O‘zbekistonda lazerli jarrohlik qanday qo‘llanila boshlandi?
Eksklyuziv
Yangilangan:
«Men na shifokor va na olimman, balki tadqiqotchiman» – oʼzbek lazerli jarrohligi asoschisi Iskandar Boybekov ixtirolar, qoidalar va tajribasi haqida soʼzlaydi.

Iskandar Muhammedovich Boybekov, tibbiyot fanlari doktori, prof., Vohidov nomidagi jarrohlik ilmiy markazi patanatomiya laboratoriyasi mudiri.
Tariximiz 1987 yildan boshlandi. Ilk lazer xarid qilinganida, men Jarrohlik institutida 10 yildan beri ishlayotgan edim.
Bu xarid maʼlum darajada tasodif edi. Ilgari lazerlar haqida bilardim, lekin xarid qilish borasida uni tibbiy anjomlar doʼkonida koʼrib qolgachgina jiddiy oʼylay boshladim. Oʼsha davrda uning narxi oʼta qimmat emas edi. Shu bois Vosit Vohidovichga lazerni sotib olishni taklif qildim. Uning: «Sizningcha, istiqboli bormikan?», degan yagona savoliga «Ha», deb javob berdim. Аkademik Vohidov ilgʼor fikrli inson edi. Toʼliq ishonch hosil qilmasa-da, yangilikni hech qachon inkor etmagan. «Boshimni qotirmang», deyishi mumkin edi, lekin bunday qilmadi. Chunki yosh tadqiqotchilarning taklifini doim qoʼllab-quvvatlardi.
Lazerlar bilan ishlash dastlab qiyin kechgan. Ilmiy nashrlar koʼpaygach, lazerlar ommalashib ketdi. Аyniqsa, nur skalьpellari qoʼllanganda qon chiqmasligi va yiringlash xavfi deyarli yoʼqligi tufayli juda qulay edi.

Tibbiyot oliygohiga oʼqishga kirganimga hech qachon afsuslanmaganman. Lekin 4-bosqichda qatʼiy qaror qildim: hech qachon davolovchi shifokor boʼlmayman. Oʼlim bilan toʼqnash kelishni oʼta ogʼir koʼrib, nazariy tibbiyotni tanladim. Keyinchalik bundan afsuslandim, chunki mendan zoʼr jarroh chiqishi mumkin edi. Ilmiy maqolalarim xorijda eʼlon qilinib, minnatdorlik xatlari kelganida, behuda urinmayotganimga amin boʼlardim. Qolaversa, mashhurlik kimga yoqmaydi, deysiz!
Kasbiy faoliyatim yangi bilimlarni oʼrganish istagiga asoslangan. Shu bois lazerlarni umr boʼyi oʼrganib kelaman. Va bu bejiz emas: sohadagi tadqiqotlarimizdan hali hech kim oʼzib ketolmadi. Nokamtarlikday koʼrinsa-da, tan olish kerak, hali hech kim lazerlar boʼyicha tajribamizni takrorlay olgani yoʼq. Men na shifokor, na olimman, tadqiqotchiman.
Hech qachon hasad qilma va har doim minnatdor boʼl – hayotimda shu ikki qoidaga amal qilaman.
Oʼtgan asrda bir kongressda qatnashganman. Ingliz qirolichasining shaxsiy ginekologi mendan nima uchun lazerni skalьpelь sifatida ishlatganimda, yara tezroq bitishi haqida soʼragan. Unga shunday tushuntirganman: kesish chizigʼiga yuqori quvvatli lazer nuri taʼsir qilsa-da, kesilgan joy atrofida ular past intensiv boʼlib qoladi va yara tez bitadi. Shu soʼzlarimdan keyin u meni quchib, ana endi tushundim, degan. Notoʼgʼri foydalanilsa, har qanday taʼsir xavfga aylanishi mumkin. Bu faqatgina lazerlarga tegishli emas. Hatto suv ham oʼldirishi mumkin. Eng dahshatlisi – havaskor qoʼliga tushib qolish.

Bir paytlar OАK (Oliy attestatsiya komissiyasi) aʼzosi boʼlganman. Lazer taʼsirining universalligi haqida monografiyam chiqqandi, uni raisga sovgʼa qilmoqchi boʼldim. U esa «Trud» gazetasidagi maqolani koʼrsatib: «Nahotki lazer 50 xil kasallikka kor qilsa?» deb soʼrab qoldi. Monografiyam aynan shu haqida boʼlib, lazer qon aylanishini kuchaytirishi hisobiga universal ekani tushuntirib berilgan edi. Bu kashfiyot emas, toʼgʼrirogʼi, xulosa, lekin u eng toʼgʼri fikrdir.
75 yoshdaman. Yoshligimda yutuqlarga erishishni orzu qilgan boʼlsam, endi eng katta orzum – «ogʼrimay, kasal boʼlmay, munosib yakun topish», eng muhimi, hech kimga ogʼirim tegmasligi. Hayotimdan mamnunman. Аxir, professorman, koʼplab ixtirolar muallifiman. Ilmiy maqolalarim soni 530 taga yetdi. Аslida bundan ham koʼproq natijaga erishishim mumkin edi, degan xayol oʼtadi, lekin bu haqda butun boshli kitob yozish mumkin.
Аgar hayotimni yangidan yashab oʼtish imkoni berilganida, ehtimol, yana shifokor boʼlardim.
Meni qiziquvchanlik harakatlantiradi. Qiziqish emas. Tibbiyot esa qiziquvchanligimga munosib javob beradi. Nazarimda, barchasi shu asosida qurilgan. Nokamtarlikday koʼrinsa-da, tan olish kerak, hali hech kim tajribamizni takrorlay olgani yoʼq.
Ko‘rishlar: 325
https://anatomica.uz/uz/articl...





