HISOBDAN CHIQARMASLIK LOZIM: O‘zbekistondagi palliativ yordam raqamlarda
Eksklyuziv
Yangilangan:
2013-yili BMT palliativ yordam yo‘qligini qiynoqlar va shafqatsiz munosabatga tenglashtirdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatimizda har yili besh yuzdan ortiq bola bunday yordamga muhtoj. Bugun atigi yigirma nafar bolaga mo‘ljallangan birinchi Taskin bolalar xospisi o‘zi kabi tibbiy-ijtimoiy muassasalarning kelgusida butun mamlakat bo‘ylab minglab ehtiyojmand bolalar va kattalarni qamrab olishiga umid beruvchi namunaviy maskan hisoblanadi.
Muallif: Barno Ikramova
O‘zbekistondagi birinchi Taskin bolalar xospisi 2022-yil avgust oyida “Zangiota-2” ixtisoslashtirilgan shifoxonasi negizida ochildi. Butun respublikadan kelgan noxush tashxisli bolalar bu yerda bepul palliativ yordam olishi mumkin. Xospisda onkologik va gematologik kasalliklari bor bolalarga ko‘mak ko‘rsatiladi. Bolalar xospisda bir necha haftadan boshlab bir necha oygacha bo‘ladi. Tibbiy va ijtimoiy xodimlar, psixologlarning vazifasi – kichik bemorlarning hayotini yengillashtirish, ota-onalarni yo‘qotishga tayyorlash.
Palliativ yordam – bedavo bemorlar va hayotga xavf soluvchi holat yoki xastaligi bor insonlarga ko‘rsatiladigan ko‘mak. O‘zbekistonda bu hamon tibbiyotning eng muammoli sohasidir. Mamlakatda birinchi bolalar xospisidan tashqari palliativ yordam ko‘rsatiladigan alohida markazlar hozircha yo‘q.
Xospis nima?
U tibbiy-ijtimoiy muassasa bo‘lib, xospisda bedavo, ko‘proq onkologik bemorlarga kompleks yordam beriladi. Kasallikning oxirgi bosqichida palliativ ko‘mak ko‘rsatiladi. Shuningdek, xastalik paytida va yaqin insonini yo‘qotgandan keyin oilalar qo‘llab-quvvatlanadi. Palliativ yordam – og‘ir kasallik davrida munosib yashash, chidab bo‘lmas jismoniy og‘riqni yengillatish, ruhiy va maʼnaviy ko‘mak olish huquqi.
Ekspert: Yaxyo Ziyayev, Respublika onkologiya va radiologiya markazining xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i
B.I.: O‘zbekistonda har yili qancha bola palliativ yordamga ehtiyoj sezadi?
Ya.Z.: Aniq statistika yo‘q, ammo mavjud maʼlumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili 800 ga yaqin bolada onkologiya holati ro‘yxatga olinadi. JSST maʼlumotlariga ko‘ra, bolalar saratonidan sog‘ayish ko‘rsatkichi 30 foiz atrofida. Faqat onkologiyaning o‘zi yiliga 560 nafar bolaga xospis yordamini ko‘rsatish ehtiyojini paydo qiladi.
B.I.: Har yili qancha bola onkologik kasalliklar tufayli dunyodan ko‘z yumadi?
Ya.Z.: Taʼkidlab o‘tganimday, har bir holatni qayd etib, uni yaqqol ko‘rsatadigan saraton kasalliklari ro‘yxati mavjud emas. Statistik ko‘rsatkichlarning har yillik to‘plami bor. Ushbu statistik tahlilni Onkologiya markazining o‘zi tayyorlaydi. Kasallik haqida u yoki bu xulosalarni chiqarish uchun xalqaro ko‘rsatkichlarga murojaat qilish mumkin. Masalan, bolalar saratoniga global chalinish ko‘rsatkichi 100 ming kichik yoshli aholi orasida 14,87 nafarni tashkil etadi. Xuddi shu statistikaga ko‘ra, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida saraton tufayli vafot etish ko‘rsatkichi 100 ming aholiga o‘rtacha 5,4 nafardan to‘g‘ri keladi. O‘zbekistondagi demografik ko‘rsatkichlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, mamlakatda taxminan 12 million bola yashashini inobatga olsak, 648 sonini hisoblab chiqarish mumkin.
B.I.: Onkobemor bolalar qanday subsidiyalarga umid qilishi mumkin?
Ya.Z.: Onkologik bemorlarning davolanish xarajati davlat tomonidan qoplanadi va mutlaqo bepul.
B.I.: Og‘ir onkologik bemor bolaning qanday huquqlari bor?
Ya.Z.: Huquqlar bolalarning kasalligiga qarab farqlanmaydi. Ammo BMT 2013-yili palliativ yordam yo‘qligini qiynoq va shafqatsiz munosabatga tenglashtirdi.
2021-yil hisoboti
Har yili Onkologiya va radiologiya tibbiyot markazi «O‘zbekiston Respublikasi aholisiga onkologik yordam ko‘rsatish holati 2021» nomli katta hisobot tayyorlaydi. 2022-yilgi maʼlumotlar 2023-yilning o‘rtalarida taqdim etiladi.
2021-yilda O‘zbekiston Respublikasi aholisining o‘rtacha yillik soni 34 558 891 nafarni tashkil etdi. Jami aholining salmoqli qismini 17 yoshgacha bo‘lgan bolalar va 18 yoshdan 44 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi. Bu mos ravishda populyatsiyaning 33,9 foizi va 43 foiziga teng.


Hisobotdan. 2021-yili xavfli o‘sma natijasida sodir bo‘lgan o‘lim ko‘rsatkichi 100 000 nafar bolaga 2,9 nafarni (2020-y. – 2,6) tashkil etdi. 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida bir yillik o‘lim darajasi 4 foiz (2020-y. – 4,1 foiz)dan iborat. Bolalar orasidagi o‘limning asosiy sabablari quyidagilardir:
Bugungi kunda respublika bo‘yicha bolalarga mo‘ljallangan o’rinlar soni 120 tani tashkil etadi. Ulardan 60 tasi Respublika onkologiya markazida, 15 tasi – markazning Toshkent shahar bo‘limida, 10 tasi – Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limida, 10 tasi – Qashqadaryo, 10 tasi – Namangan, 5 tasi – Samarqand, 5 tasi – Farg‘ona va 5 tasi – Qo‘qon bo‘limlarida joylashgan.
Taskin xospisi
Bugungi kunda Taskin xospisiga 21 nafar tibbiy xodim, shuningdek, Ezgu amal fondining ijtimoiy xodimlari, psixologlari, ko‘ngillilari va xayrixohlari jalb etilgan. Fond g‘oyasini amalga oshirish va xospisni 2022-yili avgustda ochishga ko‘ngillilarni maxsus trenerlar bilan ta’minlagan Isroil davlatining yurtimizdagi elchixonasi, 76 ta tashkilot, 660 million so‘m xayriya qilgan mashhur va anonim homiylar hissasi qo‘shildi. Yana 500 million so‘mlik 14 ta pul o‘tkazmasi ham kelib tushdi. Hammasi yagona maqsad – umrining oxirgi kunlarini yashayotgan mitti insonga munosib sharoit yaratish uchun amalga oshirildi.
Xospis davlat tasarrufida bo‘lib, SSV va homiylik ko‘magi tufayli faoliyat yurituvchi Ezgu amal jamoat fondi mablag‘i hisobidan kun ko‘radi. Shunga qaramay, xospis hali ham moliyaviy ko‘makka muhtoj. O‘zbekistondagi palliativ yordam – hamon tibbiyotning muammoli jihatlaridan biri.

Munira Xodjaxanova, Ezgu amal xayriya fondi hammuassisi va boshqaruvi raisi
B.I.: Bolaning bir kuni uchun ko‘rsatiladigan palliativ yordam Ezgu amal fondiga qanchaga tushadi? Palliativ davolash narxi nimaga qarab shakllanadi?
M.X.: Bir oyda 9–10 nafar bola uchun o‘rtacha 70 million so‘m sarflaymiz. Bir nafar bolani ota-onasi bilan xospisda parvarishlash fondga oyiga 7 million so‘mga tushadi.
B.I.: Xospisdagilarning aytishicha, ular belgilangan ustamani olishmayapti. Vaholanki, SSVning 2021-yil 1-avgustdagi taklifi maʼqullangan bo‘lib, unga ko‘ra, onkologiya muassasalarining palliativ yordam bo‘limlari tibbiyot xodimlariga sog‘liqqa zarar keltiruvchi o‘ta xavfli mehnat sharoiti uchun har oylik ish haqiga 25 foiz ustama qo‘shib berilishi zarur. Xospis jamoasini qanday qilib saqlab turibsiz?
M.X.: Tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish, nafaqat xospisning asosiy negizini saqlab qolish, balki ularning qahramonligiga minnatdorlik sifatida hamda kasbiy toliqishdan olib chiqish uchun Ezgu amal fondi barcha xodimlarning asosiy ish haqiga ustamalar to‘laydi.
Ekspert: Yaxyo Ziyayev, Respublika onkologiya va radiologiya markazining xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i
B.I.: Mamlakatimizdagi bemorlar uchun nechta xospis talab etiladi?
Ya.Z.: Juda murakkab savol, unga noto‘g‘ri javol berishdan qo‘rqaman. Keling, rivojlangan davlatlardan misol keltiramiz. Masalan, AQShda 2023-yil uchun 1 803 ta xospis ro‘yxatga olingan. Agar AQShda aholi soni 337 550 940 nafar bo‘lib, O‘zbekistondagi 36 045 169 nafar aholidan o‘n karra ko‘p deb hisoblasak, mamlakatimizga 180 ta xospis zarur. Ammo bu raqam asl holatni aks ettirmaydi. Chunki AQShda aholining yoshi ancha katta. Aholi yoshi qancha katta bo‘lsa, noinfeksion kasalliklar shunchalik ko‘p bo‘ladi. Xospislarga talab ham ortadi. Yaʼni “180” raqami – bu degani 30 yilda ushbu marraga, shubhasiz, yetib olishimiz lozim. Nima bo‘lishidan qatʼi nazar, nimadandir boshlashimiz darkor. Bizning “Taskin” – sof jamoatchilik tashabbusi. Bugun yangi, zamonaviy, hammabop xospis har qachongidan ham kerak.
B.I.: Bugungi kunda mamlakatimizda 100 mingdan ortiq onkologik bemor ro‘yxatga olinganmi? Ulardan 10 ming nafari 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarmi? Aniq statistikani qayerdan topish mumkin?
Ya.Z.: Takror aytaman, har bir hodisani ro‘yxatga olib ko‘rsatadigan saraton ro‘yxati yo‘q. Statistik ko‘rsatkichlarning har yillik to‘plami bor. Onkologiya markazi bu tahlilni o‘zi tayyorlaydi. Ammo odatda saratonning 7–10 foizi bolalarga tegishli bo‘ladi.
B.I.: Umumiy ko‘rsatkichdagi bemorlarning taxminan 30 foizi og‘ir ahvolda bo‘lib, 3 ming nafari bolalar ekani rostmi?
Ya.Z.: Yo‘q, unchalik emas. 30 foiz bola og‘ir ahvolda ekanini tasavvur qilganimizda ham ularning hammasi og‘ir holatda va xospisga joylanishi kerak degan tushunchani anglatmaydi. Jonlantirish, asoratlar bor va ularning hammasi tiklanadigan jarayon. Xospis bemorlari uchun tibbiy aralashuv samarasiz hisoblanadi.
B.I.: 2023-yil uchun tasdiqlangan yangi byudjet xarajatlarining uchta bandi onkologik yordamni takomillashtirish va keyinchalik onkologik xizmatni rivojlantirish bilan bog‘liq bo‘lib, bunga 417 500 milliard (o‘tgan yili 375 538 milliard) so‘m ajratilgan. Ushbu xarajatlarga palliativ yordam ham kiradimi?
Ya.Z.: Umuman olganda, ha. Ammo bizda hali to‘laqonli xospis mavjud emas. Shuning uchun ushbu xarajatlarni palliativ va kurativ deb ajratish noto‘g‘ri. Xospis statsionarda bo‘lish dori-darmonlar va uskunalar masalasida unchalik qimmatga tushmaydi. Eng katta xarajat mutaxassislar mehnatiga haq to‘lashga sarflanadi.
B.I.: Onkologik markazlardagi palliativ yordam bo‘limlarida yotgan og‘ir ahvoldagi bemorlarning o‘n kunlik xarajatini davlat qoplaydi. Undan keyin bu chiqim bemorlarning o‘zi va yaqinlari zimmasiga yuklanishi rostmi?
Ya.Z.: Yo‘q, bu qoida bemor yoki uning qarindoshlari va yaqinlariga tegishli emas. Bu xospis xodimlari uchun nazorat nuqtasi. Shuning uchun shifoxonada yotish muddati 10 kun davom etadi. Shu vaqtda mutaxassislar barcha simptomlarni nazoratga olishga ulgurishi, psixologik ko‘mak ko‘rsatishi va palliativ yordamning mohiyatini tushuntirib berishi, bemor va uning yaqinlari bilan birga Kyubler-Ross bo‘yicha 5 ta bosqichdan o‘tishi, bemorni parvarish qilishni uning yaqinlariga o‘rgatishi lozim. Bemorlar ham odam, qolgan vaqtini xospisda o‘tkazishi ijtimoiy nuqtayi nazardan maqsadga muvofiq emas. Ammo tibbiy ko‘rsatmalar bo‘lsa, xospis xodimlari bu bemorni uzoqroq muddat qolishga undashi mumkin.
B.I.: Hukumat onkologiya xizmatini rivojlantirish va onkologik bemorlarga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatish dasturini, shuningdek, nuklear tibbiyotni rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqladi. Ushbu rivojlantirish dasturi qanday qo‘llanadi?
Ya.Z.: U xospis va palliativ yordam bo‘yicha hozircha sekin ishlaydi. Men 2023-yil boshida qurilayotgan xospisda bo‘ldim. Joriy yilning oxirigacha qurilishni tugatishga vaʼda berishyapti.
Ko‘rishlar: 109
https://anatomica.uz/uz/articl...






