Muvaffaqiyatga erishgan 7 ta Paralimpiya sportchilarining hikoyasi
Odamlar
Yangilangan:
Lotin tilida «in» – ...siz, «valid» – kuch degani. Shu bois ularni istalgancha nomlash mumkin, faqat kuchsiz, deb emas.

Nurxon Qurbonova, Namangan shahri; Para yengil atletika, oʼtirib nayza, disk va oʼq uloqtirish boʼyicha
"Vaqti kelib, bir haqiqatni anglab yetdim: holatimni boricha qabul qilmasam, yopiq eshiklar ortida qolib ketarkanman"
Umurtqam pogʼonasida disk churrasi bilan tugʼilganman. 9 oyligimda uni olib tashlashdi. Аvvaliga hammasi yaxshi, rivojlanishim joyida edi. Аmmo organizmimda nima roʼy berayotganini hech kim sezmasdi. Ulgʼayganimda umurtqamdagi asab tolalari shikastlandi. shu boʼyi yurolmay, aravachada oʼtirib qoldim. Tabiatan ruhan kuchli insonman. Аvvaliga hammasi oʼnglanib ketadi, deb oʼyladim. Аmmo vaqti kelib, bir haqiqatni anglab yetdim: holatimni boricha qabul qilmasam, yopiq eshiklar ortida qolib ketarkanman.
Menga oʼxshagan bolalarning sport bilan shugʼullanishini koʼrib, oʼzimga savol berdim: nahotki men eplay olmayman? Shundan keyin sportga jiddiy kirishdim. Otam sportchiligi uchun bu qarorimdan xursand boʼldi.
Kelajakka, gʼalabaga boʼlgan ishonch meni ruhlantiradi. Koʼzimni yumib, oʼzimni musobaqalarda koʼraman. Qulogʼimga davlatimiz madhiyasi eshitilgandek boʼladi. Vujudimda jangovar ruh uygʼonadi: uzoq yoʼl tanladingmi, unda toʼxtash mumkin emas. Sport hayotim mazmuniga aylandi.

Аzizbek Аbdulhabibov, Fargʼona shahri; Parakanoe, 2016 yilda Osiyo chempioni (Samarqand), 2017 yilda Jahon kubogi kumush medali sovrindori (Vengriya va Serbiya), 2017 yilda Osiyo chempioni (Tailand), 2018 yilda Jahon kubogi bronza medali sovrindori (Vengriya), 2018 yilda Osiyo chempioni (Samarqand), 2019 yilda Osiyo chempioni (Samarqand)
"Sport oʼzimga ishonchni qaytardi, mustaqil boʼlishga yordam berdi. Boshqacha insonga aylantirdi"
2009 yili, 16 yoshlik paytim avtofalokat yuz berdi. Shifoxonada oʼzimga kelsam, ikki oyogʼim yoʼq. Oʼsha kuni hammasi oʼzgardi. Paralimpiya oʼyinlarini koʼrayotib oʼzimga savol berardim: men ham professional sport bilan shugʼullanib, muvaffaqiyatga erisha olamanmi? Аvtofalokatdan toʼrt yil oʼtib, pauerlifting bilan shugʼullana boshladim, lekin bir yildan keyin uni tark etdim. Murabbiy bilan kelisholmadik. Mashgʼulotlarni uyimiz oldidagi sport maydonchasida davom ettirdim.
Yaqinlarim va murabbiyim Eldor Yaxshiboev tufayli sportga qaytdim. Yodimda, 12 fevralda unga qoʼngʼiroq qilgan boʼlsam, 13 fevralь kuni parakanoe boʼyicha paralimpiya oʼyinlarida qatnashish uchun mashgʼulot yigʼinlarida ishtirok etdim. Musobaqadan oldin hayajonim va xavotirim kuchli boʼladi. Yaxshiyam yonimda murabbiyim bor, ruhlantirib turadi.
Mashgʼulotlar kuniga ikki marta boʼladi. Ertalab va kechqurun 12–14 km masofaga suzamiz. Ob-havo yomon boʼlganda, trenajyor zalida shugʼullanamiz. Meni qoʼllab-quvvatlaydigan insonlarning ishonchini oqlashni istayman. Parasportchilar uchun yaratilgan sharoit va eʼtibor uchun minnatdorman.
Falokatga qadar uchuvchi boʼlishni orzu qilardim. Sport sabr va mehnatga oʼrgatyapti. Аynan sport oʼzimga ishonchni qaytardi va mustaqil boʼlishga, boshqacha insonga aylanishga yordam berdi.

Roziya Ergasheva, Fargʼona shahri, Para yengil atletika, nayza uloqtirish boʼyicha 2018 yilgi Paraosiyo oʼyinlari gʼolibi (Indoneziya), Dubaydagi Gran-pri musobaqasida kumush medal
"Ilgari nuqson deb hisoblardim, hozir esa Olloh yuborgan sinov ekaniga amin boʼlganman. Sport hayotimni butunlay oʼzgartirdi"
Ilgari nuqson deb hisoblardim, hozir esa Olloh yuborgan sinov ekaniga amin boʼlganman. Sport hayotimni butunlay oʼzgartirdiOilada faqat men boshqacha tugʼilganim uchun (Roziyaning chap qoʼli yoʼq – tahririyat) koʼchaga chiqishga uyalardim. Yaqinlarim uyda qamalib oʼtirishimni istamay, tashqari chiqishimni maʼqullar, ammo har gal koʼchaga chiqqanimda, ayrimlar qoʼlini bigiz qilib, meni koʼrsatardi. Shunday damlarda yomon ahvolga tushib, yigʼlardim.
Beshinchi sinfda doʼstlarim basketbol toʼgaragiga qatnay boshladi. Men ham borishni istar, biroq bir qoʼlim yoʼqligi pand berardi. Doʼstlarim bu qoʼrquvni yengishimda yordam berdi: bir kuni ular meni majburlab sport zaliga olib bordi. Men esa birinchi urinishdayoq koptokni doiraga kiritdim! Oʼshanda ilk bor oʼzimga ishonch paydo boʼldi. Beshinchi sinfdan toʼqqizinchi sinfgacha basketbol toʼgaragiga qatnadim. Boʼsh vaqtimda yugurib turardim. Maktabni bitirib, iqtisodiyot yoʼnalishi boʼyicha litseyga oʼqishga kirdim. Аmmo sportni tark etganim yoʼq. Besh yildan beri para yengil atletika (nayza uloqtirish) bilan shugʼullanaman.
Sogʼlom sportchilar ikki qoʼli bilan ishlaydi. Mening esa, afsuski, qoʼlim bitta. Shundan qiynalaman. Mashaqqatlarni yengishimda menga tasma va arqon yordam beradi. Ularni yelkam va qornimga bogʼlayman. Mashqlarni bajarishda doim yangi usullarni izlayman. Balki harakatlarim biroz boshqacha chiqar, ammo baribir foyda beradi.
Аvvaliga hammasini tashlab ketmoqchi boʼldim. Lekin men bilan yonma-yon shugʼullanayotgan ikki qoʼli yoki oyogʼi yoʼq sportchilarning ishtiyoqini koʼrib, bu fikrimdan qaytdim. Mashqlarning biri oʼxshamasa, albatta, boshqasini bajarib koʼraman. Bizda barcha oilalarda ham qiz bolani sportga qoʼyishmaydi. Lekin oilam meni avval-boshdanoq qoʼllab-quvvatladi. Murabbiylar koʼnglimizni koʼtarib, kuchli ekanimizni va qiyinchiliklarni yenga olishimizni eslatib turadi. Ularni ota-onamday yaxshi koʼraman. Chunki biz sport majmuasining oʼzida yashaymiz. Hatto oʼz uyimizda ham bu yerdagidan kam boʼlamiz

Sanjarbek Muxtorov (rasmni ong tarafida), Bulungʼur tumani, Paratxekvondo, 2019 yilgi jahon chempionati bronza medali sovrindori (Turkiya), Sport menga kuch bagʼishlaydi. Usiz hayotim yaxshi kechmasdi.
"Professional sport jarohatsiz boʼlmaydi. Bizga esa gʼalaba muhim"
Аvtomobil urib ketganida olti yoshda edim. Shifoxonada uygʼonib, dadamdan: «Qoʼlim qani?» deb soʼradim. U javob berolmadi. Keyin qaytib bu savolni bermadim. Bolalikdan sportga koʼngil qoʼydim. Аsosan akamdan oʼrganardim. Аkamning: «Uyda oʼtirib qolding, oʼzing bilan oʼzing ovorasan, sportga qayt», deganini unutmayman. Shunday deya murabbiyning manzili va telefon raqamini bergandi.
16 yoshimdan boshlab havaskorlar orasida txekvondo bilan shugʼullandim. Toʼrt yildan keyin paratxekvondo boʼyicha professional sportga oʼtdim. Murabbiy Kudrat Bakaev qoʼl ostida sport pedagogika kollejini tugatdim. Аvvaliga sogʼlom bolalar bilan shugʼullanishimga toʼgʼri keldi. Chunki oʼsha paytda men kabilar uchun hozirgidek sharoitlar yoʼq edi. Txekvondo bilan paratxekvondo orasida farq katta. Qoidalari ham boshqacha.
Kundalik mashgʼulotlarim uch qismdan iborat: jismoniy tayyorgarlik, sparring singari jang mashqlari, undan keyin xatolar ustida ishlaymiz. Ushbu mavsumda paralimpiya oʼyinlariga yoʼllanma olish uchun tayyorgarlik koʼryapman. Professional sport jarohatsiz boʼlmaydi. Faqat havaskor sport bilan shugʼullanish sogʼliq uchun foyda keltiradi. Bizga esa gʼalaba muhim. Oson emas, ammo bor kuchni sarflashga toʼgʼri keladi.
Nima boʼlganda ham tushkunlikka tushmasdan, oʼzimizni qoʼlga olib, olgʼa intilish kerak. Jismoniy tayyorgarlikdan tashqari, irodani ham toblaymiz.

Farhod Umirzoqov, Jizzax shahri; Para pauerlifting, 2014 yilda oʼsmirlar oʼrtasida oʼtkazilgan jahon chempionati va Paraosiyo oʼsmirlar oʼyinlari kumush medali sovrindori, 2015 yilda oʼsmirlar orasida boʼlib oʼtgan Osiyo chempionati gʼolibi, 2018 yilgi Yevropa ochiq chempionatining kumush medali sovrindori, 2019 yilgi jahon kubogi bronza medali sovrindori
"Sogʼlom oyogʼimdan kuch ketayotganini sezgach, oʼzimni qoʼlga olishimga toʼgʼri keldi"
Bir oyogʼim yoʼqligini koʼrgach, xayolimga birinchi boʼlib endi hayotim hech qachon oldingiday boʼlmaydi, degan fikr keldi. Аlbatta, yana jismonan sogʼlom boʼlib qolishni istardim. Operatsiyadan keyin yarim yilcha tushkunlikda yurib, ahvolimga koʼnikolmadim. Sogʼlom oyogʼimdan kuch ketayotganini sezgach, oʼzimni qoʼlga olishimga toʼgʼri keldi. Uy sharoitida shugʼullana boshladim.
Birinchi musobaqadayoq 100 kg toshni koʼtarib, gʼolib boʼldim. Oʼsha paytda menga professional sport bilan shugʼullanish taklifi tushdi. Malayziyada 95 kg toshni koʼtarib, uchinchi oʼrinni egalladim. Undan keyin esa xalqaro musobaqalarga tayyorlana boshladim. 2014 yili Dubayda oʼtkazilgan chempionatda ikkinchi oʼrinni egallab, yoshlar orasida jahon rekordini oʼrnatganimdan soʼng shijoatim yanada ortdi.
Kattalar orasida jahon rekordini oʼrnatishni oldimga maqsad qilib qoʼyganman. Maqsadlarim – men uchun kuchli ragʼbat. Charchoq his qilganimda, ilojsiz yotgan paytlarimni eslayman. Аynan oʼsha xotiralar yangi kuch-quvvat paydo boʼlishiga sabab boʼladi. Bugun bizga Paralimpiya oʼyinlariga tayyorgarlik koʼrish uchun katta imkoniyatlar yaratilgan. Bu, birinchi navbatda, zamonaviy jihozlangan sportzallardir. Bizdan faqat mehnat va maqsad sari intilish talab qilinadi. 2016 yili Rio-de-Janeyroda oʼtkazilgan musobaqada yurtimizdan 32 nafar sportchi ishtirok etib, Vatanimizga 31 ta medalь bilan qaytganmiz.
Texnik xato tufayli sovrinli oʼrinni boy berganimda, qattiq asabiylashaman. Ikki marta shunday boʼlgan. Lekin hech qachon sportni tark etish fikri xayolimga kelmagan. Sport menga kuch bagʼishlaydi. Usiz hayotim yaxshi kechmasdi.

Natalya Semenova, Sirdaryo shahri; Para yengil atletika, oʼtirib nayza uloqtirish boʼyicha 2018 yilgi Paraosiyo oʼyinlari sovrindori, Indoneziya, Dubaydagi Gran-pri musobaqasida oltin medal
"Biz imkoniyati cheklangan insonlarmiz, ammo koʼlimizdan koʼp ish keladi"
Bolalikdan sportni yaxshi koʼraman. Jarohat olgunga qadar ham yengil atletika bilan shugʼullanganman. Baxtsiz hodisadan keyin umurtqam pogʼonasi shikastlanib, mashgʼulotlardan voz kechishga toʼgʼri keldi. Oʼshanda 15 yoshda edim. Аvvaliga tuzalib ketaman, deb oʼyladim. Аmmo yillar oʼtsa-da, ahvolim oʼnglanmadi. Koʼplab jarrohlik amaliyotlari, uzoq davolanishdan soʼng shunday yashashga koʼnikdim.
Bir kuni ijtimoiy tarmoqlarda tanish manejni koʼrib qoldim. Yonidagi aravachalarda qiz bilan yigit oʼtirardi. Qiziqishim ortib, yigitga xat yozdim. Menga Sardor Аbduxoliqovning telefon raqamini berishdi. Mashgʼulot, musobaqalarda ishtirok etishga ruxsat oldim. Oʼzbekiston chempionatida sovrindor boʼldim. Murabbiyim bellashuvga kuzatayotib, imkoniyatim yuqori ekanini aytdi.
Ota-onam doim qoʼllab kelgan. Аyniqsa, onamning xizmati beqiyos. Baʼzan ogʼriqlardan qiynalib, hammasini tark etmoqchi boʼldim. Lekin yonimdagi insonlar mashgʼulotlarni davom ettirishga yordam bergan. Meni koʼproq ogʼriq qiynardi. Rahbariyatimiz har tomonlama qoʼllaydi, ovqat, turarjoy, sport kiyimlari bilan taʼminlaydi, maosh beradi. Gapirolmaydigan yoki koʼzi ojiz sportchilarning gʼolib boʼlganini koʼrib, ruhlanaman. Ularning irodasi kuchli. Chunki birgina xohish bilan ish bitmaydi.
Har kunim har xil oʼtadi: gohida ogʼir, gohida yengil. Muhimi, murabbiylar toʼgʼri mashq qilishni oʼrgatadi.
Sport men uchun hayot-mamot. Shugʼullanayotganim menga yoqadi. Barcha qiyinchiliklarni sekin-asta yengib, sportdagi faoliyatini davom ettirmoqchiman.

Zuhriddin Tohirov (rasmni chap tarafida), Buxoro shahri; Paratxekvondo, Oʼzbekiston chempioni, 2020 y.
"Menimcha, eng katta yutugʼimiz jamiyatning imkoniyati cheklanganlarga munosabatini oʼzgartirayotganimiz boʼlsa kerak"
Hech narsaga afsuslanmayman. Hayotni oʼzgartirish imkoniyati berilganda ham, hech nimani oʼzgartirmasdim. Boshidanoq hamma narsani faqat bir qoʼlda uddalashni oʼrganganman. Paralimpiadani koʼrayotib, oʼyinlarda ishtirok etishni, davlatimiz bayrogʼini yuqori koʼtarishni orzu qilardim.
Olti yildan beri sport bilan shugʼullanaman. Paratxekvondistlar uyushmasiga borayotganimga ikki yil boʼldi. Imkoniyati cheklangan bolalar bilan shugʼullanib, inson imkoniyatining chegarasi yoʼqligiga amin boʼldim. Eng muhimi – kuchli istak va maqsad sari intilish. Birinchi mashgʼulotimda, hatto oyogʼimni koʼtara olmaganim yodimda. Juda qiynalganman.
Koʼp narsa kayfiyatga bogʼliq. Qolaversa, ragʼbat va murabbiy koʼmagi – muvaffaqiyatning yarmi, degani. Аgar ustoz boʼlmaganida, barchasini texnik jihatdan toʼgʼri bajara olmasdim.
Birinchi marta 2017 yilda Iordaniyada boʼlib oʼtgan musobaqada qatnashdim. Qattiq hayajonlanganman. Аfgʼonistonlik raqibimni yengib, ikkinchi turda rossiyalik sportchiga imkoniyatni boy berganman. Hozir Tokioda oʼtadigan paralimpiadaga tayyorlanyapman. Bu paratxekvondo kabi sport turini oʼz dasturiga kiritgan birinchi paralimpiada boʼladi.
Ko‘rishlar: 1042
https://anatomica.uz/uz/articl...









