Peshob tutolmaslik
Hayot sifati
Yangilangan:
Bugungi kunda har uch ayoldan biri peshobni tutolmaslikdan aziyat chekadi. Biroq ularning atigi 3 foizi shifokorga murojaat qiladi. Sababi, aksariyat ayollar bu masalani o‘ta shaxsiy deb biladi va uni yoshga doir tabiiy o‘zgarish sifatida qabul qiladi.

Alisher Zokirov, urolog, Urologic Complex
Kasallikning sabablari
Ushbu xastalikka siydik chiqarish quyi yo‘llarining o‘tkir yallig‘lanishi (sistit, uretrit, prostatit) va giperfaol siydik pufagi, shuningdek, irsiy moyillik va semizlik sabab bo‘lishi mumkin. Siydik pufagi mushaklarining ixtiyorsiz qisqarishi, keskin, tutib turish qiyin bo‘lgan peshob chiqishi tez-tez yoki tungi paytlari namoyon bo‘ladi. Bundan tashqari, sfinkterlarning zaifligi ham ahamiyatga ega.
Asosiy xavf guruhiga ayollar kiradi. Chunki kasallik gormonal fon buzilishi, yaʼni klimaks davrida estrogen darajasining pasayishi; ko‘p martalik yoki asoratli tug‘ruq oqibatida kichik tos va chot orasi aʼzolari anatomik yaxlitligining buzilishi, ichki aʼzolarning osilib qolishi, rivojlanishdagi anomaliyalar, kichik tos va chot orasi aʼzolaridagi operatsiyalar, shuningdek, bosh va orqa miya kasalliklari, neyropatiya (zaharli, diabetik), takrorlanuvchi infeksion jarayonlar natijasida kichik tos aʼzolari va chot orasi mushaklari innervatsiyasining buzilishi natijasida yuzaga kelishi mumkin.
Kasallikning diagnostikasi va davolash
Ushbu kasallikni tashxislash uchun uch kun davomida peshob chiqarishni qayd qilib borish muhim ahamiyatga ega. Tashxislash shikoyatlarni yig‘ishdan boshlanadi. Zaruriy savollar beriladi. Muammoning boshlanishi, takroriy holatlar va ajralayotgan peshob hajmi aniqlanadi. Dorilardan tashqari, chot orasi mushaklarini mustahkamlovchi mashqlar buyuriladi. Bu mashqlar siydik tutolmaslikning har qanday ko‘rinishida tavsiya qilinadi.
Eng ommabopi Kegel mashqlari bo‘lib, unda mushaklarni qisqartirish orqali orqa teshik ko‘tariladi. Dori yordamida davolashga kelsak, gormonal terapiya samarali ahamiyatga ega. Klimaks davridagi ayollarning peshob tutolmaslik xastaligini davolashda u, albatta, muolaja choralari tarkibiga kiritilishi kerak. Bu jarayonda mahalliy taʼsirga ega dori vositalariga eʼtibor qaratiladi. Shuningdek, quyi siydik yo‘llari va kichik tos aʼzolarining infeksion kasalliklarini antibakterial davolashda qo‘llanadi.
Bugungi kunda «oltin o‘rtaliq» hisoblangan va eng keng o‘rganilgan operatsiya – bu uretra o‘rtasiga sintetik sling o‘rnatish (TVT va TVT-O), yaʼni sfinkterni sintetik materialdan yasalgan halqa yordamida “mustahkamlashdir”. TVT halqani o‘rnatish kaminvaziv operatsiya bo‘lib, ayollarning asab bilan bog‘liq holatda peshob tutolmasligini davolashga qaratilgan. Buning uchun sintetik halqadan foydalaniladi. U siydik chiqarish kanali ostiga o‘rnatiladi. Jarrohlik amaliyoti vena ichiga og‘riqsizlantiruvchi dori yuborilgach o‘tkaziladi.
Qinning old devori biroz kesilib (1–1,5 sm), sling siydik chiqarish kanalining o‘rtasidagi uchdan bir qismi ostiga o‘rnatiladi. Sling uretrani ushlab turadigan zararlangan joylarni yopadi. Shu orqali peshob tutib turish uchun zaruriy sharoit yaratadi. Sling uchlari chov burmalari terisi yoki yuzasidagi kichik teshiklar orqali chiqarib olinadi. Bunday operatsiya samaradorligi 90 foiz atrofida. TVT halqasi cheklanmagan muddatga o‘rnatiladi. Zarur bo‘lsa, uni yana jarrohlik yo‘li orqali olib tashlash mumkin.
Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar
Sling o‘rnatish uchun asosiy qarshi ko‘rsatmalarga homiladorlik, o‘tkir yallig‘lanish jarayoni yoki og‘ir hamroh patologiyalar kiradi. Operatsiyadan keyingi tiklanish davrida asoratlar kuzatilmasligi uchun og‘ir yuk ko‘tarish tavsiya qilinmaydi. Undan keyin hech qanday cheklov yo‘q. Asab bilan bog‘liq holatda peshob tutolmaslikning oldini olish uchun tos tubi mushaklariga jismoniy yuklama tushiradigan profilaktika choralari mavjud. Davolovchi jismoniy mashqlar o‘tkaziladi. Ular tos tubi mushaklarini mustahkamlab, mikrotsirkulyatsiya va asab impulsining o‘tkazuvchanligini yaxshilaydi. Qolaversa, ich qotishining oldini olish uchun ovqatlanish ratsionini o‘zgartirish, og‘ir yuk ko‘tarishni kamaytirish va gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilish tavsiya etiladi.
Ko‘rishlar: 444
https://anatomica.uz/uz/articl...







