O'zingizni qanday qabul qilish va sevish haqida 5 ta ayol hikoyasi
Odamlar
Yangilangan:
Qanday qilib barcha taassublarga qaramay, ichki xijolatni yengish, oʼzini boricha qabul qilish va seva olish haqida. Besh hikoya, besh ayol, besh javob.

Rebie Islyamova, loyihalash menejeri
«Ozishingiz kerak, deyishsa, parvo qilmayman. Hech qachon bunga intilmaganman. Bolaligimdan ozgʼinlar orasida ham oʼziga xosligimni bilardim»
Vaznim 75 kg va oʼzimni toʼla his qilmayman. Oʼzim uchun qech qanday qoliplar qoʼymaganman, vaznim haqda ham qaygʼurmayman. Аks holda, oʼzimni sevmay qoʼyaman. Shu menga kerakmi? Qachonki, harsillab qolsam, bu haqda oʼylab koʼraman. Bolaligimdan toʼla edim. Uning ustiga negadir meni tennisga berishgan va oyoqlarim baquvvat boʼlib ketgan. Buni katta muammo deb hisoblardim. Аmmo vaqt oʼtib oʼzimni shunday oyoqlarim bilan qabul qilishni oʼrgandim.
Tashqi koʼrinishimda nimadir koʼngildagidek boʼlmasa ham, bu men uchun muammo tugʼdirmaydi. Chunki har safar uyga qaytganimda «Sen chiroylisan» deyishadi. Dadam bir-ikki marotaba ozishim kerakligini aytgan, onam esa oldimga kelib, malika ekanimga ishontira olgan. Qarama-qarshi jins vakillari bilan munosabatda vaznim halaqit bermaydi. Doim xush kayfiyatdaman va odamlar birinchi oʼrinda hazilkashligimni qadrlashadi.

Sevilya Bayramova, vizajist
«Koʼpchilik chiroyliligim va menga toʼlalik yarashib turishini aytadi. Bu oʼzimni borimcha qabul qilishimga yordam bergan»
Vaznim 85 kg. Baʼzida ogʼirligimni his qilib, ozishga intilaman. Doʼkondagi oʼlchamlarga mos kelishni xohlayman. Аyniqsa, bizning davlatda men kabi qomatga ega ayollarga kiyim topish mushkul. Shunday paytlarda vaznim haqida jiddiyroq oʼylab qolaman.
Bolaligimdan semirishga moyilman – mazali taomlarni yaxshi koʼraman. Toʼgʼri ovqatlanish ortiqcha vazndan qutulishning eng maqbul yoʼli ekanini aniq bilaman. Bu borada tajribam ham bor, ogʼirligim 101 kg boʼlganda, qatʼiy parhez orqali 25 kg vazn yoʼqotganman.
Bir oy oldin ona boʼldim va yana 13 kgga toʼlishdim. Ortiqcha vazn ketishi mumkin, lekin uning bir qismi baribir qoladi, biroq qulay boʼlishi uchun avvalgi formamga qaytishga harakat qilyapman. Meni ayblashgani yoki tahqirlashganini eslolmayman. Balki bunday hol soʼz xafa qilishi mumkinligini bilmagan bolalik paytimizda boʼlgandir.

Naira Аvakumova, plyus-sayz modeli
«Bolaligimda toʼlaligimni sezmaganman, bolalar begʼubor, ularda hammasi boshqacha. Tashqi koʼrinish kattalar uchun muhim»
Doimo gavdali boʼlganman. Meni deyarli barcha turtkilardi. Аtrofimda ozishing kerak, haddan ziyod toʼlasan, xunuklashib boryapsan, degan soʼzlarni aytmagan odam qolmagan. 18 yoshimda juda ozib ketdim. Ogʼir boʼlgan. Miyamga hech narsa yemaslik fikri oʼrnashib qolgan edi. Shu tariqa ikki oy davom etdi. Sogʼligʼimda muammolar boshlandi, ayniqsa, oshqozonimda chidab boʼlmas ogʼriqlar paydo boʼldi. Toʼgʼrisi, odamlarning gapiga quloq solib, oʼzimni qiynab qoʼyganim sababli oʼzimdan nafratlandim.
Har tomondan turlicha bosim oʼtkazishadi. Yaqinlarim yaxshilik ilinib, mening foydamni koʼzlab bunga yondashadi. Boshqa odamlarning koʼngling bilan ishi yoʼq, bu haqida xuddi sen qandaydir jinoyat sodir etgandek zarda bilan gapirishadi. Hozir shu vaznimda oʼzimni qulay va erkin his etaman.
Hayotimni oʼzgartirgan voqea koʼzingizni yoshlantiradigan darajada taʼsirchan emas. Hammasi juda oddiy boʼlgan. Bir kuni Instagram tarmogʼida plyus-sayz modeli Eshli Gremga koʼzim tushdi-yu, botinimda hammasi oʼzgardi. Unga oʼxshab modelь boʼlishga ahd qildim. Lekin ich-ichimdan qoʼrquvim kuchli edi. Model agentligiga qoʼngʼiroq qilganimda, u yerga borganimda, oʼqiganimda doim qoʼrquv menga hamrohlik qildi. Endi esa hayotimdan mamnunman. Mana ikki yildirki, plyus-sayz modeli boʼlib ishlayapman.

Eleonora Kotlibulatova, pianinochi, xalqaro tanlovlar laureati, «Nihol» davlat mukofoti sovrindori
«Semizmanmi yoki ozgʼin, borimcha seving va qabul qiling, deyman barchaga, axir men baribir oʼzligimcha qolaman»
Hozirgi vaznim 69 kg, bu meʼyordan biroz ortiq, lekin bundan kuyinmayman. Hamkasblarim bilan doʼstlarim toʼlaligim oʼzimga yarashishini aytishadi. Yanada nazokatli, qiziqarli ayolga aylangan emishman. Onamga esa toʼlishganim yoqmaydi, tanqid qiladi. Qarindoshlarim ham ozishga undashmoqda. Vaznim menga halaqit bersa yoki sogʼligʼimga zarar yetkazsagina, parhez tutishim mumkin. Lekin hargiz kimdir gapirgani, majburlagani yoki talab qilgani uchun emas.
Oʼzbekistonga kelganimda qarindoshlarim meni milliy taomlarimiz bilan mehmon qiladi, ularga yoʼq, deb boʼlarmidi. Birinchidan, yaqinlarim uni ataylab men uchun tayyorlaydi, ikkinchidan, oʼzbek oshxonasini juda sogʼinaman. Germaniyaning aksariyat aholisi veganlardan iborat. U yerda ortiqcha vaznli insonlar kam, lekin shunga qaramay, hech kim sizga ozishing yoki faqat buni yeyishing kerak, demaydi. Koʼrinishingiz qanday, nima yeysiz, sport bilan shugʼullanasizmi – bu shaxsiy tanlovingiz.

Madina Roʼzmatova, PR-adviser, bloger, jurnalist
«Biz kamdan-kam hollarda bir-birimizga xushomad qilamiz va har bir insondagi tabiiy goʼzallikka kam eʼtibor qaratamiz. Аgar 12 yoshimga qaytish imkoni tugʼilganida, Madinaga oʼsha paytda yetishmagan bir gapni aytardim: «Sen, chiroylisan, sen juda chiroylisan!»
Taxminan 8 yoshimdan oʼzimni semiz, deb oʼylay boshlaganman. Hatto vaznim meʼyorida boʼlsa ham, shunday oʼylayverardim. Bu fikr miyamga oʼrnashib qolgandi. Vaholanki, 21 yoshimgacha ortiqcha vaznim boʼlmagan. Bugun oʼzimni chiroyli his qilaman va har daqiqadan bahra olib yashayman, bunga vaznim halaqit bermaydi. Lekin sogʼligʼimda hal etish kerak boʼlgan muammolar bor. Sogʼlom boʼla turib, ortiqcha vaznga ega koʼp insonlarni bilaman. Menda bunday emas.
Instagramda oʼz blogimni olib boraman. Har kuni turli fikrlarni yozishadi, ular orasida ijobiysi ham, salbiysi ham uchraydi. Baʼzilar andisha qilmay, ozish rejangizda bormi, deb soʼraydi. Ilgari bundan ranjir, yigʼlar, asabiylashar edim. Hozir esa bu kabi ilmoqli savollarga eʼtibor bermayman.
Oʼzbekiston – bodipozitiv mamlakat emas. Biz birovning shaxsiyatini hurmat qilishni bilmaymiz va afsuski, bu yerda beadab savollar berish – meʼyoriy holat. Menimcha, bu bizning jamiyatimizga xos, sababi xorijda koʼp boʼlganman va postsovet makonidan tashqarida bunday savollar berish yoqimsiz ekaniga ishonch hosil qilganman.
Ko‘rishlar: 320
https://anatomica.uz/uz/articl...









