Erkakning nasl-nasabi: bolalar ota-onalarining ishini davom ettiradigan 5 ta sulola

Odamlar

Yangilangan:

Ota-onalarining ishini davom ettirayotgan sulolalarning qudrati nimada? Qahramonlarimiz kasbiga mehri va avloddan avlodga o‘tib kelayotgan bilim haqida so‘zlab berdi.

 

 

 

Olimxonovlar oilasi

"Kelajakka ishonch – oilamizning kuchi"

 

 

Shuhratxon Olimxonov (ota) O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Narkotik moddalar nazorati qo‘mitasi bosh mutaxassisi, farmatsevt, 61 yoshda:

 

"Otam yashagan oila katta edi. Ular keng uyda yashagan. Hozir hammasi alohida istiqomat qiladi. O‘g‘illarning o‘z oilasi bor. Lekin biz doim bir-birimiz bilan muloqotdamiz.

 

Men sud-tibbiy eksperti bo‘lishni istaganman. Ammo farmatsevt kasbini tanladim. Otam farmatsevtika institutida dars berardi, toksikologik kimyo kafedrasi dotsenti edi. Ammo bu o‘zimning tanlovim bo‘ldi, otamning hech qanday taʼsiri bo‘lgani yo‘q.

 

Hayotimdagi eng muhim insonlar ota-onam. Otam 90, onam esa 86  yoshda. Ular – mening boyligim". 

 

- Erkaklar ko‘z yoshi… ?

"Faqat bolaligimda yig‘laganman. Xato ishlarim uchun ota-onam koyiganda xafa bo‘lganman. Erkak kishi ulg‘aygach, yig‘lamasligi kerak, deb hisoblayman".

 

 

Dilshodxon Olimxonov (o'g'li) «Alimkhanov Pharm Group» MCHJ taʼsischisi, farmatsevt, 39 yoshda:

 

"Farmatsevtlar sulolasidanmiz. Bolalikdan tartibga o‘rganganmiz. Dorilar qayerda saqlanadi, ularga qanday harorat kerak – barchasini bilamiz. Esimni taniganimdan farmatsevt bo‘lishimni sezganman. Shuning uchun o‘qishda qiynalmaganman. Hozir farzandlarim kasb tanlayapti, ularning sulolamizni davom ettirishiga umidim bor.

 

Otamning men bugun ham amal qiladigan  maslahati shu: “nima qilishing kerak bo‘lsa, bajar, shubhalanma”. Haftada bir marta ota-onamning uyida oilaviy yig‘iladigan anʼanamiz bor. Yaqin kungacha biznesimni rivojlantirishga bog‘liq qandaydir noaniqlikdan qo‘rqardim. Hozir shu yerda yashash kerakligini hamda imkoniyatni, fursatni boy bermaslik lozimligini angladim".

 

- Erkaklar ko‘z yoshi bu... ?

Sen to‘liq ishonadigan yaqin insoning oldidagi iqror.

 

 

Sherzodxon Olimxonov (o'g'li) «Alimkhanov Pharm Group» MCHJ taʼsischisi va direktori, farmatsevt,  38 yoshda:

 

"Bayram kunlari barchamiz ota-onamiznikida yig‘ilamiz. Bu men uchun alohida ahamiyatga ega. U yerda yoshimdan qatʼi nazar, bola bo‘lib qolaman. Bu uchrashuvlarni “majlis” deb atayman. Yetti avlodimiz aks etgan shajara daraxtini tuzishni orzu qilaman, toki farzandlarim va nevaralarim uni davom ettirsin. 

 

Bolaligim ota-onam ishlagan dorixonalarda o‘tgan. Peshtaxtalarda taxlangan dorilarga qiziqardim. Bir vaqtlar moliyachi bo‘lishni istashimga va bolalikdan matematika hamda raqamlarni yoqtirishimga qaramay, kasb tanlovim oldindan belgilangan. Farmatsevtlikka o‘qish oson kechmagan, ayniqsa, kimyo fanidan. Onam yordamga kelib, ushbu ilmni tushunib olishimga ko‘maklashardi.

 

Otamning maslahati – fursat va imkoniyatni boy berma".

 

- Erkaklar ko‘z yoshi bu… ?

"Xursandchilik onlari. Ammo bu ko‘zyoshlar o‘zing bilan yolg‘iz qolganda aks etishi kerak".

 

 

Bekzodxon Olimxonov (o'g'li) «Medion innovation» xususiy klinikasi angiografiya bo‘limi mudiri, intervension kardiolog, 35 yoshda:

 

"Farmatsevtlar oilasida bitta o‘zim tibbiyot xodimi bo‘ldim. Faqat bizning oilani emas, balki butun bir avlodni oladigan bo‘lsak, sulolamizda shifokorlar ko‘proq. Shifokor bo‘lishimni ota-onam xohlagan. Tibbiyot instituti talabasi bo‘lganimda ustozim Doniyor Olimov ixtisoslikni tanlashga yordam bergan. Otam hamma bilan rostgo‘y bo‘lishga o‘rgatgan.

 

Eng katta qo‘rquvim – yaqin insonlarimni yo‘qotish. Maqsadim va istiqboldagi vazifalarim ko‘p. Shuning uchun biror narsa haqida afsuslanishga vaqt yo‘q". 

 

- Erkaklar ko‘z yoshi bu… ?

"Qatʼiy sabab bo‘lishi kerak, yaʼni qalb og‘rig‘i. Bunday ko‘zyoshlarni ko‘rsatishga uyalmaysan. Erkaklar ko‘zyoshini kuch deb atay olmayman, ammo bu aniq zaiflik emas. Ahvolingni yengillatadigan hissiy  quvvat".

 

 

 

Qosimovlar oilasi

"Ishda ham, uyda ham boshliq – otam"

 

 

Alisher Qosimov (ota) plastik jarroh, tibbiyot fanlari nomzodi, Kasmed klinikasi direktori, O‘zbekiston plastik jarrohlari jamiyati raisi, 59 yoshda:

 

"Agar oilam haqida kitob yozsam, gapni ota-onam, atrof-muhit, insonlarga mehr-muhabbatimdan boshlagan bo‘lardim. Tarbiyasizlik va beadablikka chiday olmayman: odamlar ko‘chaga tamaki qoldig‘ini tashlaydi, avtomobil oynasidan chiqindi otadi... Inson o‘z shahri va hamshaharlarini sevishi, qadrlashi kerak.

 

Men tibbiyotchilar sulolasidanman. Oilamizda tibbiyot sirlari, turmush tarzi, xulq-atvor madaniyati avloddan avlodga o‘tib keladi. Bu anʼanalar oila ichida shakllanadi. Uch o‘g‘lim bor. Ularning birortasini tibbiyot xodimi bo‘lishga majburlamaganman. Lekin ikki o‘g‘lim tibbiyot bo‘yicha ketdi, irsiyat o‘z ishini qildi. 

 

Otamni minnatdorlik bilan eslayman. Oilamiz erishgan yutuqlar – uyimiz, klinikamizni ko‘ra olmasligidan afsuslanaman. Otamning o‘zi meni shifokorlikka boshlagan. Avvaliga meʼmor bo‘lishni, keyin tekstil sohasida ishlashni xohlaganman. U menga tanlov imkoniyatini bera turib, majburlamagan holda kasbimni topishga ko‘maklashdi. Stomatologiya fakultetini tugatib, stomatolog kasbini egallashni istamaganman. Otam ham yuz jarrohi bo‘lishimni maslahat bergan. Bu yakuniy kasb tanlovimning tub burilish fursati edi.

 

Bugun men uchun eng muhim inson – mening onam. U men bilan yashaydi. Volidam xasta – yaxshi yurolmaydi, unda yoshga doir o‘zgarishlar kechyapti. Har kuni unga vaqt ajrataman – qanday sharoit bo‘lmasin, albatta, o‘zim ovqatlantiraman. Onam muloqotimizni kutib o‘tiradi va men uchun yashaydi. Buni his qilaman. 

Hayotni munosib yashab o‘tishga va o‘zimdan keyin iz qoldirishga harakat qilaman. Aynan ushbu jumla bilan oilam haqidagi kitobni tugatgan bo‘lardim". 

 

- Erkaklar ko‘z yoshi bu….?

"Bu erkakning nimadir qilishga yoki nimanidir o‘zgartirishga chorasizligidir. Senga bog‘liq bo‘lmagan hayotiy vaziyatlarda kuchsiz qolish".

 

 

Xojiakbar Erkinlar (o'g'li) plastik jarroh, 25 yoshda:

 

"Sulolalarning o‘ziga yarasha ijobiy tomonlari bor. Uyda ham va ishda ham boshlig‘im – otam. Biz o‘tkazilgan operatsiyalarni faqatgina ish vaqtida muhokama qilmaymiz. Bir sutkada 24 soat, tanaffussiz va bayramlarsiz – otam bilan mavzuyimiz bir. 

 

Maktabni bitirgach, otamga o‘xshab plastik jarroh bo‘lishimni sezardim. U eng kuchli motivator. 8-sinfda o‘qib yurganimda yozgi taʼtilda klinikaga borardim. Shunda shu ish bilan shug‘ullanish istagi tug‘ilgan. Bu meni ruhlantirardi. Nazarimda, oilamizning kuchi go‘zallik va haqqoniylikda".

 

- Erkaklar ko‘z yoshi bu…. ?

"Hamma erkaklar ham yig‘lay olmaydi. Hayotimda ikki bor ko‘zyosh to‘kishday hissiyotni tuyganman. O‘shanda o‘zimni to‘xtata olamaganman. Birinchi marta bobom olamdan o‘tganida, ikkinchi marta esa ota-onam COVID-19 ga chalinganida yig‘laganman. Onam kasallikni og‘ir o‘tkazgan. Qiynalganini ko‘rib, chiday olmaganman. Erkakning ko‘zyosh to‘kishini zaiflik deb hisoblamayman. Bu ko‘proq kuchli jaihatimiz bo‘lsa kerak".

 

 

 

Matkarimovlar oilasi

"Kuchimiz bir-birimizga bo‘lgan mutlaq ishonchda"


 

Raximboy Matkarimov (ota) jarroh-koloproktolog, oliy toifali shifokor, 65 yoshda:

 

"Hali o‘quvchi chog‘larimda shifokor bo‘laman, deb qatʼiy qaror qilganman. Ota-onam kasal edi, men ularni davolashni orzu qilganman. Hayotimdagi eng muhim inson otam bo‘lgan. U akalaringga quloq sol, singillaringni asrab-avayla, deb uqtirardi. Oilamizning kuchi o‘zaro hurmat va bir-birimizga nisbatan sabr-toqatda bo‘lsa kerak.

 

Eng muhimi, yaqinlaringni yaxshi ko‘rish, oilangga g‘amxo‘rlik qilish. Ko‘p o‘qish tibbiyot xodimlari kasbining asosi. Kattalarni hurmat qil, muhtojlarga yordam ber, hech kimni xafa qilma – bular oilaviy maslagim. Bugun hayotimdagi eng muhim inson – farzandlarimning onasi, rafiqam. Yaqinlarim, qarindoshlarim, bemorlarimni yo‘qotishdan qo‘rqaman". 

 

- Erkaklar ko‘z yoshi bu...?

"Erkaklar qayg‘udan yig‘laydi. Asab tizimi uchun o‘ziga xos quvvat".

 

 

Sanjarbek Matkarimov (o'g'li) Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi ko‘p tarmoqli klinikasi bosh shifokorining jarrohlik bo‘yicha o‘rinbosari, jarroh-koloproktolog, tibbiyot fanlari nomzodi,  41 yoshda:

 

"Oilamizdagi asosiy qadriyat – kattalarni hurmat qilish. Kuchimiz bir-birimizga bo‘lgan mutlaq ishonchda. Oilada otaning so‘zi – qonun.

 

Tibbiyotchilar sulolasida daholar tug‘ilishiga ishonaman. Bunga avloddan avlodga o‘tib kelayotgan tajriba asos bo‘ladi. Men otamning yo‘lini davom ettiryapman. Qizim mening izimdan kelyapti. Qizimning ortidan o‘g‘li ketyapti. Sulolamiz bo‘lg‘usi akademikni tarbiyalayotganiga va shakllantirayotganiga ishonchim komil. 6-sinfligimda shifokor bo‘lishimni sezardim. Onam – pediatr bo‘lib, meni navbatchilikka olib ketardi. Men o‘shanda tug‘ilganida atigi 500 gramm bo‘lib, bir-ikki oydan keyin ikki kilogrammgacha vazn oladigan bolani ko‘rganman. Bu menda katta taassurot qoldirgan. Darrov koloproktologiyani  tanladim.

 

Men uchun hayot va o‘lim o‘rtasida turgan bemorning sog‘ayib ketishini ko‘rish ancha qadrli. Bu shu yo‘nalishda davom etishimda, shubhasiz, kuch beradi. Otamning operatsiyadan oldin va keyin Yaratganga shukrona keltir, degan maslahatiga haligacha amaliyotimda rioya qilaman. Hayotda hech narsaga afsuslanmayman. Lekin eng katta qo‘rquvim – ota-onamni yo‘qotish".

 

- Erkaklar ko‘z yoshi bu...?

"Kasal, yordamga muhtoj insonga bo‘lgan achinish. Ko‘z yoshi dahshatli haqiqatni anglab, uni qabul qilishga yordam beradi".

 

 

 

Yunusovlar oilasi

"Tibbiyotga bo‘lgan mehr menga bobomeros va qonimda bor"

 

 

Mirabzal Yunusov (bobo) otolaringolog, oliy toifali shifokor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan shifokor, sog‘liqni saqlash aʼlochisi, 79 yoshda:

 

"Tibbiyotchilar sulolasi shunisi bilan yaxshiki, kattalar sohaning barcha nozik tomonini hisobga olib, kerakli yo‘nalish berib, o‘zidan keyin katta bilim va tibbiyotga oid qimmatli adabiyotlarni meros qoldirgan holda kichiklarning kasb egallashida doim yordam beradi. Otam keng ixtisoslikdagi shifokor bo‘lgan – terapevt va yuqumli kasalliklar shifokori. Ammo men torroq yo‘nalish –  otolaringologiyani tanladim. Bu kasalliklar bosh sohasi bilan bog‘liq bo‘lgani sababli aniqroq tashxislash va davolashni talab qiladi. To‘g‘ri tashxislash tufayli davolash samarali o‘tadi, hatto jarrohlik amaliyoti qo‘llangan bo‘lsa ham.

 

Nokamtarlik bo‘lsa ham aytaman, oilamizning kuchi bir-birimizga bo‘lgan mehrda, oilaning nafaqat kattalari, balki kichik aʼzolarini ham tinglay olish xususiyati borligidadir.  Oilamiz aʼzolari hech qachon gapimni yerda qoldirmaydi. Ammo hozir yoshim o‘tganidan keyin vaziyat biroz o‘zgardi. Endi qarorlarni jamoaviy tarzda, oila kengashida qabul qilamiz. 

 

Oilamizning qoidalari – kattalarni hurmat qilish va ularga so‘zsiz bo‘ysunish. Kattalar esa kichiklarga quloq solishi hamda ularning qiziqishini bo‘g‘masligi kerak. Oilamizda ichki demokratik munosabatlar shakllangan. Otam bergan nasihat: bisotingdagi bor narsadan zavqlan va uni qadrla.

 

Tibbiyot oliygohining 5-kursida o‘qigan kezlarimda ayollar va bolalar o‘limi yuqoriligi sabab amaliyot o‘tash uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasiga yuborilganman. U yerda avitaminoz sababli o‘lim ko‘rsatkichi ortib borardi. Aholi deyarli hech qanday vitamin isteʼmol qilmasdi. Go‘sht umuman yeyilmasdi. Bolalar esa raxit va gipotrofiya bilan tug‘ilgan.

 

Men respublika aholisini oziq-ovqat mahsulotlari va malakali tibbiy yordam bilan taʼminlashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tashabbuskorlardan biri bo‘lganman.  Eng katta qo‘rquvim – yotib qolgan chorasiz bemor bo‘lish". 

 

- Erkaklar ko‘z yoshi bu…?

"Hayotning fojiaviy damlaridagi ongli harakat".


 

Sarvar Ahmedov (nevarasi) Toshkent tibbiyot akademiyasi davolash fakultetining, 2-kurs talabasi, 19 yoshda:

 

"Men uchun bobom – taqlid qilish uchun namuna. U kabi o‘z ishining ustasi bo‘lmoqchiman. 50 yil davomida birorta taʼtilsiz ishlagan – rahbarlik burchi va insonlar salomatligi uchun javobgarlik hissi uning dam olishiga imkon bermagan. Bobom jarroh-otolaringolog bo‘lib ishlagan davrlarda kuniga 20–25 ta operatsiya o‘tkazgan. Unga eng murakkab operatsiyalar ishonib topshirilgan, qo‘llari oltinga qiyoslangan.

 

Bobom – mukammallik tarafdori. U qayerga ishga yuborilmasin, ishonib topshirilgan vazifani yuqori darajada uddalagan. Bobomning har qanday sharoitda inson bo‘lib qol, degan nasihatiga butun umr amal qilib kelaman".

 

- Erkaklar ko‘z yoshi bu…?

"Erkak yig‘lamaydi".

 

 

 

Olimxonov va Boqixonovlar oilasi

"Oilamizning kuchi otamning obro‘sida"

 

(Rasmda: Sobirxon Olimxonov, Sergo Dental kompaniyasi menejeri, 34 yoshda  Habibulloxon Boqixonov, Toshkent shahridagi 10-tuman poliklinikasida tish texnigi, 26 yoshda)

 

 

Komil Olimxonov (ota) dermatovenerolog, oliy toifali shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent, «Doktor Olimxon» xususiy klinikasi direktori, 64 yoshda:

 

"Sulolamiz obro‘si bilan faxrlanadi. Oilamizda mengacha o‘rnatilgan tartibni davom ettiryapman: bu –  birovnikini olmaslik va xatti-harakatlarimiz uchun javob berish. Oilamizning kuchi ham shunda.

 

17 yoshimda otam shunday nasihat qilgan: «Nima qilmagin, doim taqqosla va vijdonan tanla». U spirtli ichimliklar isteʼmol qilishimni istamasdi. Alkogol – yovuzlik va barcha yomon odatlarning boshi, bu sharmandalik va uyat hissi nafaqat o‘zingga, balki butun oilang obro‘siga taʼsir qiladi, derdi. Shahar markazida katta yerimiz bo‘lardi. Uning chegarasidan anhor oqib o‘tardi. Katta va ahil oilada yashab, ulg‘ayganmiz. Amakim shifokor edi. Bemorlar tun-u kun unga murojaat qilardi. Zalda dorilar solingan qutisi turardi. Ko‘rinishi noodatiy edi – yog‘ochdan yasalgan, uch qavatli. Xona interyeriga mos tushardi va hatto undagi diqqatga sazovor narsa ham shu edi. 


O‘sha qutiga tez-tez ko‘z tashlab turardim. Uyoq-buyog‘imdagi tirnalgan joylar, terimdagi turli mayda jarohatlar muolajasi uchun qutichadagi dorilardan foydalanardim. Balki aynan o‘sha xatti-harakatlarim meni shifokor-dermatolog kasbiga boshlab, tibbiyot institutiga kirishga undagandir. Oilamizda patriarxal muhit va haqiqiy musulmon anʼanalari saqlanib qolgan. Mening so‘zim – qonun. Bu shunday ro‘y beradi. Boshida qarorni o‘zim o‘ylab ko‘raman, keyin rafiqamga aytaman, uning tasdig‘idan so‘ng farzandlarga yetkazamiz. 

 

Hayotimdagi eng muhim insonlar – onam va rafiqam. Ular men uchun ajoyib ayollar. O‘tgan yili rafiqam kasal bo‘lib qolganda unga ko‘proq g‘amxo‘rlik qilib, mehrim oshdi. Uni 100 foiz yaxshi ko‘rishim va qadrlashimni anglab yetdim. 

 

Afsuslarim? 1985-yili bolalikdagi katta uyimiz buzildi. Traktorlarning xuddi tanklar kabi bobolarim ekib ketgan mevali daraxtzorni yakson qilayotganini ko‘rganman. Otam bu manzaraga indamay qarab o‘tirgan. O‘sha tobda yoshlik qilib, otamning qalbini tilka-pora qilayotgan ilojsizlik hissini tushunmagan ekanman. Afsus, yordam berish qo‘limdan kelmagan va hayotimning qaysidir daqiqalarida o‘sha xotiralar jonlanib turadi. Balki ancha ko‘nglim bo‘sh bo‘lib qolgani uchundir".

 

- Erkaklar ko‘z yoshi bu...?

"Bu yurakdan tashqariga emas, balki ichkariga qarab sizayotgan ko‘zyosh. Agar erkak uni atrofdagilarga ko‘rsatsa, demak, zaifligini namoyon qilibdi. Bunday vaqtda yolg‘iz qolib, ko‘zyoshga erk bergan maʼqul. Baribir erkak hammaning oldida yig‘lamasligi kerak".

 

 

Odilxon Olimxonov (o'g'li) urolog-androlog, Kadyrov health care klinikasi embriologi, 41 yoshda:

 

"Oilada besh o‘g‘ilmiz. Otam bizni birdamlik ruhida katta qilgan, bu –  oilamiz qadriyati.

 

Shifokorlik kasbini o‘zim tanlaganman. Boshqa yo‘l ko‘rinmagan. Ammo mamlakatda, xususan, tibbiyotda inqiroz kuzatillganda modalar atelyesida mo‘ynado‘z bo‘lib ishlaganman. O‘shanda otam agar shaxsiy atelyemni ochsam, boshqa hech qachon shifokor bo‘lolmasligimni aytgan. Shifokor bo‘lsam esa, o‘z atelyemni ochishim mumkin. Otamning o‘sha so‘zlari umr yo‘limni belgilab berdi. Bobomning aka-ukalari akademik, professor bo‘lgan, jumladan, tibbiyot sohasida ham. Bobomga otasi hech qayerga o‘qishga kirmaslikni, balki ukalariga taʼlim olishga yordam berish uchun ishini davom ettirishni tayinlagan. Bobom hunarmand edi – u tom yopuvchi va temirchi usta bo‘lgan. Bu kasbi unga naqd pul keltirgan. Shu tariqa u ukalari o‘qishi uchun oilasini taʼminlagan. Bobom hammani o‘qitishni orzu qilgan.

 

Hayotimdagi eng muhim insonlar – ota-onam. Otam – olov, onam – suv. Otam avtoritar inson, onam esa uning quvvatini taqsimlay oladi. Yaʼni «­olov»ni yo‘naltirishga qodir. Yo‘qotilgan vaqtimga afsuslanaman. Baʼzi sharoitlar sabab o‘ylagan ko‘p ishlarimni amalga oshirolmaganman. 

 

Barcha aka-ukalarim muvaffaqiyatli va o‘zimizga to‘q bo‘lishni xohlayman. Toki yutuqlarimiz va farovonligimizdan xursand bo‘lgan ota-onamiz sog‘ yursin". 

 

-Erkaklar ko‘z yoshi bu…?

"Chorasizlik fursati. Bu erkakning zaifligi emas, balki uning kuchi".

 

 

Orifxon Olimxonov (o'g'li) Fadil Dental klinikasi stomatologi, 39 yoshda:

 

"Tibbiyotchilar sulolasida hammasi o‘ziga xos bo‘ladi. Biz bir-birimizni ortiqcha so‘zsiz tushunamiz. Asosimiz, mavzumiz bir, yaʼni yashayotgan olamimiz. Otam tomondan shifokorlar ko‘p. Onam tomondan bobom ko‘nchilik bilan shug‘ullangan va qorako‘lchilik sohasini boshqargan. Mening kasbiy davomchisi bo‘lishimni istagan. Men ham, o‘z navbatida, yo‘q deyolmay, tish texniklari kollejida o‘qib yurgan kezlarimda telpak, po‘stin tikib, shu hunar bilan shug‘ullanganman.

 

Kasb tanlovida uzoq ikkilanganman. Ammo tibbiyot yutib chiqqan. Hayotimdagi eng muhim insonlar – ota-onam. Onam bizga umuman urishmagan. Ammo uning: «Otangga aytaman!» degan birgina so‘zi stop kran kabi taʼsirga ega edi. Ota so‘zi qonun, muhokamaga o‘rin yo‘q. 

 

Otamning menga bergan muhim maslahati – qiyinchiliklardan qo‘rqmaslik. Bugun hayotda hech narsadan qo‘rqmayman. Ota-onam hayotligida yutuqlarimni ko‘rib qolishi uchun o‘z nomimni tanitmoqchiman. 

 

- Erkaklar ko‘z yoshi bu…?

"Bu yo‘qotilgan vaqt yoki imkoniyat. Bola qiynalganini ko‘rsam, chiday olmayman va yig‘lashim mumkin".


 

Xayrulloxon Boqixonov (o'g'li) stomatolog, bolalar terapevti, 21 yoshda:

 

"Oilamizning kuchi otamning obro‘sida. Eng ko‘p qo‘rqqanim –  uning ko‘nglini qoldirish".

 

- Erkaklar ko‘z yoshi bu…?

"Quvonch va qayg‘uga befarq bo‘lmaydigan tirik jon. Erkakning ko‘z yoshi qalb tozaligidan dalolat". 

Ko‘rishlar: 68

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz