog‘imda umr yo‘ldoshim yonimda yo‘q. Chollar vaysaqi bo‘ladi, degan fikrga qo‘shilmayman. Vaysasa ham oldingda choling bo‘lsin ekan! Bu – quvonch, tayanch. Xotirjam yashash uchun qarilikni qabul qilish kerak.
Yosh ko‘rinishga harakat qilmay qo‘ydim. Juda ko‘nglim bo‘sh bo‘lib qolgan. Hamma narsa tegib ketadi, ko‘nglimni yumshatadi. Farzandlarim hayotim haqida xotira yozishimga undadi. Hozir shu bilan shug‘ullanyapman".
Hilola Yakubova (qizi, “KNAUF” kompaniyasining reklama va marketing bo‘limi boshlig‘i, 48 yoshda):
"Katta bo‘lganimda chekmasligimni aniq bilardim. Chunki oilamizda deyarli hamma chekardi: dadamdan tortib buvimgacha. Chekmayman ham. Qarindoshlarim bilan yaqin aloqada bo‘lmayman, deb o‘ylagandim. Adashgan ekanman. Uzoq-uzoqlarga ketishni, yolg‘iz yashab, qarindoshlarni faqat bayramlarda ko‘rib, mazza qilib yashashni orzu qilardim. Ammo vaqt o‘tib, oila hayotdagi eng qimmatli va muhim dargoh ekaniga amin bo‘ldim.
Bolaligimda ota-onam mangu yosh bo‘lib qoladi va ularga hech narsa bo‘lmaydi deb o‘ylardim. Otam infarktdan yosh ketdi. Oilamiz uchun bu katta zarba edi. Bugun yonimda eng yaqin uch insonim bor – ikki nafar farzandim va onam. Qolganlari bo‘lishi mumkin yoki yo‘q. Ammo bularni… Hech kim ularning o‘rnini aniq bosolmaydi, bu shaksiz muhabbat.
Taʼlim va oilaviy qalin munosabatlarni birinchi o‘ringa qo‘yamiz. Doim bir-birimizga yordam berganmiz va bugungacha shunday. So‘nggi vaqtlarda eng yaxshi vaqt yaqinlarim bilan o‘tkazgan damlarim ekaniga amin bo‘ldim. Mening oldimda onamning majburiyati bormi? Ha, bor – sog‘ bo‘lib, meni yaxshi ko‘rish majburiyati.
Onam doim diqqatim markazida. U kishi sevimli buvi, katta buvi, unga hamma intiladi. U yoshlik g‘ayratini yo‘qotmagan. Yoshi o‘tib yanada xotirjam bo‘lgan, ayollik nazokati ortgan. Bizga suyanib qolgan. Ilgari ko‘proq «Men o‘zim» degan so‘zini eshitardik. Nazarimda, ota-onamning tengqurlari haqiqiy mehr-muhabbat nimaligini bilgan. Farzandlar, ota-ona, aka-uka, opa-singil, turmush o‘rtoq, do‘stlarni yaxshi ko‘rgan. Ular o‘zlarini qurbon qila olgan".

Inoyatovlar oilasi
"Bemisl g‘amxo‘rlik"
Tojiniso Inoyatova (ona, fabrikada va uyda so‘zana tikib, zar iplar bilan gul solgan, pensioner, 79 yoshda).
Nazira Inoyatova (qizi, jurnalist, FM 102.0 “Avtoradio” radiostansiyasi boshlovchisi va dasturlar direktori, 50 yoshda):
"Men uchun onam - harorat, bolalik. Haligacha undan bemisl g‘amxo‘rlik tafti taralib turadi, nima yeganimgacha so‘rashdan erinmaydi. Yaxshi ovqatlanishimni iltimos qiladi. Yarim asrni yashab qo‘ygan bo‘lsam ham onamning oldida boladekman. Oilada olti qizmiz va onam bizga «kreyzi ona» bo‘lishni o‘rgatgan. Uning baxti oiladagi saranjomlikda, farzandlari, nevara va chevaralarida. Yodimda: onam sahardan shomgancha kirimizni yuvar, bizni parvarishlab, ovqatlantirardi. O‘shanda opa-singillarim bilan, avvalo, o‘zimiz haqimizda qayg‘uramiz, keyin farzandlarimiz haqida, deb vaʼdalashardik. Lekin o‘sha vaʼdalar unutilib ketdi. Onam haligacha men uchun namuna. O‘zingni, asabingni asra, deb nasihat qiladi. Ishga boshim bilan sho‘ng‘isam, gohida qattiq xafa bo‘ladi va hatto jahli chiqadi.
Ota-onamning «seni yaxshi ko‘raman» degan so‘zlarini eshitishni va meni quchoqlashlarini bolalikdan istardim. Lekin bunday bo‘lmagan. Nazarimda, olgan tarbiyasi ularga hissiyotini ochiqcha bildirish va farzandlariga shunchaki borligingiz uchun sizlarni yaxshi ko‘ramiz, deyishdan to‘sgan bo‘lsa kerak. Men bolalarimni quchoqlab, ularni qanchalik qattiq yaxshi ko‘rishimni aytib turaman, ular ham xuddi shunday javob qiladi.
Otamning qo‘lida doim mashina moyi yuqi bo‘lardi. U aktyor bo‘lishni orzu qilgan, lekin institutga kirolmagan. Chilangarlikka o‘qib, shu kasb bo‘yicha ishlagan. Pensiyaga chiqqach, ko‘p vaqt davomida oqsoqollik qilgan. Bu unga yoqardi. Uch yil oldin biz “alsgeymer” degan dahshatli so‘z haqida xabar topdik. Yaqin insoningga shunday tashxis qo‘yilgan bo‘lsa, ruhan muvozanatni saqlash qiyin. Lekin biz bu bilan yashashni o‘rgandik. Dostoyevskiy «inson shunday razilki, u hammasiga ko‘nikadi», deganida haq edi. Onam tibbiyot xodimi bo‘lishni orzu qilgan. Lekin bu niyatiga erisholmagan. Shunday bo‘lsa-da, uy bekaligida katta tajribasi bor.
Ota-onam men bilan yashaydi. To‘g‘rirog‘i, men ular bilan. Ularga g‘amxo‘rlik qilish majburiyati asosan mening zimmamda. Yaqinda butun oilamiz bilan sayohatga borish anʼanasini yo‘lga qo‘ydik. Pandemiyaga qadar o‘rtancha opam har yarim yilda bir marta chet elga sayohat uyushtirib berardi. Ota-onamga bu juda yoqqan".

Ibodovlar oilasi
"Madad va tayanch"
Nigora Akilova (qizi, startaper, Nestle Uzbekistan PR menejeri, Arzon Apteka ijrochi direktori, beautify.uz IT loyihasi asoschisi, 46 yoshda):
"Turli vaqtda ona maʼlum bir rolni ijro etadi. Bolalikda u butun koinot bo‘ladi. Keyin vaqt o‘tib, u madadkor va tirgakka aylanadi. O‘zing farzandli bo‘lgach va har kuni yangi bir narsani o‘rganayotganingda volidang yana koinotga aylanadi. Onamni o‘ta intizomli, barcha jabhada – ro‘zg‘orda, oilaviy byudjetda, bolalar tarbiyasida reja asosida ish yuritadigan ayol deb bilganman. U bosiq, kamgap bo‘lib, hissiyotchan emasdi. Aslida onam o‘sha paytda ichidagini sezdirmaganini bugun anglab yetyapman. Chunki men ham xuddi shunday bo‘lib boryapman. Nazarimda, yutqiziqsiz holat.
O‘z vaqtida u oilasi uchun kasbini fido qilgan. Onam isteʼdodli, tug‘ma tahlilchi inson. Agar ilm bilan shug‘ullanganida yuqori cho‘qqini zabt etishi aniq edi. Mening eng yaxshi suhbatdoshim. Onamga nisbatan faqat bitta katta talabim bor. Qalbi mudom yosh bo‘lib qolsin va o‘zining kognitiv moslashuvchanligini saqlalsin. Onamning tashabbuslarni rad etmasligi, sayohat, o‘zi uchun nimadir xarid qilish, restoranda kechki ovqatni yeyishga osonlik bilan rozi bo‘lishi yoqadi.
Taʼlim – birinchi o‘rinda. Oilamizda mehr-muhabbat va oshkoralikka intilamiz. Biz uchun bir-birimizni tushunib, qo‘llab-quvvatlash muhim. Oilaviy ziddiyatlarimiz yo‘q. Chunki har qanday vaziyatda qo‘llash uchun shirin so‘z topuvchi onamiz bor. Farzandlarimga erkinlik berganman. Eng avvalo, o‘zimdan mustaqil qilganman. Oilamiz har bir aʼzosining shaxsiy maydoni, chegarasi bor va buni hurmat qilamiz".
Gulsara Boboyorova (ona, fizik, pensioner, 67 yoshda):
"Uch qizim bor. Ular mening quvvat manbayim va yashashga undovchi insonlarim. Balki ularga beradigan maslahatlarim hozirgi kunga mos kelmas. Ilgari faqat o‘z nuqtayi nazarimni uqtirardim, menga quloq solishlarini hamda gapga ko‘nishlarini talab qilardim. So‘zim ular uchun qonun edi. Bugun esa men ularga ko‘proq quloq solaman va to‘g‘ri qaror qabul qilishlarini tushunib boryapman. Institutda ishlaganman, yaxshi pul topganman. Farzandlarim bilan kinoteatr, xiyobonlarga borishga harakat qilardim. Birga kitob o‘qirdik, ertaklar jamlangan plastinkalarni eshitardik. Endi ular menga bilim ulashyapti.
Uyimizda katta kutubxonamiz bor. Kitobga mehr avloddan avlodga o‘tib kelyapti. Yetti farzandining barchasini ota-onam o‘qimishli qilgan".

Alimbekovlar oilasi
"Ortdagi front"
Toshgul Alimbekova (ona, provizor, pensioner, 88 yoshda).
Dildor Alimbekova (qizi, O‘zbekiston Ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasini boshqargan. Bugungi kunda Mikromoliyaviy institutlar milliy assotsiatsiyasi raisi, 67 yoshda):
"Men umrim davomida rahbarlik lavozimlarida ishlab keldim: partiya yetakchisi, O‘zbekiston Ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi raisi bo‘ldim. Deyarli ish bilan yashaganman va uyga kech kelgan paytlarim ko‘p bo‘lgan. Farzandlarimni onam tarbiyalagan. Kasbimda maʼlum darajaga erishgach, bolalarim ulg‘ayib, nevaralarim tug‘ilganda ortimdagi frontim – oilamning hayotimda tutgan beqiyos o‘rnini tushunib yetdim. Qanday xato qilmayin, yonimda oilam meni doim qo‘llab kelgan. Onam barcha aybimni kechirardi. Uning o‘rnida bo‘lganimda kechira olarmidim, deya o‘zimdan ko‘p so‘rayman. Bugun men uchun oilam – hayotim.
Onamning hayoti bir maromda va chiroyli kechgan. Kichik yoshidan aqlli bo‘lgan. Erta turmushga chiqqan. Uni yetti farzand ulg‘aytirgan oila iliq kutib olgan. Qaynotasining erta vafoti tufayli butun qiyinchilik ota-onamning zimmasiga yuklangan. Yosh bo‘lishiga qaramay, onam hamma uchun onalik qilgan. Bu ish mening qo‘limdan kelmasligi aniq. Hozir ko‘p narsadan voz kechib, butun vaqtimni onamga bag‘ishlashga harakat qilaman. Bir yil oldin u jarrohlik amaliyotidan chiqdi. Shundan beri kun-u tun yonidaman. Talabaligimda 40 kunlik chaqalog‘imni onamga qoldirishga majbur bo‘lardim. Qizim haligacha meni opasi deb biladi. Endi onamga yordam berish navbati – meniki.
Oilada yolg‘iz qizman. Ota-onam doim ishda bo‘lar, ko‘mir olib kel, quduqdan suv tashi, deya meni ro‘zg‘or ishlari bilan band qilardi. Bolaligim XX asrning 60-yillariga to‘g‘ri kelgan, u paytda oziq-ovqat mahsulotlari taqchil edi. Onam paketlarga yegulik solib, qarindoshlarimizga berib yuborardi. O‘shanda bundan rosa xafa bo‘lardim. Ocharchilik davrida birov bilan bo‘lishish uchun qanday saxiy yurak kerakligini bugun anglab yetyapman. Oilamga zarar yetkazishdan qo‘rqaman. Shuning uchun izoh berishdan tiyilaman, bahsga kirishmayman.
Oilamizdagi asosiy anʼana va odat – bu kattalarni hurmat qilish. Onam haligacha oilamizning boshlig‘i va kerak paytda menga dakki berishi mumkin. Men esa unga quloq solaman. Yaqinda telefonda dugonalarim bilan ko‘p g‘iybat qilishim yoqmadi. Onamga qarshi gapirishdan qo‘rqaman".

Rasulovlar oilasi
"Hammasining o‘z vaqti bor"
Jahongir Rasulov (ota, geofizik, fizika-matematika fanlari nomzodi, pensioner, 76 yoshda):
"Farzandlar tarbiyasida otamdan o‘rnak olganman. Otam hech qachon meni nimadir qilishga majburlamas va shaxsiy nuqtayi nazarini singdirmasdi. Shuning uchun farzandlarimga o‘rgatib o‘tirmayman, ularning fikrini hurmat qilaman. Nazarimda, inson istamasa, hech narsa qilmaydi. Birinchi navbatda, istak bo‘lish kerak. Maslahat ham berganman. Lekin vaqt o‘tib ular o‘z dolzarbligi va qiymatini yo‘qotadi. Qizlarim allaqachon ulg‘aygan, lekin men uchun hamon yosh boladay.
Baʼzida ularga qarata: «Mening yoshimga yetganda tushunasiz», deb qo‘yaman. Yosh o‘tib hayotiy tajriba oshadi, dunyoqarash ham o‘zgaradi. Yoshlar hali tushunmaydigan narsalar bor. Haqiqatan ham, barchasining o‘z vaqti bor.
Farzandlarimning muvaffaqiyatidan xursand bo‘laman. Ular juda aqlli. Qizlarimga o‘rgatgan bir qoidam bor, bugun endi uni nevaralarimga singdirishga harakat qilyapman. U juda oddiy – avval o‘yla, keyin so‘yla. Miya – insonning bosh aʼzosi. Ular buni to‘g‘ri qabul qiladi, deb umid qilaman".
Xursana Rasulova (ona, Xursana Rasulova, oziq-ovqat sanoatida sanitariya shifokori, pensioner, 69 yoshda):
"Mutaxassisligim bo‘yicha sanitariya shifokoriman, lekin asosan davlat xizmatida ishlaganman. Tinimsiz ishni farzandlar tarbiyasi bilan birga olib borish qiyin edi. Turmush o‘rtog‘im ularga ko‘p narsaga ruxsat berar, lekin mening nazdimda, tarbiyada qattiqqo‘llik zarur edi. Farzandlarimga kunbo‘yiga yetadigan vazifalar berardim. Gulnora ko‘p yumushlarini singlisiga buyurardi. Shunga qaramay, ishdan qaytayotganimda hamma ish saranjom turardi.
Albatta ularga oson bo‘lmagan. Qizlarimning bolaligi murakkab davrga to‘g‘ri keldi. Sobiq ittifoq tarqalishi, qayta qurish, mahsulotlar taqchilligi, doimiy kreditlar. Qiyin edi, lekin men imkon boricha ularni hech narsaga zoriqtirmasdan, barcha sharoitni yaratishga harakat qilganman.
Ish tufayli oilamga yetarli vaqt ajratolmasdim, lekin qo‘limdan kelgancha harakat qilganman. Maktabdagi majlisga kam borardim, ammo qizlarim pand bermasdi, ayniqsa, yaxshi o‘qib, yetakchi bo‘lgan Gulya qizim. Men ularga shikoyat qilmaslikni o‘rgatganman. Mustaqil va ongli qilib o‘stirishga harakat qilganman. Ko‘p maslahat so‘raganini eslolmayman hatto. Ular mustaqil qaror qabul qilish va tanlovi uchun javobgar bo‘lishga odatlangan.
Ularning kuchli va olijanob bo‘lib ulg‘aygani meni xursand qiladi. Eʼtiborli va g‘amxo‘r, ulkan yurakli. Ular tufayli men na qalban, na jisman qariyman. Barcha ota-onalarga qizlarimga o‘xshash farzandlar tilayman".
Gulnora Rasulova (qizi, AESTHETICS BEAUTY farmatsevtika kompaniyasi rahbari, EXPERT MC va Rosy beauty clinic ANTI-AGE klinikasi taʼsischisi, fizika-matematika fanlari nomzodi, 49 yoshda):
"Men uchun ota-onam – bu menga hayot baxsh etgan insonlar.
Otam o‘z misolida oila qanday bo‘lishini, g‘amxo‘rlik nima ekanini va oilada rollarni to‘g‘ri taqsimlashni ko‘rsatib berolgan. U bizni rostgo‘y bo‘lishga, bir-birimizni hurmat qilishga o‘rgatgan. Tashqi olam bilan muloqot o‘rnatishda yordam bergan. Onam bizga doim oilamiz va sulolamiz tarixi haqida so‘zlab berar, urush va qatag‘on davridan o‘tgan yaqin insonlarini esga olardi.
O‘qishga ko‘p vaqt ajratganmiz. Turli to‘garaklarga borardik, kitob o‘qirdik, xullas, faol edik. Ota-onam boshlagan ishimizni oxiriga yetkazishni o‘rgatgan. Qiyinchiliklar ham bizni cho‘chitmasdi. Sababi ota-onam ular vaqtincha ekanini uqtirardi. Menimcha, ularning tarbiyasi tufayli bizda o‘zimizga ishonchsizlik hissi bo‘lmagan va biz nima yaxshi, nima yomon ekanini tushunardik".
Iroda Magrupova (qizi, Expert Medical Clinic hamda Rosy go‘zallik va salomatlik markazida tibbiy maʼlumotli kosmetolog, 41 yoshda):
"Ota-onam bizni g‘amxo‘rlik va mehr bilan, katta talablar qo‘ymasdan katta qilgan.
Bolaligimda otam bilan ko‘p vaqt o‘tkazardim. Uning katta, issiq qo‘llarini mahkam ushlab olardim. Menga qayerga borishning farqi yo‘q, muhimi, otam bilan bo‘lsam bas edi. U o‘z hayot yo‘lida duch kelgan yaxshi insonlar haqida so‘zlab berar, qiziqarli hamda yorqin uchrashuvlar uchun taqdiridan minnatdor bo‘lardi. Otam – dunyodagi eng g‘amxo‘r inson. Haqiqatgo‘y, o‘qimishli, aqlli. Do‘stlarim biznikiga mehmonga kelishni yaxshi ko‘rardi. Chunki otam biz uchun doim vaqt topardi. Birga o‘tirib shaxmat, domino o‘ynar, so‘z va shaharlarni topardi. Eng muhimi, bizni mazali taomlar bilan siylardi. U kishini uyda “mapanya” deya erkalab ataymiz. Otam menda tarbiyalagan eng asosiy xislat – bu inson bo‘lib qolish va bu haqda unutmaslik.
Onam – har tomonlama haqiqiy ayol, nazokatli va g‘amxo‘r. Undan ko‘p narsa o‘rganganman va hamon o‘rganishda davom etyapman".
Ko‘rishlar: 38
https://anatomica.uz/uz/articl...









