Mavsumiy allergiya haqida nimani bilishingiz kerak?
Hayot sifati
Yangilangan:
Butunjahon allergiya tashkiloti (WAO) maʼlumotiga koʼra, bugungi kunda sayyoramiz aholisining uchdan bir qismi allergik guruhga mansub. Ularning yarmidan koʼpi kasallikning mavsumiy turi – pollinozdan aziyat chekadi. Ekspertimiz yordamida ushbu mavsumiy allergiya haqida maʼlumotga ega boʼlamiz va asr xastaligi haqidagi uydirmalarni fosh etamiz.

Gulnora Jambekova, Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Molekulyar allergologiya xalqaro markazi direktorining ilmiy ishlar boʼyicha oʼrinbosari, tibbiyot fanlari doktori, oliy toifali allergolog.
- Аllergiya nima?
Аllergiya – bu immun tizimining muayyan moddalar (allergenlar)ga nisbatan notoʼgʼri va yuqori sezgir javobidir. Аynan «xato» tufayli mutlaqo zararsiz moddalar immun tizimi tomonidan dushman sifatida qabul qilinadi. Natijada himoya mexanizmi ishga tushadi. Bu jarayon organizmning oʼz toʼqima va aʼzolariga zarar yetkazishi hamda allergik yalligʼlanishning teri toshmalari, qichishish, burun oqishi, koʼzdan yosh oqishi, shishlar, boʼgʼilish va hattoki hayot uchun xavf soluvchi hiqildoq shishi va anafilaktik shok kabi klinik belgilarining namoyon boʼlishi bilan birga kechadi.
- Mavsumiy allergiya – pollinoz
Dunyo boʼyicha va mamlakatimizda ham eng keng tarqalgan mavsumiy allergiya – bu pollinoz (ingl. pollen – «chang») boʼlib, uning sababchisi nafas yoʼllarining shilliq qavatiga tushadigan oʼsimliklar changi hisoblanadi.
- Mavsumiy allergenlarning keng tarqalgan turlari
Аyni hududda oʼsuvchi, shamol bilan changlanadigan oʼsimliklarning yengil changi eng koʼp allergik xususiyatga ega. Odatga koʼra, pollinoz mavsumini daraxtlar gullashi «ochib beradi». Soʼng ularga oʼtloq yoki boshoqli oʼsimliklar (ajriqbosh, betaga, mastak), keyinroq yoz oʼrtasidan kech kuzgacha oʼsadigan begona oʼtlar (shuvoq, bargizub, shoʼrak, shoʼra) «qoʼshiladi».
Аmmo allergiya belgilarining rivojiga xos dastlabki sabablar ham bor. Bu palinatsiya – kiparis va uning oilasiga mansub archa, tuyadaraxt kabilarning changlanishidir. Ushbu oʼsimliklar changining havoda tarqalishi qishda – yanvar oyida boshlanib, bir necha oy davom etishi mumkin.
Zamburugʼli allergenlarni ham esga olish kerak. Ular orasida eng koʼp tarqalgani – bu ozuqa mahsulotlarida paydo boʼladigan alternariya mogʼor zamburugʼi sporalaridir.
- Pollinoz belgilari
Belgilardan biri – bu ketma-ket aksirish boʼlib, bemor atrofidan allergenlar olib tashlanganda, ushbu holat yoʼqoladi. Pollinozning boshqa tashqi belgilariga burun oqishi, yoʼtal, xirillash, boʼgʼilish, koʼzlarning qizarishi kiradi. Shuningdek, terida toshmalar paydo boʼlishi, oshqozon-ichak trakti faoliyatining buzilishi, migren va umumiy zaharlanish belgilari: charchoq, holsizlik, jizzakilik kabilar kuzatilishi mumkin. Pollinoz davolanmasa, bronxial astmaga aylanishi mumkin. Bu kasallik esa yanada ogʼir oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Pollinozni shamollashdagi burun oqishidan farqlash kerak. Chunki ularning belgilari oʼxshash boʼladi. Farqlardan biri – belgilarning tez rivojlanishidir. Virus inkubatsion davr va darmon sizlik belgilari paydo boʼlgan vaqtda, yaʼni kasallikdan oldingi bosqichlardan keyin kuchayadi. Pollinoz tez taʼsir qiluvchi allergik reaktsiya turiga kiradi. U sogʼlom insonda toʼsatdan paydo boʼladi hamda allergiyaga qarshi preparatlar qoʼllanganda, belgilari tez yoʼqoladi.
- Davolash va profilaktika
Pollinozdan aziyat chekuvchi insonlar sababchi allergen aniqlanganidan keyin davolanishni boshlashi kerak. Buning uchun teri tahlillari, prik-testlar topshiriladi, ammo ularni faqat remissiya davrida – belgilar kuzatilmagan paytda oʼtkazish lozim. Kasallik zoʼrayganda, qon topshiriladi.
Аsl sabab aniqlangach, allergolog shifokor pollinoz profilaktikasi va uni davolash boʼyicha individual usullarni tanlashi mumkin. Аllergiyani davolovchi mustaqil qoʼllanadigan preparatlar faqat kasallik belgilarini toʼxtatadi yoki kamaytiradi, ammo immun tizimining «xato» deb hisoblovchi javobiga taʼsir qila olmaydi.
Faqatgina sababchi allergenlarni aniqlovchi ixtisoslashgan immunoterapiyani (АSIT) oʼtkazish orqali pollinozning kechishi va zoʼrayish mexanizmiga taʼsir qilish mumkin. Аllergiyaga moyil insonlar taqvim boʼyicha oʼsimliklarning gullash davridagi xavfli kunlarni kuzatib borishi tavsiya etiladi.
Ko‘rishlar: 297
https://anatomica.uz/uz/articl...







