Endokrinologiya markazining yangi nomlari
Odamlar
Yangilangan:
Akademik To‘raqulov nomidagi endokrinologiya markazida mutaxassislarning butun boshli avlodi ulg‘aydi, ular bilan faxrlansa arziydi. Ammo bizga ularning barchasi bilan ham uchrashish nasib etmadi. Chunki ular hozirgi vaqtda dunyoning turli hududida. Ko‘pi fotosuratlarini yubordi.
Mu’allif: Barno Ikramova
1. Farrux Almuradov, nuklear (yadro) tibbiyot shifokori, kichik ilmiy xodim, 38 yoshda
- Nuklear tibbiyot sohasida mutaxassis bo‘lish nechog‘liq murakkab?
"Dastlab mutaxassislikka ega bo‘lishingiz kerak. Mening vaziyatimda endokrinolog, so‘ng radiolog sub ixtisosligini egallash, ana undan keyin nuklear mutaxassis bo‘lish mumkin"
- Nuklear tibbiyotda eng murakkab atama:
"Ssintigrafiya, organizmga yuborilgan radiofaol izotoplarni vizuallashtirish usuli va ikki o‘lchamli tasvir olish".
- Nuklear tibbiyot afsonalari.
"Pyer Kyuri va Mariya Sklodovskaya-Kyuri – radiatsiya va izotoplarda asosiy tushunchalarning asoschilari".
- Nuklear tibbiyotda dolzarb muammolar:
"Yangi izotoplar sintezi".
- Zamonaviy nuklear tibbiyotning inqirozi nimada?
"Oldimizga iqtidorli yoshlar ko‘p kelmaydi. Ularning hammasi nurlanishdan qo‘rqadi. Garchi kam doza ular uchun foydali bo‘lsa-da".
- Qanday to‘qima va organlar gormon ishlab chiqaradi?
"Gormonlar ko‘p. Ularni, masalan, qalqonsiman, paraqalqonsimon, oshqozonosti va boshqa bezlar ishlab chiqaradi".
- Shaxsiy tajribangiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
"Bir safar ichakda paraqalqonsimon bez hujayralarini topganmiz".
- Nuklear tibbiyot shifokorlarining pensiyaga imtiyozli chiqishi mumkinmi?
"Ular maoshiga ustama oladi va muddatidan erta pensiyaga chiqishi mumkin. Erkaklar 55 yoshdan pensiyaga chiqadi. Pensiya umumiy staj va pensiyaga qadar oxirgi besh yilda olingan ish haqi hisobidan chiqariladi. Shuning uchun uning aniq miqdorini aytish qiyin. Toki kerakli ekanman, ishlashga tayyorman".

2. Olimxon Alimxanov, rekonstruktiv jarroh, rekonstruktiv jarrohlik bo‘limi mudiri, uchinchi o‘quv yili tayanch doktoranti, 33 yoshda
Rekonstruktiv jarrohlik – endokrinologiya bilan bog‘liq tor yo‘nalish. Biz qandli diabetning kechki yiringli asoratini davolaymiz.
- Nima uchun Endokrinologiya markazida ishlayman?
"Markazda diabet asoratining rekonstruktiv-plastik jarrohligi bo‘yicha eng yaxshi maktab, shuningdek, 36 o‘rinli bo‘lim joylashgan. U mazkur sohada mamlakatdagi eng katta bo‘lim".
- Jarroh huzuriga qanday shikoyatlar bilan kelishadi?
"Odatda odamlar oyoq kaftidagi jarohatlar yoki uning ostida paydo bo‘lgan terining dag‘al qalinlashuvi, tirnoq, barmoqlar rangining o‘zgarishi, oyoq-qo‘llardagi og‘riq bilan shikoyat qiladi. Mushak ichiga qilingan inyeksiyalardan keyingi qizarish, shish holatlari va hokazo".
- Jarrohlar tomonidan diabetik oyoq kafti bo‘yicha hali nima o‘rganilmagan?
"Biz rekonstruktiv, organlarni saqlab qoluvchi operatsiyalarni ko‘proq o‘tkazishimiz kerak. Maqsad – ko‘p holatlarda qo‘l-oyoqni saqlab qolish, tez reabilitatsiya qilish, shu orqali bemorlarning hayot sifatini yaxshilash".
- Endokrinologiyadagi eng murakkab atama qaysi?
"Men uchun barcha kerakli atamalar murakkab emas. Pangipopituitarizm so‘zini bir talaffuz qiling-chi".
3. Baxtiyor Muhammedaminov, neyrojarroh, O‘zbekiston nevrologlari assotsiatsiyasining harakat organlaridagi buzilishlar bo‘yicha seksiyasi boshlig‘i, AQSh neyrojarrohlar assotsiatsiyasi, Stereotaksik va funksional neyrojarrohlik bo‘yicha xalqaro tashkilot, Xalqaro neyromodulyatsiya jamiyati, Parkinson kasalligi va harakat aʼzolari buzilishi bo‘yicha xalqaro hamjamiyat aʼzosi, 32 yoshda
- Nima uchun endokrinologiya markazida ishlayapman?
"Bu yerda shifokorlar uchun allaqachon ideal sharoit yaratilgan. Ayniqsa, yosh mutaxassislarning shaxsiy rivojlanishi va bemorlarning qulayligi uchun imkoniyat yetarli".
- Neyrojarrohga qanday shikoyatlar bilan murojaat qilish kerak?
"Faqat yaxshi uxlay olmayapman, deb emas".
- Neyrojarrohga ketayotgan odam nimani bilishi kerak?
"Operatsiya tugaguncha va mutaxassis maslahat bergunga qadar 4-5 soat kutish mumkinligini bilishi shart".
- Neyrojarrohlar tomonidan yana nima o‘rganilmagan?
"Deyarli hech narsa. Tibbiyot, ayniqsa, jarrohlik ilm emas, balki sanʼatdir. Biz faqat nazariya va statistikani o‘rganamiz".
- Neyrojarrohlik kasbini egallash nechog‘liq qiyin?
"Hatto magistraturani tugatib ham murakkab operatsiyalarni mustaqil o‘tkazgunga qadar bir necha yil o‘tishi kerak. Shuning uchun bizda ustoz-shogirdlik munosabati muhim ahamiyatga ega".
- Neyrojarrohlikda eng qiyin atama?
"Operatsiya vaqtida “qaychi” so‘zini eslash va uni qo‘l bilan ko‘rsatish".
- Neyrojarrohlik afsonalari:
"Xarvi Kushing gipofiz adenomasida birinchi bo‘lib transnazal operatsiyasini o‘tkazgan. Uning sharafiga nomlangan kasallik ham bor".
- Neyrojarrohlikning qaysi muammolari haligacha dolzarb?
"Parkinson kasalligi va harakat aʼzolaridagi boshqa kasalliklarni jarrohlik yo‘li bilan davolash hamon dolzarb. 2023-yili ushbu operatsiyalarni markazimizda o‘tkazishni rejalashtirganmiz".
- Zamonaviy neyrojarrohlik inqirozi nimada?
"Moliyalashtirish manbalarining yetishmasligida".
- Asab va endokrin tizimlarining o‘zaro aloqasi qanday?
"Gohida urishadi, gohida yarashadi, xuddi insonlar kabi".
- Neyrojarrohlikda boshingizdan o‘tgan nooadatiy voqealar bilan o‘rtoqlashsangiz.
"26 yoshli ayolda MRT orqali ikkilamchi gidrotsefaliya bilan gipofizning katta adenomasi aniqlandi. Ayol faqat bosh og‘rig‘i va bir ko‘zning ko‘rish qobiliyati pasayishidan shikoyat qilgan. Odatda MRT orqali bunday holat aniqlangan bemorlar aravachada olib kelinadi. Ayol esa o‘zi kelgan. Gormonfaol adenomani inobatga olsak, uning ikki farzandi borligi hayratlanarli. Operatsiya o‘tkazdik va 6 kun o‘tib uyiga javob berdik. Bugun farzandlarini tarbiyalayapti, hayoti ham xavf ostida emas".
4. David Kalendarev, neyrojarroh, 28 yoshda
- Nima uchun jarrohlikni tanlagansiz?
"Bir kuni tushimda shu gapni eshitib qolganman: «Dunyodagi barcha muammolar insonlardagi yuqori IQ ko‘rsatkichi tufayli». Shundan buyon ortiqcha narsalarni olib tashlashga qatʼiy qaror qilganman".
- Neyrojarroh oldiga qanday shikoyatlar bilan kelishadi?
"Bosh og‘rig‘i, xotira, nutq bilan bog‘liq muammolar, yuz va unda joylashgan organlar faoliyatining buzilishi, bel og‘rig‘i va oyoq-qo‘llardagi madorsizlik. Bunday vaziyatlarda nevrolog yoki neyrojarrohga murojaat qiling".
- Kasbni egallash nechog‘liq qiyin?
"Eng qiyini – mustaqil muolajalarga ruxsat olish. Chunki ishimiz tirik miya ustida ketadi".
- Eng murakkab atama?
"Sinkope (hushdan ketish) – miya to‘qimalarida qon aylanishining qiyinlashuvi bilan kechadigan hushni yo‘qotishning patologik holati".
- Neyrojarrohlik afsonalari:
"Neyrojarrohlikdagi afsonalar haqida eshitmaganman, faqat sehr-jodu".
- Endokrinologiyada haligacha dolzarb muammolar qaysi?
"Bemorlarning yordam so‘rab kech murojaat qilishi".
- Zamonaviy neyrojarrohlikning inqirozi nimada?
"Qimmatbaho texnika va uskunalarda".
5. Vasila Talenova, endokrinolog, 32 yoshda
- Nima uchun endokrinologiyani tanlagansiz?
"Inson organizmini chuqurroq tushunish uchun".
- Endokrinolog oldiga qanday shikoyatlar bilan kelishadi?
"Semizlik, hayz sikli buzilishi, qandli diabet, qalqonsimon bez kasalliklari, arterial qon bosimining ko‘tarilishi, buyrak usti bezlari kasalliklari, poliuriya va hokazo".
- Bugungi yosh endokrinologlar qanday maqsadlarni ko‘zlayapti?
"Fan bilan shug‘ullanish, bemorlarni zamonaviy usullar bilan davolash, yangi usullarni izlash, to‘g‘ri va differensial diagnostikani o‘tkazish hamda endokrinologik kasalliklarni kamaytirishga hissa qo‘shish".
- Endokrinologlar tomonidan yana nima o‘rganilmagan?
"Markaziy asab tizimi, immun tizimi va endokrinologik kasalliklar rivojlanishida inson mikrobiotining roli".
- Endokrinologiyada eng qiyin atama qaysi?
"Pangipopituitarizm, giperaldosteronizm, psevdogipoparatireoz, ko‘plab endokrin neoplaziyalar".
- Endokrinologiyaning qaysi afsonalarini sanab o‘ta olasiz va nima uchun?
"AQShlik endokrinolog Elliot Proktor Joslin – bu inson birinchi bo‘lib diabetga chalingan bemorlariga o‘z kasalligini nazorat qilishni o‘rgatgan. Shuningdek, Frederik Banting va Charlz Best insulinni kashf etib, millionlab umrlarni saqlab qolgan".
- Endokrinologiyada qaysi muammolar haligacha dolzarb?
"Qandli diabet kasalligi va semizlikning ortib borishi, davolanishning qimmatligi".
- Zamonaviy endokrinologiya inqirozi nimada?
"Endokrinologik kasalliklarning rivojlanish etiologiyasini o‘rganish uchun ilmiy bazaning yetishmasligi va pandemik tabiatdagi endokrinologik kasalliklarga qarshi kurashdagi qiyinchiliklar. Masalan: qandli diabet, semizlik va metabolik sindrom".
- Yod me’yorini muvozanatda saqlash uchun qancha tuz iste’mol qilish kerak?
"Bu tuzning miqdoriga emas, sifatiga bog‘liq".
- Endokrinologiyaga oid qiziqarli hikoyalar bilan o‘rtoqlashsangiz.
"Qandli daibetning yiringli asoratidan o‘layotgan insonni hayotga qaytarganimiz hech qachon yodimdan chiqmaydi".
6. Istora Usmonova, endokrinolog, 28 yoshda
- Nima uchun endokrinologiyani tanlagansiz?
"Buvim diabet asorati tufayli vafot etgani uchun muammoni chuqur o‘ranishga qaror qildim".
- Endokrinologlar tomonidan yana nima o‘rganilmagan?
"Oshqozonosti bezini ko‘chirib o‘tqazish operatsiyasi o‘tkazilsa, yaxshi bo‘lardi".
- Endokrinologiyadagi eng qiyin atama qaysi?
"Granulematoz gigant hujayrali tireoidit".
- Endokrinologiyada qaysi muammolar hamon dolzarb?
"Diabetni davolash. Semizlik".
7. Maftuna Latipova, endokrinolog, 30 yoshda
- Endokrinologiyada shaxsiy voqealaringiz bilan bo‘lishsangiz?
"Bir bemorim ko‘p vaqt davomida homilador bo‘lolmadi, chunki bolaligidan 1-tipdagi qandli diabet bilan xastalangan hamda glikemiyani nazorat qilmagan. Insulinoterapiya va glikemiyaning to‘g‘ri korreksiyasidan keyin u ona bo‘ldi. Menimcha, qandli diabetni to‘liq davolash — endokrinologiyada dolzarb muammolardan biri".
8. Sabina Xamrayeva, endokrinolog, 31 yoshda
- Nima uchun tibbiyotni tanlagansiz?
"Buvim shifokor, xolalarim ham. Men uchun tanlovim ahamiyatli bo‘lgan".
- Nima uchun Endokrinologiya markazida ishlaysiz?
"Aynan shu yerda noyob klinik hodisalarni kuzatish va davolash mumkin".
- Endokrinologiya nima bilan bog‘liq?
"Davolashdan keyin inson organizmida paydo bo‘ladigan uyg‘unlik bilan".
- Endokrinologga nimadan shikoyat qilib borish mumkin?
"Nima bezovta qilsa, hammasidan. Ko‘pchilik simptomlar endokrinologik patologiyalarni ajratib olishni talab etadi. Asosiy va ko‘p uchraydiganlari: tez charchash, uyquchanlik, xotira pasayishi, kayfiyat o‘zgarishi, uyqu buzilishi, qo‘l-oyoq tremori, ortiqcha yoki yetarli bo‘lmagan vazn, soch to‘kilishi, kuchli chanqash va boshqalar".
- Endokrinolog huzuriga ketayotgan odam nimalarni bilishi kerak?
"Yaxshi shifokor barcha savollaringizga javob berishini va siz uchun eng yaxshi davolash usulini tanlashini bilishingiz lozim. Siz ham shifokorga holatingizga bog‘liq barcha narsani so‘zlab berishingiz kerak".
- Endokrinologiya afsonalari:
"Yaqinda birinchi ustozim Saidg‘anixo‘ja Ismoilov olamdan o‘tdi. Betakror endokrinolog va jarroh, olim va jamoat arbobi edi".
- Zamonaviy endokrinologiya inqirozi nimada?
"Qandli diabet kasalligining ortishi".
- Asab va endokrin tizimi o‘rtasidagi bog‘liqlik qanday?
"Neyroendokrin regulyatsiya jarayonida ikki tomonlama aloqa kuzatiladi. Asab tizimi endokrin tizimi faoliyatini nazorat qiladi, gormonlar ishlab chiqarish jadalligini boshqarib turadi. Ammo gormonlar, shuningdek, asab tizimining markaziy va periferik qismlariga ham taʼsir qiladi".
- Gormonlar qanday axborotni uzatadi?
"Gormon o‘z retseptorini ushlab olganidan keyin axborot uzatadi. Bu esa nishon aʼzoni muayyan harakatni bajarishga undaydi".
- Yod balansini ushlab turish uchun qancha miqdorda tuz iste’mol qilish kerak?
"Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga ko‘ra, organizmni sutkalik yod me’yori bilan taʼminlash uchun, agar yodlangan bo‘lsa, sutkada besh gramm tuz yetarli".
- Endokrinologiyaga oid qiziqarli hikoyalar bilan o‘rtoqlashsangiz.
"Qabulimga 45 yoshli ayol keldi. U mushakdagi holsizlik, suyaklar qiyshayishi, og‘riq, qo‘l-oyoq harakatlanishidagi cheklanishi tufayli uch yil to‘shakka mixlanib qolgan. Travmatologlarga murojaat qilgan, ular esa osteoporozga ishora qilib, protez qo‘yishni tavsiya etgan. O‘tkazilgan tekshiruvlardan keyin bu holat Shixanaosle Sindromi deya nomlanib, tug‘ruqdan keyingi asorat oqibatida rivojlangani maʼlum bo‘ldi. Bemor ayolga o‘rnini bosuvchi gormonal terapiya, osteoporozni davolash taxsiya etildi. So‘ng u o‘zida yengillik his qildi".
9. Muxlisa Shariksiyeva, endokrinolog, PhD, tibbiyot fanlari nomzodi, 36 yoshda
- Nima uchun men endokrinologiyani, aynan bolalarendokrinologiyasini tanladim?
"Chunki bolalar endokrinologiyasi – tibbiyotning mutaxassislar tomonidan alohida o‘rganilishi zarur bo‘lgan maxsus sohasi. Shu bilan birga u nisbatan yosh fan sanaladi. Endokrin patologiyaga ega bolalar soni ko‘p va taʼkidlab aytmoqchimanki, kattalarning endokrinologlari ularni davolashda biroz ojiz. Masalan, ular faoliyati davomida germafroditizm, bo‘y o‘sishining buzilishi, bolalar jinsiy rivojlanishining orqada qolishi yoki ilgarilab ketishi kabi kasalliklarga ko‘p duch kelavermaydi".
Ko‘rishlar: 67
https://anatomica.uz/uz/articl...










