Tugunli bo‘qoq va qalqonsimon bez saratoni. Erta tashxis qo‘yish va davolash

Klinika

Yangilangan:

Yod tanqisligiga qarshi ko‘p yillik kurashga qaramasdan, ko‘pgina davlatlarda, xususan, O‘zbekistonda ham ushbu muammo to‘liq hal etilmagan.

 

 

 

Ekspert: Yahyoxo‘ja Nosirxo‘jayev, Nano Medical Clinic direktori, endokrinolog-onkolog, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali shifokor, nuklear tibbiyot bo‘yicha mutaxassis. Qahramonimiz qalqonsimon bez patologiyasini erta diagnostika qilish masalalari bilan shug‘ullanadi. Turli genezdagi tireotoksikoz, qalqonsimon bez saratoni, radionuklidli diagnostika va diffuz toksik bo‘qog‘i, autoimmun tireoidit va qalqonsimon bez saratonining differensirlangan shaklini radioyodterapiya yordamida davolash shular jumlasidan. Turli genezdagi (skelet suyaklarini SPECT va Sm 153 oksabifor suyak metastazlarini radionuklid davolash) onkologik kasalliklarning suyak metastazlariga erta tashxis qo‘yish va davolash uning vazifasi doirasiga kiradi.

Birlamchi giperparatireozning erta diagnostika qilish (paraqalqonsimon bezlar SPECT i); qandli diabetning birinchi va ikkinchi turiga xos  asoratlarni tashxislash va davolash (buyrakning statik va dinamik SPECT i, insulin terapiyasi). MAGATE rahbarligida Yevropa klinikalarida amaliyot o‘tagan.

 

Qalqonsimon bezda muammo borligini qanday qilib bilish mumkin?

Simptomlari:

  • bo‘yinning yo‘g‘onlashuvi, baʼzida tez o‘suvchanlik;
  • bo‘yin og‘rig‘i, baʼzan og‘riqning quloq sohasiga tarqaluvchanligi;
  • ovozning bo‘g‘ilishi;
  • yutinishning qiyinlashishi;
  • nafas olishning qiyinlashuvi;
  • infeksion kasalliklar bilan bog‘liq bo‘lmagan yo‘tal.

 

O‘zbekistonda aholisi yod tanqisligi bilan bog‘liq xastalik xavfiga uchramagan hududning o‘zi yo‘q. Chunki mamlakatning o‘rganilgan barcha hududidagi aholi ratsionida yod tanqisligi kuzatilmoqda. Tugunli bo‘qoq qalqonsimon bez bo‘lagi ichida patologik o‘smaning paydo bo‘lishidir. Tugunlar qo‘lga bilinmaydi, faqat UTT orqali aniqlanadi. Ular palpatsiya qilinadigan tugunlar kabi kattalashish xavfiga ega. 

UTT orqali qaraganda bir cm.dan katta shubhali tugunlar kuzatib borilishi zarur. Agar anamnezda bir yoki undan ortiq qarindoshda birinchi darajali saraton aniqlangan bo‘lsa, bu ham ogohlik uchun qo‘ng‘iroqdir. Bu kabi tugunlarning 1–2 foizi o‘lim holatigacha olib borishi mumkin. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, yod bilan taʼminlangan hududlardagi palpatsiya qilinadigan tugunlarning tarqalishi ayollarda 5 va erkaklarda 1 foizni tashkil etadi.

Yuqori aniqlikdagi UTT yordamida shunchaki tanlangan odamlar tekshirilganda, ularning 19–67 foizida tugunlar aniqlanadi. Bu ko‘rsatkich ko‘pincha ayollar va yoshi kattalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Yosh, jins, radiatsiya ekspozitsiyasi, oilaviy anamnez va tugun hosil bo‘lishining boshqa omillariga qarab 5–15 foiz holatda qalqonsimon bez saratoni qayd etiladi.

Bo‘qoq endemiyasi mavjud hududlarda qalqonsimon bez to‘qimasi har ikki mm.da autopsiya orqali tadqiq qilinganda 50 foiz aholida tugunlar borligi aniqlanmoqda. Olingan maʼlumotlar barcha yoki deyarli hamma normal qalqonsimon bezlarda latent saratoni o‘choqlari borligidan dalolat beradi.



"Barcha yoki deyarli hamma normal qalqonsimon bezlarda latent saratoni o‘choqlari bor"

 

 

Tugunli bo‘qoqni erta diagnostika qilish quyidagi tekshiruvlarni o‘z ichiga oladi:

qalqonsimon bez palpatsiyasi;

ultratovushli tekshiruv;

ingichka igna bilan aspiratsion biopsiya;

qalqonsimon bez (QB)ni radionuklid tekshirish va intraoperatsion ekspress-gistologiya.     

 

Unutmang: qalqonsimon bez saratonini mustaqil diagnostika qilish usuli sifatida ultratovushli tekshiruv hal qiluvchi ahamiyatga ega emas. U faqat diagnostika muolajasi majmuasida qo‘llanishi mumkin.

 

 

 

Sitologik tahlil bez saratonini 70-75 foizgacha holatda aniqlaydi. Ular operatsiyadan keyingi gistologik tahlil yordamida uzil-kesil belgilangan. Klinik yanglishish 25–30 foizni tashkil etadi.

 

 

Har 6–18 oyda qalqonsimon bezdagi tugunlarda klinik tekshiruv va UTT o‘tkazish zarurligi ko‘rsatilgan

 

 

Qalqonsimon bezida tugun mavjud bo‘lgan homilador ayollarga ingichka ignali biopsiya tavsiya etiladi. TTG darajasi past bo‘lgan ayollarda esa sitologiya tug‘ruq yoki emizikli davrdan keyinga qoldirilishi mumkin. Emizikli davr tugaganidan keyin faoliyatni baholash uchun sintigrafiya o‘tkazish mumkin. Agar sitologiyada saraton aniqlansa, ikkinchi trimestrda yoki tug‘ruqdan keyin operatsiya o‘tkazish tavsiya etiladi.

Qalqonsimon bezning eng muqobil terapiyasi – selektiv limfadenektomiya bilan total tireoidektomiya + operatsiyadan keyingi davrda – levotiroksinning supressiv terapiyasi va radio yod terapiyasi.

Qalqonsimon bez saratoni operativ yo‘l bilan olib tashlanganidan keyin uch haftadan to‘rt haftagacha bo‘lgan muddatda barcha bemorlar radio yod terapiyasi kursidan o‘tishi zarur. Yodablatsiya qalqonsimon bezning qolgan to‘qimasi, o‘smaning mikroskopik o‘chog‘i, o‘smaning to‘liq olinmagan yoki operatsiyaga berilmaydigan o‘chog‘ini selektiv nurlantirish maqsadida radioaktiv yodni tizimli yuborishdir. 

 

Bemordagi qalqonsimon bez to‘liq olib tashlanganidan keyin bemor quyidagi jadval bo‘yicha ko‘rikdan o‘tib turishi kerak:

  • ikki yil davomida har 3–6 oyda, so‘ng yiliga bir marta ko‘rikdan o‘tish;
  • har yili bo‘yin sohasini skanerlash;
  • bo‘yinni muntazam UTT tekshiruvidan o‘tkazish va almashinuvchi terapiya olish.

 

Ushbu maqolani qo‘rqituvchi xabar sifatida emas, balki sog‘liqni saqlash bo‘yicha qo‘llanma sifatida qabul qilish kerak. O‘zingiz va salomatligingizga eʼtiborli bo‘lishdan uyalmang. Qalqonsimon bez xastaligi qanchalik erta aniqlansa, uni yengish shunchalik oson bo‘ladi. Bu yozib qo‘yilgan haqiqat, ammo, afsuski, tez unutiladi.


Bilish muhim:
– O‘lchami bir cm.dan katta bo‘lgan barcha tugunlar ingichka ignali aspiratsion majburiy biopsiyani talab etadi.

– Insonda xavfsiz o‘smaning borligi muolajani tavsiya etish uchun ko‘rsatma bo‘lolmaydi.

– Qalqonsimon bezda aniqlanadigan tugunlarning 5 foizdan kamrog‘i xavfli xususiyatga ega.

Ko‘rishlar: 48

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz