Oilaviy hayotni qanday qurish haqida 3 ta hikoya
Odamlar
Yangilangan:
Yoshingizdan qatʼi nazar, onangizning sizga koʼrsatgan mehriga hech narsa teng kelmaydi. Volidangiz koʼz oldida meni koʼtaring, deya qoʼllarini choʼzib turgan mitti qizaloq boʼlib qolaverasiz.

Ona: Gavhar Zokirova, Oʼzbekiston Respublikasi xalq artisti
Eng avvalo, insonda yaxshi xislatlarni koʼrish kerak, kamchiliklarini fazilatga aylantirish, bir-birini eshita bilish va tushuna olish lozim. Birgamisiz, xursand boʼling. Bir-biringizni qadrlang, asrab-avaylang. Hazilni ham unutmang. Аgar oilada, hech boʼlmasa, bir inson shu xislatga ega boʼlsa, har qanday ziddiyatni oson hal qilish mumkin. Аyniqsa, erkak kishi hazilkash boʼlsa – yaxshi. Turmush oʼrtogʼim har qanday keskin vaziyatni hazil bilan yumshata olardi.
Farzandlarni esa shunchaki yaxshi koʼrish, nazorat qilish va ish bilan band qilish kerak. Onam menga koʼrsatma bermasdi. U hech qachon nasihat qilmagan, muammolarni soʼzda emas, indamay amaliy hal etardi. Kelin boʼlganimda, men ham xuddi shunday ish tutardim. Garchi buni avvaliga ongli qilmagan boʼlsam-da, yillar oʼtib tushunib yetdim. Istasa, har qanday ayol oʼzini ham ishga, ham oilaga bagʼishlay oladi, ammo bu oson emas.
Qizi: Ohista Jamshid, xonanda, DalaHast guruhi vokalchisi
Oilaviy baxt retseptini har kim hayoti davomida oʼzi yozadi. Nafaqat oila, balki dunyoni ushlab turgan asosiy qadriyatlarni misol qilish mumkin – samimiyat, mehr-muhabbat, gʼamxoʼrlik. Bolalar tarbiyasiga oid kitoblarni koʼp oʼqib, ulardan oʼrganganman, ammo koʼpincha aqlimga suyanaman. Tushunmagan paytimda turmush oʼrtogʼim bilan maslahatlashaman. Mashhur psixologlarning kitoblaridan koʼra, uning maslahatiga koʼproq ishonaman. Dugonalarim bolalaringni erkalatib yuborgansan, deyishadi. Balki bu qisman toʼgʼridir, ammo vaqt oʼtib, ular yaxshi insonlar boʼlib ulgʼayishiga umid qilaman.
Oilaviy hayotni qurish borasida ota-onamdan hech qanday oʼgit olmaganman. Men muhabbat va oʼzaro hurmat hukmronlik qilgan oilada ulgʼaydim. Ota-onamning bir-biriga koʼrsatgan gʼamxoʼrligini koʼrib, oʼzim ham beixtiyor shunday yoʼl tutaman. Аxir, qush inida koʼrganini qiladi, deyishadi-ku. Oilada va jamiyatda samimiylikni qadrlayman. Ikkiyuzlamachilik va yolgʼonni juda yomon koʼraman.

Onasi: Gulchehra Sotiboldieva, funktsional tashxislash boʼyicha shifokor
Hayot davom etarkan. Qizlarim uchun kuchli boʼlishim shart edi. Hayot qiyinchiliklarini yengishni oʼrganish kerak, aks holda, shaxs sifatida sinamiz. Аmmo mukammallik borasida qizimga yetadigani yoʼq. Ishi koʼpligiga qaramay, hammasi xuddi zinadan yuqoriga koʼtarilgan kabi sekin-asta boʼlishini uqtiraman. Zinapoyalarning hammasini sakrab oʼtib boʼlmaydi. Bu uning kasbi va men uning xatoga yoʼl qoʼyishini oʼylamaslikka harakat qilaman. Hammasini uddalash mumkin, ayniqsa, ish bilan oilani birga olish borish imkonsiz emas. Baxt – birdamlikda. Men bu baxtni farzandlarim koʼzida koʼrganman. Shu tufayli kuchga toʼlib, yoʼlimdan ogʼishmay, faqat olgʼa odimlashga uringanman. Inson oʼz oldiga maqsad qoʼyib, har narsani yurakka yaqin olmasligi kerak.
Qizi: Nilufar Sotiboldieva, jurnalist, teleboshlovchi
Otamni eslay olmayman. Uni uch yoshimda yoʼqotganman. Men bilan singlimni katta qilish onam uchun juda ogʼir kechgan. Bir zumda u ham ona, ham ota, ham buvi va boboga aylandi. Qiyinchiliklarga qaramay, onam oilada osoyishtalik va xursandchilikni saqlab qola olgan. Koʼpchilik meni onamga oʼxshatadi. Uni koʼrganda, koʼzguga qaraganday boʼlaman. Hayotda onam kabi kuchli, mustaqil va mukammallikka intiladigan inson boʼldim. Onam tufayli oilaviy baxtning asosiy retseptini bilib oldim. Bu – oila aʼzolari oʼrtasidagi hurmat, hamjihatlik, eshitish va quloq sola bilish. Oilaviy baxtga umumiy harakatlar bilan erishiladi.
Qizim ulgʼayyapti. Men ham unga, birinchi navbatda, doʼst boʼlishga harakat qilyapman. Koʼproq vaqt ajratishga, imkon boricha uni maktabdan olib ketishga, birga oʼtirib, shunchaki dildan suhbat qurishga intilaman. Unga yurakka quloq solishni oʼrgataman. U ajoyib farzand. Men bolaligim haqida Аmaniga koʼp soʼzlab beraman. Onam oʼtkazgan tarbiyaviy soatlarni tabassum bilan eslayman. U singlim bilan mening har qadamimizni nazorat qilgan. Hech qachon charchadim demagan va boʼshashmagan. Butun umrini farzandlariga bagʼishladi va bizlarga singib ketdi, ammo shaxsiy kamolotini ham unutgani yoʼq. Men doimo onam bilan faxrlanaman! Oilamizning har bir aʼzosi oʼz qiziqishlariga ega va ularda mushtarak jihatlarni ham topish mumkin. Biz birga vaqt oʼtkazishni yaxshi koʼramiz. Ovqat tayyorlaymiz, onam bilan oʼtgan bolaligimizni eslab, bir finjon qahva ustida filьmlar tomosha qilishni yoqtiramiz.

Ona: Yoqutxon Majidova, Sogʼliqni saqlash vazirligi bosh nevrologi, Oʼzbekiston nevrologlari uyushmasi raisining birinchi oʼrinbosari, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti nevrologiya, bolalar nevrologiyasi va tibbiy genetika kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor
Zamonaviy dunyoda har bir inson turli qiyinchiliklarni bosib oʼtadi, har xil sinovlarni yengadi. Yolgʼiz otning changi chiqmaydi. Shuning uchun har bir insonga yaqinlari bor uy kerak va bu uning oilasidir. Qizlarimga beradigan maslahatim – uydagi gapni koʼchaga chiqarma. Barcha muammoni faqat oilaning oʼzida hal qilishni oʼrganish kerak, unga begonalarni kiritish yaramaydi.
Umumiy xotiralarni oʼrtoqlashish ham oilani mustahkam qiladi. Masalan, oilaviy alьbom, filьmlarni birga tomosha qilish, birga sayohat, togʼlarga chiqish, dam olish kunlari birga tushlik qilish ajoyib odat. Oʼtirib shunchaki ovqatlanish emas, balki turmushga chiqqan qizlaring, uylangan oʼgʼillaring, nabiralaringni tantana bilan kutib olib, dildan suhbatlashish lozim. Oilani saqlab qolish – muhim vazifa. Eng qiyini – insonni tushunish va kechirish, barcha koʼngilsizlikni unutish uchun kuch topish va kelajakka kulib boqish.
Qizi: Yulduz Mavlonova, «La Sposa» toʼy liboslari saloni asoschisi
Oʼn yillik turmushim davomida oʼzaro muloqot, oʼz fikrini ayta bilish, insonni, uning fikri, qarori va qiziqishlarini hurmat qilish muhim ekanini anglab yetdim. Birovning shaxsiyatiga tegish aslo mumkin emas. Biz oilamizda «24 soat» qoidasini joriy qilganmiz. Turmush oʼrtogʼim bilan ziddiyatga borsak, darrov urishib ketmaymiz va bir sutka oʼtgandan keyin muammoni tinch muhokama qilamiz. Hissiyotlar tufayli hal etib boʼlmasdek tuyulgan vaziyat ertasi kuni oson yechiladigan mayda muammoga aylanadi.
Bir-birimizga hissiyotimizni tez-tez bildirib turishga oshiqamiz. Mehr-muhabbat, minnatdorlik va uzr soʼrash bobida soʼzlarni ayamaymiz. Hammamiz ham yaqin insonimizdan shirin soʼz eshitishni istaymiz. Onam qattiqqoʼl va talabchan edi. Biz tajribali bekalarga oʼxshab hamma ishni uddalashimiz, shu bilan birga, oʼzimiz haqimizda ham unutmasligimiz kerak edi. Vaqtni toʼgʼri taqsimlash va barcha ishni oliy darajada bajarishga oʼrgatgani uchun onamga rahmat.
Otam bizni tinglar, fikr bildirishga imkon berardi. Bu usulni farzandlarimga nisbatan qoʼllashga harakat qilaman. Bolaligidan ularning sirlarini, fikrini bilishga intilaman: «Nimani istaysan?», «Senga qanday qulay?» deb soʼrayman. Ular bolalikdan mustaqil qaror chiqarishini va oʼz harakati uchun javob berishini istayman.
Ko‘rishlar: 425
https://anatomica.uz/uz/articl...









