Homiladorlik paytida ko'rish qobiliyati yomonlashadimi?

Hayot sifati

Yangilangan:

Homiladorlik boshlanishi bilan ayol organizmi o‘zgaradi va homilani olib yurishga tayyorgarlik ko‘radi. Odatda bo‘lg‘usi onalarga ikkinchi trimestrda (14-22 hafta) oftalmolog ko‘rigiidan o‘tish tavsiya etiladi. Ko‘rish aʼzosida muammo aniqlansa, shifokor takroriy ko‘rikni taxminiy tug‘uruq sanasidan bir oy oldin belgilaydi. Ko‘rish qobiliyati va tug‘uruq bilan bog‘liq eng ko‘p uchraydigan savollarga ekspert – tibbiyot fanlari doktori, shifokor-oftalmolog Dilobar To‘ychiboyeva javob berdi.

 

 

Dilobar To‘ychiboyeva, tibbiyot fanlari doktori, Toshkent davlat stomatologiya instituti shifokor-oftalmologi

 

 

Jismoniy o‘zgarishlar:

 

Homiladorlik vaqtida ko‘rish aʼzosi ko‘plab o‘zgarishlarga uchraydi. Organizmdagi gormonal o‘zgarish sababli ko‘z atrofida pigmentatsiya paydo bo‘lishi mumkin. Shu bois har kuni kosmetik vositalar bilan yuz terisini quyoshdan himoyalash kerak.

 

Homiladorlik ko‘z yoshi bezi faoliyatining buzilishi natijasida quruq ko‘z sindromini keltirib chiqarishi mumkin. Buning ustiga baʼzi ayollar uchun kontakt linzalarni taqish noqulay bo‘lib, ko‘zda charchoq kuzatiladi. Linza almashtirilgan taqdirda ham noqulaylik yo‘qolmasa, undan vaqtincha foydalanmaslik tavsiya etiladi.

 

Shuningdek, ko‘z soqqasi o‘lchami kattalashishi mumkin. Bu esa ko‘z ravshanligini vaqtincha pasaytiradi va tasvirlar noaniq ko‘rinadi. Ko‘pincha bunday belgilar charchoq yoki uyqusizlikdan keyin namoyon bo‘ladi.

 

 

- Ayol uzoqni yaxshi ko‘rmasa, o‘zi asoratsiz tug‘a oladimi?

 

Albatta, tug‘adi. Miopiya holatida to‘rparda holatining meʼyorda bo‘lishi, ko‘chib qolish xavfi bo‘lmasligi muhim. Shifokorlar aynan shundan qo‘rqishadi.

 

 

- Ko‘rish aʼzosining qaysi patologiyasida kesarcha kesish tavsiya etiladi?

 

Agar ko‘rish qobiliyati yildan-yilga 1-2 dioptriya yomonlashsa va to‘rparda distrofiyasi bilan davom etsa, kuchayib boruvchi miopiyada kesarcha kesish tavsiya etiladi. Yoki ko‘radigan yagona ko‘zda ilgari to‘rparda ko‘chishi bilan bog‘liq operatsiya o‘tkazilgan bo‘lsa ham mazkur usul qo‘llanadi. Shuningdek, ko‘rish asab tolasi shishganda, ko‘z tubiga qon quyilganda ham.

 

 

- Ko‘zini lazerli korreksiya qildirganidan keyin ayol o‘zi tug‘a oladimi?

 

Ko‘rish qobiliyatini tiklashning zamonaviy usullari shoxpardaning chuqur qavatlariga tegmaydi. Butun jarayon o‘rta qavatda olib boriladi. Shuning uchun korreksiyadan keyin ko‘rish bilan bog‘liq shikoyat bo‘lmasa, ayol qo‘rqmasdan o‘zi tug‘ishi mumkin.

 

 

- Tug‘uruqdan keyin ko‘rish qobiliyati baribir susaygani uchun homiladorlikkacha korreksiya qildirishdan foyda yo‘q, deyishadi. Shu to‘g‘rimi?

 

Tabiiy tug‘uruqdan keyin ko‘rish qobiliyatining pasayish xavfi mavjud. Ammo u lazer korreksiyasi bilan bog‘liq emas. Homiladorlik va laktatsiya davrida gormonal o‘zgarish tufayli shoxparda xususiyati o‘zgarishi mumkin. Natijada uzoqni yaxshi ko‘rolmaslik boshlanadi yoki kuchayib boradi.

 

 

- Lazerli korreksiyadan qancha muddat o‘tib homiladorlikni rejalashtirish mumkin?

 

3 oy kutish eng maqbul variant. Undan keyin tayyorlansa bo‘ladi. Ammo tavsiya etilgan muddatdan oldin homilador bo‘lsangiz, ham uni to‘xtatishga sabab yo‘q.

Ko‘rishlar: 400

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz