Bolalarda ko‘z o‘tkirligini qanday qilib saqlab qolish mumkin?

Hayot sifati

Yangilangan:

Maktabgacha yoshdagi bolalarda uchraydigan erta orttirilgan miopiyani aynan gadjetlarning paydo bo‘lishi bilan bog‘lashadi. Agar bola yozayotganda ko‘zlarini qisib, daftarga yaqin egilaversa - bu holatlar ko‘rish qobiliyatining buzilishidan darak berishi mumkin. Demak uni mutaxassisga ko‘rsatish zarur. Bolalar oftalmologi Zahro Karimova bilan yoshlikdan ko‘z salomatligiga g‘amxo‘rlik qilaylik!

 

 

Zahro Hamidullayevna Karimova, bolalar oftalmologi, ortokeratolog, miopiyani nazorat qilish uchun skleral va bifokal linzalarni tanlash bo‘yicha mutaxassis, “Ko‘z nuri” klinikasida kontaktli korreksiya bo‘limi boshlig‘i, @dr.karimova_zaxro

 

 

- Bolalarning telefondan foydalanishi ularning ko‘rish qobiliyatiga taʼsir o‘tkazishi rostmi?

 

Maktabgacha yoshdagi bolalarda uchraydigan erta orttirilgan miopiyani aynan gadjetlarning paydo bo‘lishi bilan bog‘lashadi. Ko‘z nuri pasayadi, gavdani tutish buziladi, oddiy o‘yinlar, mashg‘ulot, kitob o‘qish, ertaklar eshitish va hatto tengdoshlar bilan muloqotga bo‘lgan qiziqish yo‘qoladi.

 

Maktabgacha yoshda smartfonlar va planshetlarni butunlay cheklash kerak. Multfilmlarni uzoq masofadan ertalab va kechqurun 15-20 daqiqa davomida televizor ekrani orqali ko‘rish mumkin. Menga qolsa bolalar chizsa, yasasa, qursa, harakatlantiruvchi o‘yinlarni o‘ynasa, bir narsalarni o‘ylab tosa, muloqot qilsa. Bolalik kompyuterli emas, haqiqiy bo‘lishi kerak. Kompyuter hech qayerga ketib qolmaydi, vaqti kelganda bola uni atigi ikki kunda o‘rganib oladi. Aytgancha, bolalar ko‘ziga salbiy taʼsir qiladigan omillar haqida gap ketganda, maktabgacha taʼlim dargohlari va maktabga erta borish ham kiradi, bu g‘alati eshitiladi, to‘g‘rimi?

 

Qoidaga ko‘ra, bolalar maktabga 7 yoshdan borishi kerak – aynan shu yoshda bolalar fiziologik gipermetropiyasi, boshqacha aytganda, yaqinni yaxshi ko‘rolmaslik yo‘qoladi va bola o‘qish, yozish singari ko‘z yuklamalariga tayyor bo‘ladi. Bu yoshgacha esa ko‘pchilik bolalarda gipermetropiya bo‘ladi va maktabga erta borish, o‘qish, kuniga bir necha soatlab mashg‘ulotlarga qatnashish zarar keltirishi mumkin.

 

 

- Amaliyotingizda bolalar orasida qanday ko‘z kasalliklari ko‘proq uchraydi?

 

Bolalarni oftalmologga olib kelishning asosiy sababi – bu refraksiya, yaʼni ko‘z optik tizimining buzilishidir. Maktab o‘quvchilarida bu uzoqni yaxshi ko‘rolmaslik, bog‘cha yoshidagilarda esa – aksincha, kuchli gipermetropiya va u bilan bog‘liq ambliopiya, ko‘zi g‘ilaylik.

 

Ambliopiya – ko‘zning maksimal korrigirlangan o‘tkirligining bir yoki ikki tomonlama pasayishidir. Ko‘z korreksiya qilinsa ham turli sabablarga ko‘ra ko‘rish yaxshi bo‘lmaydi: masalan, g‘ilaylikda binokulyar ko‘rishning (hajmli ko‘rish) buzilishi, ikki ko‘z refraksiyalardagi farq, ko‘zning optik muhiti xiralashuvi, refraksiyaning kuchli anomaliyasi, korrigirlanmagan astigmatizm.

 

Qolaversa, bolada konyunktivitga o‘xshash ko‘z infeksion kasalligi bo‘lsa, bizga murojaat qilishadi.

 

 

- Bolalarda ko‘z o‘tkirligini qanday qilib saqlab qolish mumkin? O‘quvchilarimizga ko‘z kasalliklarini oldini olishning qanday usullarini taklif qila olasiz?

 

Agar bola yozayotganda ko‘zlarini qisib, daftarga yaqin egilaversa, ish stolida noodatiy ko‘rinishda o‘tirsa, o‘qish yoki yozishda boshini noto‘g‘ri egsa, ota-onalar farzandini kuzatib borishi shart, - bu holatlar ko‘rish qobiliyatining buzilishidan darak berishi mumkin. Mutaxassisga ko‘rsatish zarur. Bolangizda ko‘z nuri bilan bog‘liq shikoyatlar bo‘lmasa ham, yilda bir marta profilaktika maqsadida oftalmologga borish kerak. Shifokor qabuliga borish kasallik boshlanishini o‘tkazib yubormaslik va patologiyani oldini olishi imkonini beradi.

 

Eng muhimi, ko‘rish bilan bog‘liq yuklamalar tartibiga rioya etish. Ish joyini yoritish rejimi (60-100 Vt yorug‘liqdagi stol lampasi, qo‘shimcha tepa chiroqdan foydalanish tavsiya etiladi). Tanaffussiz uzoq mashg‘ulot o‘tishga yo‘l qo‘ymaslik kerak (har 20-30 daqiqada ko‘zlarga dam berish). Ko‘zlar bilan parta o‘rtasidagi masofani kuzatib turish lozim — u barmoq uchlaridan tirsakkacha bo‘lgan uzunlikdan kam bo‘lmasligi zarur.

 

Bo‘yinda qon aylanishi, demak, ko‘z soqqasi va mushaklari oziqlanishi  buzilmasligi uchun, qomatni to‘g‘ri tutish muhim. Ko‘zlar uchun uzoq va yaqin masofani almashtirib turish,  akkomodatsion mushaklarni mashq qilish kerak. Bolalar uchun jismoniy yuklamalar va sayr qilish ahamiyatli. Ko‘z to‘g‘ri rivojlanishi kerak, shuning uchun bola uzoqqa qarashi va kunduzgi yorug‘lik kerak. Aynan shuning uchun ko‘chada kuniga kamida 2 soat bo‘lish tavsiya etiladi.

 

Bundan tashqari, ovqatlanishga ham eʼtibor berish zarur. U balanslangan bo‘lishi lozim, organizmga vitaminlar, minerallar, yog‘lar, oqsillar va uglevodlar vaqtida tushib turishi kerak. Meva, sabzavot va rezavorlarni ko‘proq isteʼmol qilish tavsiya etiladi. O‘sayotgan organizm uchun shunindek, uyquning meʼyorda bo‘lishi katta ahamiyatga ega. 

Ko‘rishlar: 414

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz