Nodir Ibatov: Oxirgi qarorni o‘zim chiqaraman

Odamlar

Yangilangan:

Ibatov‘s clinic yillik aylanmasi 1 000 000 dollardan ortiq. 2 000  metr kvadrat maydonga ega shaxsiy klinika ham deyarli tayyor. Ibatov‘s klinikasiga asos solingandan uch yil o‘tib, Olmaota, Ostona va Chimkentda uning filiallari faoliyat yuritmoqda. Klinika mutaxassislari haftada bir marta moddiy imkoniyati bo‘lmagan bemorlar uchun xayriya operatsiyalarini o‘tkazadi. Ibatov‘s Clinic Plastik jarrohlik markazi asoschisi o‘zi, shogirdlari, raqobatchilari va faxrlanadigan jihatlari haqida so‘zlab berdi.
 


 Nodir Ibatov, 35 yoshda, plastik jarroh, rinojarroh, Toshkent tibbiyot akademiyasining tibbiy pedagogika fakulteti bitiruvchisi. Rossiya (Moskva, Sankt-Peterburg), Ozarbayjon, Hindiston, Gruziya, Armaniston, Turkiyada tahsil olgan. 2014-yili ilk bor rinoplastika bo‘yicha operatsiya o‘tkazgan. 2019-yili mamlakatning eng yaxshi yosh plastik jarrohi sifatida tan olingan.

 

 

Klinikangizdagi eng qimmat xizmat – takroriy uchlamchi rinoplastika. Bu xizmat uchun sizga qanchalik ko‘p murojaat qilishadi? 

 

"Bir oyda taxminan 8–10 nafar odam murojaat qiladi, ammo ko‘piga rad javobini beraman. Quyidagi savolga javob muhim: nima uchun bemor uchinchi marta operatsiya qildirmoqchi? Agar ko‘rinishidan ko‘ngli to‘lmayotgan bo‘lsa, takroriy operatsiya psixologik xarakterdagi muammoning yechimi bo‘lolmaydi.

Plastik jarrohlik qimmat xizmat turiga kiradi. Har qanday jarrohlik aralashuvi esa ham bemor, ham shifokor uchun hayotga xavf tug‘diruvchi omildir. Shifokor ishonch bildirilgan mutaxassis sifatida istalgan natijaga iloji boricha erishishi kerak.

Barcha operatsiyalar noyob. Men juda ko‘p burunlarni operatsiya qilganman. Ulardan birortasi boshqasiga o‘xshamagan. Har biri individual bo‘lgan. Shuning uchun ham operatsiya qimmat turadi".

 

 

Boshqa shifokor ishini to‘g‘rilagan paytlaringiz ham bo‘ladimi?

 

"Faqat haqiqiy asos bo‘lsagina operatsiyaga kirishaman. Amaliyotga asoslanib aytishim mumkinki, bemorlar bilan bog‘liq murakkab vaziyatlar bo‘ladi. Maslahatlashuvdan keyin boshqotirma yechganday bo‘laman: plastikani qanday qilib to‘g‘ri qilsam ekan? Masalan, yaqqol bilinadigan qiyshiq burunni bitta operatsiyada to‘g‘rilab bo‘lmaydi. Istalgan natija uchun bir nechta amaliyot va vaqt zarur.  Ammo baʼzi plastik jarrohlar «mualliflik uslubi»ga tayanib, hammasini birdan bajarishga urinadi va ularda hech ish o‘xshamaydi. Bundan bemor aziyat chekadi.

Agar jarroh «mualliflik uslubi»ga ega bo‘lsa, uni patentlasa bo‘lmaydimi? Agar oldimga bemor qayta to‘g‘rilash iltimosi bilan kelsa, men uchun navbatdagi boshqotirma boshlanadi. Onkologiya sabab deyarli burni bo‘lmagan bemorlar keladigan alohida holatlar bundan mustasno. Bunday vaziyatda qayta yasashga to‘g‘ri keladi. To‘liq taʼmirlash sodir bo‘ladi. Bular – og‘ir holatlar. Biz jamoamiz bilan bunday holatlarni ham zimmamizga olamiz.

Yaqingacha yurtdoshlarimiz rinoplastika bo‘yicha operatsiya qildirish uchun xorijga borardi. Endi mamlakatimizda ham yuqori sifatli operatsiya qildiryapti. Men bu qatorga klinikamni ham qo‘shyapman. Chunki bu yerda shifokorlarning “o‘z dastxati” bor va men bunga to‘liq masʼulman. Har bir vaziyatni nazoratga olganman. Shuning uchun narxlar ham shunga mos".

 

 

Xodimingiz qanday bo‘lishi kerak? Suhbat chog‘ida qanday savollar berasiz?

 

"O‘z klinikamni 32 yoshimda ochganman. Bugun xodimlarni sinchkovlik va eʼtibor bilan tanlayman: gohida nomzodnini salohiyatini ko‘proq ochib beradigan noodatiy savollar beraman. Men uchun xodim, avvalo, punktual, rostgo‘y, aqlli bo‘lishi va mukammallikka intilishi zarur.

Xodimlar almashadi. Men insonlarga tez o‘rganib qolaman. Shuning uchun ular ketayotganda xotirjam bo‘lolmayman. Bunga hali immunitet hosil qilmaganman. O‘rgatib, yordam berib, kasbda qo‘llab-quvvatlaganimdan keyin ketib qolishsa xafa bo‘laman. Kimdadir jiddiy sabab bo‘ladi, kimdir boshqa ishga o‘tadi. Amaliyotim davomida 20 dan ortiq xodim bilan xayrlashishga to‘g‘ri kelgan. Har gal xodimim ketayotganda men uchun «kichik fojia» ro‘y beradi".

 

 

Men insonlarga tez o‘rganib qolaman. Shuning uchun ular ketayotganda xotirjam bo‘lolmayman. Bunga hali immunitet hosil qilmaganman

 

 

 

Nima uchun sheriklik munosabatlarini saqlab qolish shunchalik qiyin?

 

"Pul va ambitsiyalar munosabatlarni buzadi. Jamoamdagi jarrohlar doim rivojlanishi, o‘qib-o‘rganishi uchun harakat qilaman. Keyin birov tayyor mutaxassisga ko‘proq pul taklif qiladi".

 

 

O‘zbekistonda rinoplastika qanday rivojlanmoqda?

 

"Plastik jarrohlar yo‘lini o‘zi tanlaydi. Ishining plyus va minus jihatini topadi. Bugun deyarli 90 foiz jarroh mendan «nusxa ko‘chiradi». Fotoshopdan foydalanib, ishini ijtimoiy tarmoqlarga joylaydi. Bemorlar esa rasmlarni ko‘rib, bu haqiqiy jarrohning ishi deb qatʼiy ishonadi.

O‘z ishini ko‘rsatish va xatolarini tan olishdan qo‘rqmaslik kerak, deb hisoblayman.

 

 

Yaqqol qiyshaygan burunni bitta operatsiyada to‘g‘rilab bo‘lmaydi


 

Men uslubimni amaliyotda takomillashtiraman. Besh-olti yil ilgari operatsiyadan keyin maʼlum bir asoratlar bo‘lardi. Chunki burun uchini qotirish va pastga tushib ketmasligi uchun chokli materiallardan foydalanardim. Vaqt o‘tib burun baribir 1-2 mm pastlaydi. Ammo men uchun 1 cm.ga qiyshayish xato hisoblanardi. Bemorda vaqt o‘tib asoratlar paydo bo‘lishi va yuz estetikasi buzilishi mumkin edi.

Bugun ko‘proq barqaror uslublardan foydalanaman. Burun bir yarim yilda shakllanadi. Men bemorlar operatsiyadan keyin boshidan o‘tkazadigan butun reabilitatsiya jarayonini videoda ko‘rsataman. Toki ularda xomxayol bo‘lmasin. Bu davrsiz iloji yo‘q, lekin bugun jarayon ancha tez o‘tadi".

 

 

2014-yildan boshlab ijtimoiy tarmoqda sahifangizni yuritф boshlagansiz. Media biznes sizni o‘zgartiryaptimi?

 

"Men o‘z imijimga eʼtibor bera boshladim. Hatto tashqi tomonlama o‘zgardim. Xulq-atvorim ham o‘zgardi. Mediaviylikka nisbatan ichki holatim va munosabatim o‘zgardi. Buni zamon talabi va kasbimdagi yaxshigina targ‘ibot deb bilaman".

 

 

2022-yil yanvar oyidan boshlab xayriya operatsiyalarini o‘tkazasiz. Bu anʼana bo‘lib qoladimi?

 

"O‘tgan yili kuzatuv o‘tkazdim. Lablar va tanglay yorig‘i bilan tug‘ilgan 95 foiz bemor moliyaviy tomondan qiyinchilikka uchragan odamlar bo‘lib chiqdi. Ular maslahatimga kelib, praysni eshitgach, boshqa qaytib kelmadi.Chegirma qilishimga qaramay, ularga bu narx to‘g‘ri kelmadi.

8–20 ming dollarlik plastik operatsiyani ularning cho‘ntagi ko‘tarmadi. Shunda har hafta juma kunlari xayriya operatsiyalarini o‘tkazishga qaror qildim. 2025-yilgacha navbatda turganlar bor".

 

 

 

 

Klinikangizning asosiy qadriyati nimada?

 

"Men qarindoshlarimni nazarda tutgan holda klinikamga Ibatovs deb nom berganman. Ammo klinikamda qarindoshlarim ishlamaydi. Jiyanim bor edi, uni bo‘shatib yubordim. Xodimlarim, shogirdlarimga ham talablarim bir xil. Xodimlarning bir-biriga loy chaplashini yomon ko‘raman. Men uchun eng muhim qadriyat – o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlov. Mavqeyimni kuzatmayman va toj ham kiyib yurmayman. O‘z yo‘limdan borib, shogirdlarimni ko‘paytiraman.

Agar 15 nafar shogirdimdan har biri haftasiga kamida bittadan bepul operatsiya o‘tkazsa, ustoz sifatida o ‘zimni baxtli sezardim. Aynan shu ish Ibatovs klinikasi tomonidan amalga oshirilgan eng zo‘r amaliyot bo‘lardi".

 

 

 

Tibbiyot biznesini yuritishni qayerda o‘rgangansiz?

 

"Men eng yaxshi marketologman. Eng yaxshi aksiya bu – chegirmalar eʼlon qilish".

 

 

Klinikada rinoplastikadan tashqari yana nima bilan shug‘ullanasiz?

 

"Klinikada blefaroplastikadan kuniga 8–10 tadan operatsiya o‘tkaziladi. Burun bo‘yicha kamida 2-3 ta. Burun bo‘yicha bir kunda 9 ta va bir oyda 96 ta operatsiya o‘tkazganimiz o‘tgan yilgi rekordimiz bo‘ldi. Klinikada blefaroplastika bo‘yicha mutaxassislar soni 10 dan ortiq. Chunki jarrohlikning ushbu turi arzon va tez kechadi".

 

 

Siz faqat rinoplastika bilan shug‘ullanish zerikarli ekanini va plastik jarrohlikning boshqa turlarini ham egallashni istashingizni aytgandingiz. Nima uchun?

 

"Menga o‘zgarishlar yoqadi. Yil boshida klinikamiz lipohaykaltaroshlik bo‘yicha AQShning Vase uskunasini xarid qildi. Qo‘shimcha yo‘nalishlarni o‘zlashtiryapman".



 

 

 

Shogirdlaringizga qanday o‘gitlar yoki vaʼdalar berasiz?

 

"Barcha shogirdlarimga bitta vaʼda berganman: besh yil o‘tib ular yiliga million dollar ishlab topadi. Klinikam tasarrufidagi 2 000 kvadrat metr maydondagi uch qavatli binoda joylashgan 10 ta operatsiya xonasi va 45 ta xona bilan bunga bemalol erishamiz. Yana shifokorlar uchun qo‘shimcha vakant o‘rinlar paydo bo‘ldi".

 

 

Eng ko‘p nima bilan faxrlanasiz?

 

"Shogirdlarim natijalari bilan faxrlanaman. Ayniqsa, ularda mehnatim mahsulini ko‘rsam. Men burunning chiroyli shaklini topganman va buni shogirdlarimni o‘rgatib kelmoqdaman".

 

 

Nimani yomon ko‘rasiz?

 

"Ahmoq odamlar bilan gaplashishni yomon ko‘raman, balki bu qo‘pol eshitilar, lekin shunday. Zerika boshlasam, u davradan uzoqlashaman, quruq gap asabiylashtiradi. Sotqinlikdan nafratlanaman. Men bergan bilimga ega bo‘lib, shaxsiy shifoxona ochishganda va mijozlarimni “o‘g‘irlab” olishganda va hokazo. Bir oy samarali ishlagan o‘quvchilarim bemalol avtomobil xarid qila oladi. Keyin ular o‘ziga Ibatovsiz ham shu pulni topa olamanmi, degan savolni berishadi".

 

 

Nima haqida orzu qilasiz?

 

Qiyin savol. Tez hal etishga harakat qiladigan maqsadlarim bor. Chunki kutishga toqatim yo‘q. 

 

 

Eng uzun taʼtilingiz qancha vaqt?

 

"Dam olishni yomon ko‘raman, tez zerikib qolaman. Rafiqamni farzandlarim bilan Turkiyaga yubordim. Rafiqam bilan Peterburgga konferensiyaga 5 kunga borib kelganmiz.

O‘tgan yili oldingi sherigim bilan aloqani uzdim va 200 ming dollarlik uskunalarimni olib chiqib ketdim. Kambag‘allikdan qo‘rqmayman. Chunki qornim bir kosa ovqat va bir piyola choyga to‘yadi. Ko‘pchilik murosani zaiflikka yo‘yadi. Sheriklik haqida so‘ragan edingiz. Bilingki, har qanday sheriklikda bitta hal qiluvchi ovoz bo‘lishi kerak. Va bu – mening ovozim".

Ko‘rishlar: 92

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz