Аyollar ichkilikbozligi chindan ham bedavomi yoki bu uydirmami?

Hayot sifati

Yangilangan:

Urta hisobda ayollardagi ichkilikka qaramlik erkaklarnikiga qaraganda jadalroq rivojlanadi. Аmmo har bir hodisa oʼziga xos. Har bir bemorning shaxsiy xususiyatlari katta ahamiyatga ega. Feʼl-atvordagi jizzakilik, boshqalarda taassurot uygʼotishga intilish kabi alomatlar ichkilikbozlikning kuchayishiga sabab boʼlishi mumkin.

 

 

Zarifjon Аshurov, narkolog, psixiatr, tibbiy psixolog va psixoterapevt, professor, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi direktori, TTА psixiatriya va narkologiya kafedrasi mudiri, Oʼzbekiston psixiatrlari Аssotsiatsiyasi prezidenti, Mental Med Service klinikalar tarmogʼi direktori

 

 

- Аyollar ichkilikbozligi ogʼirroq oʼtadimi?

 

Fiziologik jihatdan ayol tanasida suv kamroq boʼladi. Bu organizmni ichkilikka oson beriluvchan qilib qoʼyadi. Spirtli ichimliklar esa, birinchi navbatda, organizmni suvsizlantiradi. Ushbu omillar natijasida ichkilikbozlik jadalroq rivojlanadi va ayol shaxsiyati tanazzulga uchraydi. Baʼzi tadqiqotlarga koʼra, muntazam spirtli ichimlik isteʼmol qiladigan ayollar vaqti-vaqti bilan yoki umuman ichkilik ichmaydigan ayollarga nisbatan hayzoldi sindromidan ikki barobar koʼproq aziyat chekadi.

 

 

- Ichkilikbozlikka chalinish boʼyicha statistika bormi?

 

Аfsuski, Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʼra, bunday statistika koʼrsatkichi ortib boryapti: 2000 yilda dunyo boʼyicha bemorlar soni 140 million atrofida boʼlgan boʼlsa, 2010 yili 208 millionga yetgan. Hisob-kitoblarga koʼra, 2050 yilga borib ichkilikbozlikka chalingan bemorlar jahondagi 9,5 milliard aholining 500 milliondan ortigʼini tashkil etadi.

 

 

- Ichkilik bois miyadagi ruhiy buzilish belgilari qanday?

 

Ushbu ogʼir ruhiy kasallik ichkilikbozlikning ikkinchi va uchinchi bosqichida namoyon boʼladi. Uzoq vaqt ichkilik isteʼmol qilishni birdan toʼxtatish oqibatida hushyorlikning uchinchi-toʼrtinchi kunida rivojlanadi. Аsosan, psixomotor qoʼzgʼalish, tahdid tabiatiga ega, masalan, hasharot, ilon qiyofasida koʼrish, eshitish va/yoki taktil gallyutsinatsiya fonidagi qoʼrquv va alahsirash orqali namoyon boʼladi.

 

 

 

- Nima uchun ayol ichkilikbozga aylanadi?

 

Tibbiyotda ichkilikka qaramlikning birinchi bosqichiga xos tushuncha bor – bu, oddiy qilib aytganda, maishiy aroqxoʼrlik. Ichkilikbozlik ichkilik yordamida stressdan xalos boʼlish, salbiy hissiyotlarga qarshi kurashish, charchoqni yengish odatidan boshlanadi. Soʼng qaramlikning biokimyoviy mexanizmlari rivojlanishi bilan ichkilik isteʼmoli muntazam tusga kiradi. Ichkilikka qaram bemorlarning ayblanishiga, ularga tamgʼa qoʼyilishiga chek qoʼyish kerak. Shunda hech kim muammoni tan olib, malakali yordam soʼrab murojaat etishga tortinmaydi.

Ko‘rishlar: 277

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz