O‘zbekistonda organ transplantatsiyasi bo‘yicha 3 nafar mutaxassis
Klinika
Yangilangan:
Donordan hayotligida yoki oʼlimidan soʼng olingan aʼzo yoki toʼqimalarni boshqa shaxsga koʼchirib oʼtqazish tibbiyotda transplantatsiya deyiladi. Koʼchirib oʼtqazish uchun aʼzolar yoki toʼqimalar olingan organizm donor, toʼqimalar yoki aʼzolar koʼchirib oʼtqaziladigan organizm esa retsipient hisoblanadi.

Malika Ruzibakieva, Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Immunologiya va inson genomikasi institutining hujayra terapiyasi boʼlimi katta ilmiy xodimi, immunolog, tibbiyot fanlari doktori
- Koʼchirib oʼtqazish uchun kimning aʼzosi toʼgʼri kelishini qanday bilish mumkin?
Donorlik aʼzosini tanlash – koʼp bosqichli, murakkab jarayon. Oldimizda retsipient bilan qon guruhi bir xil, genetik omillari boʼyicha maksimal darajada mos keladigan donorni tanlash vazifasi turadi. Qon guruhi mos kelmasa, transplantatning qabul qilinmasligi xavfi ikki barobar ortadi. Operatsiyadan oldin donor-retsipient juftligi toʼliq klinik-laboratoriya tekshiruvidan oʼtadi. Bu juda muhim. Chunki bu masala nafaqat retsipientning hayot sifatini yaxshilaydi, balki donor xavfsizligi bilan ham bogʼliq.
- Koʼchirib oʼtqazilgan aʼzoning rad etilishi qanday kechadi?
Organizm immuniteti – bu bakteriya va virus kabi begona obʼektlarni aniqlab, yoʼq qiladigan tizim. Uning vazifasi – yoʼqotish. Retsipient organizmi koʼchirib oʼtqazilgan aʼzo oʼziniki emasligini tushunganda, immun tizimi unga «hujum qiladi» va yoʼqotishga urinadi. Mana shu qabul qilmaslik deyiladi. Bunday «hujum»ni chetlab oʼtish uchun bemorlar umrbod immunosupressiv dorilarni isteʼmol qiladi. Ular immun tizimini tanlab tinchlantirib turadi.
- Koʼproq kimlar donor boʼla oladi?
Bemorning qarindoshlari, yaʼni koʼproq ota-ona, opa-singil, aka-ukalar tirik donorlar hisoblanadi. Аka-uka va opa-singillarda bir-biriga mos kelish koʼrsatkichi yuqori. Chunki ularga ota-onadan 50 foiz genetik belgilar oʼtadi. Shularga koʼra moslik belgilanadi.
- Donorga nima xavf soladi?
Har qanday xavf bartaraf etilishi va xavfsizlik darajasi baholanishi uchun potentsial donor toʼliq tekshiruvdan oʼtadi. Buyrak berish hayot sifatiga deyarli taʼsir qilmaydi. Bu, shuningdek, ayol va erkak reproduktiv tizimiga ham taʼsir oʼtkazmaydi, yaʼni donorlar bemalol farzand koʼrishi mumkin.
- Аʼzo koʼchirib oʼtqazilganidan keyin qanday tibbiy parvarish zarur?
Transplantatsiyadan keyin bemorlar butun umr immunosupressiv terapiyada boʼlishini tushunishi kerak. Bu juda muhim. Immunosupressantlardan oʼzboshimchalik bilan voz kechilsa, aʼzo qabul qilinmasligi va u ishdan chiqishi mumkin. Аmmo supressiyaning yuqori darajasi ham infektsion asoratlar va onkologik jarayonlarning rivojlanishiga olib kelishi ehtimoli bor. Shuning uchun shifokorlar dorilarni dozalashga jiddiy va ongli ravishda yondashishi, bemorlar esa dorilarni oʼz vaqtida ichishi va holatini nazorat qilishi kerak.

Umid Salimov, Аkademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik ilmiy-amaliy markazi ilmiy kotibi, jarroh gepatolog, transplantolog, tibbiyot fanlari nomzodi
- Bemorga aʼzo koʼchirib oʼtqazish haqidagi xulosani kim chiqaradi?
Transplantolog yoki mazkur soha boʼyicha ixtisoslashgan boshqa toifadagi shifokor bunday xulosaga kelishi mumkin. Nefrologlar buyraklar transplantatsiyasini, gepatologlar jigar koʼchirib oʼtqazishni belgilaydi.
- Kim donor boʼlishi mumkin?
Mos donorni tanlash – muhim bosqich. Shu maʼnoda transplantologiya ikki yoʼnalishga boʼlinadi – murda donorligi va tirik donorlik. Hayotida mutlaqo sogʼlom boʼlgan va halokatga uchragan inson donor boʼlganida, yaʼni murda donorligida uning aʼzosi davlat tibbiy muvofiqlashtirish markazi koʼrsatmasiga koʼra taqsimlanadi. Quyidagi qoida bor: «The sickest the first» yoki «Eng ogʼir kasal – birinchi». Jahon statistikasiga koʼra, donorlik aʼzosiga muhtoj 25 foizdan 50 foizgacha bemorlar uni olishga ulgurmaydi. Tirik yaqinlarning donorligi qutqaruvchi muqobil variant boʼlib xizmat qiladi. Yurak, yurak-oʼpka tizimi, oshqozonosti bezi aʼzolari transplantatsiyasi faqat murda donorligi asosida amalga oshiriladi. Tegishli qonunchilik asosida har ikki yoʼnalishni rivojlantirish – dolzarb vazifa.
- Аʼzolar transplantatsiyasi uchun xorijga safarlar boʼyicha statistika mavjudmi?
2017 yilga qadar klinikamiz yoʼnalishi boʼyicha buyraklar transplantatsiyasi uchun 70, jigar koʼchirib oʼtqazish uchun esa 50 nafar atrofida bemor chet elga borgan. Yurak, oʼpka, oshqozonosti bezi kabi aʼzolar transplantatsiyasi uchun bemorlar xorijda qabul qilinmaydi. Chunki qonunchilikka koʼra, murda donorligiga ushbu amaliyot oʼtkaziladigan mamlakat fuqarolari uchungina ruxsat beriladi. Bugun ishonch bilan aytish mumkinki, buyrak transplantatsiyasi uchun xorijga borishning keragi yoʼq. Mazkur operatsiya mamlakatimizda muvaffaqiyatli amalga oshiriladi.

Oybek Omonov, Аkademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik ilmiy-amaliy markazining portal gipertenziya, pankreatoduodenal soha jarrohligi va jigar transplantatsiyasi boʼlimi jarroh-gepatologi, tibbiyot fanlari nomzodi
- Аʼzolarni koʼchirib oʼtqazish operatsiyasi qaerda oʼtkaziladi va ularning narxi qanday?
Oʼzbekistonda bunday operatsiyalar oʼtkaziladigan markaz hozircha ikkita. Bu buyrak va jigar koʼchirib oʼtqaziladigan Аkademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va faqat buyrak koʼchirib oʼtqaziladigan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy-amaliy markazidir. Jarrohlik markazida jigar va buyrak transplantatsiyasi imtiyozli va pullik asosda oʼtkaziladi. Imtiyozli bemorlar uchun sogʼliqni saqlash boshqarmalari tomonidan joylarda orderlar beriladi. Ularga koʼra, bemor davlat hisobidan bepul davolanadi. Shuningdek, pullik xizmatlar ham bor. Buyrak koʼchirib oʼtqazish 32 million soʼm atrofida. Jigar koʼchirib oʼtqazish 184 million soʼmga tushadi.
Inson tiriklik chogʼi tana aʼzolarini koʼchirib oʼtqazish uchun donor boʼlishi mumkin. Vafot etgandan keyin donorlik imkoniyati kengayadi. Oʼlimdan keyingi donorlik aʼzolardan foydalanish uchun ruxsat berish qoidalarini tartibga soluvchi qonunlar va huquqiy hujjatlarga asoslanadi.
Jahonda potentsial donorning rozilik prezumptsiyasi amal qiladi. Unga koʼra, agar yozma yoki boshqa koʼrsatmalar boʼlmasa, inson oʼlimidan keyin aʼzolari olinishiga rozilik beradi. Norozilik prezumptsiyasida esa, inson oʼlimidan keyin uning aʼzolari olinmasligi uchun marhumning noroziligi bitilgan hujjat talab qilinadi.
Ko‘rishlar: 1020
https://anatomica.uz/uz/articl...









