EKU haqida 3 ta keng tarqalgan uydurmalar
Odamlar
Yangilangan:
Bebimeyker, jiddiy aytganda, akusher-ginekolog, reproduktolog – embrionni ekish, ikkita chiziq, uzoq kutilgan chaqaloq ingasi va katta umidlar haqida.

Artur Karamanyan, 35 yosh - аkusher-ginekolog, reproduktolog. Toshkent tibbiyot akademiyasining «Davolash ishi» ta'lim yo‘nalishi bitiruvchisi. Almatidagi Persona reproduktologiya xalqaro akademiyasining «Akusherlik va ginekologiya» magistratura mutaxassisligini tamomlagan. O‘zbekiston akusher-ginekologlari hamjamiyati, Qozog‘iston reproduktiv tibbiyot uyushmasi, Rossiyaning inson reproduksiyasi uyushmasi a'zosi. Reproduktolog sifatida o‘z faoliyati davomida 400 ga yaqin EKU muolajasini o‘tkazgan. Ular ichidan yuztadan ortig‘i ijobiy natija berib, oqibatda qirq nafar chaqaloq dunyoga kelgan.
- Qanday qilib akusher-ginekolog bo‘lishga qaror qilgansiz?
"Tibbiyot akademiyasiga kirganimdan buyon meni shu fikr ta'qib qilib kelardi. Odatiy darslardan birida tug‘ruqxonaga borganimda esa, agar qulay bo‘lsa, hushimdan ketib qolmasam, qo‘rqmasam, demak, bu mening ishim bo‘ladi, deya qaror qilganman. Tug‘ruq zalida yotgan juvon bilan tez til topishganmiz. Shundan keyin hammasi joyida bo‘ldi".
- Reproduktologiyaga qanday kelib qoldingiz?
"Bu yo‘nalish ginekologiyada hali kam o‘rganilgan yangi soha. Bu yil EKU dasturidan keyin tug‘ilgan birinchi ayol atigi qirq ikki yoshga to‘ldi. Bir kuni o‘zimni g‘ayrioddiy, yangi ishda sinab ko‘rish istagini sezdim. Kim biladi, balki o‘zimdan qoniqmadimmi? Natijada Qozog‘istonga jo‘nadim, reproduktologlikka o‘qib keldim va shu yerda ishlay boshladim".
- Reproduktologning vazifasi nima?
"Uzoq kutilgan «ikki chiziq»qa erishishga yordam beradi".
№1 uydurma. EKUdan keyin onkologik kasalliklar xavfi yuqori bo‘ladi. .
- Kasbingizning qaysi jihatini eng ko‘p yoqtirasiz?
"Akusher-ginekologlik ko‘proq ijobiy hissiyot baxsh etadi. Biz tug‘ruq zalida chaqaloqning uzoq kutilgan ingasini eshitishga ko‘proq hissa qo‘shamiz. Reproduktiv tibbiyotda esa bunday baxtli onlar kamroq. Chunki jahon statistikasining ko‘rsatishicha, EKU samaradorligining foizi unchalik yuqori emas. Agar 30–40 foiz hollarda muvaffaqiyatga umid qilsak, 60–70 foiz holatda esa sa'y-harakatlarimiz besamar ketadi. Ammo nihoyat, «ikkita chiziq»qa erishganimizda, juftliklarga qo‘shilib men ham quvonchga to‘laman".
- Yoqmaydigan jihatlari-chi?
"Bu – salbiy natija haqida xabar beruvchi o‘sha mash'um 60–70 foiz holatdir. Qolaversa, bemorlar ortiqcha vahima qiladigan asabiy pallalar".
- Muolaja muvaffaqiyati siri nimada?
"Qo‘pol qilib aytganda, muvaffaqiyat siri juftliklarning organizmi holatiga bog‘liq. Ayol qancha yosh bo‘lsa, hamroh somatik kasalliklari shuncha kam bo‘ladi. Erkakning urug‘i qancha sifatli bo‘lsa, muvaffaqiyatga erishish imkoniyati ham ko‘proq bo‘ladi. Ammo hammasi o‘ziga xos".
- «Probirka» orqali tug‘ilgan bolalar farq qiladimi?
"Ular biroz erka bo‘ladi. Bu, ehtimol, tarbiyadagi kamchilik sabablidir. Chunki tilab olingan bolaga ko‘p narsada ruxsat bor. Sog‘liq bobida esa tafovut yo‘q".
№2 uydurma. Bola to‘liq rivojlangan bo‘lmaydi.
- Jarayon og‘riqli kechadimi?
"Tuxum hujayralari narkoz ostida yig‘ilib, bachadon bo‘shlig‘iga ko‘chirib o‘tkazish muolajasi og‘riqsiz kechadi".

- Ishingizda qanday qiyinchiliklarga duch kelasiz?
"Mentalitet muammosiga duch kelaman. Muvaffaqiyatsiz EKU urinishidan keyin bemorning ro‘zg‘ori barbod bo‘layotganini bilsam, tashvish chekaman. Ba'zan kelin uyidan haydaladi yoki unga muhlat beriladi. Buni men o‘z dardimday, haqoratday qabul qilaman. Kelinning qaynota-qaynonasi, ota-onasini to‘plab, yakdil fikrga kelishga harakat qilaman".
- Bolani qaysidir hushsurat aktyorga o‘xshatib «dasturlashtirish» mumkinmi?
"Afsuski (yoki yaxshiyamki), buning imkoni yo‘q. Biz urug‘lantirish va bachadon bo‘shlig‘iga embrionni olib o‘tishda yordam beramiz. Bola kimga o‘xshaydi, ko‘zining rangi qanaqa bo‘ladi va eng og‘riqlisi – o‘g‘il tug‘iladimi yoki qiz, bunga ta'sir qila olmaymiz".
№3 uydurma. EKU yordamida aynan qizlar tug‘iladi.
- Bitta bolaga «buyurtma berib», egizak ko‘rganlar ham bo‘ladimi?
"Tez-tez bo‘lib turadi. Bir embrionni ko‘chirib o‘tkazsam, u bachadon bo‘shlig‘ida bo‘linib, egizakka aylanishi mumkin. Ikkita embrionni o‘tkazganimda esa, egizaklarning biri bo‘linsa, uch egizak tug‘iladi. Ko‘p urug‘li homiladorlik –EKUning o‘ziga xos «ta'siri». Ammo egizaklar sog‘lom va ko‘rkam bo‘lsa, buning nimasi yomon".
- Bepushtlik kimlarda ko‘proq – erkaklardami yoki ayollarda?
"Elikka ellik. Maslahatlarimda bir qoidaga amal qilaman, «ayol aybdor» yoki «erkak aybdor» degan jumlani ishlatmayman. «Sabab sizda», deya, sabab haqida gapirishni afzal bilaman. Ammo tabiat sababni har ikki juftlikka teng taqsimlaydi. Statistikaga ko‘ra, ayollar bepushtligi ustun turadi. Ammo hozirgi paytda reproduktiv tibbiyotning jadal rivojlanishi sabab erkaklarda bepushtlik ko‘proq uchrayapti".
- Ishingizga uch so‘z bilan ta'rif bering
"Stress, drayv, adrenalin".
- O‘zingizni omadli hisoblaysizmi?
"Kuniga bir nechta ijobiy natija kuzatilsa, kimdir «biz ko‘payishdik», deb xabar jo‘natsa, internetda «siz to‘g‘ringizda rosa izohlar ko‘p ekan», deyishsa yoki men haqimda yozishsa, xuddi mart oyidagi mushukdek baxtdan sarmast bo‘laman. Bunday damlarda yaqinlarimga: «Mag‘rurlanganimni sezsangiz, osmondan yerga tushirib qo‘ying», deyman. Qanday yutuqlarim va xizmatlarim bo‘lishidan qat'i nazar, dimog‘imni ko‘tarishga haqqim yo‘q. Zero, hali o‘rganadiganlarim ko‘p".
Ko‘rishlar: 44
https://anatomica.uz/uz/articl...









