Nimaga insonlarning ko‘z rangi har xil?
Hayot sifati
Yangilangan:
Nima uchun insonlar ko‘z rangi har xil bo‘lib tug‘iladi? Bu sog‘liq uchun xavflimi? Geteroxromiyani korreksiya qilish kerakmi? Shu va boshqa ko‘plab savollarga ikkinchi toifali shifokor Bekzod Xadjimuxamedov javob beradi.

Bekzod Xadjimuxamedov, DMS innovatsion klinikasi oftalmologi, SHTTYOKSH ko‘z mikrojarrohligi va jarohati bo‘limi oftalmojarrohi, ToshPTI oftalmologiya kafedrasi doktoranti, ikkinchi toifali shifokor
Ko‘z geteroxromiyasi ko‘z rangi har xil bo‘lishi bilan kechadigan fiziologik o‘zgarishdir. Geteroxromiya melanin pigmentining yetishmasligi yoki ko‘payib ketishi natijasida paydo bo‘ladi. Maʼlum bir o‘zgarishlar oqibatida pigment baravar taqsimlanmaydi. Natijada rangdor parda rangi har xil bo‘lib qoladi. Bunday buzilishlar irsiy omil, shuningdek, baʼzi kasallik va jarohatlar natijasida rivojlanishi mumkin. Geteroxromiya qisman, to‘liq va markaziy bo‘ladi. Ko‘zlar geteroxromiyasi sog‘liq uchun xavfli emas.
- Geteroxromiyaning paydo bo‘lish sabablari qanday?
Taxminan 90 foiz vaziyatda bu irsiy omil bilan bog‘liq. Ammo geteroxromiyaga boshqa omillar ham sabab bo‘lishi mumkin. Orttirilgan geteroxromiya sabablari:
-
ko‘z soqqasi yoki uning oq pardasiga qon quyilishi;
-
odatda bir ko‘zda yallig‘lanish jarayoni;
-
vaardenburg sindromi – ushbu holatda rangdor pardaning tepa qavatida melanin baravar taqsimlanmaydi;
-
ko‘zga begona jismning tushishi (metall bilan ishlash natijasida kelib chiqadigan metalloz geteroxromiya);
-
ko‘z rangdor pardasining begona jism tufayli jarohatlanishi;
-
glaukomani davolash, uning qobiqda rivojlanishi;
-
rangdor parda pigmentatsiyasi o‘zgarishi natijasida rivojlanadigan neyrofibromotoz. Agar vaqtida davolanmasa, o‘sma rivojlanishi mumkin;
-
melanoma – xavfli shish ham ko‘z rangining o‘zgarishiga olib keladi.
- Bunday odamlarni tez-tez uchratasizmi?
Oftalmologiya sohasidagi yetti yillik faoliyatim davomida tug‘ma ko‘z geteroxromiyasi bor 10 nafar bemorim bo‘lgan. Ulardan ikki nafarida uzoqni yaxshi ko‘rolmaslikni korreksiya qilish bo‘yicha operatsiya o‘tkazganman.
- Ko‘z geteroxromiyasi bor bemorlarda boshqa hamroh kasalliklar bo‘ladimi?
Geteroxromiyaning bo‘lishi boshqa kasalliklar ehtimolini kamaytirmaydi. Masalan, bemorda uzoqni yaxshi ko‘rolmaslik, astigmatizm, keratokonus va boshqa ko‘z kasalliklari bo‘lishi mumkin.
- Odamlar geteroxromiya tashxisi bilan shifokorlarga qanchalik tez-tez murojaat qiladi?
Qisman, yaqqol namoyon bo‘lmagan geteroxromiyasi bor bemorlar o‘zlaridagi ushbu holatni hatto sezmaydi ham. Baʼzilar esa to‘liq geteroxromiyasi bo‘lsa ham unga shunchaki eʼtibor bermaydi va buni o‘ziga xos xususiyat deb hisoblaydi.
- Geteroxromiyani muammo deb hisoblasa bo‘ladimi?
Men tug‘ma geteroxromiyani muammo deb o‘ylamayman, balki uni inson tug‘ilganidan ega bo‘lgan xislat deb baholayman.
- Geteroxromiya nimasi bilan xavfli?
Ko‘z geteroxromiyasi sog‘liq uchun xavfli emas va ko‘rish ravshanligi va sifatiga hech qanday taʼsir qilmaydi.
- Geteroxromiyani korreksiya qilish mumkinmi?
U kasallik emas, korreksiya yoki davolashga muhtoj emas.
Ko‘rishlar: 341
https://anatomica.uz/uz/articl...







