Fetal jarrohlik: Qanday qilib onaning qornini kesmasdan bola hayotini saqlab qolish mumkin

Klinika

Yangilangan:

Qon quyish, yoʼldoshdagi oʼsimtani olib tashlash, siydik chiqarish yoʼllaridagi nuqson va anomaliyalarni tuzatish – bularni ona qornidayoq oʼtkazish mumkin. Baʼzan bu homilani saqlash qolish va hayotga qaytarishning yagona imkoni boʼladi. Bu kabi jarrohlik amaliyotlarining ayrimlari Аkusherlik va ginekologiya markazida oʼtkaziladi.

 

 

Rustam Yusupboev, akusher-ginekolog, tibbiyot fanlari doktori, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ilmiy kotibi, fetal tibbiyot boʼlimi ilmiy guruhi rahbari, katta ilmiy xodim

 

 

- Yurtimizda fetal tibbiyotni rivojlantirish boʼyicha qanday ishlar amalga oshirildi? 

 

Fetal jarrohlik, yaʼni homila jarrohligi – tibbiyotda nisbatan yangi yoʼnalish. Yurtimizda fetal tibbiyotning operatsiyasiz bajarish yoʼnalishi, yaʼni ultratovush tashxislash, skrining, genetik tekshiruvlar hamda ona va bolaning tugʼruqqacha davrda toʼliq tekshiruvikeng yoʼlga qoʼyilgan.

 

Jarrohlik yoʼnalishida esa ishimiz endi boshlandi. Bachadon ichida tomirga qon quyish muolajasi muvaffaqiyatli bajarilyapti. Bu – gemolitik kasallik va homila shishishi sindromini davolashning eng samarali usuli. Biz homilaga toʼlaqonli bemor sifatida qaraymiz 

 

 

- Qaysi tibbiyot markazlari ushbu yoʼnalishda ishlaydi?

 

Hozir ikkita markaz ushbu amaliyotni bajaradi. Bular: Аkusherlik va ginekologiya markazi hamda Respublika perinatal markazi. 

 

 

- Bachadon ichi patologiyasi rivojlanishiga nima sabab boʼladi?

 

Profilaktika va sogʼlom turmush tarzi bolaning salomat boʼlib rivojlanishida muhim oʼrin tutadi. Boʼlgʼusi ona sogʼligʼi uchun zararli narsalarni, ayniqsa, spirtli ichimliklarni mutlaqo isteʼmol qilmasligi kerak. Аksincha, homiladorlik davrida bor diqqati va imkoniyati ovqat sifatini yaxshilash, vitamin va minerallar, xususan, foliy kislotasi isteʼmoliga qaratilishi kerak. 

 

Qizilcha virusidan saqlanish shart. U embrion rivojlanishida nuqson paydo qilishi bilan xavfli. Bolaligida qizilchaga chalinmagan yoki unga qarshi emlanmagan ayollar homilador boʼlishidan kamida bir oy oldin emlanishi lozim.

 

 

- Homila rivojlanishining qaysi pallasida jarrohlik aralashuvi bolani saqlab qolishning yagona yoʼliga aylanadi?

 

Jahon tajribasi homila rivojlanishining qator buzilishlarida fetal jarrohlik yuqori samara berishini koʼrsatadi. Orqa miya churrasi, yurak tugʼma nuqsonlari, oʼpka va buyrak polikistozi, qonning umumiy yoʼldoshda bir homiladan ikkinchi homilaga nomutanosib oʼtib yurishi bilan kechuvchi koʼp homilali homiladorlik shular jumlasidan. Bola bachadon ichida yaxshi rivojlanishi, ogʼir asoratlarsiz tugʼilib, kelgusida toʼlaqonli yashashi uchun barcha sharoitni yaratish muhim.

 

 

- Jarrohlik aralashuvida qaysi mutaxassislar ishtirok etadi? 

 

Markazimizda homila rivojlanishining tugʼma nuqsonlari muammolarini hal etishda akusher-ginekologlar, fetal jarrohlar, ulьtratovush tashxislash mutaxassislari, jarroh-neonatologlar, genetiklar, transfuziologlar ishtirok etadi. Ularning bari – oʼz sohasining yuqori malakali mutaxassislari.

 

 

- Ona bilan bolaning boʼlgʼusi tiklanish davri qanday kechadi?

 

Barcha homilador ayollar tugʼruqqacha davrda akusher-ginekologlar nazoratida boʼladi. Zarur holatlarda boshqa soha ekspertlari – virusologlar, infektsionistlar, genetiklar bilan taʼminlanadi. Ular ona-bola uchun xavfni toʼliq baholash va kerakli terapiya oʼtkazishni belgilab beradi. Bunday yondashuv homilador ayol va homila uchun mavjud asoratlarni sezilarli darajada kamaytirish va homiladorlikning muvaffaqiyatli tugallanishini taʼminlashga imkon beradi.

Ko‘rishlar: 303

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz