Munosib xotima: O'zbekistonda palliativ yordam bormi?

Eksklyuziv

Yangilangan:

Tuzalmas bemor hayotida palliativ yordam qanday ahamiyatga ega? Boqiy dunyo safariga qanday tayyorgarlik ko‘rmoq va munosib yakun topmoq mumkin? Nima uchun morfin jahonda «oltin standart», bizda esa «umidsizlik sari qadam» ekani haqida onkolog Yahyo Ziyayev so‘zlab beradi.

 

 Matn: Irina Silkina

 

Maʼlumot: Yahyo Ziyayev, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi qoshidagi xospis va palliativ yordamni rivojlantirish guruhi rahbari, onkolog

 

 

Palliativ yordamdan asosiy maqsad nima? Jiddiy kasalliklar xavf soluvchi insonlarga palliativ yordam ko‘rsatishning asosiy maqsadi simptomlarga qarshi kurashga qaratilgan. Saratonning oxirgi bosqichidagi insonga ko‘rsatiladigan ushbu yordam bemorning bu dunyoni azoblarsiz tark etishi uchun hayotni maksimal darajada yengillashtiradi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 20 000 bemor palliativ yordamga muhtoj. Ulardan 15 000 nafari onkologiya shifoxonalarida.

 

Palliativ – muammoni xuddi «plashch» singari o‘rab yopuvchi vaqtinchalik yechim

 

Palliativ yordamning komponentlari nima?

  • Simptomlar nazorati – og‘riqqa qarshi va nutritiv terapiya, o‘layotgan bemorlarga g‘amxo‘rlik qilish. Xasta umrining oxirgi kunlarida tibbiy muolajaga deyarli muhtoj emas. Uning parvarishi bilan bog‘liq ko‘plab ijtimoiy va xulq-atvor muammolari paydo bo‘ladi.
  • Psixoterapiya. Insonlar mangu yashamaydi. Abadiylik siri kashf qilinmaguncha o‘lim holati 100 foiz ro‘y beradi. Ammo hamma ham bunga psixologik va psixik jihatdan tayyor emas. Insonni o‘limga tayyorlash, ayniqsa, bu kabi savol taqiqlangan jamiyatda juda muhim omil. Bizning jamiyatda ham o‘lim haqida gapirilmaydi. Bu mentalitet va qo‘rquv bilan bog‘liq. Ammo ko‘z yumganimiz bilan muammo hal bo‘lib qolmaydi. Ushbu vazifalarni xospislar va palliativ yordam bo‘limlari hal qiladi.
  • O‘lim paytida va undan keyin oila aʼzolarini qo‘llash. Bemor vafot etdi, qarindoshlari esa qayerga murojaat qilishni, dafn marosimlarini qanday tashkil etishni  bilmaydi. Yaqin insoning o‘limi bilan ilk bor yuzlashganda go‘yo do‘zax azobida qolasan. Yo‘qotishdan keyin oila bilan psixolog ishlash kerak – bu ham palliativ yordam.
  • Ilmiy tadqiqotlar.

 

 

 

Palliativ yordamning uchta turi bor:

Ambulator. Bemor barcha ko‘rsatmalarni o‘zi kelib oladi.

Uy sharoitida. Sayyor brigada uyga borib yordam ko‘rsatadi, zarur holatda davolaydi. Kerakli uskunalarni ajratadi. Masalan, tana aʼzolarining uyushib qolishiga qarshi matraslar yoki ko‘p vazifali karavotlar ro‘zg‘orga doim ham kerak emas. Ularni xarid qilishdan maʼno yo‘q. Bu moslamalarni xospis va palliativ yordam xizmati qaytarib olish sharti bilan vaqtincha foydalanishga beradi. JSST ekspertlari tahlillariga ko‘ra, xospis-palliativ yordamning 80 foizi uyda amalga oshiriladi.

Statsionar. Simptomlarni uyda nazorat qilishning iloji bo‘lmasa, bemor shifoxonaga yotqiziladi.

 

 

O‘zbekistonlik bemorlarga palliativ va xospis yordami kerak. Chunki ko‘pchilik qiynalib o‘lim topadi. 2015-yilda Onkologiya markazi AQShning Saraton milliy instituti bilan hamkorlikda onkologiyada yordamni rivojlantirish dasturini ishlab chiqa boshladi. Yo‘nalishlardan biri xospis-palliativ yordamni rivojlantirishdir. 2017-yilda Prezident qarori qabul qilinib, unga ko‘ra, Toshkent, Xorazm, Farg‘ona va Samarqandda 4 ta hududlararo xospis ochilishi kerak edi. 2019-yili loyihani amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqildi. 2020-yilda Toshkent shahar hokimligi xospis qurish majburiyatini zimmasiga oldi. Markazimiz mazkur muassasaning talablaridan kelib chiqib, ushbu loyihada ishtirok etdi. Obyekt qurilishiga yer ajratildi (bugungi limonariy hududi). Ammo pandemiya boshlanib, ustuvor vazifalar o‘zgardi. So‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, hokimlik qurilishni 2022-yilda tugallashga vaʼda berdi. (Tahririyat eslatmasi – 2022-yil avgust oyida O‘zbekistonda birinchi “Taskin” bolalar hospisi ochilgan)

 

 

 O‘zbekistondagi bemorlarga palliativ va xospis yordami kerak. Chunki ko‘pchilik qiynalib o‘lim topadi

 

 

Qayerda va qanday qilib palliativ yordam olish mumkin? Qisman palliativ yordam bo‘limlarida. Ular Onkologiya markazining shahar va viloyat filiallarida ochilgan. Lekin u yerda yordamdan ko‘ra ko‘proq palliativ davolashadi. Palliativ yordamni faqat xospisda olish mumkin. Bizda xospislar yo‘qligini inobatga olsak, bemorlar faqat palliativ davolanish bilan cheklanadi. 

 

Palliativ davolanish qanchaga tushadi?

Palliativ yordam – jahonda eng arzon ko‘mak turi. Bedavo dardga chalingan bemorni davolab qiynagandan ko‘ra, to‘g‘ri ko‘rsatma bergan maʼqul. Bu fentanil patchlar yordamida muolaja bo‘lib, inson uch kundan ortiq og‘riq sezmaganda, yetarli miqdordagi morfin teriga yopishtiriladi. Bunday patchlarning haftalik narxi 150–200 ming so‘m. Muammo shundaki, bizda na oral morfin, na fentanil patchlar ro‘yxatga olingan. Lekin morfin in’eksiyasi bemorga tekin yuboriladi. Ukollar onkolog tomonidan bemorning yashash manzili bo‘yicha yozib beriladi. Morfin substansiya sifatida juda arzon turadi. Ammo bizda psixofaol moddalar bilan ishlash, ularni mahalliy farmkompaniyalarda ishlab chiqarish qatʼiy nazoratda va amalga oshirishning aniq mexanizmlari mavjud emas.

 

 

Dunyoda morfin – «oltin standart». O‘zbekistonda esa «umidsizlik sari qadam»dir. Og‘riqqa qarshi hech narsa yordam bermay qo‘yganda, eng oxirida unga murojaat qilishadi.

 

 

Surunkali og‘riqni qoldirishda morfin dunyoda «oltin standart» dib tan olingan

 

 

Qaysi ixtisoslikdagi shifokorlar ushbu yordamni ko‘rsatadi? Mamlakatimizda palliativ yordam ko‘rsatish  bo‘yicha mutaxassislar hozircha yo‘q. Bugungi kunda bu bilan ixtisoslashgan muassasalar xodimlari  – onkolog, nevrolog, kardiologlar shug‘ullanadi. Masalan, saratonga chalingan bemorlarning palliativ yordamga muhtojlik davri odatda 6 oyni tashkil etadi. Neyrojarrohlikda esa, agar bemor vegetativ holatga tushgan bo‘lsa, bu muddat yillab davom etishi mumkin.

 

 

 Palliativ yordam – bu tibbiyot va ijtimoiy soha simbiozi

 

 

Palliativ yordam ko‘rsatishda yaqin insonlarning roli qanday? Asosiy eʼtibor yaqinlarga qaratiladi. Ularga ko‘ngillilar va bemorlar parvarishi bo‘yicha taʼlim olayotganlar yordam beradi. Bizda hozircha bu xizmat yo‘q. Bemorlarning yaqinlari va qarindoshlari yordam haqidagi maʼlumotlarni qiyinchilik bilan internet orqali topishga majbur.

 

Evtanaziya palliativ yordammi?

Evtanaziya – tibbiyot va palliativ yordamning inqirozi. Inson o‘lishni istaganda uni og‘riqdan, ruhiy va hissiy stressdan qutulish istagi boshqaradi. Yaʼni uning simptomlari noto‘g‘ri davolangan. Niderlandiyada 15 yoshli zo‘rlangan qizga evtanaziya qo‘llangan holat bo‘lgan. Bu kabi hodisalar juda kamyob. Istisno holatlar esa rioya qilish lozim bo‘lgan, yaʼni aynan “o‘ldirma” degan qatʼiy qoidalar borligidan dalolat beradi.

Bemorni og‘riqdan xalos etib, unga  psixologik va ijtimoiy to‘g‘ri yordam ko‘rsatilsa, o‘lishni xohlamaydi. Qolgan hayotidan iloji boricha bahra olishni hamda boqiy dunyoga og‘riqsiz, munosib ketishni istaydi.

 

 

Qolgan hayotdan zavqlanib, o‘zga dunyoga og‘riqsiz, xotirjam ketishni xohlash muhim

 

 

«Munosib o‘lim» nima?

Munosib o‘lish – bu har bir insonning fundamental huquqi. Buning uchun bizga xospislar va palliativ yordam tuzilmasi kerak. Fikrimcha, munosib o‘lim – bu o‘z to‘shagida, ortiqcha og‘riq belgilarisiz, qizing va o‘g‘ling bilan PlayStation o‘yinining bir partiyasini o‘ynab, narigi dunyoga xotirjam ravona bo‘lish. Faqat, albatta, qarilik pallasida.

Ko‘rishlar: 12

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz