Parkinson kasalligi: tananing yordam chaqirishi

Hayot sifati

Yangilangan:

Jeyms Parkinson qaltiroq falajlik haqida XIX asr boshlarida yozgan. Ammo kasallik Misr firʼavnlaridan birida miloddan avvalgi XII asrdayoq aniqlangan edi. Bu qanday xastalik ekani haqida ekspertimiz – nevropatolog Sirojiddin Hamidov so‘zlab beradi.

 

 

Sirojiddin Hamidov, ERAmed klinikasi birinchi toifali shifokori, nevropatolog, neyrofiziolog, ignarefleksoterapevt

 

 

Parkinson qanday kasallik?

 

Bu sekin-asta rivojlanuvchi surunkali nevrologik kasallik bo‘lib, bosh miya hujayralari faoliyatining o‘zgarishi bilan kechadi. Bosh miya qobig‘i ostidagi yadrolarda «qora substansiya» faoliyati buziladi. Aynan unda dofamin moddasi ishlab chiqariladi. Ushbu neyromediator bizni harakat qilishga undaydi va insonning bir meʼyorda egiluvchan harakatlanishi uchun zarur bo‘ladi. Bu xastalikda esa dofamin yetarli darajada ishlab chiqarilmaydi.

 

Kasallik alomatlari – harakatchanlikning kamayishi, tezlik susayishi, gavda qiyshayishi – bukchayish, yuzdagi mimika harakatining kamayishi yoki to‘liq yo‘qolishi, qo‘llarning qaltirashi.

 

 

Parkinsonga sabab bo‘luvchi omillar nima?

 

Aniq sababi yo‘q. Faqat kasallikning rivojlanish jarayonini tezlashtiruvchi omillar bor, xolos. Ular irsiyat, yosh, o‘tkazilgan bosh miya kasalliklari, pestitsidlar, gerbitsidlar bilan surunkali zaharlanish, D vitamini yetishmovchiligi, bosh jarohatlari va boshqalar.

 

Qolaversa, irsiy moyillik ham bor. 15 foiz holatda kasallik nasl suradi.

 

 

Kasallikni davolash usullari qanday?

 

Konservativ usul – dorilar, fizioterapiya, massaj, davolovchi jismoniy tarbiya. Konservativ usul samara va natija bermaganda, shuningdek, dorilarga qarshi ko‘rsatma bo‘lganda, jarrohlik usuli qo‘llanadi.

 

 

Jarrohlik aralashuvi qanchalik samarali?

 

Abu Ali ibn Sinoning «oltin qonuni» – so‘z, dori va jarrohlik qoidalariga izchillik bilan rioya qilinsa, samara beradi. Operatsiya qanchalik o‘ta zamonaviy bo‘lmasin, unga kamdan-kam holatlarda murojaat qilishadi. Talamusning qobiqosti tizimiga murakkab aralashuv – bu faqat palliativ operatsiya. U muammoni butunlay hal qilmaydi, balki bemor holatini yengillatadi, xolos. Masalan, yaqqol bilinib turgan titroq belgilari sal kamayadi. O‘zbekistonda bunday operatsiyalar o‘tkazilmaydi.

 

 

Parkinsonga chalinganlar o‘limiga nima sabab bo‘ladi?

 

Bunday bemorlar asosan hamroh kasalliklar asorati sabab dunyodan ko‘z yumishadi. Yurak-qon tomir, o‘pka muammolari, infeksiyalar, onkologik xastaliklar shu jumlasidan. Qolaversa, harakatsizlik bilan bog‘liq xastalik asoratlari tufayli ham nobud bo‘lishadi.

 

 

Parkinsonni qanday davolash mumkin?

 

Bu kasallikni davolab bo‘lmaydi. U ortga qaytmas dard. Barcha sa’y-harakatlar bemorning faolligini oshirish va funksional ahvolini yaxshilashga qaratiladi.

 

 

Odam Parkinson kasalligiga chalinganini qanday qilib o‘z vaqtida aniqlashi mumkin?

 

Simptomlariga qarab aniqlash mumkin: tinch holatda bosh, oyoq-qo‘l qaltiraydi, faol harakatda bu belgilar kamroq seziladi. Bu belgilar «tangalarni sanash simptomi» yoki «dori dumalatish» deb ham ataladi.

 

Ushbu kasallik klinik tomondan ruhiy-vegetativ o‘zgarishlarning ko‘payishi bilan kechishi mumkin. Bu tashxis qo‘yishda biroz adashtiradi. Kasallik ko‘proq 50 yoshdan kattalarda uchraydi va kamdan-kam hollarda yoshlarda ham namoyon bo‘lishi mumkin. Statistikaga ko‘ra, ushbu dardga ko‘proq erkaklar moyil.

 

 

Parkinson kasalligi profilaktikasi

 

Sog‘lom turmush tarzi, to‘laqonli ratsion, uyquning yetarli bo‘lishi, piyoda yurish yoki sport bilan shug‘ullanish. Ish kuni davomida ko‘proq harakat qilish. Organizm holatini kuzatib borish va qayerdadir o‘zgarish bo‘lsa, davolashni kechiktirmaslik. Tanangizning yordam so‘ragan tovushini eʼtiborsiz qoldirmang. Sog‘lig‘imiz uchun o‘zimiz masʼulmiz.

 

 

Yaqinlarning o‘rni qanday?

 

Eʼtibor va g‘amxo‘rlik. O‘z yaqinini psixologik tomonlama qo‘llash. Parkinsonlikda asab-ruhiy buzilishi bo‘ladi. Fikrlash jarayonining sekinlashuvi kuzatiladi, xotira, javob harakatlari, uyqu maromi buziladi, qiziqish va muloqot doirasi torayadi, turli fobiyalar paydo bo‘ladi. Bemor hayotida yaqinlari eng asosiy insonlarga aylanadi.

Ko‘rishlar: 595

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz