Keratoplastika o‘rnatish zarur: Qayerga borish va nima qilish kerak?

Klinika

Yangilangan:

Agar zudlik bilan keratoplastika o‘rnatish zarur bo‘lib qolsa, nima qilish kerak? Operatsiya qildirish qancha turadi? Qanday tahlillardan o‘tish talab etiladi? Shu va boshqa savollarga O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh oftalmologi, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi markazi direktori Azamat Yusupov javob beradi.

 

 

Azamat Yusupov, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh oftalmologi, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi markazi direktori

 

 

- Keratoplastika nima?

 

Keratoplastika yoki shoxpardani ko‘chirib o‘tqazish jarrohlik amaliyoti umidi so‘ngan insonlarga ko‘rish imkoniyatini qaytaradi.

 

Hozir Amerikaning bizga donorlik materiallarini yetkazib beradigan Lion eye institute banki bilan shartnomamiz bor. Buyurtma to‘xtovsiz yetkazib beriladi. Shuning uchun operatsiyaga navbat deyarli yo‘q. Ammo inson aʼzolari va to‘qimalarini transplantatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun chiqqanidan keyin RIKMIATM bazasida ko‘z bankini yaratish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda.

 

 

- Operatsiya uchun qanday hujjatlar talab qilinadi?

 

Shoxpardani olish uchun bemordan faqat pasport va to‘liq diagnostikadan o‘tgani hamda unga keratoplastikaga ruxsat berilganini tasdiqlovchi tibbiyot kartasi talab etiladi. Hujjatlar rasmiylashtirilgach, operatsiya taxminan bir-ikki hafta kutiladi.

 

 

- Qanday tahlillar kerak?

 

Bemor standart diagnostikadan o‘tganidan keyin quyidagilar bo‘yicha tahlil namunalarini topshirishi kerak: UQT, UPT, B va C gepatiti, OIV, RW uchun tahlil. Shuningdek, tor ixtisoslikdagi bir necha mutaxassis ko‘rigidan o‘tish, kardiolog tavsiyasini olish va, albatta, EKG o‘tkazish zarur. 

 

 

- Operatsiya qancha turadi?

 

Bugun O‘zbekistonda keratoplastikaning bir nechta turi bor. Operatsiya narxi ham shunga bog‘liq. Ko‘z mikroxirurgiyasi markazida operatsiya narxi 24 million so‘mdan 35 million so‘mgacha. Taʼkidlash kerakki, ushbu operatsiya diniy qoidalarga zid emas. 

 

O‘zbekistonda keratoplastikani o‘tkazish uchun ruxsat olgan klinikalar atigi to‘rtta. Bular – RIKMIATM, Saif Optima, Crystal, DMC xususiy klinikalari. 

 

 

- Kim donor bo'lishi mumkin?

 

Mamlakatimizda ko‘zning shoxpardasi donori bo‘lish mumkin. O‘zbekiston Respublikasining “Inson aʼzolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi qonuniga asosan inson murdasidan aʼzolari va (yoki) to‘qimalarini olish uchun insonning tiriklik chog‘ida berilgan notarial tasdiqlangan yozma roziligi bo‘lishi shart.  

 

Quyidagi holatlarda inson aʼzolari va (yoki) to‘qimalarini olish taqiqlanadi:

  • o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan fuqarolar;

  • belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar, shuningdek, ruhiy holatning buzilishiga (ruhiy kasalliklarga) chalingan shaxslar;

  • qamoqda yoki ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar;

  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;

  • homilador ayollar;

  • shaxsi aniqlanmagan shaxslar;

  • muayyan yashash joyi bo‘lmagan shaxslar;

  • Mehribonlik, Saxovat va Muruvvat uylarida yashovchi shaxslar;

  • aʼzosi va (yoki) to‘qimalari ilgari transplantatsiya uchun olingan shaxslar.

 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi chet davlat fuqarosi bo‘lgan retsipiyent uchun donor bo‘lishi mumkin emas.

Ko‘rishlar: 399

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz