Vaqtinchalik ko'r bo'lib qolish mumkinmi?

Hayot sifati

Yangilangan:

Akkomodatsiya spazmi, yoki soxta uzoqni yaxshi ko‘rolmaslik? Bu oftalmologik kasallikni maʼlum vaqtgacha ko‘pchilik bilmasdi. Uning birinchi simptomlariga duch kelgachgina insonlar u haqda xabar topishdi. Xo‘sh, bu xastalikning ommalashishiga sabab nima? Batafsil tahlil qilamiz.

 

 

Bekzod Baxtiyorovich Hojimuhammedov, DMS innovatsion klinikasi shifokor-oftalmologi, SHTTYOKSh ko‘z mikrojarrohligi va jarohatlari bo‘limi oftalmojarrohi, ToshPTI oftalmologiya kafedrasi doktoranti, 2-toifali shifokor

 

 

“Gadjet yoki kitobdan bosh ko‘tarar ekanman, uzoqqa qarayman va 10 metr narida nima borligini mutlaqo ko‘ra olmayman. Bannerlardagi yozuvlar u yoqda tursin, yuzlarni ham farqlay olmayman. Bundan qo‘rqib ketaman, lekin keyin ko‘zim nuri sekin tiklana boshlaydi” - Dina, 35 yoshda, hisobch

 

“Ko‘pincha 10 metr uzoqlikdagi jismlarni ajrata olmayman, ammo baʼzida ko‘zim yaxshi ko‘ra boshlaydi. Qiziq bir voqea bo‘lgandi, shifokor qabuliga borgunimga qadar ko‘zimdagi fokus tiklanib qolgan va mutaxassis muammo yo‘q, deya xulosa bergandi. Aksariyat vaqtda jismlarni yaxshi ko‘rolmay yursam-u, qanday qilib hammasi joyida bo‘lishi mumkin?!» - Malika, 39 yoshda, sotuvchi

 

 

Akkomodatsiya spazmi holatini odamlar quyidagicha tasvirlaydi: ko‘zning fokus o‘zgarishi uchun javob beradigan mushaklari og‘irlashib qoladi hamda odam uzoqdagi buyumlarga diqqatni jamlay olmaydi. Uzoqni ko‘ra olmaslikka o‘xshaydi, ammo vaqt o‘tib, bu holat yana joyiga qaytadi. Shuning uchun ham u soxta uzoqni ko‘ra olmaslik degan nom olgan.

 

Akkomodatsiya spazmi ko‘pincha kichik ekranda matn bilan ishlayotganda yoki xona yaxshi yoritilmaganda ro‘y beradi. Tasvir aniq ko‘rinmagan vaziyatda ko‘zda charchoq seziladi. Keyinroq fokuslash xususiyati qaytadi va nima uchun bunday bo‘ldi, degan savol paydo qiladi. Akkomodatsiya spazmi bo‘lgan odamlar turlicha ish tutadi: ancha vaqtgacha oftalmologga bormay yuradi yoki aksincha, vahima bilan shifokor oldiga kirib boradi, ammo mutaxassis jiddiy o‘zgarish topolmaydi.

 

Akkomodatsiya spazmini tebranma skotoma, yaʼni migren holati bilan adashtirish kerak emas. Tebranma skotomada ko‘z oldida harakatlanuvchi mayda nuqtalar ko‘rinishidagi ko‘zi ojizlik o‘chog‘i paydo bo‘ladi. Tebranma skotomadan farqli ravishda akkomodatsiya spazmi bosh og‘rig‘iga sabab bo‘lmaydi va miltillab turuvchi shaklda emas, balki uzoqni yaxshi ko‘rolmaslikdagiga o‘xshash noaniq tasvir holatida namoyon bo‘ladi.

 

 

- Gadjetlar va hissiyot: sababini bilish muhim

 

Akkomodatsiya spazmining yuzaga kelishiga asosiy sabab – o‘qish, mayda detallar bilan ishlash yoki gadjetlardan ko‘p foydalanish oqibatida ko‘zga bosim tushishidir.

 

Agar bunga, masalan, kim bilandir ziddiyat natijasidagi asabiylik qo‘shilsa, akkomodatsiya spazmi ehtimoli oshadi. Shuning uchun internetda birov bilan urishishdan oldin o‘n marta o‘ylab ko‘ring: ko‘z salomatligi xavf ostida qolishi mumkin.

 

 

- Nima uchun kattalarda akkomodatsiya spazmi paydo bo‘la boshladi?

 

Ushbu holat taʼlimdagi yuqori bosim natijasida muayyan vaqtgacha faqat 12–18 yoshli o‘smirlarda uchrardi. Oftalmologiya bo‘yicha eski qo‘llanmalarda ham uning tavsifi shunday. Ammo so‘nggi vaqtlarda akkomodatsiya spazmi gadjetlardan ko‘p foydalanadigan har qanday yoshdagi odamlarda uchramoqda.

 

Uzoq muddatli yaqinni fokuslash bilan stressning birga kelishi natijasida 30 yil ichida odamlar akkomodatsiya spazmiga tobora ko‘proq chalinmoqda.

 

 

- Kelib chiqish sababi nimada?

 

Akkomodatsiya spazmining asosiy sabablariga noto‘g‘ri tashkil etilgan yoki o‘ta kuchli ko‘z bosimi, yorug‘likning yetishmasligi, ko‘zning qattiq charchashi (kompyuterda uzoq ishlash, kitob o‘qish, yaqin masofada mayda detallar va optik uskunalar bilan ishlash) kabilar kiradi.

 

Ikinchi darajali sabablar orasida to‘laqonli ovqatlanmaslik, avitaminoz, tetiklik va uyqu rejimining buzilishi, sog‘liqni taʼminlab turuvchi jismoniy harakatning yo‘qligi, yelka va bo‘yin mushaklari quvvatsizligi kabi holatlar bor. Oxirgisi bosh miya va ko‘rish tizimida qon aylanishi yetishmovchiligi va gavdani noto‘g‘ri tutishga olib keladi.

 

 

- Qanday davolanadi?

 

Simptomatik davolash ko‘z qorachig‘ini kengaytiruvchi va mushaklarini bo‘shashtiruvchi tomchilardan boshlanadi. Bu bemor holatini darrov yaxshilashga imkon beradi. So‘ng kompleks terapiya tarkibida ko‘zga tushgan yuklamalarni yengillashtiradigan kompyuter dasturlari, magnit va elektrostimulyatsiya turlari qo‘llanadi.

 

 

- Tug‘uruq jarayoni uchun xavflimi?

 

Akkomodatsiya spazmida tabiiy tug‘uruq bilan bog‘liq cheklovlar yo‘q. Faqat miopiyasi bor bemor ayollarni tug‘uruqdan oldin ko‘rikdan o‘tkazish kerak. Chunki baʼzi holatlarda ularda to‘rpardaning ingichkalashuvi va yirtilishi kuzatilishi mumkin. Bu belgilar esa tug‘uruq jarayonidagi dard vaqtida salbiy oqibatlarga olib keladi.

 

 

- Xavf guruhida kimlar bor? O‘zingizni tekshirib ko‘ring.

 

1. Ko‘zning charchashi. Kompyuter oldida ko‘p vaqt o‘tkazsangiz yoki ko‘zoynak taqib o‘qisangiz, ko‘zingiz charchaydi.

2. Stress. Faoliyatingiz davomida stress bo‘lsa, masalan, kim bilandir ko‘p ziddiyatga borasiz, stress chaqiruvchi axborot o‘qiysiz yoki qiyin masalalarni hal etasiz.

3. Noto‘g‘ri kun tartibi. Uyqungiz yetarli bo‘lmasligi yoki spirtli ichimliklar va kofeni ko‘p isteʼmol qilish ko‘z akkomodatsiyasi faoliyatining susayishiga olib kelishi mumkin.

4. Psixologik muammolar. Akkomodatsiya spazmi qo‘rquv yoki xavotir kabi psixologik muammolar sababli kelib chiqqan bo‘lishi mumkin.

5. Yorug‘lik yetishmasligi. Yaxshi yoritilmaydigan xonada ishlasangiz, ko‘zga katta miqdorda bosim tushishi natijasida akkomodatsiya spazmi paydo bo‘ladi.

Ko‘rishlar: 527

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz