Endokrinologiya asoschisi va afsonasi

Eksklyuziv

Yangilangan:

Mamlakat tibbiyot institutini respublika miqyosidagi endokrinologiya institutiga aylantirish, unga asoschisi Yolqin To‘raqulov nomining berilishi, yarim asr o‘tib ham odamlar hayotini saqlab qoluvchi ilmiy startaplarni ishga tushirish, fan va tibbiyot tarixida nom qoldirish – bunday kasb yo‘lini har bir inson orzu qiladi, hatto o‘ziga juda ishongan olimlar ham. 

 

*Maqolada F.Y.G‘ulomovaning «Mening otam Yolqin To‘raqulov» nomli kitobidan foydalanildi 

 

 

Yolqin To‘raqulov: «Agar endokrin tizimni orkestr bilan taqqoslasak, gipotalamus unda dirijyor, birinchi skripka roli esa qalqonsimon bezga tegishli»

 

 

Yetuk olim, ustoz va tashkilotchi sifatida Yolqin To‘raqulov nomi O‘zbekiston endokrinologiyasi tarixida mangu muhrlanib qoldi. U biologiya fanlari doktori, professor, akademik, xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, sobiq ittifoqning nufuzli davlat mukofoti laureati edi. Turli yillarda Farmatsevtika instituti, Toshkent tibbiyot instituti, O‘lka tibbiyoti instituti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti, Biokimyo instituti va boshqa muassasalarni boshqardi. Ko‘pining tashkil etilishida bevosita ishtirok etdi. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uning sharafiga nomlangan. 

 

 

 

 

1957-yili O‘zbekiston Vazirlar Kengashi qarori bilan Fanlar akademiyasi tizimida mintaqada tarqalgan kasalliklar, xususan, bo‘qoq kasalligi muammolarini hal etishga qaratilgan O‘lka tibbiyoti instituti tashkil etildi. Ushbu kasalliklarning tarqalish sabablarini aniqlash, ularni davolashning samarali usullarini topish hamda respublikaning barcha viloyatlari va tumanlarida joriy etish zarur edi. Institutni tashkil etishda tashabbuskor bo‘lgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Habib Abdullayev menga uning tashkil etilishi, tarkibini ishlab chiqish va yo‘nalishlarini belgilashni ishonib topshirishni taklif etdi. Meni birinchi direktor va biokimyo laboratoriyasi mudiri etib tayinlashdi. 

 

 

Hududimizda tuproq va suvda yod yetishmasligi bilan bog‘liq endemik bo‘qoq kasalligiga qarshi kurash dasturini ishlab chiqish asoschisi professor, ajoyib jarroh S.Maʼsumov edi. Uning endemik bo‘qoq kasalligi bo‘yicha ilgari Farg‘ona vodiysida olib borgan tadqiqotlari asosida aholini yodlangan tuz bilan taʼminlash orqali ushbu kasallikning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha taʼlimot yaratildi. Institut tarkibiga Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika bo‘qoqqa qarshi dispanseri, Fanlar akademiyasining boshqa institutlaridan  farmakologiya, fiziologiya va biokimyo laboratoriyalari o‘tkazildi.

 

 

 

 

1959-yili «Tireoid patologiyasining baʼzi shakllarida yod va qalqonsimon bez gormonlari almashinuvi» mavzusida doktorlik ishimni yoqladim. Doktorlik mavzuyim dissertatsiya o‘ziga sig‘dirgandan ko‘ra kattaroq sohani qamrab olgandi…
Rejalashtirilgan tadqiqotlarim o‘quvchilarimga o‘rganish uchun mavzu, tireoidologiya bo‘yicha o‘zbek maktabiga asos bo‘lib xizmat qildi.

 

 

Shogirdim Viktor Sorokin yordamida qalqonsimon bezni o‘rganish uchun radioizotop usullarini o‘rgandim, ularni laboratoriya amaliyotiga kiritdim. Qalqonsimon bezning yomon o‘sma kasalliklarini erta aniqlash imkoniyati o‘rganildi. Bo‘qoq klinikasi rahbari R.Islombekov bilan eng nozik miqdoriy o‘lchamlarni o‘tkazib, natijalarga ega bo‘lish orqali tig‘siz operatsiyani amalga oshirish uchun radioaktiv yod dozalarini hisoblashga kirishib ketdik. Ushbu tadqiqotlar va  radioyodni qo‘llash natijasida minglab bemorlar dahshatli kasallikdan shifo topdi.

 

 

 

 

1967-yili O‘lka tibbiyoti institutidan Biokimyo instituti, undan so‘ng Fiziologiya instituti ajralib chiqdi. Tibbiyot, farmatsevtika institutlari, Toshkent davlat universitetida biokimyo bo‘yicha qator kafedralar paydo bo‘ldi. Faoliyatimning eng muhim tarkibiy qismlaridan biri yosh olimlar va shifokorlar – endokrinologiya sohasi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash edi. Rahbarligimda 110 nafardan ortiq fan doktori va fan nomzodlari ilmiy maqolalar yozib, tadqiqotlar olib bordi. Ular orasida akademiklar, professorlar, ko‘zga ko‘ringan olimlar bor.

 

 

1970-yillarning oxiriga kelib yirik endokrinologiya markazini tashkil etish uchun asos tayyorlandi. Yangi tuzilma ishlab chiqildi, moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, konsultativ endokrinologik poliklinika tashkil etildi. Qalqonsimon bez patologiyasi mavjud bo‘lgan bemorlarni radioaktiv yod bilan davolash uchun Markaziy Osiyoda yagona radiologik bino qurildi. Respublikada butun endokrinologik xizmatni boshqarish bo‘yicha ilmiy-uslubiy ishlar bajarildi.

 

 

 

 

Institut yangi nom olishi uchun ko‘p yillar o‘tdi va faqat 1989-yildagina Endokrinologiya institutiga aylantirildi. Bu ko‘p yillik mehnat hamda O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda endokrinologiya fanining kuchli asosini yaratish uchun kurashning ajoyib yakuni edi. 1996-yili gipotalamo-gipofizar regulyatsiya bo‘limi bazasida neyroendokrinologiya laboratoriyasi tashkil etildi, u mening kenja sevimli farzandim bo‘lib qoldi. 

Ko‘rishlar: 533

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz